Mamadali Mahmudov: dunyo e’tiqod bilan tirik, e’tiqod bilan go‘zal! – bbc uzbek


131007192621_uzbek_writer_mamadali_mahmudov_144x81_bbc_nocredit1 dekabr 2013

Atoqli adib Mamadali Mahmudov qariyb 17 yil umrini O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘tkazgan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga taniqli adib va jamoat arbobi, sobiq siyosiy mahbus Mamadali Mahmudov javob beradi.

Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi – Evril Turon) 1940 yil 12 dekabrda Jizzaxning Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilgan.

Otasi Mahmud Ahmad o‘g‘li Tog‘ begisi (Tog‘dagi o‘rmon va hayvonlarga qarovchi) 1943 yilda urushga ketib, bedarak ketgan.

Onasi Saodat opa bitta farzand bilan qolgan.

Yozuvchining hikoya qilishicha, sho‘rolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan bobosi Ahmad Bek 1936 yilda osib o‘ldirilgan.

Mamadali Mahmudov boshlang‘ich sinfda Bog‘don qishlog‘i, 8 sinfgacha Oltinkon shaharchasidagi maktablarda tahsil olgan.

1959 yilda Sovet Armiyasiga ketib, 3 yil harbiy xizmatni o‘tagan.

1962 yilda komsomol yo‘llanmasi bilan Rossiyaning Tula viloyati, Efremov shahriga kimyo kombinati qurilishiga yo‘llangan.

Voronej shahrida kimyo-mashina qurilishi kursini bitirgan.

1964 yilda Chirchiq shahridagi kimyo kombinatiga ishga kirib, mashinist yordamchisi va mashinist bo‘lib ishlagan.

Bir vaqtning o‘zida kechki yoshlar maktabida, 10 va 11-sinflarda tahsil olgan.

1966 yilda Toshkent Davlat Universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirgan.

So‘nggi kurslarni sirtdan o‘qib, “Saodat” jurnalida ishlagan.

1974 yilda birinchi kitobi – “Tog‘ ohusi” ocherklar to‘plami nashr qilingan.

1975 yilda chop etilgan “Bog‘don qashqiri” qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy-ozodlik kurashchilari sifatida tasvirlagan.

Adib o‘zining 1981 yilda “Sharq Yulduzi” jurnalida chop etilgan “O‘lmas qoyalar” romanida ayni mavzuni davom ettirib, O‘rta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi.

Moskvadagi muhokamalar ortidan taqiqlangan roman Turkiya va g‘arbiy Olmoniya jurnallarida chop etiladi.

Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan ishdan olinib, KGB tomonidan so‘roq qilingan Mamadali Mahmudovni, o‘zining aytishicha, o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov qamoqdan asrab qolgan.

Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan.

Mamadali Mahmudov ijod bilan birga jamoatchilik ishlari bilan ham faol shug‘ullangan.

U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi, Madaniyat Jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlagan.

1994 yil 3 mart kuni muxolifatdagi “Erk” partiyasi nashri-“Erk” gazetasini saqlashda gumon qilinib, hibsga olingan va keyinroq davlat mulkini o‘g‘irlashda aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

1996 yil 6 avgust kuni avf qo‘llanib, muddatidan oldin ozod qilingan.

1999 yil 16 fevral kuni Toshkentda yuz bergan qator portlashlar ortidan qayta hibsga olingan yozuvchi bir necha “Erk” faollari bilan birga portlashlarga aloqadorlikda ayblanadi.

Mahkama jarayonida u o‘zining portlashlarga aloqasi yo‘qligi va qiynoqqa solinganini aytgan.

14 yildan ko‘proq davom etgan qamoq muddati so‘nggida shu yil aprelida ozodlikka chiqarilgan Mamadali Mahmudov nomi va asarlariga O‘zbekistonda qo‘yilgan norasmiy taqiq hanuz amal qilmoqda.

Assalomu alaykum Bi-bi-si mehmoni Evril Turon. “Oq gul” va “Oy nuri” asarlaringizni o‘qib, ko‘zimga yosh keldi. Xayolan siz boshdan o‘tkazgan voqealar ichiga tushib qoldim. Turkiyligimdan o‘zimda g‘urur sezdim. Hozir qaerda istiqomat qilasiz? Hozirgi hayotingiz qanday kechmoqda? Chingizxon bilan hali ham aloqadamisizlar? Asarlaringizning davomini kutib qolaman.

Mukarramov

Mamadali Mahmudov: Assalomu alaykum. Toshkentda yashayapman. O‘sha eski hovlida, bolalarim, nabiralarim qo‘ynida. Qamoqxonadan chiqqanimdan beri deyarli uydan eshikka chiqqanim yo‘q. Tarixiy bitiklar ustida umrim o‘tayapti. Bu menga zavq bag‘ishlaydi, go‘yo umrimga umr qo‘shadi. Qamoqda ekanimda Chingizxon ham, Matluba ham dunyodan o‘tishibdi. Men ularni armon bilan eslayman.

Mamadali aka sizni Navoiy-46da o‘tirganda ko‘rganman. (Muhammad Bekjon tanishtirgandi). Men 2009 yildan beri Shvetsiyada yashayapman. Sizni turmada yozgan qo‘lyozmalar nushasini O‘XH saytida chop qilganman va audio faylda o‘qiganman. Bugun bu narsalar saytda yo‘q. Savol: eski safdoshingiz-ERK raisi bilan munosabatlaringiz shu kunlarda qanday?!. Umuman, muxolifat haqida nima deya olasiz?!. http://uzxalqharakati.com/archives/10944

Muhammadsolih Abutov, Shvetsiya

Mamadali Mahmudov: Assalomu alaykum. “Erk” bilan aloqam yo‘q, “Erk”ka a’zo ham emasdim. Meni “erk” bilan yopishdi, tergovda ham, zonada ham meni “erkchi” deyishdi. Men ham bunga ishonib qoldim, “erkchi”ga aylandim. Lekin Muhammad Solihni iqtidorli shoir, teran bilim egasi, to‘g‘riso‘z bir inson sifatida hurmat qilaman. U vatanimizni, elimizni beqiyos sevadi. Biz o‘zbeklar bir-birimizni tushunishimiz, asrashimiz, zaruriy holatlarda bir-birimizga kechirimli bo‘lishimiz kerak. Vatanimizni beqiyos sevadi, deb bejiz aytmayapman. 89-yil noyabr oyi oxirlarida men davlat tili o‘zbek tili bo‘lishi uchun miting uyushtirganman. Ko‘p do‘stlarim bundan o‘zlarini olib qochishgan, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqishgan. Lekin Muhammad Solih men bilan birga bo‘lgan, menga ruhiy dalda bergan. 1989 yil 21 noyabr kuni (oktyabr-tahr.) muqaddas vatanimizning muqaddas tili- o‘zbek tili davlat tili bo‘ldi. Bunda Muhammad Solihning xizmati beqiyos, o‘chmas.

Mamadali Mahmudov bilan suhbatni tinglash uchun mana bu erga bosing:

Muqobil media pleyerda o‘ynalsinmi

Assalomu alaykum. Oynur va Oqgullar ana shunday o‘ldirilgani hayotda haqiqatan bo‘lganmi?

Oybek, AQSh

“Zulm bilan hech narsaga erisholmaydi. Hammasi vaqtincha. ”

Mamadali Mahmudov: Oybek, assalomu alaykum. “Oq gul” va “Oy nuri” romanlarim hayotiy voqealar samarasi. Hammasi ko‘z oldimda kechgan, hamma-hammasi. Joy nomlari, ismlari o‘zgarishsiz berilgan. Ko‘z oldimda Oynurni KGB chalajon olib ketgan. Uning butun iztiroblariga sherik bo‘lganman. Oynur bilan jazirama cho‘lda birga ishlaganman. Qanday yozgan bo‘lsam, shunday. U beqiyos inson edi. U o‘zbek xotin-qizlaridan chiqqan akademik Habib Abdulla edi. Oynurni buyuk armon bilan eslayman. Lolani ham, Chingizxonni ham. Oqgul mening sinfdoshim. Bu dahshatli voqea mening ko‘z o‘ngimda kechgan. Bunday qiz, o‘zbek qizi, balki yuz yilda bir tug‘ilar. Xuddi buyuk To‘maris kabi. Biron so‘zni qo‘shib, oshirib yozmaganman. amon Oqgulni eslayman, hamon Oynurni eslayman, hamon Marvaridni eslayman, hamon Chingizxonni eslayman. Buyuk armon bilan. Mening Ukrainada, armiyada tank komandiri bo‘lib xizmat qilganim, ekipajim bilan Efremov shahrida kimyo kombinatida ishlaganim, Voronejda o‘qiganim,rus, yahudiy do‘stlarim, Chirchiqda kechgan hayotim, bari-bari to‘g‘ri. Bular mehnat daftarchamda ham qayd etilgan. Bari jonli kechmish.

Diniy sabab bilan qamalganlarga qamoqda ham namoz o‘qishga qo‘yib berarmidi, maxfiy yoki kaltaklab bo‘lsa-da?

Chori

Mamadali Mahmudov: Choribek, Assalomu alaykum. Diniy sabablar bilan qamalganlar- 159-modda bilan qamalganlar. E’tiqodni dunyoda hech qanday kuch engolmaydi. E’tiqod buyuk va beqiyos qudratga ega. Dunyo e’tiqod bilan tirik, dunyo e’tiqod bilan yorug‘, aylanar dunyo e’tiqod bilan go‘zal!. Hatto Jasliqda ham namoz o‘qishgan. Yashirincha, o‘tirishgan, yotishgan holda. Unsiz, lablarini ham qimirlatishmasdan, ichlarida, ko‘zlarini yumishgan holda. Majburiy holda mumkin, deyishgan. Yashirincha ro‘za ham tutishgan. Men bu hayot ichida bo‘lganim uchun qanday bo‘lsa, shunday aytayapman. Chirchiq 64-6 zonasida ham shu hol. Sobiq tezkor bo‘lim boshlig‘i, endilikda zona boshlig‘i To‘lqin To‘xtasingov “hamma “59lar”ni qaytardim, deb har bir yig‘inda, har bir erda aytadi. Bu gapni tinmay takrorlaydi-mavridli, mavridsiz. Qanday qaytaradi? Jinoyatchilar bilan diniy mahkumlarni bir-biriga qarshi qo‘yib… Bu dahshat!. Zulm bilan, qiynoq bilan. Bir diniy mahkum uchun butun zonani ertadan-kechgacha shagat qildirish bilan, qo‘shiq ayttirish bilan, g‘ozcha yurish bilan, majlis ustiga majliq qilish bilan va hokazo. Aytaversam ado bo‘lmaydi… Jinoyatchilar tazyiqi ostida qolgan diniy mahkum “qaytdim” deb yozib berishga majbur bo‘ladi. “Til hisob emas, dil hisob” deyishadi. Yashirincha namoz o‘qishadi-o‘tirib, yotib, sezdirmay. To‘lqin o‘zicha shon-shuhratga erishdim, deb o‘ylaydi. Aslida “59” lar va jinoyatchilar uni so‘kib, qarg‘ab yurishadi. Men buni o‘z qulog‘im bilan eshitib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. E’tiqodi zaif bir-ikkitasi To‘lqin tomonida turib, unga yordam berishadi. Quloqlar har qadamda. Zulm bilan hech narsaga erisholmaydi, vaqtincha. Soxta narsa taraqqiyot bo‘g‘ovi. Soxta narsa- millat tushovi!. Bilim, ilm yo‘q joyda zulm gurkiraydi. Pinhona joylarda “yuqorining ko‘rsatmasi” deb shipshishadi. Bunday odamlar bilan chin mustaqillik qilib bo‘ladimi?. Afsus, yo‘q. Qop-qop quruq gap. Davlatni aldamaslik kerak!. Buning zararli tomonlari beqiyos. Yolg‘onni, tuhmatni, zulmni o‘z millatimizga ishlatishimiz, o‘z millatimiz oyog‘iga bolta urishimiz bilan teng. Qonunda namoz o‘qish, ro‘za tutish taqiqlanmagan.

1. “Oy nuri” asaringizdagi Lochin tabib xali ham hayotmi?. Menda ham Loladagi kabi oq dog‘lar bor. Yordam bersangiz, minnatdor bo‘lardim.
2. Tog‘ay Murodni yaqindan tanirmidingiz?. Uning o‘zi va asarlari haqida fikringiz.
3. Men ham forishlikman. Forishga hozir ham borib turasizmi?. Bog‘donni sog‘inasizmi?.

Shohruh.

“Haqiqat egiladi ham, sinadi ham. Ko‘pincha yolg‘on, tuhmat g‘olib kelishi mumkin”

Mamadali Mahmudov: Shohruh, assalomu alaykum. Romanda Lochin tabib to‘g‘risida izoh berganman. Lochin bobo mening uzoqroq qarindoshim. U chindan ham o‘lib, tirilgan. Uni o‘ldi, deb ko‘mishgan, qabrida tirilgan. Lochin bobo dunyodan o‘tgan bo‘lsa ham, Bog‘don keksalari hamon eslashadi. Tog‘ay Murod bilan tanish edim. Sodda va ochiqko‘ngil odam edi. Munday aytganda, jaydari o‘zbek edi. Asarlari esimda qolmagan. Bog‘donga adashmasam, 20 yillardan beri bormaganman. Ammo sog‘inib eslayman. Bog‘don ham oldingi Bog‘don emas. Tabib Bog‘donni ko‘zda tutyapman.

Salomlarim sizga, hurmatli Mamadali aka! Albatta sizga birinchidan sog‘liq va bardamlik tilayman! Sizga birinchi savolim:
O‘zbekiston hukumatiga qarshi chiqib nima foyda topdingiz?.
2. Siz xali ham “Haqiqat egiladi, lekin sinmaydi” degan so‘zga ishonasizmi?.
3. Mahbuslikda o‘tkazgan umringizga, vaqtingizga achinasizmi?.
4. Siz va biz kabi ozodlikni kutib yashayotganlarga tilaklaringiz bormi?
5. Siz kutgan kunlar kelishiga ishonasizmi?

Armon, Rossiya.

Mamadali Mahmudov: Men umrim bo‘yi, esimni taniganimdan beri milliy ozodligimiz, mutloq qaramsizligimiz uchun kurashib kelganman. Bu hamma asarlarimda, jumladan, “O‘lmas qoyalar”, “Tumanli kunlar” da ham o‘z aksini topgan. Mustaqilligimizga qarshi hech qachon bormaganman. Bu tuhmat!. Mustaqillik-mening hayotim, hayotimning mazmuni!. Tom ma’nodagi mustaqillik, albatta.

2. Haqiqat egiladi ham, sinadi ham. Bu o‘zi nisbiy tushuncha. Qamoqda o‘tirib, vaqtdan yutqazdim. Bir necha asarlarimdan ayrildim, sog‘ligimdan ayrildim. Hech qachon tub haqiqatga erishmaslik ham mumkin. Ko‘p holda yolg‘on, tuhmat g‘olib chiqishi ham mumkin. Buni o‘z hayotimdan kelib chiqib aytayapman.

3. Mahkumlikda o‘tgan umrga kim achinmaydi? Dahshatli yillar… Buni boshdan kechirgan biladi. Qamoqxonada o‘tirgan mahkumlar ham O‘zbek farzandlari, mening millatdoshlarim!. Ularga ozodlik tilayman!. Biz mutlaq qaramsiz yashashimizni istayman va asta-sekin bunga erishayapmiz ham. Mutlaq qaramsizlik-buyuk saodat!.

Mamadali aka, assalomu alaykum. Men ëshlik paytimda “Sharq yulduzi” jurnalida sizning “O‘lmas qoyalar” romaningizni o‘qiganman. Keyin bu roman taqiqlanganini eshitdim. Tafsilotlarni sizdan eshitsam.

Ikkinchi savol-men 1991 yili “Madaniyat jamg‘armasi” Xiva bo‘limida ishlaganimda majlis qilib, sizni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatish haqida qaror qabul qilganmiz. Bu qaror nushasi menda bor. Ammo TsIK (Markaziy saylov komissiyasi-tahr.) sizning nomzodingizni qabul qilmadi. Bu boradagi tafsilotlarni ham aytsangiz.

Polvon jummi, Xiva

Mamadali Mahmudov: Polvonbek, assalomu alaykum. “O‘lmas qoyalar” rusning O‘rta Osiyoga bosqini haqida. Shuning uchun qoralangan. U soxta sovet realizmiga qarshi asar. Mengacha “Rossiya O‘rta Osiyoni qo‘shib olgan” deb yozishgan. Men buning tomiriga bolta urdim, yolg‘onni fosh etdim. O‘rta Osiyo rus tomonidan bosib olingan.

1991 yilda imzo yig‘ish yo‘li bilan men ham o‘z nomzodimni prezidentlikka qo‘yganman. Lekin ro‘yxatdan o‘tkazishmagan. Sizga qaynoq salom!.

Assalomu alaykum. Avvalambor sizga Ollohdan sog‘lik tilayman. Olloh ijodingizga rivoj bersin!. Sizga shaxsan Ichki ishlar vaziri yoki Inoyatov (Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi-tahr.) tergovdu uchrashib, tuhdid qilganmi, ayblov qo‘yganmi?.

Olimbek, Skandinaviya.

Mamadali Mahmudov: Olimbek, assalomu alaykum. Meni Milliy Xavfsizlik Xizmati tergov qilmagan. Ichki ishlar vazirligi meni qamoqqa olgan. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sayfulla Asadov va Alisher Sharofuddinov tergov qilgan.

Muhtaram Mamadali Mahmudov. Sizning “O‘lmas qoyalar” romaningiz bilan Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” romani orasida qaysi biri tarixiy reallikni badiiy asarga olib chiqqan?

Odiljon Mahdumiy, O‘sh

Mamadali Mahmudov: Men Abdumannop degan kishining kitobini o‘qimaganman. Mening “O‘lmas qoyalar” romanim, umuman tarixiy shaxslar haqida. Bizning qishlog‘imizda bo‘lgan voqealar haqida yozganman. Albatta, badiiy tus berganman unga.

Assalomu alaykum Mamadali aka. Ism-sharifimni yozmaganimga sabablar bor, uzr so‘rayman. Savolim, menimcha butun xalqimizga qiziq, deb o‘ylayman.
2014 yil Oliy Majlis qonunchilik palatasiga saylovlar buladi. Ushbu saylovlarda g‘olib bo‘lgan deputatlar O‘zbekistonda demokratik islohotlarni amalga oshirishi, xalq manfati yo‘lida qonun ustuvorligi va Konstitutsiyadagi barcha moddalarning to‘liq bajarilishi kabi ishlarni amalga oshira olishadimi?. Deputatlar bu ishlarni qilishi uchun avvalo nimaga ko‘proq e’tibor qaratishlari lozim?.

Mamadali Mahmudov: Assalomu alaykum. Chapakbozlik, qog‘ozbozlik qilmasdan, har birining o‘z mustaqil fikri bo‘lishini, elimizga foydasi tegishini istayman. Quruq savlat, quruq gaplar emas, amalga oshiradigan gaplar. Ilmli, eng muhimi, millatimizga jonkuyar odamlar bo‘lsin, deyman.
Gapimning so‘ngida shunday taklif kiritaman. Qamoqdan chiqqan jurnalist, yozuvchilar uchun bir jurnal tashkil qilish kerak. Ingliz, fransuz, olmon, turk tillarida. Asarlarga kun o‘tadigan qalam haqi to‘laydigan oylik jurnal. Menimcha, bu havoday zarur.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: