14 yil oldingi portlashga Mamadali Mahmudovning qanday aloqasi bor edi? – bbc uzbek


130216163047_tashkent_1999_16february_blast_uzbek_government_office_512x288_reuters17 fevral 2013

16 fevral kuni 1999 yilgi Toshkent portlashlariga 14 yil to‘ldi.

Rasmiylarga ko‘ra, Toshkent shahrining bir necha joyida portlovchi moddalar ortilgan avtomobillar portlatilishi oqibatida 16 inson halok bo‘lgan.

O‘zbek mahkamasi bu portlashlarga aloqadorlikda ayblab 14 yilga ozodlikdan mahrum etgan insonlardan biri Mamadali Mahmudov.

1999 yil aprelida O‘zbekiston televideniesi taniqli yozuvchining videosini namoyish etgan, bunda Mamadali Mahmudov o‘zining Toshkent portlashlari uchun “aybdorligiga” iqror bo‘lgan.

Lekin oradan biroz vaqt o‘tib, yozuvchi qamoqxonadan maktub chiqargan, bu maktubda 1999 yil fevralida yuziga niqob taqqan kishilar qanday qilib qo‘lga olishgani, Toshkent tashqarisiga olib chiqib, ikki oy davomida qanday qiynoqlarga solishgani va “iqrorlik videosi”ni qanday qilib tasvirga tushirganlari haqida batafsil yozgan.

Ana shu “iqror” Mamadali Mahmudovni tutqunlikda saqlashga asos bo‘lib kelmoqda.

O‘zbek rasmiylari Toshkent portlashlarini tashkil etishda muxolifatdagi “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih va O‘zbekiston Islomiy harakatini ayblagan.

Bu ayblovlar 1999 yilda Oliy Sudda bo‘lib o‘tgan mahkamada Zayniddin Asqarov tilidan yangragan.

Biroq 2003 yilda xorijiy ommaviy axborot vositalari muxbirlarining “Toshturmada” Zayniddin Asqarov bilan tashkil qilingan uchrashuvida u 1999 yildagi mahkamada aytgan so‘zlaridan voz kechgan.

Zayniddin Asqarov portlashlarga Muhammad Solihning aloqasi yo‘qligini aytgan, Murodulla Qoziev etakchiligidagi qurollilar ustozlari Abduvali qori Mirzaev uchun qasd olishga qaror qilganlar, degan.

Asqarov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy harakati rahbari Tohir Yo‘ldosh Murodulla Qozievni portlashlardan to‘xtatmoqchi bo‘lgan.

Tohir Yo‘ldosh Toshkentdagi jangarilarni to‘xtatish uchun Bahrom Abdullaevni yuborgan.

O‘zbek-Turkman chegarasida qo‘lga olingan Bahrom Abdullaev portlashlardan ikki oy oldin Qoziev guruhining rejasidan rasmiylarni ogoh etgan.

O‘zbek Oliy sudi 22 insonni Toshkent portlashlarida ayblab qamagan.

11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Zayniddin Asqarovning jasadi qamoqdagi muddatining 11-yilida yaqinlariga qaytarilgan.

O‘zbek muxolifati O‘zbekiston hukumatini nafaqat portlashlar oldini olmaganlik, balki bu portlashlarni mamlakatdagi o‘n minglab begunoh musulmonlarni ta’qibga olish vaji sifatida foydalanganlikda ayblaydi.

O‘zbekistonda qabul qilinadigan amnistiyalarda yoshi 60 dan oshgan mahkumlar ozod etilishi aytiladi.

Biroq yoshi 72 ga kirgan va salomatligi borasida xavotirlar bildirilayotgan Mamadali Mahmudovga nisbatan amnistiya qo‘llamaslikka qaror qilinmoqda.

Qarorgohi Parijda joylashgan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” markazi rahbari Nadejda Ataeva xabar qilishicha, boshidan jarohat olgan Mamadali Mahmudovga yana qamoq muddatini uzaytirishga harakat qilmoqdalar.

72 yoshli yozuvchi “Toshturma”ga o‘tkazilgan va tergov ketayotgani uchun deya yaqinlarining Mamadali Mahmudov bilan ko‘rishishlariga ruxsat etilmagan.

Nadejda Ataeva: Bir necha oydan beri Mamadali Mahmudovning qizi bilan o‘g‘li otasi bilan ko‘risha olmayotgani bois, biz rasmiylar uni ozodlikka chiqarmaslik uchun yangi ayblovlarni tayyorlashyapti, degan xulosaga keldik. Kecha, 15 fevral kuni uning qizi “Toshturma”ga borganida, qamoqxona ma’muriyati otasiga qarshi yangi tergov ochilgan deya uning Mamadali Mahmudov bilan uchrashishiga ruxsat bermagan. Lekin qanday tergov va qanday bandga muvofiq yozuvchiga ayblovlar qo‘yilgani borasida bizda ma’lumot yo‘q. Unga yangi muddat berilsa, bu necha yil davom etishi mumkin – bu kabi tafsilotlardan biz bexabarmiz. Biroq unga qarshi yangi ayblov qo‘yilayotgani bu aniq. Biz bundan juda chuqur xavotirdamiz, chunki bu erda gap o‘z fuqaroviy mavqeida turgan adib va 72 yoshli yozuvchi haqida bormoqda.

Bi-bi-si: Demak bu haqda sizga uning qizi gapirib bergan. Unga yangi ayblovlar nima bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin?

Nadejda Ataeva: 11 fevral kuni uning o‘g‘li Mamadali Mahmudov oxirgi yillarda saqlangan Chirchiq zonasiga borganida, o‘g‘liga otasi “Toshturma”ga o‘tkazilgani haqida aytishgan. Koloniya rahbariyati Mamadali Mahmudov so‘ragan dori-darmon va oziq-ovqatni olishdan bosh tortgan. Bir necha yildan buyon Mamadali Mahmudov nafas-burun yo‘llarining yallig‘lanishidan azob chekmoqda. U o‘ta og‘ir ahvolda. Bundan oldin shifokorlar unga sil kasalligiga chalingani borasida tashxis qo‘yshgandi. Davolanish uchun u bir necha bor jazoni o‘tash tizimi doirasidagi “Sangorod” shifoxonasiga yotqizilgan. Lekin O‘zbekistonda ayniqsa siyosiy ayblovlar bilan qamoqxonada o‘tirgan mahkumlarning tibbiy ahvolini engil qilib ko‘rsatishgga urinish mavjudligi Mamadali Mahmudovga nogironlik maqomi berilmayapti, shuning uchun u bemorligi tufayli ham amnistiyaga tushirilmayapti.

Bi-bi-si: Uni borib ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan farzandlaridan qaysi biri otasining boshida bo‘lgan yarani ko‘rgan?

Nadejda Ataeva: Uning qizi o‘tgan yili 14 noyabrida otasini ko‘rishga “Sangorod”ga borganida o‘z ko‘zi bilan otasining boshida chuqur yara borligiga guvoh bo‘lgan. Ularning uchrashuvi “Sangorod” rasmiylari hozirligida bo‘lib o‘tgani uchun, otasi, “menga bu haqda hech qanday savol berma”, deya ishora qilgan. Ya’ni, u bu mavzuda gapirishni umuman xohlamagan. Chirchiq zonasiga qaytgach, rasmiy uchrashuvga ruxsatni olish uchun biroz vaqt o‘tishi kerak edi. Va ana o‘shandan buyon Mahmudovning oilasi uni ko‘rishga muvaffaq bo‘lmayapti. Va hech kim yaraga olib kelgan qanday hodisa ro‘y berganini bilolmayapti.

Bi-bi-si: Ichki ishlar vazirligi Jazoni o‘tash tizimining mulozimlari qanday izoh berishyapti?

Nadejda Ataeva: Kecha, 15 fevral kuni uning qizi “Toshturma” rahbariyatidan ruxsat olish uchun borganida, unga tergov ketayotgani sabab uchrashuv mumkin emas, deb aytishgan. Ular hech qanday ma’lumot berishmayapti. Biz faqat mana shularni bilamiz, xolos.

Bi-bi-si: Biz bilamizki, yozuvchilarni birlashtirgan xalqaro Pen Klub o‘tmishda Mamadali Mahmudovning himoyasiga chiqqan, siz ularga ham murojaat qilganmisiz?

Nadejda Ataeva: Ha, biz dushanba kuni barcha xalqaro tashkilotlar singari Pen Klubga ham tayyorlab qo‘ygan murojaatimizni yuboramiz. Imzo chekkanlardan o‘zbek yozuvchilaridan Safar Bekjon, Yodgor Obid va qator chet el yozuvchilari bor. Biz murojaatimizni Ovro‘po dvlatlari hukumatlariga ham yuborish niyatidamiz. Biz Frantsiyadagi inson huquqlari bo‘yicha mas’ul Fransua Zimerayga ham murojaat qilamiz. U o‘z mandatidan foydalanib, O‘zbekiston hukumatiga Mamadali Mahmudovning taqdirini o‘rganishga va uning ozod etilishiga har qanday imkonni ishga solib murojaat qiladi, degan umiddamiz.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2013/02/130216_16february_mamadali_makhmudov.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: