Beshigida bo‘g‘ilgan muxtoriyat – e-tarix.uz


450px-Bandera_de_KokandTURKISTON O‘LKA MUSULMONLARINING TO‘RTINCHI FAVQULODDA QURULTOYIDA TURKISTON (QO‘QON) MUXTORIYATINING E’LON QILINISHI

 

Namanganlik iqtidorli tarixchi olim, tarix fanlari nomzodi marhum Yo‘lchi Qosimov O‘zbekistonning asl tarixini yozib, yuzaga chiqarish borasida ko‘p fidoyilik ko‘rsatgan zahmatkash ziyolilardan edi. Uning “Qora ko‘zoynak bilan yozilgan tarix” kitobi mahalliy nashriyotda oz nusxada nashr etilgani bois o‘quvchilarning keng qatlamiga etib bormadi. Shuni nazarda tutib, kitobning Turkiston (“Qo‘qon”) muxtoriyati tarixiga bag‘ishlangan bobini jurnalimiz o‘quvchilariga taqdim etishga qaror qildik.

 

RSFSR Millatlar ishi Xalq Komissari I. V. Stalin va Xalq Komissarlar Sovetining raisi V. I. Leninlarning imzosi bilan ikkita tarixiy hujjat e’lon qilindi: «Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi» (1917 yil 2/15 noyabrь) va «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga Murojaatnoma»si (1917 yil 3 dekabrь). Ana shu Murojaatnomada, jumladan, shunday deyilgan edi: «Sizning din va urf-odatlaringiz, Sizning milliy va madaniy muassasalaringiz bundan buyon erkin va daxlsiz deb e’lon qilinadi. O‘z milliy turmushingizni erkinlik bilan va bahuzur tuzaberingiz. Shunday qilishga haqlisiz. Bilingizki, Sizning huquqingiz ham inqilob va uning organlari bo‘lgan Ishchi, askar va dehqon deputatlari Sovetlarining butun qudrati bilan himoya qilinadi… O‘z mamlakatingizga o‘zingiz xo‘jayin bo‘lmog‘ingiz kerak. O‘z turmushingizni ko‘ngildagidek va o‘z xohishingizga muvofiq qilib o‘zingiz tuzmog‘ingiz lozim. Siz shunday qilishga haqlidirsiz. Chunki sizning taqdiringiz o‘z qo‘lingizda…» (V. I. Lenin. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston to‘g‘risida. Toshkent, O‘zdavnashr, 1957, 71-72-betlar). Deklaratsiyada esa jumladan shunday deyilgan edi: «Xalq Komissarlar Soveti qaror qiladi… 2. Rossiya xalqlarining o‘z taqdirlarini o‘zlari erkinlik bilan belgilashlari va hattoki, ajralib chiqish va mustaqil davlat tuzish huquqini berish. 3. Hamma va har qanday milliy imtiyoz va cheklashlarni va milliy-madaniy imtiyoz va cheklashlarni bekor qilish» (O‘sha kitob, 68-bet).

 

Ana shu hujjatlar e’lon qilingan vaqtda Toshkentda F. Kolesov rahbarlik qilayotgan hukumat shahar dumalarini tarqatib yuborish va milliy kadrlarga nisbatan shovinistik siyosatni avj oldirnsh kabi o‘ta noto‘g‘ri va qo‘pol siyosatni amalga oshirmoqda edi. Ikkiyuzlamachi bolьshevik F. Kolesov Turkiston o‘lkasi Sovetlarining uchinchi qurultoyi nomidan V. I. Leninga, Xalq Komissarlari Soveti nomiga yuborgan telegrammasida Turkiston Xalq Komissarlar Soveti: «Sizning barcha dekretlaringizni hayotga tadbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan», deb tilyog‘lamalik qilgan edi. Ammo ming nadomatlarkim, bu yolg‘onchi va sho‘rolar mustamlakachisi o‘z va’dalarining teskarisini qildi. Va hatto, u o‘zi imzo chekkan hukumat hujjatlarida ham ana shu yuqorida ko‘rsatilgan markaziy hukumat ko‘rsatmalarini ham va loaqal, hujjatlarning nomini ham qayd qilib o‘tmadi.

 

1917 yilning 26-29 noyabri kunlari Qo‘qon shahridagi «Sho‘royi islomiya» tashkilotining qarorgohida Turkiston O‘lka musulmonlarining favqulodda to‘rtinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘taylik, 1917 yil yozida boshqa siyosiy partiyalar qatorida «Sho‘royi islomiya»chilar Toshkentdan quvilgan edi. Shuning uchun “Sho‘royi islomiya” va “Sho‘royi ulamo” jamiyatlari a’zolari Qo‘qon shahridan boshpana topgan edilar. Chunki Qo‘qon shahri sobiq xonlikiing markazi bo‘lib, unda shu vaqtlarda 50 ming-dan ortiq aholi yashar edi. Qirq madrasa, 382 ta masjid bo‘lib, ularda olti mingga yaqin diniy xizmatchi bo‘lgan. Ayni vaqtda shaharda o‘n bitta yirik xalqaro banklar ham ish ko‘rgan (qaralsin: Shomagdiev Sh. Ocherki istorii grajdanskoy voynы v Ferganskoy doline. Tashkent, Izd-vo AN UzSSR, 1961, str. 36. Qo‘qon tarix-o‘lkashunoslik muzeyi fondi materiallari).

 

Qurultoy chaqirilishi oldidan turli joylarga taklifnomalar tarqatilgan zdi. Ammo bu vaqtda o‘lka markazi Toshkentda pochta-telegraf xodimlarining ish tashlashlari davom etayotganligi tufayli vakillarga takliflar (mandat) qrg‘ozlari o‘z vaqtida etib bormadi.

 

25 noyabrь kuni kechqurun s’ezd oldi tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. «Turkiston axboroti» ro‘znomasining xabar berishicha, 1917 yil 26 noyabrь kuni O‘lka Musulmonlar Sho‘rosining raisi va Qurultoyni o‘tkazish tashkiliy hay’atining a’zosi Mustafo Cho‘qaev qurultoyni ochgan. Birinchi bo‘lib mandat (shahodat) hay’atining a’zosi Norbo‘tabekovning qurultoyga kelganlarning tarkibi va soni xususidagi axboroti eshitiladi. Uning axborotiga ko‘ra, qurultoyga Farg‘ona viloyatidan – 150 kishi, Sirdaryo viloyatidan – 22 kishi, Samarqand viloyatidan – 21 kishi, Kaspiyorti (Zakaspiy)dan – 7 kishi, Buxorodan – 4 kishi kelganligi ma’lum qilindi. Qurultoyning oxirlariga borib vakillarning soni 250 taga etgan. Qurultoyga vakillardan tashqari «Sho‘royi ulamo», Musulmon askarlar Kengashi, O‘lka yahudiy tashkiloti, Buxoro yahudiylari, Kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlardan ham vakillar qatnashgan.

 

Kurultoyda hay’at a’zolari saylovi ancha munozarali o‘tgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy hay’at a’zolari tarkibiga musulmon bo‘lmagan (nomusulmon) guruhlarning vakillaridan ham saylashni taklif etdi. Qo‘qonlik vakil A. Mahmudovning taklifiga binoan o‘n uch ki-shidan iborat qurultoy ishining rayosati (prezidiumi) saylandi. Ular orasida M. Cho‘qaev, U. Xo‘jaev, Yu. Og‘aev (Yurg‘uli Og‘aev), Akaev, Gernfelьd (Gertsfelьd), A. Mahmudov, Shoahmedov, Qishchinboev, Abdul Badin, Kamol qozi, O‘razaev, Tillaev, Karimboevlar bor edi. M. Cho‘qaevning taklifiga binoan buxorolik (samarqandlik) vakil, taniqli arbob Mahmudxo‘ja Behbudiy ham hay’at tarkibiga kiritildi. Bu taklifni majlis ahli olqishlar bilan qarshi oldi.

 

Qurultoyning kun tartibi tasdiqlandi. Kun tartibidagi masalalar orasida quyidagilar bor edi:

 

1. O‘lkaning boshqaruv shakli haqida. 2. Turkiston Muxtoriyatini tuzish to‘g‘risida. 3. Turkiston Musulmonlar Kengashini qayta saylash haqida. 4. Turkiston Ta’sis majlisini o‘tkazish. 5. Turkistonning «Kazak qo‘shinlari, tog‘li Kavkaz va erkin sahroyi xalqlar janubi-sharqiy Ittifoqiga» a’zo bo‘lishi haqida. 6. Xalq militsiyasini tuzish. 7. Moliyaviy ishlar va boshqa masalalar.

 

Izoh: 5-punktda ko‘zda tutilgan ittifoq 1917 yil 20 oktyabrda tuzilgan edi. Unga ko‘ra kazak askarlari, Kavkazning tog‘li xalqlari va cho‘llarning erkin millatlaridan tashkil topgan bo‘lib, Rossiyani xalqchil federativ jumhuriyatga aylantirish maqsadida vujudga kelgan («Svobodnыy Samarkand», 6.XII.1917). Shartnomada Turkistonga bug‘doy etkazib berish va va boshqa tovar ayriboshlash masalalari ham bor edi. Bu esa Turkistonga yaqinlashib kelayotgan ocharchilikni daf qilishda muhim strategik ahamiyatga ega edi.

 

Kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama qilishda Turkistonni «Sharqiy-janubiy ittifoqqa» kirishi masalasi birmuncha munozarali bo‘lgan. Ataman Dutovning vakili olib kelgan shartnoma loyihasiga ayrim vakillar qarshi chiqdilar. Ular tuzilajak Turkiston Muxtoriyatining ana shu shartnomaga kirmasligini yoqladilar. Shunga qaramasdan shartnoma qabul kilindi. («Vaqt», 1917 yil 2 dekabrь). Uch kun davom etgan qurultoyda juda qizg‘in munozara va tortishuvlar bo‘lgan. Toshkent Sho‘rolar hukumatidan vakil bo‘lib kelgan P. G. Poltoratskiy qurultoyda nutq so‘zladi. U o‘z nutqida tuzilajak Muxtoriyatga qarshi chiqdi va qarshi gapirdi. Uning nutqi qurultoy qatnashchilarining birortasiga ham ta’sir etmadi.

 

27 noyabrdan 28 noyabrga o‘tar kechasi Turkiston Umummusulmonlar qurultoyining qarori o‘qib eshittirildi. Karorda, jumladan shunday deyilgan edi: «Qurultoy Turkistonda yashovchi millatlarning irodasini ifodalab, Ulug‘ Rusiya inqilobi va’da etgan o‘z taqdirini o‘zi hal etish negizida, Federativ demokratik Rusiya jumhuriyati asosi uzra, Turkistonni territoriya jihatdan muxtoriyat shaklida belgilashni topshirdi», «Turkistonda yashovchi milliy ozchilik huquqlari har tomonlama muhofaza etiladi».

 

Qurultoyda davlat tuzilmasi masalasi muhokama etilib, unda Turkiston Muxtoriyati deb belgilashga kelishib olingan edi. Qurultoyning 20 noyabrь kungi majlisida Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Ta’sis Majlisi chaqirilishiga qadar butun hokimiyatni Turkiston Vaqtli Kengashi va Turkiston Xalq Boshqaruvi qo‘lida bo‘ladi, deb qaror qilindi. Turkiston Muvaqqat Sho‘rosi – Turkiston Respublikasining tarkibi tuzilib, uning a’zoligiga 34 kishi saylandi. Kengash ilgari Turkistondan Butunrossiya Ta’sis majlisiga yuborilgan vakillar soniga qarab belgilandi.

 

Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga – millat majlisiga 54 kishi saylandi. Saylanganlardan uchdan bir qismi ovro‘polik vakillarga ajratildi. «Hurriyat» ro‘znomasiniig 1917 yil 1 va 5 dekabrь sonlarida qaror matni, hukumat tarkibi va umuman qurultoy haqidagi axborot z’lon qilingan.

 

Saylanganlarning 36 nafari musulmon va 18 nafari g‘ayri-musulmonlardan (ovro‘polilar umumiy aholining 7 foizini tashkil etgan) saylangan. Bular orasida musulmonlardan M. Behbudiy (Buxoro), U. Xo‘jaev, Nosirxon to‘ra, Abduqodirbek Qo‘shbegiev, I. Shoahmedov, H. Yurg‘uli-Og‘aev, A. Mahmudov, Ashurxo‘ja, D. Qorabekov, A. O‘razaev, M. Mirzaahmedov (Farg‘ona), Muhammad Tinishboev, I. Davletshin (Ettisuv), O‘roz Sardor (Turkmaniston), Mustafo Cho‘qaev (Qozog‘iston) Sh. Lapin, S. Boysaidov, T. Norbo‘tabekov, S. Mirjalilov, I. Gubaydullin, K. Hojinov, S. Sharifxo‘jaev (Sirdaryo), A. Abdusalimov, S. Gertsfelьd, A. Derbisolin, M. Oqchurin, Mansurov (Samarqand). L. Shirinskiy, F. Musaboev, O. Shokirxonto‘raev, K. Rahmonberdiev, A. Umarov, S. Yusupov (Kaspiy bo‘yidan) va boshqalar.

 

Mana shu o‘n sakkiz o‘rin ichida sotsial-demokratlar, dashnoqtsutyun (arman), eserlar, ukrain, polyak, yahudiy (mahalliy va ovro‘poli), temir yo‘lchilar ittifoqi kabi siyosiy partiyalar va boshqa tashkilotlarning ham vakillari bor edilar. Shuningdek, ular orasida Namangon, Andijon, Skobelev (Farg‘ona), Toshkent kabi shaharlardan kelgan vakillar ham bor edi. Ovro‘poliklar ichida Potelyaxov, Vadьyaev, Gertsfilьdlardan tashqari hukumat ichida advokat Nensberg, Tits (Andijon) kabilar ham ishtirok etdilar.

 

Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat Millat majlisiga (parlamentga) tanlangan ana shu  va boshqa kishilar ishtirokida Turkiston Muvaqqat hukumati tasdiqlandi va u quyidagicha tuzildi:

 

1. Muhammadjon Tinishboev – hukumat raisi (nozir) va Ichki ishlar noziri (U «Olosh O‘rda» (qozoq) partiyasining rahbari, Ikkinchi Davlat dumasining a’zosi, Turkiston temir yo‘l injenerlari qo‘mitasining a’zosi, kasbi injener);

2. Islom Sulton Shoahmedov – rais o‘rinbosari (Umummusulmonlar Kengashining a’zosi, Dumadagi doimiy ishonchli vakil, kasbi advokat);

3. Mustafo Cho‘qaev – Tashqi ishlar noziri (Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo‘mitasi a’zosi, O‘lka Musulmonlar Kengashining raisi, kasbi yurist, advokat);

4. Ubaydulla Xo‘jaev – Xalq militsiyasi va Xavfsizlik noziri (Umumrusiya Musulmonlar Kengashi Markaziy Qo‘mitasining a’zosi, kasbi yurist, advokat);

5. Hidoyatbek Yurg‘uli-Og‘aev – Er va suv ishlari noziri (kasbi agronom-olim);

6. Obidjon Mahmudov – Oziq-ovqat ishlari noziri (Qo‘qon shahar dumasi raisining o‘rinbosari);

7. Solomon Gertsfilьd – Moliya noziri;

8. A. Mahmudov – Adliya (yustitsiya) noziri;

9. Chanishev (polkovnik) – Harbiy mudofaa noziri, Bosh qo‘mondon;

10. Saidnosir Mirjalilov – Xazina Ishlari Noziri va boshqalar.

(Qaralsin: «Turkestanskiy vestnik», 1917 yil b    dekabrь).

 

Turkiston musulmonlarining to‘rtinchi favqulodda qurultoyi o‘z yig‘ilishining oxirgi bosqichida, ya’ni 29 noyabrda Myvaqqat Millat majlisi va Muvaqqat hukumat a’zolarining muhofazasi va daxlsizdigi haqida qapop qabul qildi. Qarorda shunday deyilgan: «Bulardan har biriga qarshi zo‘ravonlik butun o‘n millionli Turkiston xalqiga qarshi tahqir deb bilinadi». Qurultoy qatnashchilari bolsheviklar tomonidan tuzilgan Toshkent qizil hukumatining (hibsga olishlari, tintuv o‘tkazishlari va h. z.) noto‘g‘ri hatti-harakatlarini qoralab qaror qabul qildi va hibsga olingan kishilarni ozod etishni talab qildi.

 

Qurultoy so‘ngida Butun Turkiston fuqarolariga, siyosiy partiyalariga, tashkilot, muassasa va harakatlarga qarata ularni ahillik, hamkorlik, birdamlikka chaqiruvchi Murojaat qabul qilindi. Murojaatda jumladan shunday deyilgan: «Zanjirlardan bo‘shag‘on Turkiston o‘z erining hokimi va o‘z tarixining yaratuvchisiga aylanadigan vaqt keldi!» (qaralsin: «Svobodnыy Samarkand», 6 dekabrya 1917 g.).

 

Turkiston Respublikasi Muxtor parlamenti e’lon qilingach, butun musulmonlar olami uni sevinch va ko‘tarinkilik ruhi bilan qarshi oldi. Joylarda uni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan mitinglar, yig‘ilish va namoyishlar boshlanib ketdi. Bu harakatlar sho‘roviy tarixchilar yozishganidek, norozilik kayfiyatidagi chiqishlar emas, balki uning teskarisi bo‘lgan. Tarixiy faktlarga murojaat qilaylik.

 

Ilgari Muxtoriyat g‘oyalariga qarshi turgan ro‘znomalar, masalan, «Kurьer», «Turkestanskoe slovo» va boshqalar endi o‘z munosabatlarini tubdan o‘zgartirib, musulmonlarni o‘z hokimiyatlarini himoya qilishga da’vat etdilar. «Svobodnыy Samarkand» ro‘znomasida S. Nikiforov e’lon qilgan maqolada: «Davrimiz uchun muhim bo‘lgan qurultoy qarorlari ushbu chekka milliy o‘lkaning hayotida yangi sahifa ochilganligini anglatadi», deb yozgan (qaralsin: o‘sha gazeta, 1917 yil 7 dekabrь).

 

30 noyabrь kuni Qo‘qonda musulmon mehnatkashlarining ko‘pming kishilik namoyishi bo‘lgan. Unda musulmon hukumatini himoya qilishga qaratilgan qasamyod qilingan. «Turkestanskiy vestnik» ro‘znomasining xabar berishicha, Toshkentning Jome’ masjidida juda katta miting bo‘lgan. Unda «Notiqlar hayajon va ko‘zlarida yosh ila yangi hayot boshlanishi haqida so‘zlaganlar» (qaralsin, o‘sha ro‘znoma 1917 yil 8 dekabrь). Miting ishtirokchilari Muxtoriyatga yordam berish uchun jamg‘arma yig‘ishga ham qaror qildilar. Mitingda Muxtoriyat hukumati rahbariyatining imzosi bilan e’lon qilingan Murojaat o‘qib eshittirilganda hamma yig‘lagan.

 

«Turkestanskie vedomosti» ro‘znomasida Stalin-Lenin imzolagan «Rusiya va Sharqning musulmon mehnatkashlariga xitobnoma» e’lon qilindi. Xuddi shu kunlarda Toshkent Sho‘rolar hukumatining rahbari F. Kolesovnnng farmoniga binoan Toshkent shahar dumasi tarqatib yuborildi. 6 dekabrь kuni bundan norozi bo‘lganlarning Toshkentda mitingi o‘tkaziladi. Mitingda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror qabul qilindi. Unda shunday deyilgan: «Komissar Kolesovnnng shahar dumasini tarqatish haqidagi buyrug‘ini tinglab, yig‘ilish bir ovozdan mazkur g‘ayriqonuniy buyruqqa qarshi qizg‘in e’tiroz bildiradi. Modomiki, shahar dumasi umumiy, teng, bevosita va maxfiy ovoz berish yo‘li bilan saylangan bo‘lib, Toshkent shahrida yakka-yagona xalqchil, demokratik tashkilot hamda 300 mingli shahar nufusining xohish-irodasini asl ifoda eta biluvchi muassasadir. Duma a’zolariga o‘z ishlarini davom ettirib, ularni saylagan xalq himoyasi va muhofazasi ostiga o‘zlarini topshirishni belgilaydilar» (Turkestanskiy vestnik», 8 dekabrya 1917 g.).

 

Toshkent shahar dumasining oxirgi yopilish yig‘ilishida deputat Ibnyamin Yonboev so‘z olib shunday degan: «Hozirgi hokimiyatning (ran Kolesov rahbarlik qilayotgan Kizil hukumat ustida borayotir – Y. Q) tan olingan demokratligi dargumon. Ushbu hokimiyat musulmonlar nomidan gapirishi qip-qizil yolg‘on… Mazkur hokimiyatning asl kuchi to‘p va pulemyotlardir. Lekin biz, musulmonlar bu kuchdan qo‘rqmaymiz. Bizda o‘zga kuch mavjuddirki, bu kuch ruhimizdir. Tarix ushbu soxta hokimiyatning amalini qoralaydigan vaqt, albatta kelajak!» («Turkestanskiy vestnik», 9 dekabrya 1917 g.)

 

Rahmat Sizga Ibnyamin bobo! Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin ruhingizni! Siz bundan 75 yil muqaddam bugungi dorilomon kunlarimizga – Mustaqillik kunimizga tirik etib kela olmadingiz. Ammo Siz bu kunlarni oldindan ko‘ra bilgansiz. Tarix va davr taqozosi bilan bugun biz Kolesov hukumatining jirkanch mohiyati va maqsadini ochib tashlovchi faktlarga murojaat qilib, Siz ko‘rgan va biz hujjatlar orqali tanish hokimiyatning musulmonlarga – tub turkistonlik aholiga nisbatan amalga oshirgan qora ishlari va niyatlarini o‘rganishga muyassar bo‘layotirmiz. Bu haqdagi tarixiy haqiqatni hammamiz bilishimiz shart, aziz vatandoshlar!

 

1917 yil dekabrь oyida butun Turkiston O‘lkasi bo‘ylab siyosiy kampaniya avj oldi. Hamma joylardagi yig‘ilishlarda Muxtoriyat Muvaqqat hukumatini himoya qilishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. Chunonchi, 1917 yil 6 dekabrь kuni Toshkentning Eski Shahar qismidagi Beklarbegi madrasasida miting bo‘ldi. Mitingda so‘zga chiqqanlar – M. Abdurashidxonov, muftiy Mulla Odil, Sherali Lapin, Said G‘anixon, Pirmuhammad A’lam va boshqalar, hammasi bo‘lib o‘n besh kishi bolsheviklar yo‘lini qoraladilar va Muxtoriyat hukumatini himoya qilishga chaqirdilar. Miting qatnashchilari 13 dekabrь kuni, ya’ni Payg‘ambar Muhammad alayhissalom tug‘ilgan kunlari namoyish qilishga qaror qildilar. Namoyish arafasida Toshkentdagi Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlovchi ovro‘palik kishilar gruppasi Qo‘qonga – Muxtoriyat hukumati nomiga telegramma yuborib, unda muxtoriyatchilarni himoya qilish uchun namoyishda qatnashish istaklarini bildirganlar» («Ulug‘ Turkiston», 1917 yil 14 dekabrь).

Bo‘lajak voqealardan xabardor bo‘lgan Sho‘rolar hokimiyatn namoyishga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qildi. Sho‘rolarning shahar kengashi bu chiqishni “musulmonlar ommasining fitnachi aksilinqilobiy harakati” deb hisoblab, 13 dekabrga belgilangan bu namoyishning yo‘lini to‘sish uchun harbiy qismlarni ishga soldi. Toshkent O‘rdasidagi harbiy qismlar Yangi shahar bilan Eski shaharga o‘tadigan asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. Shunga qaramasdan harakat davom etdi. Ayniqsa, Yangi shaharda olomonning to‘planishi mutlaqo taqiqlangan edi. Turli ko‘chalardan bo‘lsa-da, yo‘l topib aylanib kelgan musulmonlar Shayx Xovand Tohur masjidi tomon yurib kelib yig‘ildi. Soat o‘n ikkilarga borgayda ko‘p ming kishilik namoyishchilar to‘plandilar. Yig‘ilganlar orasida Xalq Komissarlari Sovetining a’zolari, hukmron partiya (bolsheviklar) rahbarlari va boshqa siyosiy harakat va tashkilotlarning rahbarlari ham bor edi. Turkistonga Muxtoriyat berilishini talab qilib qiluvchi shiorlar yozilgan transparantlar ko‘targan guruh, asosan ovrupaliklarni tashkil etgan uch mingga yaqin namoyishchi Eski Shaharga qarab yurdi. Shu vaqtda harbiylar bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida eski shaharlik 16 kishi halok bo‘lgan. Bo‘lib o‘tgan voqea xususida markazga – Petrogradga xabar berilgan. Toshkent Ishchi va askar deputatlar Soveti 13 dekabrda Toshkentda harbiy holat e’lon qildi («Turkestanskie vedomosti», 15 dekabrya 1917 g.). Sho‘rolar hukumati rahbari F. Kolesov markaziy hukumatga murojaat qilib, undan yo‘l-yo‘riq so‘raganida I. Stalindan shunday mazmunda javob olingan: «Siz joylarda o‘zingiz hukumatsiz, yo‘l-yo‘riqlarni o‘zingiz ishlab chiqishingiz kerak».    ,

1917 yil 26 dekabrda Musulmon Ishchi va askar deputatlarining favqulodda 1-qurultoyi chaqirildi. Unda bir necha masalalar ko‘rilib, ular orasida Muxtoriyat masalasi alohida o‘rin tutdi. Kurultoyda Muxtoriyat masalasida Lenin bilan muzokara yuritish uchun delegatsiya yuborish masalasida tortishuvlar bo‘ldi. Va nihoyat, qurultoy Leninga telegramma yuborishga qaror kildi. Telegrammada shunday deyilgan: «Turkiston 1-Favqulodda Musulmon Ishchi va askar deputatlari s’ezdida qabul qilingan rezolyutsiyani yo‘llab, Sizdan Rusiya demokratik jumhuriyati oliy hokimiyati sifatida Turkiston Xalq Komissarlar Kengashiga o‘lka hokimiyatini Turkiston Vaqtli Muxtoriyat hukumatiga topshirish uchun farmoyish berishingizni so‘raymiz. Bu, Turkistonni ulkan halokatga keltirishi mumkin bo‘lgan beboshlik, ikkihokimiyatchilikning oldini olish uchun zarur».

Kurultoyda millionlarning manfaatini ifoda etuvchi vakillar muxtoriyat masalasida yakdil (edilar). Biroq Toshkent Qizil hukumatining vakili, bolьshevik P. Poltoratskiy nutq so‘zlab, Muxtoriyatga qarshi bema’ni gaplarni aytdi. Ana shundan keyin kurultoy quyidagi qarorni qabul qildi: «1. Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Kengashi barcha aholi, ayniqsa musulmonlar xohish-istaklarining ifodachisi emas. 2. Turkiston o‘lkasi xalqlarining irodasi s’ezdda Muxtoriyat e’lon kilinganida ifodalangan. 3. Turkistonda yagona hukumat organi umumiy musulmonlar qurultoyida va uni to‘ldirgan Musulmon Muxtoriyati hukumati va Xalq Kengashiga (parlamenti) topshirsin deb istak bildirdi. Chunki, ushbu qurultoy Muxtor Turkistondagi barcha demokratik qatlamlardan tashkil topib, butun proletariat o‘y-fikrlarining ifodachisidir». Shundan keyin P. Poltoratskiy boshchiligidagi bolshevistik vakillar va uning tarafdorlari qurultoy zalini tashlab chiqib ketdilar.

Turkiston Muxtoriyatini Butunrossiya Musulmonlari Kengashi va uning Ijroiya qo‘mitasi ham qo‘llab-quvvatladi. Turkistondagi taraqqiyparvar ziyolilar, oddiy mehnat ahli va xorijdagi barcha musulmonlar Turkiston Muxtoriyati hukumatini qo‘llab-quvvatlashdi va hatto o‘z sarmoyalari hisobidan yordam uyushtirishdi. O‘zbek xalqining sodiq farzandi Fitrat shunday deb yozgan edi: «Turklikning qonini qaynatguvchi, imonini yuksaklatguvchi bir suyunchi so‘z tug‘ildi. 27 noyabrning kechasinda milliy laylatulqadrimiz bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Ellik yildan beri ezildik. Tahqir etildik. Ko‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qoplandi, erimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumurildi, huquqimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyog‘lar ostiga olindi. Tuzumli turduk, sabr etduk – kuchga tayangan har buyruqqa bo‘ysinduk, butun borlig‘imizni qo‘ldan berduk. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yashinturdik, imonlarimizni o‘rab saqladuk, bu fikr – Turkiston Muxtoriyati edi».

Uzoq asrlar mobaynida o‘zaro feodal urushlar va tarqoqlik, mustamlakachilik siyosati va zulmi sharoitida yashagan, ana shu zulmlar tufayli xalqi xonavayron bo‘lgan o‘lkada Muxtoriyat davlatining tashkil topishi butun musulmonlar olamida qizg‘ii kutib olindi. Bu haqda o‘sha vaqtlarda chop etilgan ro‘znomalar, oynomalar, to‘plam va risolalar, arxiv hujjatlari, turli yig‘ilishlarda qabul qilingan qarorlar va boshqa ma’lumotlar guvohlik beradi. Ayniqsa, o‘zbek shoirlari bu tarixiy vokea munosabati bilan ko‘plab she’rlar yozdilar, Masalan, birinchi bo‘lib Hidoyatulloh Aliev «Turkistonga» va «Muxtoriyat shodligi» degan otashin she’rlari bilan o‘zbek xalqi nomidan Muxtoriyatga munosabat bildirdi. Hamza esa «Turkiston Muxtoriyatini» degan she’r yozib, uni «Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasida (1918 yil 11 yanvarь) e’lon qildi (Izoh: mazkur she’rning to‘liq matni Sh. Turdiev tomonidan «Fan va turmush» jurnalining 1990 yilgi 10-sonida e’lon qilingan).

Yana ushbu jurnalning shu sonida Fitratning «Muxtoriyat» degan publitsistik maqolasi, M. Cho‘qaevning xati va boshqa materiallar ilk bor sho‘rolarning ro‘znoma va oynomalarining sahifalarida e’lon qilingan. Cho‘lpon o‘zining «Allohu akbar» va «Ozod turk bayrami» she’rlarini Muxtoriyat hukumatining tashkil topishiga bag‘ishladi.

Turkiston Muxtoriyatining madhiyasini (gimnini) yozish uchun shoirlarga murojaat qilingan. Endigina yigirma yoshga to‘lgan Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan yozilgan «Ozod turk bayrami» degan she’r madhiya sifatida tanlab olingan (Izoh: o‘sha she’rning to‘liq matni birinchi marta «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasining 1991 yil 20 sentyabrь sonida J. Karimov tomonidan e’lon qilingan. She’rning asl nusxasini esa Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyi xodimi A. Madaminov topib bergan).

O‘z davrining talantli shoiri Hamid Olimjonning «Harbiy kommunizm davrida o‘zbek burjuaziya poeziyasi» degan maqolasida yozilishicha, mazkur she’r «El bayrog‘i» ro‘znomasining 1917 yil 13-sonida bosilgan. O‘sha vaqtlarda bu she’r ko‘p ming nusxada Qo‘qondagi I. I. Vayner tipolitografiyasida varaqa tarzida bosib chiqarilgan va deyarli barcha maktablarda, ko‘chalarda va yig‘inlarda qO‘shiq qilib aytilgan. Ana shu madhiya matnidan parchalar keltiramiz:

Ko‘z oching, boqing har yon,

Qardoshlar, qanday zamon!

Shodlikka to‘ldi jahon,

Fido bu kunlarga jon!

 

Naqorot:

Turkistonli – shonimiz, turonli – unvonimiz,

Vatan – bizim jonimiz, fido o‘lsin qonimiz!

Bizlar temir jonlimiz, shavkatlimiz, shonlimiz,

Nomusli vijdonlimiz, qaynagan turk qonlimiz!

 

Muxtoriyat olindi,

Ishlar yo‘lga solindi.

Milliy marshlar cholindi,

Dushman o‘rtansin endi!

Naqorot va hokazo.

 

Muxtoriyat hukumatining e’lon qilinishi xalq ommasi tomonidan qizg‘in kutib olingani va qo‘llab-quvvatlanishi Toshkent Sho‘rolar hukumatiga yoqmadi. Bolsheviklar partiyasi va Sho‘rolar hukumati Muxtoriyatga qarshi tashviqot, tuhmatdan iborat siyosiy kampaniyani boshlab yubordi.

Chunonchi, 1918 yil 18 yanvarda Toshkentda Farg‘ona, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridagi o‘zbek proletar tashkilotlarining ikkinchi qurultoyi chaqirildi. Qurultoy qatnashchilari Muxtoriyat hukumatiga norozilik bildirdilar, Ishchi va dehqon deputatlari Sovetlari bilan Musulmon Sovetlarini birlashtirish kerak, buning uchun maxsus Qurultoy chaqirishni zarur deb hisobladilar. Bunday misollar bir nechta.

Turkiston Muxtoriyati hukumatini M. Tinishboev atigi bir haftagina boshqardi, xolos. Hozircha bizga ma’lum va aniq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, u iste’foga chiqqan. Uning o‘rniga hukumat raisi etib Mustafo Cho‘qaev tayinlangan.

Muxtoriyat hukumati o‘zining e’lon qilingan kunidan boshlab aktiv siyosiy faoliyat ko‘rsata boshlagan. Birinchi navbatda Musulmon siyosiy tashkilotlari va ularning organlari targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirib yubordilar. «Ulug‘ Turkiston», «El bayrog‘i», «Svobodnыy Turkestan» kabi o‘nlab ro‘znomalar Turkiston Muxtoriyati tomonida turib ish ko‘rdilar. Shuni eslatib o‘tish lozimki, bu vaqtlarda Toshkent va boshqa shaharlarda ma’rifatparvar va taraqqiyparvar milliy yoshlarning bir necha guruhlari va uyushmalari tuzilgan edi. Masalan, Toshkentning O‘qchi mahallasida tuzilgan va markazi Xadrada joylashgan «Izchilar to‘dasi» deb atalgan guruhga mashhur jamoat va partiya arbobi Akmal Ikromov ham a’zo bo‘lib kirgan edi. (Qarang: Q. Xasanov. Akmal Ikromov. Toshkent, «O‘zbekiston», 1972, 7-bet). Muxtoriyatning o‘zi ham ro‘znomalar tashkil etdi va ular o‘zbek, rus, qozoq tillarida chiqib turdi.

Muxtoriyat hukumati uezd komissarlari va boshqa mansabdor shaxslarga farmoyishlar, telegrammalar va turli ko‘rsatmalar yuborib, ularni bajarishga majbur etishga harakat qildi. Masalan, 1918    yil 11 yanvarda Kattaqo‘rg‘on Ishchi, askar va dehqon Sovetlari Muxtoriyatni tan olmay, uning hech bir ko‘rsatmasini bajarmasligini e’lon qilgan edi.

Muxtoriyat hukumati shoshilinch suratda 30 million so‘mlik zayom chiqardi. Undan ko‘zlangan maqsad hukumatni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash va milliy armiya tuzish edi. Hukumat tadbiriga ko‘ra birinchi navbatda armiya tuzishga kirishildi. “Qo‘qon muxtoriyati» kitobining muallifi P. Alekseenkovning yozishicha, dastlabki kunlardayoq hukumat ixtiyorida 60 yollanma askar to‘plangan (44-bet). «Hurriyat» ro‘znomasining yozishicha esa, Muxtoriyat ixtiyorida qisqa vaqt ichida ikki ming kishidan ortiq ham ixtiyoriy, ham yollanma askar bo‘lgan (1918 yil 8 mart).

Chetdan chaqirilgan harbiy kishilar asosan instruktorlik ishlarini olib borganlar. Muxtoriyat hukumati yordam so‘rab xorijiy mamlakatlarga murojaat qildi va ulardan ham moddiy, ham harbiy yordamlar odi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, 1918 yil yanvarida Toshkentdagi Jome’ masjidida bo‘lgan mitingda Shukurxon hazratlari: «muxtoriyatchilar yolg‘iz emaslar. Ularni Angliya himoya qilayotir», deb bejiz aytmagan  («Kokandskoe exo». 18 yanvarya 1918 g.). Darhaqiqat, Muxtoriyatni uning iltimosiga binoan Angliya, Rossiya, Frantsiya, Germaniya, Turkiya va boshqalar qo‘llab-quvvatlagan edilar.

Muxtoriyat hukumati o‘zining qisqa umri davomida bir qator iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirishga harakat qildi. Xalq militsiyasi tuzildi, armiya tashkil etildi, zayom chiqarildi, pul islohoti o‘tkazishga kirishildi. Muxtoriyat o‘z bayrog‘i va madhiyasiga ega bo‘ldi.

Mustafo Cho‘qaev o‘z esdaliklarida yozganidek, “Biz Rusiyadan ayrilishni talab etmadik. Faqat Muxtoriyat e’lon qildik… Natija esa hammaga ma’lum…” Demak, muxtoriyatchilar Rusiya tarkibida Muxtoriyat bo‘lishi uchun kurashgan ekanlar, degan xulosa kelib chiqadi. Yoki Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek: “Biz erimizni va mol-mulkimizni bo‘lib olmoqchi bo‘lganlarga jon-jahdimiz bilan qarshi chiqamiz. Haqiqatda esa, er, mol-mulk va dinni saqlab qolish uchun Muxtoriyat tuzdik” (A. Babaxodjaev. Proval angliyskoy agressivnoy politiki v Sredney Azii (1917-1920 g.g.), Tashkent, 1955, str. 42).

Toshkent va Moskva hukumatlari Turkiston Muxtoriyati hukumatiga nisbatan mutlaqo dushmanlik munosabatida bo‘ldilar. Unga qarshi o‘ta shovinistik siyosatni qo‘lladilar. D. Manjara yozganidek: «Ko‘pgina ruslarning, hatto rahbar o‘rtoqlarning kallasidan ulug‘ davlat shovinizmi ruhi mustahkam o‘rin olgan edi». Darhaqiqat ham shunday bo‘ldi. Turkiston Muxtoriyati hukumatini agdarib tashlash uchun hamma choralar ko‘rildi.

 

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Muxtoriyat hukumati birinchi o‘rinda harbiy qismlar tuzishga kirishdi. Chunonchi Muxtoriyat hukumati chor hukumati davrida qamalib chiqqan Ergashga nshonch bildirib, uni harbiy qo‘shinlarga boshliq etib tayinladi. Qisqa vaqt ichida u to‘rt mingga yaqin yigit to‘pladi va ularni qurollantirdi. Ammo u to‘plagan harbiy qismlarning malakasi past va tajribasi yo‘q yigitlar edi.

Muxtoriyat hukumatini ag‘darib tashlash uchun Toshkentda keskin choralar ko‘rish maqsadida harbiy reja tuzilayotgan vaqtda Butunittifoq Ta’sis Majlisiga Farg‘onadan vakil etib saylangan V. Chaykin Turkistonda hokimiyatni zudlik bilan mahalliy (musulmonlar demoqchi – Y. Q.) ishchi va dehqonlar qo‘liga o‘tishining g‘oyaviy zarurligi xususida Millatlar Xalq Komissarn I. V. Stalinga telegraf orqali murojaat qilganida u shunday javob qilgan: «Sovetlar o‘z ichki ishlarida muxtordir va ular tegishli real kuchlarga tayanib harakat qiladi. Shu bois Turkistonda mahalliy proletarlarning markaziy Sovet hokimiyatiga Turkiston Sovnarkomi harbiy qismlaridan begona kuchlarga tayanganlarni tarqatib yuborish haqida arz etib, murojaat qilishi lozim emas, balki agar mahalliy proletar va dehqonlarda kuch topilsa, uni shu kuch bilan tarqatilsin».

Bolьshevik E. P. Babushkin boshchiligidagi Qo‘qon shahar Ishchi va askarlar Kengashi markazdan madad olib, Muxtoriyat hukumatiga qarshi kurashni kuchaytirdi. Babushkin Kengashning plenumini chaqiirib, unda muxtoriyatchilarni qurolsizlantirish va uning harbiy qismlarini tarqatib yuborishni talab qiluvchi keskin talab (ultimatum) tarzidagi qarorlar qabul qildi. Plenum qaroriga asosan muxtoriyatchilarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Harbiy Inqilobiy qo‘mita tuzildi. Inqilobiy qo‘mita ham o‘z navbatida qurollanishni kuchaytirdi. Muxtoriyatchilarga zarba berishning aniq rejasi tuzildi. Zudlik bilan yordam yuborish uchun Toshkentga murojaat qilindi. Toshkentdan yordam ham kela boshladi.

1918    yilning 28-29 yanvarь kunlari Qo‘qonda vaziyat nihoyatda keskinlashdi. Muxtoriyatchilar va ularning tarafdorlari Sho‘rolarning shahar kengashi ko‘rgan chora-tadbirlarga javoban ish ko‘rib, ularning qora niyatlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qildilar. Sho‘rolarning Harbiy Inqilobiy qo‘mitasi sobiq xon o‘rdasiga joylashib olgan edi. Muxtoriyatchilar qo‘shini ana shu qarorgohga hujum qildi. Biroq aniq reja asosida amalga oshirilmagan bu hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo shahar telefon stantsiyasi uzib tashlandi. Mana shu vaqtda Sho‘rolar Kengashiga yordam uchun Toshkentdan, Skobelevdan, Ardijondan, Perovskdan va boshqa erlardan yordam qo‘shinlari Qo‘qonga kirib keldi.

Vaziyatni hisobga olgan Turkiston Xalq Komissarlar Soveti 1918    yilning 14 fevrali kuni butun Farg‘ona viloyatida harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, Farg‘ona temir yo‘lida esa qamal holati joriy etildi. Miting va namoyishlar o‘tkazish ta’qiqlandi. Hukumat qarorida: «Bu qarorni buzganlar pulemyot va miltiq o‘qi bilan qarshi olinadi», deb alohida ko‘rsatib o‘tildi. Ammo Toshkentda va umuman Turkistonda harbiy-siyosiy vaziyat og‘irligi uchun ham Toshkentdan ko‘p yordam berish qiyin edi. Shuning uchun ham Skobelev shahar dumasi raisi Darmoedovning qarshiligiga qaramay, Farg‘ona shahar harbiy drujinasining komandiri komissar K. Osipov Sho‘rolar Sovetining qaroriga amal qilib 4 ta pulemyot, 4 ta zambarak va 140 ta askari bilan Qo‘qonga yordamga kelgan edi. O‘zicha, u o‘z otryadi bilan Muxtoriyat hukumatini qamoqqa olmoqchi ham bo‘ldi. Ammo buning aksi bo‘lib chiqdi. Ularning o‘zlari muxtoriyatchilarniig qo‘shini tomonidan o‘qqa tutildi. Va hatto muxtoriyatchilar qal’ani olish uchun jang boshlaganlarida bolta, tayoq, tosh, cho‘kich va boshqa narsalar ushlagan olomon ularga madad bermoqda edi. Ularning soni o‘n mingdan oshgan edi, degan ma’lumotlar ham bor. Ular o‘zlarini mujohidlar deb e’lon qildilar. Bu vaqtda osipovchilar yashirinib olishgan edi. Olomon qal’ani shturm qila boshladi. Ammo qizil qo‘shinlar yaxshi qurollangan va harbiy taktikaga ega edi. Shuning uchun ham ular qal’ani mustahkam turib himoya qildilar.

18 yil 17 fevralda Muxtoriyat hukumati bilan Sho‘rolar hukumati vakillari o‘rtasida muzokara boshlandi. Bu muzokara Muxtoriyat hukumati rahbariyatining taklifi bilan boshlandi Muzokara vaqtida muxtoriyatchilar quyidagi shartlarni qo‘ydilar: 1. Shaharni birgalikda boshqarish va uning tarkibida muxtoriyatchilarning ko‘proq vakillari bo‘lishi. 2. Harbiy qal’ani shu organiing nazorati ostiga olish. 3. Militsiyadan boshqa barcha kuchlarni qurolsizlantirish. 4. O‘lka Sho‘rolar hukumatining shariatga zid dekretlarini bekor qilish.

Harbiy Inqilobiy qo‘mita bu takliflarni rad etdi. Shunday keyin 18 fevralda muzokaralar yana davom ettirildi. Muxtoriyat hzkumati nima qilib bo‘lsada o‘rtada qon to‘kilmasligi uchun harakat qildi. Muxtoriyat hukumatining harbiy vaziri polkovnik M. Chanishev Revkom oldiga hatto ultimatum qo‘yib soat to‘rtgacha qal’aning topshirilishini talab qildi. Ammo Musulmon ishchi va dehqonlar konferentsiyasi qatnashchilari talab qo‘yib, ultimatumni qaytarib olishga majbur qildilar. Ana shunday keskin vaziyat sodir bo‘lib turgan kezlarda «Sho‘royi ulamo»chilar va ularning tarafdorlari kattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Muxtoriyat hukumati a’zolari ichida o‘zaro ixtilof paydo bo‘ldi. Hukumat rahbari M. Cho‘qaevni iste’foga chiqishga majbur etdilar. Natijada uning hukumat kabiieti tarqatildi. M. Cho‘qaev o‘ziga yaqin kishilari bilan hukumatni tashlab, Qo‘qonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Harbiy vazir M. Chanishev qamoqqa olindi. M. Cho‘qaev esa qo‘rqoqlikda ayblandi. «Ulamo»chilarning yordami bilan Ergash polvon hukumat rahbari va Bosh qo‘mondon etib tayinlandi. Kisqacha qilib aytganda, bo‘lib o‘tgan voqealar o‘z navbatida davlat to‘ntarishi edi.

Xuddi shu vaqtda Toshkentdagi bolьshevistik hukumatning harbiy vaziri so‘l eser, general E. Perefilьev boshchiligida piyoda, otliq va artilleriya qismlarining ikkinchi esheloni  Qo‘qonga kirib keldi. Qo‘qon uch tarafdan qurshab olindi. Artilleriya qismlari jangovar holatda buyruqni kutib turar edi. Shu tariqa Ko‘qonda mudhish voqealarning sodir bo‘lishi aniq bo‘lib qolgan edi.

19 fevralь kuni qizil qo‘shinlar rahbariyati Muxtoriyat hukumatining raisi, qO‘mondon Ergashga ultimatum yubordi. Unda qurollarni tashlash va taslim bo‘lish talab etildi. Ammo Ergash ultimatumni qabul qilmadi. Shundan keyin general Perefilьev yondiradigan barcha snaryadlarii ishga solishga va 12 ta zambarakdan o‘t ochishga buyruq berdi. Kunduz soat birdan boshlab Qo‘qon osmonini qora bulut, zambaraklar ovozi va tutun qurshab oldi. Begunoh odamlar ham to‘p-zambaraklar o‘qi ostida qoldi. Shu hujumning ishtirokchisn M. Shkorupaning xotirlashicha: «Tinch aho-lining uylari, Turkiston, Rossiya uchun ham tanqis bo‘lib qolgan manufaktura va g‘alla omborlari yonardi. Qo‘qon uch kun butunlay o‘t ichida qoldi». A. T. Karavaytsevniig esdaliklariga qaraganda, ayniqsa «Konovalov to‘dasidagi arman dashnoqlari o‘zboshimchalikni haddan oshirib yubordilar. Ular Qo‘qonga kelguncha tinch aholini talab, qirg‘in qilgan» (“Vospominaniya”. Tashkent, 1957).

«Nasha gazeta»ning yozishicha, o‘rus qo‘shinlari musulmonlarning ibodatxonalari bo‘lmish masjidlarni va o‘quv yurtlari bo‘lmish madrasalarni ham to‘plar yordamida xonavayron qilgan. General Perefilьevning esdaliklarida maqtanib yozishiga qaraganda «…Men  12 zambarakdan o‘q ochdira boshladim. Birinchi otishmadan keyinoq isyonchilar (muxtoriyatchilarni ko‘zda tutayotir — Y. Q.) Eski shaharga qarab qochishdi».

Shiddatli janglar va qirg‘inbarot urush harakatlari 20 fev-ralda ham davom etdi. Shu kuni shahar ichkarisiga armanlardan iborat «Dashnoqtsutyun» komi bilan atalgan kallakesar jangovar qismlar knrib keldi. Endigi janglar Qo‘qonning Eski shahar qis-miga ko‘chdi. Bu erda ham mudhish fojialar ro‘y berdi. Muxtoriyat-chilar va ularning tarafdorlari tomonidan har bir uy, bino, ombor, savdo korxonalari uchun yakkama-yakka janglar bo‘lgan. Bu haqda shu voqealarning ishtirokchilari o‘z esdaliklarida yozib qol-dirganlar va arxiv hujjatlari ham bor.

Ergash boshchiligidagi muxtoriyatchilar armiyasi Eski shaharni o‘rab, uch kun qattiq mudofaa qildi. Shu uch kun ichida butun-butun binolar, savdo rastalari, do‘konlar, omborxonalar, masjid-madrasalar, manufaktura korxonalari vayron bo‘lgan. Shu kunlar ichida uch mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Xalq Komissarlar Soveti tomonidan yuborilgan qizil qo‘shinlar yordamida va ishtirokida o‘tkazilgan bu harbiy operatsiya ularning g‘alabasi bilan yakunlandi («Ulug‘ Turkiston», 1918 yil, 2 mart).

19 fevralь kuni Muxtoriyatning o‘n besh rahbari — A. O‘razaev, Ya. Ageev, M. Mirahmedov, M. Chanishev, Kushbegiev va boshqalar Skobelev – Farg‘onaga jo‘nab ketishgan edi. Ular Farg‘onada va uning atroflarida ham bo‘lib, xalqni Muxtoriyatni himoya qilishga da’vat etdilar. Joylarda namoyishlar uyushtirdilar. Biroq ular ayg‘oqchilar tomonidan ushlab olinib, so‘roqsiz va aybsiz ravishda o‘z joylarida otib tashlandi. Noiloj qolgan Ergash o‘zining g^in otryadi va boshqa muxtoriyatchilar shaharni tashlab chiqib ketdilar. Muxtor hukumatning qo‘lga tushgan har bir a’zosi otib tashlandi. «Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasining yozishicha, hukumat xazinachisi Saidnosir Mirjalilov qamoqqa olingan va uning ixtiyoridagi xazina musodara qilingan va talangan (1918 yil 21 fevralь).

Shu vaqtlarda Toshkentda qozoq tilida chiqib turgan «Birlik tug‘i» ro‘znomasi «Qo‘qon voqealari»ni shunday sharhlaydi: «Yaqinda u (bolьsheviklarning qizil hokimiyati va uning qurolli kuchlarini ko‘zda tutmoqda  – Y. Q.) Qo‘qon ko‘chalarini insonlarning qoni bilan bo‘yadi. Musulmonlar yashaydigan Eski shaharni er bilan yakson qilib tekislab tashladi, minglab aybsiz va himoyasiz musulmonlarni o‘ldirdi, ularning mol-mulklarini talon-taroj etdi… Ammo bularni u oddiy qilib emas, qizil bayroq, ozodlik va inqilob shiorlari ostida amalga oshirdi».

Shunday qilib, Turkiston Muxtoriyati ag‘darib tashlandi. U beshigida bo‘g‘ildi. Sho‘rolarning Qizil qo‘shinlari va hokimiyat rahbariyati tarixda kechirilmaydigai gunohi azimga botdi. Buni tarix hech qachon unutmaydi. Ammo muxtoriyatchilarning kurashlari izsiz ketmadi. Oradan etmish uch yilgina o‘tib, ular orzu qilgan zamon etib keldi. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi.

 

Yo‘lchi QOSIMOV,

tarix fanlari nomzodi.

 

http://e-tarix.uz/maqolalar/630-maqola.html

 

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: