Demokratiya va g‘arb geosiyosatining Misr to‘qnashuvi


Misr-300x21516/08/2013

Misrdagi keyingi ikki yilda kechayotgan voqealar, meni nazarimda, nafaqat Yaqin Sharq, balki dunyo geosiyosati, Islom tsivilizatsiyasining kelajakdagi traektoriyasi uchun o‘ta muhim, chunki, Misr Islom Ummati uchun kelajakda “loyiha-davlat”lardan biri deb qaraladi. “Loyixa-davlat” deb qaralishiga bir qancha jiddiy sabablar mavjud.

Birinchidan, Misr – eng yirik arab davlati – aholisi sal kam 90 million, undan 90%ni musulmonlar tashkil qiladi.

Ikkinchidan, u post-avtoritar, ya’ni, uzoq muddatlik diktatura boshqaruvi va tafakkuri tajribasiga ega, va bu bilan, aksar musulmon davlatlari uchun o‘ta ahamiyatlidir.

Uchinchidan, Misr — musulmon dunyosidagi bir qancha yirik intellektual markazlardan biri, arab dunyosidagi eng asosiy islomiy-intellektual markazdir. Misrdagi siyosiy tafakkur islom ummati fikrlashiga va hatti-xarakatiga, tabiiyki, katta ta’sir qiladi.

To‘rtinchidan, sal kam 90 millionlik Misr erosti va boshqa resurslarga ega emas, va bu holat ushbu davlatni inson potentsialini ishlatish orqaligina rivojlanishini, respublika tizimi, effektiv demokratik boshqaruvni taqozo qiladi.

Muhammad Mursiy ag‘darilganda, men buni ko‘proq arab dunyosidagi, jumladan, Misrdagi siyosiy madaniyat bilan bog‘ladim. Bunga bir qancha ekspertlarning maqolalarida berilgan baholar sabab bo‘lgandi. Jumladan, Malayziya sobiq bosh vaziri Maxatxir Muhammad “arablardagi siyosiy madaniyat demokratiyaga imkoniyat bermaydi, saylovlarda yutqazgan tomon yutganni tan olmaydi, yutgan esa yutqazganni siyosatga jalb qilmaydi, u bilan murosa yo‘lini tutmaydi…” degan pozitsiyani aytgandi. Qohira ko‘chalariga o‘n minglab odamlar chiqqan edi, ular erkin va adolatli saylovlarda saylangan Mursiyni ketishini talab qilishardi.

Vaziyati kuzatish mutlaq boshqa hulosalarga olib keldi, va boshlang‘ich xulosalarim noto‘g‘ri ekanligini angladim. Mursiyni ag‘darish – puxta stsenariya asosida amalga oshirilgan reja bo‘lib, intensiv informatsion siyosat va aniq yo‘naltirilgan tadbirlar natijasida, ushbu jarayonga ommaviylik shakli berilgan edi.

Misr harbiylar, AQSh va Isroil, va ba’zi arab podsholiklari birgalikda Mursiyni yiqilishidan bir hil manfaatdor bo‘lishgan. Lekin bu uchta tarafning motivlari har xil edi. Harbiylar uchun – dunyoviy, avtoritar Muborak rejimini qayta tiklash va asta- sekin zaiflashib borayotgan harbiylar salohiyatini qutqarib qolish. Podsholiklar uchun esa – 300 millionlik arab ko‘chasi uchun jozibador bo‘lgan demokratik respublika boshqaruv shaklini majruh qilish orqali monarxiyaga etkazilishi mumkin bo‘lgan zarbani oldini olish. Isroil va AQSh uchun esa – Misr hoqimiyatiga harbiy diktaturani qaytarish orqali, Yaqin Sharqda keyingi 60 yilda shakllantirilgan geosiyosiy arxitekturani saqlab qolish vazifasi turardi.

Misrdagi keyingi ikki yil ichida bo‘layotgan jarayonlarga qadriyatlar nuqtai nazaridan baho berishga ehtiyoj bor.

Birinchidan, globalizm, ya’ni informatsion texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlarning tinimsiz rivojlanib, arzonlashib borishi jamiyatlarning tafakkuridagi qo‘rquvni yuvilishga, jamiyatlarning irodalarini (erkinlik, farovonlik, o‘zini ifodalash) siyosiy maydonga olib chiqish uchun borgan sari o‘lkan imkoniyatlar beradi. Kuch ishlatish orqali vaziyatni boshqarish modeli chuqur inqirozga kirdi. Inson tabiatan qonni, zulmni yomon ko‘radi. Qon va zulmga sababchi bo‘lgan siyosat va hukumat dunyo nazarida o‘z legitimligini yo‘qotadi, va ko‘p o‘tmay hokimiyatini ham yo‘qotadi. Dunyoda saqlanib qolayotgan boshqa diktaturalarning qulashi – vaqt masalasi. Tarix uchun o‘n yilliklar katta muhlat emas.

Globallashgan kelajakda yaqin 2-3 o‘n yilliklar ichida dunyoda zulmlar hisobiga yashaydigan aksariyat diktaturalar yiqiladi. Ularning o‘rinlarini har xil siyosiy tizimlar egallaydi. Musulmon dunyosida islomiy o‘zlik (identichnostь) va siyosiy erkinliklar birlashgan holatda, jamiyatning islomiy traektoriyasi barqaror kuchayadi.

Ikkinchidan, g‘arb shu paytgacha tashqi dunyoga ta’sir qilish, uni boshqarish uchun liberal-demokratiyani o‘zining mafkurasi sifatida qo‘llab keldi. Liberal-demokratiya, bu g‘arbning geomafkurasi edi. U orqali dunyo hukumatlarini legitimligini belgilardi, ularga bosim qilardi, ularni almashtirardi va demokratik hukumatlarni o‘z izmida ushlab turishga intilardi.

Lekin bu yondashuv, musulmon dunyosiga kelganda, g‘arb manfaatlariga zarba bera boshladi. Erkin saylovlar musulmon jamiyatlari hokimiyatlariga g‘arbdan mustaqil siyosiy kuchlarni, islomiy partiyalarni olib keldi. Bu kuchlar esa g‘arb manfaatlarini emas, musulmon jamiyatlari manfaatlarini ifodalardi. Keyingi yillarda bu boradagi g‘arbning siyosati jiddiy o‘zgardi. Lekin bu o‘zgarish ochiq-oydin ko‘rinmaydi. G‘arb o‘zining demokratik ritorikasini o‘zgartirmagan holda, real voqe’likda, musulmon jamiyatlarini demokratlashtirish – uning manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini yaxshi anglab etdi. Demokratlashgan 1,75 milliardlik musulmon dunyosi – g‘arb manfaatlari uchun misli ko‘rilmagan kulfat ekanligini tushungan g‘arb, boshqariladigan avtokratiyalarni qayta tiklash va ular bilan hamkorlik qilishni ustuvor maqsad qilib oldi. AQSh demokratik saylangan Misr hukumatini ag‘darilishini ochiqchasiga qo‘llab- quvvatladi. Bu bilan demokratik Misrdan tezroq qutulib, avtoritar Misrni qaytarish ehtirosi kuchli ekanligini ko‘rsatdi.

Uchinchidan, Ixvonal-muslimin yana bir bor salohiyatli kuch ekanligini namoyon qildi. Harbiylar o‘ttiz-qirq yil oldingi siyosiy psixologiya ostida Mursiy hukumatni ag‘darishgan edi. Harbiylar nazarida, “hukumatni ag‘daramiz, komendantlik tizimini o‘rnatamiz, vaziyatni to‘laligicha qo‘lga olamiz” degan yondashuv bo‘lganligi ko‘rinib turibdi. Lekin internet va Al-jazira davrida, ommaviy qirg‘in harbiylarni loyihalarini tezda yo‘qqa chiqarishini oxirigacha anglab etisha olmadi. Harbiylar ixvonlarning bu qadar kuchli ijtimoiy ba’zaga ega ekanligini, ularning barqaror diniy-siyosiy madaniyatga ega ekanligini e’tiborga olishmagan.

Har qanday yangi siyosiy rejim va hokimiyatga jamiyat ichida yashirinib yotgan kuchlar tomonidan bosimlar bo‘lishi – siyosiy qonuniyat. Misrda keyingi ikki yil ichida Ixvonlar ikkinchi marta o‘z salohiyatlarini ko‘rsatishdi. Mursiy ag‘darilgach, Ixvonlar o‘z pozitsiyalarida barqaror ekanligi, mislsiz qurbonlar berib bo‘lsada, shu pozitsiyada qolishini ko‘rsatishi – ularning Misr kelajagida katta rol o‘ynashiga ishora qiladi. 14- avgust kunidagi ommaviy qirg‘in natijasida, harbiylar siyosiy kampaniyani to‘laligicha yutqazishdi, “harbiy inqilob” g‘oyasi misli ko‘rilmagan darajada obro‘ysizlandi. Garchi qisqa muddat ular vaziyatni ushlab tura olsada, kelajakda bu yo‘l ularni siyosiy sahnadan yo‘qotilishi uchun ma’naviy va siyosiy asos bo‘lashi aniq. Misr hokimiyatiga keladigan har qanday yangi demokratik kuch, ishni birinchi o‘rinda harbiy tizimni butunlay demontaj qilishdan boshlashi tabiiy.

Harbiylar Mursiyni ag‘darib orqali, faqat avtoritar boshqaruvga umid qilishgan. Lekin, Misrdagi vaziyat shundayki, tizimli islohotlar qilibgina, o‘ta katta qiyinchiliklar orqali 2-3 o‘n yillikda halq turmush darajasini ko‘tarish mumkin bo‘ladi xolos. Mursiyni ag‘darib tashlagach ham, muvaqqat hukumat (ya’ni, general Sisi boshchiligidagi harbiylar ham) yaqin vaqt ichida demokratik saylovlar va’da berishmoqda.

Lekin men tushunmayotgan narsa – qanday qilib Ixvonlarni bu jarayonlardan chetlatib, erkin va legitim saylov o‘tkazish mumkin? Yoki, qanday qilib Ixvonlar ishtirok etadigan erkin saylovlarda, harbiylar ixvonlarning salohiyatini past qilib ko‘rsatishi mumkin, va natijada ixvonlarsiz parlament va hukumat tashkil qilishlari mumkin? Chunki, Ixvonlar Misr jamiyatida 40-55%lik barqaror elektoratiga ega ekanligini bir necha bor isbotlashdi. Ixvonlarni siyosiy jarayonlardan chetlatishning na siyosiy, na harbiy yo‘li mavjud emas. Bu savollar Misrni chuqur siyosiy infirozga kirganligini ko‘rsatadi.

Ayni paytda, M.Mursiy va Ixvonlar ham ma’lum bir xatolarga yo‘l qo‘yganganligi ma’olum bo‘lmoqda.

Birinchidan, Misr jamiyatidagi keyingi o‘n yilliklarda yig‘ilgan muammolar shu qadar chuqurki, hech bir siyosiy kuch bu muammolarni bu yaqin davr ichida hal qilib bera olmaydi. Lekin, bir-ikki yil o‘tgach, har qanday hukumatga halq “biz senga ishondik, sen esa buni eplay olmading” deyishi tabiiy, va jamiyat “muammo chuqur, yana 5-10 yil kuting” degan pozitsiyani qabul qilmaydi.

Ixvonlar boshida prezidentlikka nomzod kursatish niyati yo‘q ekanligini aytishgandi. Lekin prezidentlik saylovlaridan oldin, ularning fikri tezda o‘zgardi, va Mursiy nomzodi ko‘rsatildi. Ya’ni, Ixvonlar o‘zlarini imkoniyatlaridan ortiq siyosiy mas’uliyatni olishdi, va jamiyatdagi barcha mas’uliyat yuki, ixvonlarning opponentlari va dushmanlari tomonidan, Mursiyga yuklatildi.

Ikkinchidan, Mursiy hokimiyatga kelishi bilan harbiy sektorni jiddiy isloh qilmadi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Misr bosh prokurori va harbiylar bir necha oylar davomida Mursiyga buysunishmagan, o‘zboshimchalik qilishgan. Mursiy esa bu holatlarga bag‘rikenglik bilan qaragan. Aksincha, Misr jamiyati uchun muhim bo‘lgan fuqarolik jamiyati shaxslari bilan Mursiy munozara qilmagan, ularni o‘z tarafiga og‘dirmagan.

Turkiyada ham keyingi yarim asr ichida to‘rt marta harbiylar tomonidan hukumat ag‘darildi. Natijada, turk demokratik-islomiy kuchlari harbiylarni jilovlashni konstitutsion, siyosiy mexanizmlari ustida bosh qotirishdi va oxiri, uddasini topishdi.

Menimcha Misr demokratik-islomiy kuchlari ham, bundan keyin, birinchi o‘rinda harbiylarni jilovlash borasida jiddiy o‘ylanishadi.

Ayni paytda, demokratik saylovlarda ishtirok etayotgan siyosiy kuchlarni o‘lkan bozordagi auktsionga o‘xshatish mumkin: jamiyatning muammolari savdoga qo‘yiladi, va siyosiy kuchlar o‘z potentsiali orqali, jamiyatning roziligi (ovozi) orqali, ushbu muammolarni o‘z mas’uliyatlariga olishadi. Lekin, bundan keyin hokimiyatni olib, uni monopoliya qilib bo‘lmaydi – muammolar tarang, Misr holatida 90 million odam kuzatib, talab qilib turadi, va ertaga (4-5 yildan keyin) yana auktsion (saylov) bo‘ladi.

14-avgustdan keyin harbiylar obruysizlandi, bundan keyin demokratiya ular uchun halokat. Lekin globalizm ommaning ishtirokini chetlab o‘tadigan siyosiy tizim yaratishni imkonini bermaydi. Bundan keyin halqni “ovozini” butunlay o‘chirib bo‘lmaydi, juda o‘chsa – bir-ikki oyga, yarim-bir yilga o‘chadi. Misr to‘qnashuvlar natijasida ixvonlar barqaror kuch ekanligin isbotladi. G‘arb va bir necha podsholiklar esa geosiyosiy va siyosiy bankrotlik yoqasida turibdi. Mursiy qaytib keadigan bo‘lsa, ular uchun bundan ortiq falokat bo‘lmaydi.

Ixvonlarning hokimiyatga qaytishi esa – yaqin vaqtlar masalasi…

Musulmon dunyosining lokalizmdan globalizmga transformatsiya bo‘lish jarayoni endi boshlanayapdi. Misr – ushbu transformatsiya tarixining debochasidir.

Kamoliddin RABBIMOV

Siyosatshunos, Frantsiya
15.08.2013

http://uzxalqharakati.com/archives/20825

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: