Inoyatulla Shahroniy turk xalqlarining buguni, ertasi va yagona Turkiston g‘oyasi haqida – bbc uzbek


23 noyabr 2012

Ruknimizning bu galgi mehmoni – amerikalik mashhur O‘zbek tilshunos olimi, pedagogika fanlari doktori, professor Inoyatulla Shahroniy:

Professor Inoyatulla Shahroniyning asarlari Afg‘onistondan tashqari, Pokiston, Hindiston, Eron, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda ham nashr etilgan

Bi-bi-si: Domla, agar qarshi bo‘lmasangiz, suhbatimizni shaxsan o‘zingiz “Tillar hamdo‘stligi” kitobingizda ilgari surgan savollar bilan boshlasak. Siz unda “Turkiy xalqlar nima uchun bir-birlaridan ayricha tirikchilik qilayaptilar? Bular o‘rtasidagi birlik, birodarlik, hamdo‘stlikka kim, kimlar rahna solgan, deb so‘ragansiz. Shu o‘rinda o‘zingiz buning sabablarini nimada ko‘rasiz?

Inoyatulla Shahroniy: Turkiy millatlar hammasi bir bo‘lmasin deb, ularni qasddan turli millatlarga bo‘lib yuborishgan. Shuning uchun ham men o‘z kitobimda sizlar qachondir bir-birlaringizdan judo etilgan bo‘lsangiz ham, barchangizning qoningiz bir, tilingiz bir, deb eslariga soldimki, darhaqiqat bir-birlarini tanishsa, deb. O‘zligini unutgan har kim o‘zining kimligini ham bilmaydi. Ular o‘zlarini alohida bir millat deb o‘ylashadi. Bilishmaydiki, dunyodagi uch yuz million inson hammasining qoni bir, bir millat, bir xalq bular…

Bi-bi-si: Lekin domla, mana hozir birgina Markaziy Osiyo davlatlarini olib qaraydigan bo‘lsak, ularning tutayotgan tashqi siyosatlari birlashishlarining o‘rniga bir-birlaridan anchayin uzoqlashishlariga xizmat qilayapti. Bu holatga qanday qaraysiz?

Inoyatulla Shahroniy: Bu ko‘p yomon holat. Odam bir-biridan ayri bo‘lsa, zaif bo‘lib qoladi. Bular birlashishlari kerak. Mening nazarim shuki, agar imkoni bo‘lsa, turkiy mamlakatlar yagona davlat ostida birlashishmasa ham, ba’zi bir narsalarni mushtarak qilishsa, masalan – pulni, iqtisodni, tijoratni, borish-kelishni,.. bundan tashqari, ommaviy-axborot vositalari orasida aloqalarni yo‘lga qo‘ysalar, ularning bir-birlari bilan yaqinlashish imkoniyatlari oshadi, bu – o‘zlarining kuchayishlariga ham xizmat qiladi, aloqalari yaxshilanadi va do‘stliklari ham mustahkamlanadi.

Bi-bi-si: Nima uchun u holda Markaziy Osiyo davlatlari buning afzalliklarini anglab etishmayapti?

Inoyatulla Shahroniy: Buning sababi shuki, ularning har biri o‘zlarini yaxshi ko‘rishadi, o‘z hukumatlarini saqlashga urinishadi, boshqalarni o‘ylashmaydi, faqat o‘zim bo‘lay deyishadi. Hamma muammo siyosatda. Hozir boshqa mamlakatlar ularning orqalarida turib, bir-birlaridan ayirishga harakat qilishayapti. Deylik, Xitoy ularning yagona Turkiston ostida birlashishlarini umuman istamaydi. Bundan tashqari, o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritgan ayrim davlatlar hanuz o‘zlarini taniganlari yo‘q. Ularning boshlarida hamon mustamlakaga aylanib qolish xavfi bor.

Bi-bi-si: O‘z o‘rnida, o‘quvchilarimiz ham sizga ozmuncha savol yo‘llashmagan va ulardan aksariyati O‘zbekistondan. Jumladan, Bo‘ston, “Assalomu alaykum domla. Turkiy xalqlarni Turkiya ostida birlashtirish strategiyasiga qanday qaraysiz”, deb so‘rayapti

Inoyatulla Shahroniy: Men bir kitobimda hamma turk olami arab alifbosida bo‘lishi lozimligi haqida yozganman. Ya’ni, arab alifbosida unlilar yo‘q ekani bois, barcha lahjalarga mos keladi. Agar lotin imlosiga kelsak, Turkiyaniki boshqacha, O‘zbekistonniki o‘ziga xos, yana biriniki esa, ularnikidan ham farqli. Mavjud holat ularning lahjalarida tafovut paydo qilib, asta-asta bir-birlaridan judo qildiradi. Boshqa tomondan, biz bir oraliq turk tilini olishimiz kerak. Masalan, men o‘zim o‘zbekman. Mening nazarimda, yo uyg‘urcha va yo o‘zbekcha turklarning orasida baynalmilaliy til bo‘lishi kerak. Hamma nashrlar ana shu tilda chop etilsin. Amaldagi alifbolarning zarari katta bo‘lgan. Turklar qadimlarini tanishmaydi. Tarixlarini bilmaydilar, tillarini kesib tashlagandek bir narsa bo‘lgan.

Bi-bi-si: Toshkentdan Hojiahmad esa, “Hurmatli domla. Siz nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston qo‘shni davlatlardagi O‘zbek diasporasining hozirgi ahvolini o‘nglash uchun nimalar qilishi yoki nimalarga erishishi darkor”, deb savol yuborib, javobingiz uchun oldindan rahmat aytib qolibdi

Inoyatulla Shahroniy: O‘zbekiston bugun bir mustaqil mamlakat. Buning juda katta mas’uliyati bor. Chunki O‘zbekiston – butun Turkistonning markazi sanaladi. O‘zbekiston eng avvalo alifbosini o‘zgartirishi kerak. Shundagina qolgan turklar ular bilan qo‘shila olishadi. Nashrlari ham boshqa turklarning ruhiyatiga uyg‘un bo‘lsa. Tillarini ham rivojlantirib, yozsalar. Bular ko‘p mahdudlar. O‘zbekiston ko‘p faoliyat qilolgani yo‘q. Ko‘pchilik bu borada tanqidiy fikrda. Masalan, men afg‘onistonlik o‘zbekman. Ammo hech vaqt O‘zbekiston hukumatining Afg‘oniston haqqiga qilgan faoliyatini ko‘rmaganman.

Bi-bi-si: Masalan, Afg‘onistondagi o‘zbeklar O‘zbekistondan qanday yordam kutishadi?

Inoyatulla Shahroniy: Masalan, iqtisod haqida, maktab haqida, o‘qituvchilar masalasida, savdo, tujjoriy aloqalar haqida, borish-kelish,..misol, bir o‘zbek O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lsa, viza olish uchun bir oy yuguradi. Viza bersa ham, 20 kundan ziyod qo‘ymaydi. Masalan, men Amerikadan turib, O‘zbekistonga bormoqchi bo‘laman. Shuncha qilsam ham, viza bermaydi. Ammo O‘zbekistonga uchayotgan samolyot 300 o‘rinli bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 50 nafar yo‘lovchisi bo‘ladi. Agar 300 ta odam borsa, O‘zbekistonga 300.000 dollar olib boradi. Bu erdagi o‘zbeklar O‘zbekistondagi yaqinlarini borib ko‘rish, u erni ziyorat qilishni istashadi. Ularning O‘zbekistonga borish, qavmlarini ko‘rish, tijorat qilishlariga ijozat berilsa. Aytaman desangiz, gap ko‘p.

Bi-bi-si: Navbatdagi savolimiz ham Toshkentdan, Xurshiddan. Xurshid, “Assalomu alaykum, Shahroniy janoblari. Turkiylar tashqi ko‘rinishi jihatidan ba’zilari mongoloid, boshqalari esa, ovro‘poid, ya’ni forsiylar yoki janubiy ovro‘poliklarga juda o‘xshashadi. Bu esa, menda hozirgi turkiylarning tillari bir bo‘lsa-da, kelib chiqishlari boshqa-boshqa irqlardan emasmikan, degan savolni paydo qiladi. Bu haqda DNK tekshiruvlari o‘tkazilganmi? Tashqi ko‘rinishdagi farq tildagi o‘xshashlikdan ko‘ra jiddiyroq ahamiyatga molikdek, nazarimda”, deb so‘rayapti

Inoyatulla Shahroniy: Buning sababi shuki, agar ikkita oila yoki ikkita birodar bo‘ladigan bo‘lsa, birining avlodlari unday ko‘radi, boshqasiniki bunday. Chunki bir-birlaridan uzoqda hayot kechirishgan. Ob-havo ta’sir qiladi, muhit ta’sir qiladi, emak-ichmaklari ta’sir qiladi, bu gaplar bor. Bundan tashqari, boshqa davlatlar va odamlar bilan aloqalari ham ta’sir qiladi. Masalan, siz qozoq bilan qirg‘iz farqli deysiz. Ammo men bunday deb o‘ylamayman. Chunki qadim o‘zbeklarni ko‘rsangiz, o‘shalarga o‘xshashadi. Turkiyadagi turklar ham ovro‘poliklarga nihoyatda aralashib ketishgan. Lekin kechinmalari, qalblari, hammasi turk. Ammo tashqi ko‘rinishlari o‘zgarishlarga yuz tutgan.

Bi-bi-si: Buyuk Britaniyadan Timur esa, “Xorijiy qo‘shinlarning 2014 yilgi safarbarliklari ortidan, Janubiy Turkiston xalqi yana Tolibon kabi pashtun millatchiligi qurboniga aylanishi mumkinmi”, deb so‘rayapti

Inoyatulla Shahroniy: Haqiqati shuki, toliblar qachon hukumatni olishmasin, boshimizga pashtun voliy keltirishadi. Pashtun hukumatchilarining hammasini o‘z qavmlaridan yoki Pokistondan olib keladilar. Afg‘onistondagi oddiy pashtunlar yaxshilar. Ammo yuqorida tilga olib o‘tganlarim, Turkistonni umuman qabul qilishmaydi. Afg‘oniston tarixida bizning Turkistonimiz Turkistoni Sag‘ir, O‘zbekiston, bu hududlar – Turkistoni Kabir, deb atalgan. Turkistoni Sag‘irni ular rasman tan olishmaydi. Biz yashaydigan hududlarni Shimoliy Afg‘oniston deb atashdi. Yodimda bor, bolalik vaqtimda bizlarni turkistonlik, deb atashardi. Hukumat buni qasddan o‘zgartirdi. Ustiga ustak shimol aholisi ham bahamjihat emas, qurol-aslahasi yoki qudrati ham yo‘qki, o‘zlarini himoya etishsa. 11 yil ilgari yangi afg‘on hukumati qudratga kelgach, ularning qurol-yarog‘larini yig‘ib oldilar. General Abdulrashid Do‘stum ko‘p yaxshi ish qildiki, turklarni dunyoga tanitdi. Avvallari Afg‘onistonda turk bor-yo‘qligini hech kim bilmasdi. Men “Afg‘onistondagi qavmlar tarixi”, degan bir kitob yozganman. O‘shanga asoslanib aytadigan bo‘lsam, turklar Afg‘onistonda 3.500 yil hukmronlik qilishgan.

Bi-bi-si: Toshkentdan Jasur esa, “Afg‘onistonda qancha o‘zbeklar bor? Ularning Afg‘onistondagi mavqe’lari qanday? U erdagi Bobur avlodlari haqida nima bilasiz?” deb savol yuboribdi

Inoyatulla Shahroniy: Afg‘onistonning ikki qavmi ko‘p katta. Biri turki barhol, ikkinchisi hazora. Ko‘pi forscha gapirishsa-da, biz hazoralarni ham turk sanaymiz. Boshqa bir o‘zbeklari barhol borki, nufuzlari kamida etti-sakkiz million atrofida, deb taxmin etiladi. Ular turkchani bilishadi va turkchada gapirishadi. Qolgan bir qismi forsiyzabon bo‘lib ketgan bo‘lsa, yana bir qismi pashtunchada gapiradi, boshqalari esa, o‘zlarining turk ekanliklarini ham unutib yuborishgan.

Bi-bi-si: Sizdagi raqamlar qaysi manbalarga asoslangan?

Inoyatulla Shahroniy: Afg‘onistonda hanuz hech narsa rasman ro‘yxatga olingan emas. Hech kim aniq bilmaydi. Faqat Hirotdan boshlaysiz toki qirg‘izlar yashovchi Pomirning boshlarigacha…Million-million turklar bor. Badaxshonning 40 foizi, Taxorning 75 foizi, Qunduzning 50-60 foizi turkcha gapiradi, mana, Mozori Sharifni bilasiz, Maymana, Samangon, bularning hammasi turklar. Qandahorda turklarimiz bor, Hirotda turk –turkmanlarimiz bor, Kobulda, boshqa joylarda ham ziyod. Ammo ba’zilari borgan joylaridagi tilda so‘zlashib, o‘zlarining turk ekanliklarini bilishmaydi, unutib yuborishgan.

Bi-bi-si: Domla, Jasur yana, “Afg‘onistondagi Bobur avlodlari haqida nimalar bilasiz”, deb qiziqqan

Inoyatulla Shahroniy: Men o‘zim Boburni juda yaxshi bilaman. U haqda kitoblar, maqolalar ham yozayapman. Boburning avlodlari Afg‘onistonda topilmaydi. Topilsa ham, ozlar. Agar topilsa, mana shu bizlarmizki, Andijondan, o‘shaning qavmlaridanmiz. Amakivachchalar edikki, o‘sha Shayboniyxondan qochib keldik. Badaxshonlarda qoldik. Darhaqiqat, Kobul Boburiylar markazi edi. O‘zlarining uylaridek bilishgan. Boburning qabri ham Kobulda. Men o‘zim ham bor-bor uni ziyorat qilganman. Lekin bugungi hukumat ularni uncha yaxshi do‘st ko‘rmaydi. Turk deb ularni u qadar yoqtirishmaydi.

Bi-bi-si: Shvetsiyadan Firdavs esa, bir emas uchta savol yuborgan. Firdavs eng avvalo o‘zining afg‘onistonlik o‘zbeklardan ekani va turkiy ekanligidan faxrlanishini aytib, Afg‘onistondagi o‘zbeklarning kelib chiqishlari haqida savol so‘ragan: “Ya’ni ular Amir Timur saltanati parchalangandan keyin Afg‘oniston hududida qolib ketishganmi yoki keyinchalik ko‘chib kelishganmi va yo boshqa sabablar bilanmi?” deyapti

Inoyatulla Shahroniy: Ukajon, Afg‘oniston Turkistonning eng qadimiy markazlaridan biri. U erda turklar qadim-qadimlardan yashashadi. Keyin ko‘chib kelganlar yo‘q. Amir Timur kelgan paytda Afg‘onistonda turklar va mo‘g‘ullar hukmronlik qilishardi. Amir Timur 700-800 yil oldin edi, Afg‘onistonda ikki ming yil oldin ham turklar hukmronlik qilishgan. Ko‘shoniylar edilar, Teginlar edilar, Kobul Shohlar edilar, G‘uriylar edilar, G‘aznaviylar edilar,..Afg‘oniston turklar tamadduni markazlaridan biri bo‘ladi. Amir Timurning ham avlodlari bor. Hirotda. Chunki u erda 100 yil hukmronlik qilishgan, o‘sha erda xeshu qavmlari bor.

Bi-bi-si: Firdavs yana, “Bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburni boshqalar mo‘g‘ul va mo‘g‘ullar sulolasidan deb atashadi. Bunga etarlicha sabablar bormi? Maktab va institutda, kitoblarda ham Bobur mo‘g‘ul emas, o‘zbek bo‘lgan deb yozilgan-ku. Boshqalar uni nega mo‘g‘ul deb atashadi”, deb qiziqqan

Inoyatulla Shahroniy: Men buni komilan bilaman. O‘zbekistonga ham, Hindistonga ham borganimda, bayoniya berib, buni rad qildim. Bobur turk, Barlos qavmidan, Amir Timur avlodi. Afg‘onistonda turklarning nufusini pasaytirish uchun ataydan uni mo‘g‘ul, deb atashadi. Bu nohaq. Bu gaplar noto‘g‘ri. So‘zsiz, mo‘g‘ullar bilan qoni qo‘shilgan. Ammo otasi turk, hamma xeshu qavmlari turk. Toifasi turk. Amir Timur o‘zi turk.

Bi-bi-si: Firdavs eng so‘nggida, “Hozirda Afg‘onistonda yashayotgan o‘zbeklarning ta’lim olish, siyosatda tutgan o‘rinlari, iqtisod va boshqa sohalardagi ahvollari haqida nima bilasiz? Ularning hozirgi ahvollari oddiyginami yoki qanchalik yomon”, deb so‘ragan

Inoyatulla Shahroniy: Turklar qadim-qadimdan iqtisodda yaxshi bo‘lib kelishgan. Zahmatkashlar. Gilamdo‘zliklari bor, qorako‘l, ziroatlari bor, bular yaxshi. Ammo o‘tgan ikki asrdan buyon hukumat tomonidan o‘zbeklarga hech bir yordam berilgani yo‘q. Ularning ta’lim olishlariga ko‘mak berilgani yo‘q. O‘zbeklarning orasida iqtisodchimiz yo‘q, buyuk, buyuk olimlarimiz yo‘q, xorijda o‘qiydiganlar juda oz. Biz Afg‘onistonda ko‘p mahrumiyatlar ko‘rganmiz, lekin shunga qaramay, hammamiz Afg‘onistonni yaxshi ko‘ramiz.

Bi-bi-si: Suhbatimiz yakunida yana Buyuk Britaniyadan Timurning savollariga qaytsak. U kishi, menimcha, federalizmga oid maqolangizdan kelib chiqib, “Afg‘oniston kelajagida federalizm yoki parchalanishni ko‘rasizmi”, deb so‘ragan

Bi-bi-si: Pashtunlar etakchilik qiluvchi hukumat qudratda ekan, ular federalizm g‘oyasini qabul qilishmaydi. Chunki Turkiston ko‘p boy mamlakat. Viloyatlari bor, hamma narsasi bor. Vaqtiki federalizm bo‘lsa, ular o‘zlarining huquqlarini ololadilar. Va boshqalar ochroq qolishadi. Ammo pashtunlarda sarzamin yo‘qki, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishsa, tijorat qilishsa, ba’zi narsalari yo‘q…Ikki yarim asrdan buyon hokimiyat ularning qo‘llarida, uni osonlik bilan berib qo‘yishni istashmaydi. Vaqtiki federalizm bo‘lsa, tenglik bo‘ladi, adolat bo‘ladi va shaxsiy manfaatlar o‘rtadan ketadi. Shuning uchun ham ular federalizm g‘oyasini qabul qilishmaydi.

Bi-bi-si: Ammo aholisining milliy kelib chiqishiga qarab, kelajakda Afg‘onistonning parchalanib ketishi ehtimoli qanchalik?

Inoyatulla Shahroniy: Afg‘onistonning shimol va janubga ajralib ketishi ehtimoli bor. Agar pashtunlar Pokistonga qo‘shilishni istashsa yoki mustaqil bo‘lgudek bo‘lishsa, shunday bo‘lishi mumkin. Ammo buning ehtimoli judayam kam. Afg‘oniston shu holatda qoladi. Vaziyat esa, avvalgisidan ham yomonroq bo‘ladi, deb qo‘rqaman. Urushlar ko‘p bo‘ladi. Va yordam berishi uchun dunyoga ham imkon bermaydi…

Bi-bi-si: Eng so‘nggida mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat va kelajakdagi ijodiy ishlaringizga ham omadlar tilab qolamiz.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/interactivity/2012/11/121117_talkingpoint_inoyatullah_shahroniy.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: