Turkiyaga nima bo‘ldi? (Turkiya voqealariga shaxsiy bir nazar) – uzxalqharakati.com


turkia06/06/2013

Turkiyadagi g‘alayonlar boshlanganidan buyon buning sabablarini bilishga qiziqib, dunyodagi ko‘pchilik tanishlarim va do‘stlarimga savollar yo‘lladim. Baribir tushunganim ko‘p bo‘lmadi.

O‘zim tez-tez borib turadigan azim va maftunkor Istanbulning Taqsim maydonidan boshlangan voqealar mana deyarli bir haftadan buyon dunyo ommasining nigohida turibdi.

U erdan kelayotgan keti uzilmas xabarlar ham bir biriga o‘xshamaydi va hattoki ba’zan bir-birini inkor etadi.

Kecha men yashayotgan Kanadaning Vankuver shahridagi turklar ham shaharning bosh maydoniga chiqishib, ikki soatga yaqin “Erdo‘g‘on, iste’foga ket!” deb qichqirishdi. Maydonga yig‘ilgan mingga yaqin turklar Otaturkning portretini ko‘kka ko‘tarishdi. Men jurnalist bo‘lganim uchun, hamda miting ishtirokchilarining fikrlarini o‘rganish maqsadida o‘sha mitingni boshidan oxiriga qadar O‘zbekiston Xalq Harakati vakili sifatida emas, bir jurnalist sifatida kuzatdim. U erda olgan rasm va videolarimni bir ikitasini Feysbuk saxifasiga qo‘ydim. Hech qanday izoh yozmadim.

Men qo‘ygan rasmlarga izoh kutilmagan tomondan keldi. Mavzudan chetlamaslik uchun, bu haqda alohida maqolada hikoya qilaman. Hozircha, Turkiyadagi voqealarga qaytsak…

“Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on Tvitterni duoibad qildi” deb yozdi Rossiya matbuoti. Surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha, dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Turkiyada Tvitter ijtimoiy tarmog‘i ishlamay qolgan. Feysbukda ham qisqa uzilishlar bo‘lganini aytishdi.

“Turk TVlari ko‘ngilochar dasturlarni uzatish bilan band” deydi bir turk tanishimiz. Dastlabki kunlarda Halk TV va xususiy D telekanaligina g‘alayonlar haqida xabarlar uzatib turgan xolos.

“G‘alayonchilar xorijdan moliyalashtirilyapti. Taqsim maydonidagilar terrorchilardir!” dedi Erdo‘g‘on.

Diktator Islom Karimov ham, Vladimir Putin ham, Nursulton Nazarboev ham o‘z mamlakatlaridagi g‘alayonlar haqida shunday deyishadi.

Ularning TVlari ham ziddiyatli kunlarda ko‘ngilochar dasturlarga zo‘r berishadi. Ular ham internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda o‘ta xavfli dushmanni ko‘rishadi.

Ehtimol mening bunday paralellar tortishim xatodir, lekin, Erdo‘g‘on g‘alayonchilar oldiga chiqib, muammoni bartaraf etish o‘rniga, uzoqdan turib ularga tahdid qilishini tushuna olmayman.

Axir, Erdo‘g‘on o‘zining samarali iqtisodiy dasturi bilan nafaqat Turkiyaning kam ta’minlangan qatlamini, balki, boy badavlat va kibor qatlamini xam o‘zi tomonga og‘dira olgan siyosatchi emasmidi? G‘arb va Sharq, an’analar va taraqiyot hamda dunyoviylik va din o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas balans nuqtani topa olgan Erdo‘g‘on qani?

Bir turk talabasi bilan telefonda suhbatlashar ekanman, u shunday dedi: “Mayli, hammamiz musulmonmiz, Erdo‘g‘onning islomiy qadriyatlarga asoslangan siyosatiga men shaxsan qarshi emasman. Men uning bizga, o‘z xalqiga bo‘lgan munosabatidan shokdaman. Kecha u «Men g‘alayonchilarni, o‘sha o‘zlari himoya qilayotgan daraxtlarga osishga roziman» dedi. Sen bunga nima deysan?”

Men nima ham derdim? Bir narsa deya olmayman, chunki Erdo‘g‘onni bu gapni aytganini men shaxsan eshitganim yo‘q. Matbuotda ham menimcha hali buni yozishmadi.

Sezishimcha, Turkiya nafaqat g‘alayonlar ichida, balki axborot xurujlari ostida qoldi…

AQSh xavfsizlik kuchlari tomonidan Chikago xalqaro aeroportida, Istanbulga qarab otlangan paytida qo‘lga olingan va xalqaro terrorchilarga moliyaviy ko‘mak berishda ayblanib, hozircha qamoqxonada o‘z taqdiri hal bo‘lishini kutib o‘tirgan Jamshid Muxtorovning ukasi Xurshid «Erdo‘g‘on bu haqiqiy mujik!» deydi. Akasi yashayotgan Amerikaga borish nasib etmagan Xurshid xozirda Istanbulda istiqomat qiladi.

“Erdo‘g‘on kabi siyosatchi kamdan kam bo‘ladi. U turklar uchun hamma narsaga tayyor. Xozir ko‘chaga chiqqan isyonchilar esa, xammasi “neblogadarniy” kofirlardir” deydi u.

“Arab bahori” keldi Turkiyaga! Inqilob boshlandi u erda!” deydi yarim quvonch va yarim xayrat bilan Rossiyada oshpaz bo‘lib ishlayotgan O‘zbekistonlik fan nomzodi.

Uning ovozidagi ko‘tarinkilik negadir menga o‘tmaydi. Gezi parkidagi daraxtlar himoyasi bu bir bahonaligi, va bu daraxtlar kimlar uchundir miltiqning tepkisi vazifasini o‘taganini bu fan nomzodiga uzoq tushuntirish kerak bo‘ladi. U ommaviy g‘alayonlarning sababi, Bosforning tubi kabi chuqurda yotganini eshitgisi xam kelmaydi.

Sabab… Sabab… Qaerda uning ildizlari? Suriyadami? Extimol. Turkiyaning yon qo‘shnisi bo‘lgan bu mamlakatda to‘s-to‘polon boshlanganidan buyon AQSh davlat departamentining hamda NATOning kattayu-kichik amaldorlari Anqaraga serqatnov bo‘lib qolishdi. Ularning maqsadlari, Suriya masalasini Turk armiyasi qo‘li bilan hal qilish edi.

“Maykl, Edvard o‘lmasin. Ahmad, Barishlar o‘laversin” deb o‘ylashgan bo‘lishsa kerak…

Biroq, voqealar bunday kechmadi. Turkiya hukumati okean ortidan kelgan emissarlarning izidan yurmadi. Oqibatda, Suriya masalasi hozirgacha Evropa va AQSh orzu qilgan formatda yakunlanmadi.

Ba’zi siyosiy tahlilchilarning taxminlaricha, AQSh va Evropa, Suriya masalasi bo‘yicha o‘zining fikriga ega bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ustiga allaqachon qizil chiziqni tortib bo‘lishgan. Vashington va Bryusseldagi siyosatchilarning endigi bosh og‘rig‘i, o‘zining “Yoppasiga Islomlashtirish” («Creeping Islamization» atamasi G‘arb siyosatchilariga tegishli – U.H) siyosati bilan tushlarini buzayotgan turk Bosh Vazirining esini kiritib qo‘yish.

Turli Ommaviy axborot vositalari berayotgan xabarlarga ko‘ra, bugun turk shaharlaridagi g‘alayonlarning tafti bir oz pasaygan. Istanbulning o‘zida ham kechagi kun bir oz tinch o‘tganini aytishyapti. O‘sha erda yashayotgan do‘stlarimizning aytishlaricha, kecha Bosforga yaqin joydagi Bosh Vazir qarorgoxi yaqinida oz sonli namoyishchilar va politsiya kuchlari bilan kisqa to‘qnashuv bo‘lgan xolos. Erdo‘g‘onning o‘zi hozircha rasmiy tashrif bilan arab mamlakatlarining biriga ketgan. Tahlilchilar, u mamlakatga qaytgach, g‘alayonlarning yana jonlanishini bashorat qilishayapti.

Shu kungacha Rajab Toyyib Erdo‘g‘on xayron qoldirarli darajada siyosiy sovuqqonlik va irodasini namoyish qilayapti. Ko‘rinishidan, u namoyishchilarning bosimlariga parvo ham qilmaydiganga o‘xshaydi. Afsuski, g‘alayonchilar ham ortga qaytadigan kayfiyatda emaslar.

Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Safardan qaytgan Bosh vazir, norozilarni o‘qqa tutishga buyruq beradimi? Yo‘q. Chunki Turkiya bu — O‘zbekiston emas, demakki, turklar o‘zini o‘qqa tutgan hukumatni ikki dunyo tinch qo‘ymaydi.

Hozir, dunyo jamoatchiligi Erdo‘g‘onning mamlakatga qaytishini xavotir bilan kutayapti. Turkiyadagi tadqiqotchilarning yozishlaricha, mamlakatdagi siyosiy faollik tobora o‘sayapti. Ish tashlashlar ko‘lami ortayapti. Turkiyadan kelayotgan xabarlarga qaraganda, ish tashlaganlarning soni bir milliondan oshib ketgan. Yozishlaricha, “Turk havo yo‘llari” kompaniyasi ham ish tashlash haqidagi chaqiriqlarga ko‘shilmoqchi.

Juma kuni Bosh vazir Erdo‘g‘on Turkiyaga keladi. Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, u o‘sha kunning o‘zidayoq, Istanbuldagi “Sviss” mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan “EI va Turkiya” xalqaro anjumanida chiqish qilishi kerak. Bu mexmonxona esa, taqdirning kinoyasini qarangki, bugungi g‘alayonlarning beshigi bo‘lgan Taqsim maydoniga yaqin joyda joylashgan.

Namoyishchilar mana shunday “nodir fursat”ni qo‘ldan boy beradilarmi? Albatda, yo‘q! Ular, menimcha, nafaqat Erdo‘g‘onni, balki, xalqaro anjuman mehmonlarini ham mehmonxonaga yaqin keltirishmaydi. Bu anjumanning nomini qarang-u, o‘tkaziladigan joyiga e’tibor bering! Men buni tasodifdan yiroq deb bilaman…

Evropalik silliq siyosatchilarning gap xaltalarida, hammamizga ma’lumki, Inson huquqlari haqida achchiq-chuchuk savollar har doim topiladi. Turkiyaning boshiga tushgan bu tashvishli kunlarda esa evrokomissarlar Erdo‘g‘onni ayab o‘tirishmaydi.

Evropa Ittifoqi choparlarining savollariga bir amallab javob bergan Turk Bosh vazirini, afsuski, muqaddas masjidlarni oyoq osti qilib, u erda aroqxo‘rlik qilgan “isyonchilar”, ko‘chalarda emin-erkin o‘pishib, yarim-yalang‘och yurishni istagan yoshlar, ko‘llariga tosh tutgan bir jinsli nikoh tarafdorlari ham savolga tutishadi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning javoblari qanaqa bo‘ladi? U qanday yo‘l tutadi?

O‘tayotgan haftada hammasi hal bo‘ladi…

Turkiya, Turkiya… Boshingda uchib yurgan qushlar burgutlarmi yoki kalxatlarmi?

Qaysidir bir filьm qahramoni aytganidek, “Savol berish oson, javob berish qiyin”…

 

Ulug‘bek Haydarov

mustaqil jurnalist

Vankuver (Kanada)

 

http://uzxalqharakati.com/archives/19442

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: