Ko‘piksimon ummat


Ko‘piksimon ummatOxirgi asrlarda ummat duchor bo‘lgan vayronalik va chorasizlik holati Qur’on va Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida bashorat qilingandir. Va bu bashoratlar ajablanarli tarzda har bir avlod va halqlarga tushunarli bo‘lgan atrofdagi tabiatdan misollar keltirish orqali ifodalangan. Va ilm-fan rivojlangan sari biz bu misollarni qanchalik yaxshiroq idrok etar ekanmiz, ko‘z oldimizda bugungi holatimizning dahshatli manzarasi shunchalik ravshan namoyon bo‘ladi.

Ko‘piksimon ummat

Bu ahvol bizga tasvirlab berilgan, va biz aniq va ravshan tarzda bu xaqda ogohlantirilganmiz, shu bois bilmasligimiz bilan o‘zimizni oqlay olmaymiz. Abu Dovud «Sunan»ida va Ahmad «Musnad»ida Savbon roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Hali ustingizga xalqlar xuddi emakxo‘rlar tovog‘iga tashlanganidek yopirilib keladi», dedilar. Biz: «Yo Rasululloh, o‘sha kuni ozchilik bo‘lganimizdanmi?», deb so‘radik. «Sizlar u kuni ko‘pchilik bo‘lasizlar, lekin xuddi selning ko‘pigi kabi ko‘pik bo‘lasizlar, dushmanlaringiz qalbidan mahobat (qo‘rquv) olib qo‘yiladi va qalblaringizga vahn (zaiflik) solib qo‘yiladi», dedilar. «Vahn nima?», dedik. «Dunyoga muhabbat va o‘limni yomon ko‘rish», dedilar.

Ushbu hadis ummat hozirda duchor bo‘lgan ahvolni ancha aniq va chuqur tasvirlab beradi. Bugun Islom dunyosi tarqoq va o‘zaro adovatda bo‘lgan, xalqaro ishlarda xech qanday ta’siri yo‘q, va xatto o‘z taqdiri ustidan ham nazoratga ega bo‘lmagan mamlakatlardan iborat. Ular Xalifalik bo‘linib ketgandan so‘ng Britaniya imperiyasi «tortiq» etgan o‘z mustaqilligiga, o‘z davlat chegaralariga, bayroqlariga, parlamentiga va xatto havfsizlik kafolatlariga ham ega bo‘lishdi.

Ularning ko‘pchligi (Fors ko‘rfazi mamlakatlari kabilari) xattoki o‘z armiyalariga ham ega emaslar. Va bugun ularga katta davlatlarga itoat evaziga havfsizlik kafolatlarini ta’minlab turibdi. Shunday qilib, musulmon halqlari xuddi oqim boshqarib ketayotgan suv yuzidagi ko‘pik singari iymonsiz halqlar istagiga qaram va ular istagiga binoan etaklanuvchiga aylanib qoldilar.

Shuning uchun «dunyo zo‘ravonlari»dan hech kim ummatga hech qanday e’tibor bermay qo‘ydi. Va nega bunday bo‘lganligini Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam)ning so‘zlari ko‘rsatib turibdi: «… sizlar suv yuzasidagi ko‘pik yoki xas misoli bo‘lib qolasizlar». Agar biz ushbu ko‘pikning xususiyatlariga e’tibor qilsak, Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam)ning bizning ummat ahvolini qanchalik aniq tasvirlab berganini anglaymiz.

1. Suv oqimi uning yuzasida joylashgan ko‘pikni mutloq boshqarib boradi. Ummatning bugungi ahvoli aynan shunday. U kofir xalqlar aniqlab beradigan yo‘nalish va o‘zan bo‘yicha, to‘lig‘icha ularning ta’siri va nazorati ostida oqib bormoqda.

2. Ko‘pik – tarkibida odamlar uchun zarracha foydali narsasi yo‘q bo‘lgan moddadir. Ummatning bugungi ahvoli ham shunday. Ummat hamisha uning gullab-yashnashini ta’minlab kelgan amallardan voz kechdi, ayniqsa «amr bilma’ruf va naxyi-an al-munkar» – yaxshilikka da’vat qilish va yomonlikdan qaytarishni tark etdi.

3. Ko‘pik hech qanday iz qoldirmasdan yo‘qolib ketadi. Va agar bugun musulmon xalqlar ushbu harakatsizlik va irodasizlik xolatidan chiqmasalar, Alloh O‘zining Kalomidagi: «Agar qo‘zg‘olmasangiz, U zot sizni alamli azob bilan azoblaydir. O‘rningizga boshqa qavmni keltiradir. Siz Unga zarar keltira olmassiz. Alloh har bir narsaga qodirdir.» (Qur’on, 9:39) degan So‘ziga muvofiq, tarixda avval bo‘lgani kabi, ularning o‘rniga boshqa ummatni olib kelib qo‘yadi.

4. Ko‘pik o‘zi bilan doimo axlat olib keladi. G‘arb madaniyati va turmush tarzi oqimi olib kelgan, va ongimizni begona din va g‘oyalar bilan zaharlanishi tufayli ko‘pchilik musulmonlar tafakkuriga o‘rnashib qolgan soxta qadriyat va e’tiqodlar ham aynan shundaydir.

5. Ko‘pik oqimga qaram bo‘lganligi uchun uning qaysi tarafga olib ketilishi noma’lumdir. Ummat ham o‘ziga nisbatan dushmanlari qanday rejalar tuzayotganini bila olmaydi, lekin baribir har qanday shaxsning chaqirig‘iga javoban, bu chaqiriqning mohiyatini baholamasdan ergashib ketaveradi.

Ichki (o‘zaro) dushmanlik

Bundan tashqari, Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam), musulmonlarning zafar va g‘alabalar ketidan ularga tubanlashish (mag‘lubiyat) kelishini bashoratini berganlar. Bu tashqi dushmanlar qudrati tufayli emas, balki ummatning o‘zida ichki nizolar va qarama-qarshiliklar paydo bo‘lishi natijasida yuz beradi. Bu xaqda Abdulla ibn Amr ibn Al-Os (roziallohu anhu) rivoyat qilgan xadisda aytilgan.

U aytadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam) aytdilar: «Agar sizlar Fors va Rumni (Vizantiyani) engsangizlar, qanday halq bo‘lasizlar?» Abdurahmon ibn Avf (roziallohu anhu) javob berdi: «Biz Alloh buyurgan narsani so‘ylaymiz». Rasululloh (sollallohu alayhi vassallam) aytdilar: «Yoki bundan boshqacharoq. Sizlar o‘zaro raqobatlashasizlar, so‘ng bir-biringizga xasad qilasizlar, so‘ng bir-biringizga qarshi fitnalar uyushtirasizlar, keyin esa bir-biringizdan nafratladigan bo‘lasizlar. Shundan keyin sizlar kambag‘allashib ketgan muhojirlar oldiga kelasizlar va ularni bir-biriga qarshi turishga majbur qilasizlar» (Muslim).

Shu bois ham Fors saltanati qulatilganda, ummatni bundan buyon nima kutayotganini barchadan ham yaxshiroq bilgan Umar ibn Xattob (roziallohu anhu) yig‘lagan va: «Bu narsa hech qachon odamlar bir-biri bilan jang qilishni boshlab yubormasliklari uchun berilgan emas edi», – degan.

Shunday qilib, bizga mutloq ma’lum bo‘lishi lozimki, hech qachon bu ummatni tashqi dushmanlar yo‘q qilolmaydi. Garchi ular shu maqsadga intilishadigan bo‘lsa ham. Balki bizning ummatimizning birligi va qudratining yo‘q bo‘lib ketishi ichki nizolar va dushmanliklar oqibatida ro‘y beradi. Savbon (roziallohu anhu) rivoyat qilgan boshqa xadisda ham Rosuluoh (sollallohu alayhi vassallam) bu bashoratni nihoyatda aniq aytib bergan:

«Alloh men uchun butun erni qisib, menga uning sharqi va g‘arbini ko‘rish imkonini berdi. Darxaqiqat, mening ummatim butun dunyoga tarqaladi. Menga ikkita – qizil va oq xazina berildi (oltin va kumush, ya’ni forslar va vizantiyaliklar xazinasi). Men Robbimdan ummatimni qurg‘oqchilik bilan halok etmasligini yolvordim. Yana men, ularga o‘zlaridan boshqa va o‘zlarining birdamlik va qudratini yo‘q qiladigan narsadan boshqa, o‘zga xalqlardan (tashqaridan) dushman yubormasligini so‘radim. Robbim dedi: «Ey Muhammad! Men hukm etayotgan vaqtda u inkor etilishi mumkin emas. Men sening Ummating uchun qurg‘oqchilikdan xalok etmaslikni so‘rab qilgan duoingni qabul qildim. Men ular ustiga, ularning birdamligi va qudratini yo‘qotuvchi tashqi dushmanlarni yubormayman, xatoki xamma xalqlar ularga qarshi yig‘ilsa ham. Bu holat ular biri-birini yo‘qota boshlamaguncha va biri birini la’natlay boshlamaguncha saqlanib qoladi» (Muslim).

Ichki dushmanlik sabablari

Aniqki, musulmonlar safidagi ichki o‘zaro dushmanlik faqatgina islom dushmanlarining buzg‘unchilik faoliyati natijasida emas, balki musulmonlarning o‘zlarining gunohlari natijasida ham paydo bo‘ladi. O‘zaro birodarlik, birdamlik va fidoyilik g‘oyalaridan toyilish natijasida ham. Ushbu sabablar bir-biri ustiga qatlanib, Alloh bizni O‘z Kalomida ogohlantirgan narsaga olib boradi.

Alloh aytadiki: «Allohni qo‘yib, o‘zga do‘stlar tutganlarning misoli o‘ziga uy tutgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi. (Allohdan o‘zganing yo‘lini tutganlar, uning uyidan o‘zga uyda yashashni ixtiyor qilganlar o‘zlarining o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini koshki bilsalar edi. Ularning tuzgan tuzumlari xuddi o‘rgimchak uyasiga o‘xshab, o‘ta nimjon ekanini bilsalar edi. Takabburliklari ila Alloh qurib bergan ulug‘vor qasrni inkor etib, o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini bilsalar edi. Bu haqiqatni biladilarmi, bilmaydilarmi — ularga farqi yo‘q.)» (29:41). Chindan ham, o‘rgimchakni omonat uyasi saqlab qola olmaganidek, soxta iymon va o‘z nafsiga ergashish musulmonlarni tubanlashish va xorlikdan asray olmaydi.

Shu o‘rinda, o‘rgimchak tanasiga yaydoqchi ari tuxum qo‘ygandan so‘ng o‘rgimchak duchor bo‘ladigan ahvol ham yuqoridagi fikrga isbot va ibrat bo‘lib xizmat qiladi. Bu tuxumlardan arining lichinkalari paydo bo‘ladi va ular o‘rgimchakni ichkaridan eb tamom kiladi. Xuddi shu kabi ummatning tanasi va ongiga kufr tuzumi o‘zining g‘oyaviy tuxumini qo‘ygan bo‘lib, aynan uning lichinkalari (mayda bolalari) bugun bizning ummatni ichkaridan kemirib bormoqda.

Chumolining ibrati – musulmonlar uchun ogohlantirish

Alloh yaratgan hayvonot dunyosi bizga g‘arb tashviqoti va madaniyati ta’siri ostida ummatimiz bugungi kunda qanday ahvolga tushganligining misolini tortiq etmoqda.

Sergey Kara-Murzaning kitobida chumolilarning ularning uyasiga kirib olgan qo‘ng‘izlar ta’sirida yuz beruvchi juda ham g‘alati xatti-harakati tasvirlangan:

«Masalan, chumoli uyalarida mayda qo‘ng‘izchalar – Lomexuz qo‘ng‘izlari joylashib olishdi. O‘z harakatlari va qiliqlari bilan ular chumolilarga juda o‘xshaydi va ularning imo-ishora tilini yaxshi tushunishadi. Hamjihat va mehnatkash chumolilar birodariga birinchi so‘ragandayoq emish beradilar. Chumoli bu iltimosni sherigini ma’lum tarzda «taqillatish» orqali ifodalaydi. Qo‘ng‘izlar bu harakatni osongina o‘zlashtirib oldilar va bemalol emish so‘rab olaveradilar. Lekin ular juda ochofat bo‘lib, chumolilarning butun jamoalarini o‘zlarini boqishga majbur etadilar. Qo‘ng‘izlar tanasida oltinrang tuklar tutami bo‘lib, ularda ajratmalar (chiqindilar) to‘planadi. Ishchi chumolilar bu ajratmalarni yalagandan so‘ng, har qanday sog‘lom fikrlashni yo‘qotib qo‘yishadi. Ular qo‘ng‘iz va uning lichinkalarini shunday g‘ayrat bilan oziqlantira boshlaydiki, natijada o‘z birodarlari va o‘z lichinkalarini ozuqasiz qoldirishadi. Kelgindilarga mehr qo‘yish oqibatida o‘zlari to‘liq xalokatga yuz tutadilar, xatto chumoli tuxumlarini ham qo‘ng‘izlarga emish sifatida berib, zuryodsiz qoladilar. Mabodo chumoli uyasiga xavf taxdid qiladigan bo‘lsa, ular o‘z lichinkalarini tashlab, qo‘ng‘iz lichinkalarini qutqaradilar.

Aniqki, o‘zlarinng narkotiksimon ajratmalari bilan Lomexuz qo‘ng‘izlari chumolilarga, ularning organizmida mavjud bo‘lgan muhim xatti-harakat dasturini yo‘qqa chiqaruvchi (to‘sib qo‘yuvchi) signal yuboradi. Ya’ni, odatda chumolilarning hayotini ta’minlashga va zuryodini davom ettirishga yo‘naltirilgan harakatlarni bajarishga undovchi dasturni yo‘qqa chiqaradi. Va, aftidan, qo‘ng‘izlar tomonidan berilgan axborot «normal» dasturni to‘sibgina qo‘ymasdan, uni o‘zgartirib tashlaydi, va chumolilarni boqimanda (parazit) uchun foydali bo‘lgan xarakatlarini faollashtiradi. Bo‘lib ham, chumolilar bu harakatlarni bajarishdan mutloq baxtiyorlikni his etadilar».

Bugungi kunda ummatimiz dushmanlari aynan shu tarzda ish yuritmoqdalar; ummatning hushyorligini soxta g‘oya va shiorlar bilan so‘ndirmoqdalar, o‘zlarining ommaviy madaniyati, filьmlari va musiqalari bilan musulmonlarni Islomga xizmat kilishdan to‘smoqdalar, ularning orasiga tashqi ko‘rinishi musulmonlarning o‘zlariga o‘xshash bo‘lgan (xuddi Lomexuz qo‘ng‘izlari chumolilarga o‘xshaganidek) munofiq va sotqinlarni kiritmoqdalar.

Alloh Taolo «Chumolilar» surasida aytadi: «Ular (Sulaymon lashkarlari) chumolilar vodiysiga kelganlarida, ona chumoli aytdi: «Ey chumolilar! O‘z uylaringizga kiringlarki, Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari xatto payqamagan holda sizlarni xalok etmasin» (27:18). Shayx Abduraxmon as-Sa’diy ushbu oyatni sharxida yozadi: «Ona chumolining nasihati barcha chumolilarga etdi. Harqalay, u boshqa chumolilarni xavfdan ogohlantirdi va uyalariga kirishlariga amr etdi».

Bugungi kunda ummatni haq yo‘lga yo‘llay oladigan, jamiyatni emirayotgan o‘zaro dushmanlikdan mustahkam birdamlik, birodarlik va Allohning amrlariga sodiqlik holatiga qaytara oladigan yo‘lboshchi, ustoz va e’tiqod islohchisi kerakdir. Aynan shu xaqdagi nasihat va ibratlar Qur’on va Sunnatda bo‘lgani kabi, Qudratli Allohning go‘zal va hikmatli maxluqi bo‘lgan atrofimizdagi tabiatda ham ko‘plab topiladi.

Solih Ibroxim maqolasi asosida Abu Muslim tayyorlagan

http://info.islom.uz/new/index.php/muvozanat/item/524-kopiksimon-ummat

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: