‘Suriya isyoni Yaqin Sharq davlat chegaralarini o‘zgartirishi mumkinmi?’ – bbc uzbek


10 avgust 2012

Suriyadagi kurd faollari Turkiya bilan chegaradagi shahar ustidan nazoratni qo‘lga olganlar.

Suriya boshboshdoqlik girdobiga cho‘mib, parchalanish yoqasiga kelib qolarkan, bundan aksar Kurdlarning yutib qolish imkonlari kuchaymoqda.

Ammo ko‘p millionli kurdlar yashovchi qo‘shni Turkiya voqealar rivojidan chuqur tahlikada.

Suriya aholisining 10% kurdlar. Ular mamlakat shimolida, Turkiya chegaralarida yondosh mintaqalarda yashashadi.

Ozchilik bo‘lsa-da, uzoq yillar Curiyani boshqarib kelayotgan shia alaviy elitasi boshqa sunniy arablar kabi, kurdlarni ham hokimiyatga yaqin yo‘latmagan.

Ammo agar Bashar al-Assad tuzumi qulatilsa, Suriya kurdlari bu o‘zgarishdan eng ko‘p manfaat topadigan jamoa bo‘ladi, degan qarashlar kuchli.

“Suriya parchalanmoqda va Assad oilasi boshqaruv davridagi holatida qayta birlashishi ehtimoli juda kam” – deydi Amerikalik siyosatshunos Aron Devid Miller.

Davlatsiz millat orzulari

Hamon o‘z davlatiga ega bo‘lmagan mintaqadagi eng yirik millat – kurdlar esa hozirgi voqealar ortidan kattaroq muxtoriyat va ko‘proq haq-huquqlarni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘lishlari mumkin.

“Bundayin imkoniyat yuzaga keldi, deguncha qo‘shni Iroq va Turkiyadagi kurdlar ularni dastaklashadi” – deydi Aron Devid Miller – “Ammo Suriya ichida bundayin bir kurd davlatchasi paydo bo‘lishiga Turkiya tish-tirnog‘i bilan qarshi”.

“To‘g‘ri, Suriya kurdlari mustaqil davlat tuza olishmasa kerak. Chunki AQSh ham, Xalqaro hamjamiyat ham buni qabul qilmaydi” – deydi olim – “Biroq Iroq kurdlari mustaqil hududga ega bo‘lish yo‘lida qattiq harakat qilishmoqda”.

Turkiya Suriyani Kurdiston Ishchi partiyasini dastaklaganlikda ayblaydi.

Iroqdagi millatdoshlarining intilishlari Suriya kurdlarini rag‘batlantirishi tabiiy. Ayni damda turli kichik-kichik Kurdistonlarga toqat qila olmaydigan Turkiya o‘z ichida PKK kurd bo‘lginchilari partiyasi yanada kattaroq boshog‘riqqa aylanishidan xavotirda.

Chunki Suriyadagi kurdlar hozirgi inqiroz ortidan nimaga erishib yo erishmasliklari, butun mintaqa va undan tashqarida ro‘y berajak siyosiy o‘zgarishlarni belgilashi mumkin.

O‘zgalar chizgan chegaralar

Britaniya va Frantsiya 1916 yili Usmonli Turk saltanatini parchalash uchun maxfiy kelishuvga boradilar.

Shu asno turklar boshqaruvidagi Livan hududlari Frantsiya va Britaniya boshqaruvidagi mintaqalarga bo‘lib tashlanadi. Bu hududlar asosida keyin yangi davlatlar – Suriya, Livan, Iroq va nihoyat Isroil tashkil topadi.

Ammo buyuk qudratlar ta’siri va qarorlari ortidan yuzaga kelgan Yaqin Sharq xaritasi mintaqada hech kimni to‘la qanoatlantirmagan.

Turklar o‘zlari boshqargan yirik hududlarni yo‘qotishdi. Arablar orzu qilgan yagona va qudratli arab davlati istagi chippakka chiqdi.

Biroq eng ko‘p yutqizganlar – kurdlar edi. Mintaqadagi ko‘p millionli bu millat o‘z milliy davlatiga ega bo‘lolmadi.

Balki kurdlar aksar Turkiya, Iroq, Suriya va Eron o‘rtasida bo‘linib, bir-birlaridan ajralib qoldilar.

Lekin bu voqelik endi o‘zgarayotgandek.

Saddam Husayn qulatilishi ortidan Iroq shimolidagi kurdlar Iroq Kurdistoni tuzishdi va amalda muxtoriyatga erishdilar.

Iroq Kurdistoni neftga boy va bu kurdlarning iqtisodiy ahvoli yaxshilanaversa, shaksiz, qo‘shni mamlakatlarda qiyinroq sharoitda yashayotigan kurdlarning mustaqillik va muxtoriyat umidlari ham kuchayib boraveradi.

Iroq Kurdistoni esa bugun nisbatan farovon va barqaror mintaqa sanaladi.

“Suriyadagi isyonlar natijasida bu erdagi kurdlar ham Iroqdagi millatdoshlari kabi muxtoriyat poydevorini quyishmoqda” – deydi Londondan tahlilchi Favaz Girgiz.

Bu voqealar Turkiyada xavotirlarni juda oshirmoqda. To‘g‘ri, Turkiya kuchli davlat. Ammo kurdlar yashovchi qo‘shni o‘lkalarda davlat zaiflasharkan, u erlardagi kurdlar ko‘proq muxtoriyat olishadi. Bu esa har qanday kuchli davlatni ham xavotirsiz qoldirmaydi.

Ayniqsa, Iroq va Suriyadan keyin Eronda ham katta sonda kurdlar yashashi hisobga olinsa… Eron esa bugun AQShning “qora ro‘yxatida” turgan davlat.

“Kurdlar yashovchi bir-ikkita mamlakat zaiflashsa, ular istqomat qiladigan davlatlar birgalikda qo‘llab kelgan kurdlarni jilovlash choralari ham zaiflashadi yo hatto butunlay barbod bo‘ladi” – deydi Isroildan kurdshunos professor Ofra Bengio.

“Kurdlar esa qonunga rioya etishlari va diniy ekstremizmga unchalik ko‘p aralashmagani bois AQSh va G‘arbning ko‘nglidan joy topishgan. Xullas, G‘arb kurdlarni qo‘llashi mumkin”.

Eng katta tashvish Turkiya boshida

Suriyadagi kurdlar o‘zlarining uzoq vaqtdan buyon hukumat tomonidan tahqirlanib kelayotganidan shikoyat qiladilar.

Kurd masalasidan eng katta xavotirga tushadigan mamlakat bu – Turkiya.

Chunki kurdlarning eng ko‘p qismi Turkiya janubiy-sharqiy mintaqalarida yashashadi.

So‘ngi paytlarda esa Turkiyadagi PKK kurd bo‘lginchilari harakatlari ham kuchaygan.Suriyadagi kurdlar esa aynanTurkiyadagi PKK bilan jips aloqada.

Umuman, Suriya kurdlari Bashar al-Assad hukumatini qanchalik yomon ko‘rishsa, hozir bu tuzumga qarshi urushayotgan Suriya arab isyonkorlarini ham shunchalik xushlashmaydi.

Buni bilgan Turkiya esa hozir o‘z sarhadlaridan tashqaridagi kurd harakatlarini jilovlash uchun qo‘lidan kelgan barcha diplomatik va siyosiy qadamlarga borishi mumkin.

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, nima bo‘lmasin, ushbu mintaqadagi kurd masalasi hech qachon hech qaerga ketmaydi. .

Kurdistonning tug‘ilishi?

Suriyadagi notinchliklardan qochgan kurdlar Iroq Kurdistonidan boshpana topishgan.

“Hali yirik Kurdiston haqida gapirishga juda erta” – deydi olim Favaz Girgiz –“Ammo Turkiya, Iroq, Suriya va Eron kurdlari qalbi va shuurida birga yashash orzusi chuqur o‘rnashgan”.

Olimga ko‘ra, Suriya kurdlarining qanday yo‘l tutishlari barchaga tanish hozirgi Yaqin Sharq qiyofasini o‘zgartirishi mumkin.

“Yaqin Sharqdagi juda ko‘plab hozirgi muammolarning ildizi Britaniya va Frantsiya o‘rtasidagi 1916 yilgi maxfiy kelishuv natijasidir” – deydi professor Girgiz –“Falastin va Kurd masalalari bunga misol”.

“Chizib berilgan milliy chegaralar muayyan millat vakillari tasavvuridagi va yo ular istagan tabiiy chegara emas”.

Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharq xaritasini o‘zgartirish harakatlari hozirgi yirik qudratlar tarafidan norozilik bilan qarshilanishi mumkin.

“Mabodo agar mintaqa davlatlari chegaralari o‘zgarishlarga yuz tutsa, unda yangidan-yangi nizolar uchun shart-sharoit yaratiladi”.

Suriya baribir Iroq emas

Ammo Suriya kurdlari vaziyati Iroq kurdlaridan ancha farq qiladi. Mazkur farqlar ularning ajralib chiqib ketishlari yo‘lida to‘siq bo‘lishi mumkin.

“Suriyaning hech erida kurdlar ko‘pchilik emas, shimoldagi “kurd mintaqalarida” ham ular nari borsa 30-40% tashkil etadi” – deydi AQShlik suriyashunos Joshua Landis –“Ular yonida ko‘pchilik sunniy arablar yashashadi”.

Biroq Suriyani boshqarib kelayotgan Assad oilasi va atrofidagi elita shia alaviylaridir.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko‘ra, Suriya shimolidagi ko‘pchilikni tashkil etuvchi sunniy arablarni zaiflashtirish uchun ham Bashar al-Assad hozir u erdagi kurdlarni o‘z holiga tashlab, kuchlarini ko‘rsatishlariga imkon yaratib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

Zotan, shimoliy Suriya juda neftga boy va mamlakat iqtisodi uchun juda muhim.

Qizig‘i shundaki, kurdlar va turklar orasida ham shia alaviylar ozmuncha emas.

Ammo Suriyaning alaviy prezidenti Bashar al-Assad hozir o‘ziga qarashli alaviy jangarilariga katta e’tibor qaratayotgani aytiladi.

Professor Landisning fikricha, Assad Suriyani boy berishi mumkin, lekin u hali siyosiy sahnada muhim o‘yinchi bo‘lib qolishi ehtimoli ham katta.

“Chunki Assadning alaviy ozchilik jamoasi baribir Suriyada saqlanib qolaveradi”

“Bu – endi Suriyaning kelajagi. Livan shunday edi, Iroq shunday bo‘ldi”.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/world/2012/08/120810_syria_kurds.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: