Namangandagi “Isfarxon” savdo markazini qora niqoblilar bosdi – ozodlik.org


Namangan shahri markazidagi “Isfarxon” savdo markazi do‘konlarini 14 avgust kuni avtomatlar bilan qurollangan “qora niqobli”lar yordamida soliqchilar, bojxonachilar bosdi. Tadbirkorlar ayni muborak Ramazon oyida so‘z-so‘roqsiz zir qaqshatilganidan shikoyat qilib, bozordan kamida 30 ta KamAZ mashinalarida tadbirkorlar mollari olib chiqib ketilganini aytishdi.

Bir necha yildan beri bozorlarga reyd uyushtirayotgan “qora niqoblilar” qaysi idoraga doir ekani hamon noma’lum.

Sadriddin Ashur

16.08.2012
Namangan shahri markazidagi “Isfarxon” savdo markazini 14 avgust kuni qora niqoblilar bosgani haqidagi xabarni o‘sha erda savdo qiladigan tadbirkorlardan biri Ozodlikka etkazdi:

– Ulug‘ ayyom kunlarida xalqni qaqshatib ketishdi. 14 avgust ertalab birdaniga “Isfarxon”ga yuz-ko‘zi ko‘rinmaydigan qora niqobli, avtomat bilan qurollangan odamlar bostirib keldi. Ular do‘konlardan xaridorlarni chiqarib yubordi. Keyin soliqchilar, korruptsiya (korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari-tahr.) kirib keldi. Ichkarida faqat do‘kon egalari qoldi, xolos,- deydi ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkor.

Uning aytishicha, tadbirkorlarning mollari qaroqchi talaganday olib chiqib ketilgan:

– Bu savdo markazida 100 dan ortiq tadbirkorlar talandi. Orgtexnikalar, kiyim-kechaklar, gazlamalar, umuman sanoat mollari bilan savdo qilishardi. Hech narsa qolmadi. Mening taxminiy hisobimcha kamida 30ta “KamAz”da kechgacha yuk olib chiqib ketildi,- deydi tadbirkor.

​​Suhbatdoshga ko‘ra, ko‘pchilik tadbirkorlar hayit arafasida savdo yaxshi bo‘ladi deb, do‘konlarini mol bilan to‘ldirib tashlashgan bo‘lgan:

– Ularni kecha ko‘rib rahmim keldi. Sho‘rliklar olib ketilayotgan mollariga tikilib o‘tirishibdi, yig‘lashyapti, biroq qo‘llaridan hech narsa kelmaydi. Tushdan keyin ayol tadbirkorlar janjal ko‘tardi, oynalarni sindirishdi. Keyin militsiya xodimlari kelib, ularni tarqatib yubordi,- deydi tadbirkor.

Isfarxon savdo markazi yaqinida yashaydigan 68 yoshli Muhammadjon akaning aytishicha, “qora niqobli”lar birdaniga quyunday yopirilib kelib, bir zumda hammayoqni tiktkilab tashlagan:

– Juda yomon bo‘ldi. Kamaz-kamaz tashishdi. Bir gazlama sotadigan qo‘shnim bor edi. Sho‘rlikni bitta ham molini qoldirmabdi. So‘ramay-netmay hammasini olib chiqib ketishibdi,- deydi Muhammadjon aka.

Joriy yilning 26 iyul kuni Toshkent viloyatining “Quyoshli” posyolkasidagi kantselyariya mollari bilan savdo qiladigan ulgurji bozorni kuchaytirilgan militsiya guruhi yordamida soliqchilarning “Bozor guruhi” bosgan edi.

Namangandagi “Isfarxon” savdo markazini “qora niqobli” avtomatlilar yordamida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan “Bozor guruhi” bosgani taxmin qilinmoqda.

Bu kabi reydlardan maqsad O‘zbekistonga mollarning kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishiga qarshi kurash ekani aytiladi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan “Bozor guruhi” keyingi bir-ikki yil ichida mamlakatdagi bir qancha savdo markazlari va bozorlarga shu paytgacha qaysi idoraga qarashli ekani aniq bo‘lmagan “qora niqobli” guruh yordamida reydlar uyushtirgan edi.

Joriy yilning yanvar oyida “qora niqoblilar”, Toshkentdagi Chinni bozorini bosgan edi.

So‘nggi uch yil ichida O‘zbekistondagi yirik bozorlarga huquq-tartibot idoralarining “qora niqobli” maxsus kuchlari tomonidan bir necha bor reydlar uyushtirildi.

2011 yilning 16 sentyabr kuni Toshkentdagi “Malika” savdo markazida “Qora niqoblilar” guruhi reyd o‘tkazib, “Chigo” va “Metro” do‘konlarining hamma tovarini musodara qilgan edi.

2011 yilning 17 iyul kuni qora niqobli “sirli kuchlar” Urganch shahridagi savdo uyida reyd o‘tkazgan edi.

“Qora niqoblilar” 2011 yilning 16-17 iyun kunlari Yangiyo‘l shahridagi restoranlar va buyum bozorini bosgan.

2011 yilning 2 mart kuni Toshkentda bu guruh Bojxona, Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi bilan birga, “Turkuaz” shirkatiga qarashli do‘konlar joylashgan savdo uyiga reyd uyushtirgan edi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24678775.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: