O‘zbekiston: Taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudovning sog‘lig‘i yomonlashgan – bbc uzbek


24 noyabr 2012

Mamadali Mahmudovni borib ko‘rgan yaqinlari uning boshidan jarohatlangani va yurishga qiynalayotganini aytishgan

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, qamoqdagi taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudovning sog‘lig‘i yomonlashgan.

72 yoshli adib o‘tgan oy Chirchiqdagi qamoqxonadan Toshkentdagi mahbuslar davolanadigan “Sangorod” ga o‘tkazilgan.

Mamadali Mahmudovni borib ko‘rgan yaqinlari uning boshidan jarohatlangani va yurishga qiynalayotganini aytishgan.

Jumladan, o‘zbekistonlik muxolifat va inson huquqlari faoli Dilorom Ishoqovaning adib qizining so‘zlariga tayanib bildirishicha, “Mamadali Mahmudov qo‘rqinchli darajada ozib ketgan, ahvoli juda yomon va qon bosimi balandligicha qolmoqda”.

Suhbatdoshimizning aytishicha, qizi uchrashuvga borganida, otasini “Sangorod”ga o‘tkazishganiga yigirma kundan oshib qolganiga qaramay, zo‘rg‘a chiqqan.

“Mamadali akaning yonida qamoqxona nazoratchisi bo‘lgani uchun, ochiq bir narsa deyolmagan. Faqat yiqilib tushib, boshimning orqasi yorildi, degan. Shu darajada ahvoli yomon bo‘lganki, kasalxonaga olib kelib, o‘sha erda boshini tikishgan”, deydi faol.

Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, izoh so‘rashganida, qamoqxona mas’ullari ham yaqinlariga xuddi shu so‘zlarni takrorlashgan.

“Men borganimda, rafiqasi ham, qizi ham Mamadali Mahmudovning ahvolidan juda tashvishlanib, yig‘lab o‘tirishgan ekan. Ochiqcha gaplashishga qo‘yishmabdi. Shundan men bildimki, ular ham ishonishmayapti. Bosh yorilish darajasida shu qadar kuch bilan yiqilib, yigirma kun davomida kasalxonada yotishi….Hozir ham “Sangorod”da ekan Mamadali aka”, deydi u.

Yozuvchining, hatto, ozodlikda ekani chog‘ida ham nafas olishdan qiynalgani, qamoqxonada bu yanada avj olib ketgani, oshqozonida yarasi bo‘lgani, ochilib azob berishi, o‘tgan 12 yildan beri betob ekani aytiladi.

Qizining otasi bilan uchrashuvi tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, yurishga nihoyatda qiynalayotgani bois Mamadali Mahmudov o‘ziga hassa olib berib kelishlarini ham so‘ragan.

Tarixcha o‘rnida

Sho‘ro davrida “O‘lmas qoyalar” nomli romani bilan nom qozongan adib mustaqillik yillarida muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solih bilan aloqalari uchun ikki marta qamoqqa tashlangan.

Oxirgi marta u 1999 yil portlashlarida aybdor, deb topilib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mamadali Mahmudov mahkamada o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va qiynoqqa solinganini aytgan.

O‘zbekiston hukumati xalqaro tashkilotlar va adabiy jamoatchilikning yozuvchini ozod etish haqidagi talablarini e’tiborsiz qoldirib keladi.

Qamoqxonada adibning sog‘ligi yomonlashgani haqida bir necha marta xabar qilingan.

Adib va uning oilasini yaqindan bilgan faollarga ko‘ra, hozirga qadar Mamadali Mahmudovga nisbatan avf farmoni qo‘llanilmagan.

Kelasi yil fevral oyida unga berilgan 14 yillik qamoq jazosi rasman o‘z nihoyasiga etadi.

Dilorom Ishoqovaning biz bilan suhbatida aytishicha, yaqinlari Mamadali Mahmudovning, hech bo‘lmasa, shu yil avfga tushishiga umid qilishmoqda ekan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2012/11/121124_cy_jailed_uzbek_writers_health_detd.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: