Xalqaro Pen klub Mamadali Mahmudov ozod qilinishini talab qildi – ozodlik.org


Mamadali Mahmudov.

14.11.2012

Xalqaro PEN klub 15 noyabr – qamoqdagi yozuvchilar xalqaro kuni munosabati bilan o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudov qamoqdan ozod qilinishini O‘zbekiston hukumatiga yozgan maktubida talab qildi.

15 noyabr qamoqdagi yozuvchilar xalqaro kuni sifatida 1981 yildan beri nishonlanib kelinadi.

Qamoqlarda qiynalayotgan yozuvchilarga hamdardlik bildirish va ularning ozod  qilinishiga erishish maqsadida Xalqaro PEN klub tashkiloti bu kunni qamoqdagi yozuvchilar kuni deb e’lon qilgan.

Xalqaro Pen klub tarafidan qamoqdagi yozuvchi sifatida huquqlari himoya qilinayotgan yozuvchilardan biri Mamadali Mahmudovdir.

72 yoshli yozuvchi Mamadali Mahmudov Toshkentdagi 1999 yilgi fevral portlashlariga aloqadorlikda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

ko’chirish

Xalqaro Pen klub yillar mobaynida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nomiga murojaatnoma yo‘llab, undan taniqli o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudovni zudlik bilan qamoqdan ozod etishni talab qilib keladi.

Qamoqdagi yozuvchilar kunida hozir tutqunlikda qolayotgan yozuvchi Mamadali Mahmudov bilan birga qamoqda o‘tirganlar va u kishining yaqinlariga mikrofon tutdik.

Yozuvchining uchta farzandi va ettita nevarasi bor. Uning oilasi O‘zbekiston huquq­tartibot idoralarining doimiy nazorati ostida. O‘g‘illari otalari tufayli ishga joylasha olmayotganini aytishdi.

13 yildan beri qamoqda qolayotgan Mamadali Mahmudovning salomatligidan xavotir bildirgan uning qizi 40 yashar Vatan Mahmudova otasidan faxrlanishini aytadi:

– Otam bilan faxrlanaman. U kishi qamoqda bo‘lsa ham asarlari ingliz va frantsuz tillarida chiqdi. Tezroq qamoqdan qutulib, nabiralari yoniga qaytsin,- deydi yozuvchining qizi.

1940 yilda tug‘ilgan Mamadali Mahmudov, (tahallusi Evril Turon) O‘zbekiston Madaniyat jamg‘armasining sobiq raisidir.

Bir guruh o‘zbek ziyolilari tashabbus guruhi bilan tuzilgan va 1989 yildan 1993 yilgacha faoliyat yuritgan “Turkiston” harakatining etakchisi Mamadali Mahmudovni 1999 yil 26 fevral’ kuni hibsga olishgan edi.

Bundan oldin Mamadali Mahmudov 1993 yili hibsga olingan edi. O‘shanda yozuvchi bilan qamoqda birga o‘tirgan yozuvchi, Xalqaro yozuvchilar parlamenti a’zosi Safar Bekjon uning millat taqdiri borasidagi suhbatlariga oshno bo‘lganlardan biri.

Safar Bekjonga ko‘ra, yozuvchi Mamadali Mahmudov sovet davrida ham qatag‘onga uchragan yozuvchidir:

– 1982 yili “Sharq yulduzi” jurnalida uning “O‘lmas qoyalar” romani chiqdi. Romanda Rossiya ishg‘oli o‘sha davr kon’yunkturasidan farqli tarzda ifoda qilingan,- deydi Safar Bekjon.

Ma’lumki, Mamadali Mahmudov o‘zining “O‘lmas qoyalar” asari uchun sovet davrida ta’qibga uchragan, ammo keyinchalik yozuvchiga bu asari uchun Cho‘lpon mukofoti taqdim qilingan.

O‘zbek qamoqxonasida mahbus bo‘lgan va hozir Norvegiyada siyosiy qochqin maqomida yashovchi Maqsud Bekjon Mamadali Mahmudov asarlaridagi milliy rux haqida gapirar ekan, yozuvchining zudlik bilan ozod qilinishi zarurligini urg‘uladi.

Mamadali Mahmudov qamalganidan buyon bir qator mahalliy va halqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatidan uning ozod qilinishini so‘rab kelayapti.

Biroq rasmiy Toshkentning bu kabi murojaatlarni inobatga olish niyati yo‘qday ko‘rinadi.

Bu vaqt davomida o‘zbekning romani Frantsiya va Britaniyada chop etildi.

Britaniyaning Edingburg shahrida shu yil boshida o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Mamadali Mahmudov asarlaridan namunalar o‘qib eshittirilgan edi.

1999 yil fevralidagi Toshkent portlashlariga aloqadorlik ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Mamadali Mahmudov yaqinlari bilan uchrashganida 7-8-asrlardagi arablar bosqiniga bag‘ishlangan tarixiy romanni turmada yozganligini aytgan.

Ayni paytda, bu roman turma ma’muriyati tarafidan olib qo‘yilgani ham aytilmoqda.

 

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24770956.html

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: