QIZLAR TARBIYASI – DOLZARB MUAMMO – uzxalqharakati.com


Chorshanba, Iyul’ 4th, 2012

Respublikadagi mashhur xususiy nashrlardan biri “Darakchi“ gazetasining o‘tgan yilgi sonida shunday maqola chop etilgan edi. Xorazmdan gazetaga maktub yo‘llagan ona quyidagi voqea haqida yozadi:

“Qizim 16 yoshda. U taniqli san’atkor Anvar Sanaevni nihoyatda yaxshi ko‘radi. Shu darajada yaxshi ko‘radiki, u dars tayyorlashni va uy ishlariga yordam berishni ham unutib qo‘ygan. Asosiy mashg‘uloti xonandaning telefon raqamlarini va yashayotgan manzilini axtarish, unga qo‘ng‘iroq qilish, va xonandaga xat yozishdan iborat. Xonasining hamma burchagida Anvar Sanaevning suratlari. Qizimni maktabga majburlab yuborsak ham, darsga kirmaydi, tushlik uchun bergan pulimizga xonandaning interv’yusi bosilgan gazetani yoki bironta rasmini sotib oladi va uyga qaytib kelib, xonasiga qamalib ertayu-kech o‘sha gazetani o‘qiydi.

O‘tgan kuni jahlim chiqib, uning xonasidagi barcha suratlarni yirtib tashladim. Bundan xafa bo‘lgan qizim o‘z joniga qasd qilib, dori ichibdi. Uning hayotini zo‘rg‘a saqlab qoldik. Hozir kasalxonada yotibdi. Men qilgan ishimdan juda pushaymonman. Necha martalab kechirim so‘rasam-da, qizim mening kechirimimni qabul qilmayapti. Qaytaga, qishloqda gap-so‘zga qoldik.

Sizlardan iltimos, menga qizim bilan yarashib olishim uchun sevimli xonandamiz Anvar Sanaevning portretini yuborsangiz. Sizlardan iltimos qilaman, chunki qizimning ahvoli og‘ir. U hech kim bilan gaplashishni xohlamayapti, faqatgina Anvar Sanaevga muxlislik qiladigan dugonalari kelsa, chehrasi ochilib ketadi. Shuning uchun qizimni hayotga qaytarishning yagona yo‘li sevimli xonandaning portretini topib, yana joyiga qo‘yib qo‘yish. Iltimosimni inobatga olarsizlar degan umiddaman”.

Maktub oxirida nodon onaning manzili, hatto telefon raqami ham bor. Fikri teran inson bunday xat yozmasligi aniq. Eng muhimi, gazetaning bu maktubga javobi “o‘lganning ustiga chiqib tepish“ bo‘lgan, ya’ni gazeta muharririyati onani yupatib, telefon orqali mashhur xonanda Anvar Sanaev bilan bog‘lanishganini, yaqin orada xonanda o‘z portretini Xorazmga yuborishni va’da qilganini faxrlanib bildirganini o‘qib, har qanday odam yoqasini ushlaydi.

Axir, xorazmlik o‘sha baxtsiz ona ham qizi bilan birga davolanishi, qiz bola tarbiyasi haqidagi noto‘g‘ri qarashlardan xalos bo‘lishi, agar “ Darakchi“ gazetasi ijodiy xodimlarida ozgina aql farosat, yoshlar tarbiyasi oldida mas’uliyat tuyg‘usi bo‘lsa, o‘sha ona va qiz ruhshunosga murojaat qilishi zarurligini aytish o‘rniga o‘rtada vositachilik qilib, xonanda Anvar Sanaevdan portret so‘raydimi?

Axir, bugun bitta artistning surati uchun o‘z joniga qasd qilgan qizni ertaga kim kelin qiladi? Agar birov kelin qilganida ham o‘sha xonadonning afsus chekmasligiga, bugun o‘zi tanimagan xonandaning surati uchun har qanday sharmandalikka tayyor turgan qizning risoladagidek kelin bo‘lib qaynona-qaynotaning xizmatini qilishiga kim kafillik beradi?

Albatta, bu kabi muammoli savollar maqsadi faqat foyda ko‘rishdan iborat bo‘lgan “Darakchi”singari xususiy gazetalarni mutlaqo qiziqtirmaydi. O‘z navbatida maktab yoki mahalla ham yuqoridagiga o‘xshagan voqealarni “ko‘rib ko‘rmaslikka olishni ma’qul ko‘radi.”Aslida, Anvar Sanaevdek mashhur san’atkorga bu kabi arzon reklama umuman kerak bo‘lmasa kerak.

Xuddi, o‘zbek qizlarining ko‘ngilchanligi, ishonuvchanligi va soddaligidan kimdir foydalanayotganga o‘xshaydi. Faqat o‘sha foyda ortidan quvayotganlar bu kabi uyatsiz mavzular bilan o‘zbek millatining sha’nini erga urayotganligini, turli bo‘lmag‘ur narsalar bilan o‘smir qizlarni chalg‘itish jinoyat ekanligini anglab etsalar yaxshi bo‘lardi.

 

Zulxumor

http://www.uzxalqharakati.com/archives/11501

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: