Ey, yigit! – uzxalqharakati.com


segmenBismillahir Rohmanir Rohim

Ey, yigit!

Bu gaplarni diqqat e’tiboringizni to‘plab mutolaa qiling. Bu gaplar siz yoshlarning orangizdan ayrilib, “aka yoki amaki” maqomiga o‘tayotgan bir g‘aribning sizga nasihatidir!

Ey, yigit!

Unutmangki, Alloh taolo sizni Haq yo‘lning yo‘lchisi qilib yaratgandir. Vaqt o‘tmasdan, bir kun kelib zor –zor yig‘lamaslik uchun hozirdan aqlingizni boshingizga to‘plab oling. Bilingki, yigitlik bir sharafdir, shunday ekan sharafingizni tuproqqa qorishtirmang. O‘tkinchi dunyoni deb, o‘zingiz e’tiqodsiz va aqlsiz o‘tkinchilardan bo‘lib qolmang. Unutmangki, bugunning ertasi, bu dunyoning esa oxirati mutlaqo keladi.

Ey, yigit!

Aqlli bo‘ling, ammo aslo hamma ishni aqlga suyantirmang. Zero, aql oralaringizda ba’zilaringiz dadasining puliga sotib olgani mashinaning ruliga o‘xshaydi. Mashinada iftixor bilan o‘tirishning o‘zi etmaydi. Uni boshqarish uchun avvalo salohiyat (haydovchilik hujjati), keyin esa boradigan bir maqsadu manzil bo‘lishi kerak. Demak, rulni kimdir boshqarishi kerak. Xuddi shunday, inson aqlining ham qandaydir kuchning boshqaruviga ehtiyoji bordir. Aks holda inson deyilgan mavjudot ruli boshqarilmaydigan yoki mast –alast haydovchi tarafidan boshqarilayotgan mashinaga o‘xshab qoladi. Atrofingizga diqqat bilan qarasangiz, bu nomi inson, o‘zi pachag‘i chiqib, yo‘lning chekkasida xarobaga aylangan, to‘da–to‘da “zanglagan inson– aravalarini” ko‘rasiz…

Ey, yigit!

Mana shular yoshligini aqlsizlik, ya’ni xato va gunohlar bilan yo‘qqa chiqargan, yigitlik sharafini erga urib, umrini bekorga o‘tkazayotgan bechoralardir. Bular faqat aqllariga suyanganlar, ya’ni “avtomobilning rulini boshqarmasak ham manzilga etamiz”, deb o‘ylagan, bu orqali yigitligini zanglagan temir parchasiga aylantirgan nodonlardir. Agar shu aqlsiz bechoralarga qismatdosh bo‘lishni istamasangiz, aqlni “rul” o‘rnida ko‘ring va uning boshqaruvchisi sifatida Ilohiy haqiqatlarni tan oling!

Ey, yigit!

Qoningizning qaynashi, ko‘zingizning o‘ynashi aslo sizni changalakzorlarga ergashtirib ketmasin. Zero, bular quturgan nafsning, ya’ni nafsi ammoraning alomatlaridir. Ko‘zingizni yumib, biroz xayolga botib, ichki dunyongizga qarasangiz, nafsingizdan xohishu istaklarning, shahvatu orzularning qaynab chiqayotganini idrok etasiz. Yigitligini tuproqqa qorishtirganlar, yoshligida xarobaga aylanganlar mana shu “vulqonga” asir tushganlardir. Ular aqldan judo bo‘lgan “jinnilar” emas, ammo aqlini boshqaradigan mo‘’jizaviy “ruldan”, ya’ni imondan mahrumdirlar.

Ey, yigit!

Imonsizlikning oqibati insonsizlik, ya’ni insoniy qadriyatlarning yo‘qqa chiqishidir, buni aslo unutmang. Ko‘pchilikning imonsiz bo‘lishi sizning ham ularga o‘xshab nomi inson, o‘zi ma’naviyatsiz mavjudotga aylanishingizga sabab bo‘la olmaydi. Zero, shayton yigitlarning qulog‘iga shunday shivirlashni sevadi: hamma o‘ynab–kulmoqda, hamma ayshu ishratda, hamma shunday ekan, bir o‘zing chekkada qolib nima qilasan?. Bu la’nati shaytonning insonlarni to‘da–to‘da qilib, do‘zaxga haydash usuli ekanligini bilib oling. Axir, hamma o‘zini olovli jarga otayapti, deb kim ham bunday “hammaga” ergashishni istaydi?. Ko‘zingizni oching, vaqt borida etakni yopib, imonlilar davrasiga qo‘shilishga shoshiling.

Ey, yigit!

Belingizni mahkam bog‘lang, zero yigitning belida belbog‘i bo‘ladi. Belbog‘ingizni bo‘lar bo‘lmasga echavermang. Unutmangki, Alloh taolo Odam otamizning belidan bizlarni, ya’ni ilk otamizning zurriyotlarini olib, so‘ngra bizni ogohlantirish uchun, o‘zimizni o‘zimizga qarshi guvoh qilgan. U mo‘’jizaviy onda Alloh “Men sizlarning Parvardigoringiz emasmanmi?”, deya so‘raganida zurriyotlar olamidan qiyomatga qadar kelib ketadigan inson farzandlari “Albatta, ey Robbimiz, yagona Parvardigorimiz O‘zingsan”, deya javob bergan edilar. Shunday ekan, belbog‘ echishning sharti ham Parvardigorimizning hukmlariga mos ravishda bo‘lishi kerak. Aks holda, u zurriyotlar xazinasini ham tuproqqa qorishtirasiz, unutmangki, tuproqdan faqat daraxt urug‘i unib chiqib , meva beradi. Sizning belingizdagi xazinadan havoyi nafs ta’sirida “tuproqqa” tushadigan “dona”lar esa, oxiratda vujudingizning ilma teshik qiladigan o‘qlarga aylanadilar, bilib qo‘ying…

Ey, yigit!

Belbog‘ingizga bog‘lagan qilichingizni faqat adolat uchun qinidan chiqaring. Omon, adolatli bo‘ling!. Adolat masalasida o‘zingiz, ota–onangiz, qarindosh–urug‘ingiz ko‘zingizga ko‘rinmasin. Takror aytaman, adolatli bo‘ling. Chunki adolatli bo‘lmasangiz zolimga aylanasiz. Zolimlik esa badbaxtlikning eng tuban nuqtasidir.

Siz esa yigitsiz, qomatingiz tikdir. Parvardigorimiz imonning avvalgi shartlari sifatida to‘g‘rilik va adolatni amr qilgandir. Adolatli bo‘lmasangiz, avvalo o‘zingizning qaddingiz bukiladi, keyin bu bilan adolat qaerda qoldi, deya zor –zor yig‘layotgan ayollarning, bolalarning, qariyalarning umidini yo‘qqa chiqarasiz. Bilingki, zolimlarning dushmani Alloh taolodir, U Buyuk Zotni engadigan kuch esa yo‘qdir. Shuning uchun adolatli bo‘ling va adolat bayrog‘ining insoniyat ustida hilpirashi uchun o‘z hissangizni qo‘shing. Adolatning ziddi zulmdir, zulm esa haq va huquqlarni ularning egalariga bermaslikdir. Shuning uchun ham avvalo Parvardigorimizning haqqini U Ulug‘ Zotga bering – bandalikda aslo Unga sherik qo‘shmang. Zero, Alloh taoloning haqqini Unga bermaganlar mushrikdir, mushriklar esa ilohiy hukmga ko‘ra najasdir. Aslo o‘zingizni shirk najasiga botirmang, chunki bu ma’naviy botqoqlikda o‘lganlarni jahannam o‘ti ham tozalay olmaydi. Shundan keyin navbati bilan ota – onangizning, qarindosh–urug‘larning, mo‘min –musulmonlarning, musulmon bo‘lmasa ham inson bo‘lganlarning, nabobatu hayvonotning haqlarini ularga bering va ular bu haqlardan mahrum bo‘lib qolmasligi uchun Haq va botil orasidagi kurash maydonida turing.

Ey, yigit!

Alloh taolo sizga kuch va shijoat bergandir, ammo bularga tavozeni ham qo‘shib bergandir. Kibrdan uzoq turingki, bu bilan yakkamaxov bo‘lib qolishdan qutulasiz. She’rlarda aytilgani kabi yigitning bilagi qilich o‘ynatish, qo‘li esa yorining yuzini siylash uchundir. Ammo “jonon” deyilganda jonon va lazzatli suhbatlarni ham unutmang. Yaxshilar va sodiqlar bilan birga bo‘lib, hikmat va haqiqat to‘la suhbatlardan bahramand bo‘ling. Bugungi kunda quloqlariga kecha–kunduz sim taqib olgan, hech turmasdan “sevdim, yondim, o‘ldim” qabilidagi shahvoniy navolarni tinglash bilan ovora bo‘layotganlarga o‘xshab yakkayu yagona qalbingizni o‘ldirmang. Bilingki, qalblar ilohiy maqomlarni tinglash bilan tiriladilar. Shunday ekan, quloqlaringizni Qur’oni Karim oyatlariga ochib qo‘ying, agarda ilohiy haqiqat tilovatini tinglarkan, ularning ma’nosini tushunib, boshingiz erga egilib, ko‘z yoshlaringiz yuzingizga oqayotgan bo‘lsa, demak siz qalbi tiriklardansiz. Bu o‘tkinchi dunyoning baxti saodati ham, oxiratda qutulib qolishingizning sababi ham mana shu tiriklikdadir.

Ey, yigit!

Har yaxshi narsaning bir qadri bordir. Agar ushbu yozilganlarni yaxshi nasihat o‘rnida ko‘rsangiz, uning qadri shu g‘aribning haqqiga pinhona duo qilishingizdir. Alloh taolo sizni hidoyat yo‘lidan ayirmasin! Omin!

 

Namoz Normo‘min

13 fevral’ 2013 yil

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: