“O‘zbek” atamasining kelib chiqishi haqida


Xurshid_Davron19/07/2013

G‘arb olimlaridan bo‘lmish Allen J. Frank va Peter B. Golden o‘zbek’ atamasi Turkiston kengliklarida Oltin O‘rda xoni O‘zbekxondan anchagina oldin paydo bo‘lgan deb ta’kidlashadi. Ba’zi olimlar,masalan, M.Ermatov ’o‘zbek’ so‘zining paydo bo‘lishini turrkiy qabilalardan bo‘lmish uz(uz)lar bilan bog‘laydi.HD

Tarixchi olimlarning yozishiga ko‘ra, XII asrda yashagan muarrix Usama ibn Munqiz “Kitab al-I’tibar” asarida Mosul amirining ismi O‘zbek edi deb qayd etadi..Mashhur muarrix Rashdiddin Fazlulloh al-Hamadoniy ham o‘zining “Jome at-Tavorih” asarida ilgezidiylar sulolasiga tegishli Tabriz hokimining ismi O‘zbek Muzaffar deb ma’lumot beradi. Jaloliddin Xorazmshoh qo‘shinboshliqlaridan birining ismi ham Jahon Pahlavon O‘zbek bo‘lgani ma’lum.

Bu ma’lumotlarni keltirishimdan maqsad shunda-ki, bugungi kunda «o‘zbek» atamasi xususida yozilgan ilmiy maqola-yu manba’larda aksariyat bu atamani Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon (1312-1340) nomidan kelib chiqqan deb yozishlari asossiz ekanligini va bu ism juda qadimdan mavjud ekanini uqtirib o‘tishdan iborat.

Men «o‘zbek» atamasining kelib chiqishi muammosiga yoshlik chog‘larimdan qiziqqanman.Hozir bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman.Mavridi kelganda bu masala aks etgan tarixiy-badiiy asarlarimdagi fikrlarimni jamlab sizga etkazishga urinib ko‘rarman.

Hozircha esa “o‘zbek” atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liq bir farazning uch kishi tomonidan aytilishi haqidagi ma’lumotni sizning e’tiboringizga havola qilrmoqchiman,xolos.

Bu farazni dastlab 1988 yilda yozilgan,avvalan “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan,soniyan 1991 yilda nasr etilgan “Samarqan xayoli” kitobimning turkiylarning kelib chiqishi bilan bog‘liq mulohazalar davomida yozib o‘tgan ekanman:

“…Ularning (ya’ni o‘zbeklarning.X.D.) nomini ko‘pchilik tadqiqotchilar Oltin O‘rda xoni O‘zbek (1312-1340) nomi bilan bog‘lashadi.

Xo‘sh,”o‘zbek” so‘zining etimologiyasi,”o‘zbek” atamasi qachon va qanday paydo bo‘lgan. Bu haqda turlicha qarashlar mavjud. Mening o‘ylashimcha, bu atama qadimiy ajdodimiz O‘g‘izxon nomi bilan bo‘g‘liq bo‘lib,”O‘g‘izbek” so‘zining “o‘zbek” bo‘lib ketgan shakli bo‘lsa ajabmas.Nima bo‘lgandayam,’o‘zbek’ atamasi juda qadimiy davrlarga borib taqaladi.

Miloddan oldingi XII asrga taaluqli Ash-Shira (Assiriya) bitiklari (O‘rta) Osiyoning bepoyon dashtlaridan bostirib kirgan skiflar (iskitlar) bosqini haqida xabar berar ekan,bu jangovar ko‘chmanchi qabilalar nomini ishgauz,ularning boshlig‘ining ismini Ispak deb ma’lum qiladi.Turkiy xalqlar tarixi bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan odam “ishgauz” degan nom aslida “o‘g‘iz” nomi bilan bog‘liqligini tezda payqaydi.

Ma’lumki,yigirma to‘rt urug‘dan iborat bu turkiy qabila (uyushma) ikki yirik guruhdan iborat bo‘lib,biri “icho‘g‘iz” (ichki o‘g‘iz”,ikkinchisi “tasho‘g‘iz” (tashqi o‘g‘iz) deb nomlangan.

“Icho‘g‘iz” nomining As-Shira bitiklaridagi “ishgauz” so‘ziga naqadar o‘xshashiga e’tibor vergan bo‘lsangiz kerak.O‘sha qadimiy bitiklaridagi Ispak so‘ziga kelsak,ash-shiraliklar bosqinchilarning o‘zlariga begona,noma’lum ismlarini buzib yozishlari tabiiy.Aslida esa skiflar boshlig‘ining ismi O‘g‘izbek yoki shu ismning qisqargan shakli – “O‘zbek” bo‘lganiga shubha yo‘q (qolaversa,yon-atrofdagi boshqa xalqlar ham o‘zbeklarni ’ozbak” deb atashini e’tiborga olsak,bu fikrimiz qat’iylashadi).Tarixda bunday buzilishlar juda ko‘p uchraydi.Ajdodlarimiz – saklar,massagetlar va ularga mansub qahramonlar nomi yunon muarrixlari asarlari orqali buzilib etib kelgan.Bu ismlarning aslida qandayligini bilmaymiz. Qolaversa,muarrix notanish tilda ishlatgan ismlarning ba’zan naqadar buzilishini juda yaqin o‘tmishimizdan misol bilan isbotlamoqchiman.Xorazmlik buyuk muarrix Bayoniy ruslarning Xiva shahrini bosib olish bilan bog‘liq voqealar bayonida Chor Rossiyasi qo‘shini boshliqlarining nomlarini,jumladan Kulachov,Verufkin nom

larini tilga oladi.Bu nomlar ruscha bo‘lib,aslida Golovachyov,Veryovkin bo‘lgan.Xuddi shu buzilish oqibatida “O‘zbek” (O‘zbak”) Ash-Shira bitiklarida “Ispak” bo‘lib ketganiga aminman.

Bu farazni ikkinchi bo‘lib,uztoz Asqad Muxtor dastlab “Tafakkur” jurnalida qisman “Tundaliklar” sarlavhasi bilan bosilgan,keyinchalik 2005 yilda nashr etilgan “Uyqu qochganda” kitobidagi qaydlarning birida quyidagicha bayon etadi:

«O‘zbek xalqining nomini O‘zbekxon nomi bilan bo‘g‘lashadi.»O‘zbekxon» o‘zi qaerdan kelib chiqqan?

Menimcha,bu so‘zning (demak,xalq nomining ham) tarixi juda uzoq.721 yilda turkiy qabilalarning qurultoyi bo‘lgan.Shunda Bilga hoqon o‘z nutqini bunday so‘zlar bilan boshlaydi:» Ey,turk o‘g‘iz beklari!» «O‘g‘iz» u vaqtda «qabila» ma’nosida ishlatilgan.Demak,»O‘g‘iz begi» — qabila boshlig‘i degan so‘z. O‘g‘iz beklari zamonida elning ancha imtiyozli bir qatlami bo‘lgan.O‘zbeklar turkiylarning ana shu qatlamiga mansub tabaqadan kelib chiqqan,degan farazim bor.»

Uchinchi bo‘lib bu faraz xususida taniqli adib Tohir Malik o‘z veb-sahifasida quyidagicha mulohaza bildiradi:

“Ozbek atamasi haqida turli fikrlar mavjud.Tarixchi olimlarimiz ta’biricha: ’o‘zbek” – o‘ziga o‘zi bek” degani.Yana boshqa ta’birda o‘zbek tarixini O‘zbekxondan boshlashadi.Bu ikki fikrda ham mantiqiy asos yo‘q.Avvalo,er yuzida yashayotgan kattami-kichikmi har bir xalq o‘ziga o‘zi bek,boshqaga tobe bo‘lishni istamaydi.Ikkinchidan,agar tarix O‘zbekxondan boshlansa,bu xonga “O‘zbek” deb kim ism bergan? Bu ism osmondan olinmagandir.Demak,bu nom.bu atama avval ham bo‘lgan.

Men tarixchi emasman,olimlikka ham da’voim yo‘q.Biroq,bu xususda qat’iy fikrimga egaman. “Qirg‘iz” – qir o‘guzi,”Gagauz” – ko‘k o‘g‘uz demakdir. Turkiy xalqlarning bobosi O‘g‘uzxon bo‘lganlar. Bu haqda qadim tarix kitoblarida etarli ma’lumotlar bor. Ayni O‘g‘uzxon davrlarida qavmlarga (oilalarga) nom berilgan: uyg‘ur,qorliq,qibchoq,qang‘li…(bu tarixga qiziqqanlar Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asaridan bahramand bo‘lsalar durust). Bizningcha ’o‘zbek” – O‘g‘uz begi demakdir. Ya’ni O‘g‘uzxon saroyiga yaqin oila shunday atalgan. Bu hol Evropada ham bo‘lgan.Masalan.Rossiyada ’dvoryanin” degan tabaqa bo‘lgan,ya’ni “prilijenniыy k tsarstvennomu dvoru” – podsho saroyiga yaqin bo‘lgan kishi. Yana Evropada lord,gersog,baron… kabi tabaqalar borki, barchasi hukmdorga qanchalik yaqinlikni ajratib turadi. O‘g‘uz beklari ham saroyga shunday yaqin bo‘lganlar.

Tarixchi olimlarimiz o‘zlarining Yakubovskiy,Bartolt,Bertels kabi ustozlarining aytganlarini mahkam ushlab olmasdan asl manba’larni o‘rganib,tahlil qilib fikr yurutsalar durust bo‘lardi. Bizning tariximizni o‘rganib,kitob yozganlari uchun u zotlardan minnatdormiz.Biroq bu borada bir haqiqat mavjud: bir millat tarixini o‘rganib baho berayotgan boshqa millat vakilining bayon etilgan fikrida albatta o‘z millati manfaati yotadi.Ana shu manfaat xolislik yo‘lini to‘sadi.»

* * *

Yuqoridagi keltirilgan “o‘zbek” atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liq bir farazning uch shaxs tomonidan bir xil asosga tayanib bildirilishi bejiz bo‘lmasa kerak.Menimcha, bunda aniq bir tarixiy haqiqat namoyon bo‘lmoqda.

Keyingi yozuvlarimizda bu xususdagi fikrlarimizni davom ettirish niyati bilan hozircha nuqta qo‘yaman.

 

Xurshid Davron

«Faysbokdan» olindi

 

http://uzxalqharakati.com/archives/20281

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: