Muxammad Solih: Islom Karimov uchun «vorislikka» eng maqbul nomzod – Gulnora – fergananews.com


msolih17.05.2013

Taniqli o‘zbek siyosatchisi, muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih «Farg‘ona» axborot agentligi bosh muharriri Daniil Kislovga intervьyu berdi. M.Solih kelajakda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning vorisi kim bo‘lishi, Respublikada voqealar rivojining qanday ko‘rinishini kutish mumkinligi, hamda «o‘zbek malikasi» deyilayotgan Gulnora Karimovaning taxtni egallash imkonlari haqida so‘zladi.

* * *

– Siz O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning muhtamal yurak xuruji haqidagi xabarning asosiy manbaasi bo‘ldingiz. Bunday ma’lumotni qanday qo‘lga kiritdingiz? Qanday manbaalardan foydalandingiz? Bu manbaalarga qanchalik ishonish mumkin va ushbu yurak xurujining sabablari haqida Sizga nimalar ma’lum?

– Biz bu yurak xuruji haqida (xurujning) ertasi kuni xabar topdik, bu xabarni tekshirib, tasdiqlab, so‘ngra chop etdik, buning uchun orada yana o‘n besh soat o‘tdi. Bu xabarni bir necha farqli manbaalarimiz tasdiqladi, bular u yoki bu tarzda O‘zbekiston hukumati bilan bog‘liq manbaalar. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, I.Karimov yurak xurujiga yo‘liqqan kuni qizi Gulnora bilan o‘rtada janjal bo‘lib o‘tgan.

Voqea bunday bo‘lgan. O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX), ya’ni Rustam Inoyatov prezident qizini obro‘sizlantiruvchi materiallarni I.Karimovga taqdim etgan, va bu materiallarning Rossiya matubotiga yuborilishi kutilayotgan bo‘lgan. MXX esa ularning chop etilishini «oldini olmoqchi» va shu bilan «Karimov oilasi sha’nini» saqlab qolmoqchi bo‘lgan. Karimov darhol qizini chaqirgan va o‘rtada janjal boshlangan. Qizining esa otasiga nisbatan o‘ta adabsiz, salkam mushtlashadigan darajada «erkin» tutishi sir emas. Va u ham otasining bunday zarba olishiga qisman bo‘lsa-da aybdor.

Men haqiqatan ham shunday voqea ro‘y berganiga aminman, shuning uchun bu xabarni chop etdik. Biroq, bu yurak xuruji atrofida bunchalik shov-shuv bo‘lishini taxmin etmagandim. Axir bunday dardga har kim ham chalinishi mumkin-ku.

– Nima uchun Karimovning muhtamal yurak xuruji haqidagi xabar xalqaro OAVni larzaga soldi?

– Chunki, agar Karimov o‘sha paytda vafot etganida, unga sarflangan barcha «siyosiy sarmoyalar», uning nomi bilan bog‘liq istiqbollar — ayniqsa Amerika tarafi kutgan istiqbollar — barbod bo‘lardi. U holda nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyoga yo‘nalgan xalqaro strategiya va taktikani o‘zgartirishga to‘g‘ri kelardi. Chunki, mamlakatdagi barcha jarayonlar biror siyosiy guruh bilan emas, birgina Karimov bilan bog‘liq. Hamma xavotir va sarosimaga tushib qolganining birinchi sababi shu. Sababi — Karimovni xush ko‘rgani emas, balki AQShning Afg‘oniston bilan bog‘liq kelajak besh yillik rejalari, Karimovning to‘satdan ketishi bilan Oq Uyning tinchi yo‘qolardi. Modomiki Amerika tinchini yo‘qotsa, butun dunyoda tinchlik yo‘qoladi, jumladan, Rossiyada ham.

Ehtimol, Rossiyaning ham Karimov borasida o‘z rejalari, uning Oq Uyga qanchalik sadoqatli ekani haqida, Obama va AQSh ma’muriyatiga muhabbati qanchalik sobit ekani haqida mulohazalari bordir. Rossiyaga ham Karimov kerak. Shuning uchun Putin undan qanchalik nafratlanmasin, u bilan quchoqlashib, o‘pishib turaveradi.

Islom Karimovning o‘zi bir «rejim-odam». Bunaqa yakkahokimlik dunyoning hech qaerida, hatto arab dunyosidagi totalitar davlatlarda ham yo‘q.

– Agar Karimov to‘satdan hokimiyatdan ketsa, voqealar rivojini Siz qanday taxmin eta olasiz?

– Menimcha, Karimov o‘lishi bilanoq O‘zbekistondagi klanlar va moliyaviy-siyosiy guruhlar o‘rtasida jang (aslida allaqachon boshlanib ketgan jang) avjiga chiqadi va (bu guruhlarning) biror vakili o‘z nomzodini qo‘yadi. Bugun amalda faqat ikki klan — Toshkent va Samarqand klani mavjud, Farg‘ona klani esa ancha zaiflashgan va Toshkent aymog‘i bilan kirishib ketgan. O‘zaro ichki qarama-qarshilikda ulardan biri ustun keladi, va ehtimol, ular Shavkat Mirziyoev va Rustam Azimov bilan o‘zaro kelishadi. Bular ayni klanga mansub shaxslar, ammo o‘zaro adovati bor, chunki ikkisi ham oliy taxtga ko‘z tikkan.

Bundan boshqa variantlar ham bo‘lishi mumkin. Jumladan, xalq qo‘zg‘olishi, ko‘chaga chiqib ketishi mumkin. Garchi bugun bu ehtimoldan yiroq tuyular, ammo arab diyorlaridagi voqealar nimadan boshlanganini eslang — hammasi oddiy narsadan boshlangan edi.

Va uchinchi variant — eng kam ehtimolli, biroq eng tinch variant. Bu klanlarning eng kuchli ta’sirga ega biror vakili chiqib, mamlakatda demokratiyalashtirishni taklif etadi: kelinglar, muxolifatni taklif etaylik, guruhlararo o‘zaro ichki nizolarni bas qilaylik, milliy totuvlik yo‘lida harakat qilaylik, deydi. Bu — biz umid qilayotgan «yumshoq», ya’ni qonsiz o‘tishdir.

Klanlar o‘tish davridagi muvaqqat prezident nomzodini qo‘llashga kelishadi, bu nomzod o‘z betaraf mavqei bilan barcha taraflarni qoniqtiradigan bo‘ladi.

Keyin mamlakatda siyosiy taranglikni bartaraf etish va jamiyatda milliy totuvlikka erishish uchun, mamlakatga muxolifat liderlarini kiritadilar, ular xalq oldida oqlanadi, va shu bilan Karimov hukmronligidan norozi bo‘lgan ommaning qo‘lloviga erishgan bo‘ladi. Bu variant — bizning jamiyat uchun eng xavf-xatarsiz variantdir.

O‘zbek muxolifati har uch variantga tayyorlanmoqda.

– O‘zbekistonda «karimovsizlashtirish» jarayonini boshlay oladigan kishilar bormi bugun?

– Karimov bor ekan — unday odamlar yo‘q. Ammo Karimov o‘lgach, bunga jazm qiladigan kishilar topiladi. Chunki Karimovni hamma yomon ko‘radi, hatto hokimiyatga kelishida undan qarzdor odamlar ham. Ular bir narsani aniq biladi: «ota» istagan paytda ularni sotib yuborishi mumkin. Bugun hokimiyat tizimidagi odamlarning zehniyati deyarli o‘xshash, shuning uchun ham ular hokimiyatda qolgan. U erda yagona umumiy modelь shu: pastdagini toptab, tepadagini qo‘lini o‘pish. Shu bilan birga, ularning barchasi psixologik beqarorlik holatidadir, va aynan mana shu holat bunday shaxsni yuzaga keltirishi mumkin.

– Bugun rejim o‘laroq Karimovni dastaklamoqdalar, jumladan Evropa va Amerika ham. Sizningcha, Karimov ketishi bilan G‘arb kimni tanlaydi?

– Amerika uchun eng mos nomzod bu — Rustam Azimov. Agar Gulnoraning hujumlariga Azimov «dosh bera olsa», uning imkonlari yomon emas. Karimov uni o‘zining amerikaparast vorisi o‘laroq Moskvaga olib borgan va Putinga tanishtirmoqchi bo‘lib, «o‘ng qo‘li» tarafida o‘tqazgan edi. Bu Putinga bir messaj edi, ammo unga bu messaj yoqmadi. Putinga rusiyaparast nomzod lozim, shuning uchun Kremlь Mirziyoevning kelishiga umid qiladi, u yaqin vaqtlargacha «Rossiyaning odami» Alisher Usmonov bilan bog‘liq edi. Toshkentdagi avariya va Usmonov jiyanining halokati — bu rusiyaparast nomzodga berilgan zarba bo‘ldi. Va bugun Mirziyoev ortiq zaif.

Yana bir nomzod bor. Bu — Gulnora. Albatta, Karimov mamlakatni aynan uning qizi boshqarishini istar, chunki qizi otasini hech bir holatda sotmasligini biladi, garchi har qancha yomon ko‘rsa-da. Ammo Gulnorani bugungi mulozimlarning birortasi qo‘llamaydi, shuning uchun Karimov o‘limidan keyin unga nasiba yo‘q.

– Sizningcha, nima uchun Gulnora dabdabali piar-aktsiyalar uyushtirmoqda?

– Shu yo‘l bilan u hokimiyat cho‘qqisiga chirmashayapti. U hali-hanuz bundan umidvor. Karimov o‘zga «voris»lar tarafiga sha’malar qilayapti, ammo qizi haqida og‘iz ochgani yo‘q. Aftidan, ota bilan qizi o‘rtasida o‘zaro kelishuv borday: men o‘z qartamni ochmayman, sen ham o‘z-o‘zingni reklama qilaverasan. Shunday qilib, qizi o‘zicha siyosat yurgizadi, otasi — o‘z o‘yinini davom ettiradi. Albatta, Karimov o‘zi istagan va unga eng ma’qul bo‘lgan nomzod bu — Gulnora, chunki oxir-oqibatda u Mirziyoevga ham, Azimovga ham ishonmaydi. Ammo Karimov hozircha o‘z tanlovini bildirayotgani yo‘q.

2013 yil 12 may,

Istanbul

“Farg‘ona” xalqaro axborot agentligi

Rus tilidan O‘XH sayti tahririyati tarjimasi

http://uzbek.fergananews.com/article.php?id=1592

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: