“O‘zbekiston hamkorlarni o‘zining shaxsiy manfatlaridan kelib chiqib almashtiradi” – bbc uzbek


1 iyul 2012

O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan ilgari ham chiqib ketgan

Rossiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Grigoriy Karasin O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Ziyodulla Po‘latxo‘jaev bilan telefon orqali suhbatlashgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi veb sahifasidagi xabarda aytilishicha, shanba kuni kechgan muloqot chog‘ida “ikki tomonlama hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama etilgan”.

Juma kuni O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotidagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida tashkilotga rasmiy nota yo‘llaganini tasdiqlagan edi.

O‘zbekistonning MDH doirasidagi xavfsizlik tashkilotidan chiqishi Rossiya matbuotining bosh mavzularidan biriga aylangan.

Rossiyaning Avrosiyo hududida integratsiyani chuqurlashtirish sa’y – harakatlariga sezilarli zarba berildi, deb yozadi Kommersant ro‘znomasi.

Nashrning diplomatik manba’lariga ko‘ra, O‘zbekistonning ikki tomonlama hamkorlikni afzal ko‘rishi haqida keltirgan vaji ishonarli emas.

Kommersant suhbatlashgan ekspertlar Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotidan chiqish qarori ortida Toshkentning Vashington bilan o‘z hududida AQSh bazasini ochishga doir kelishuvi turganiga ishonishadi.

Ro‘znoma o‘zbek tomoni o‘z qarorini tasdiqlagani, ammo uni izohlamaganiga e’tibor qaratadi.

Ayni paytda Kommersantning O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligidagi manba’si ushbu qadamni mana bunday tushuntirgan.

” Bizni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining afg‘on yunalishidagi faoliyati qoniqtirmaydi. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama hamkorlikni afzal biladi. Bundan tashqari, Toshkentga ODKBga a’zo davlatlar orasida harbiy hamkorlikni kuchaytirish rejalari ma’qul emas. Yana bir qator sabablar bor. Ularning hammasi rasmiy notada keltirilgan”, deb aytgan Kommersantning O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligidagi manba’si.

Munosabatlarning sovuqlashishi

Ro‘znomaga ko‘ra, Toshkentning ODKBdan chiqish qarorini butunlay kutilmagan, deb bo‘lmaydi.

1999 yilda tashkilotdan bir marta chiqib bo‘lgan O‘zbekistonning AQSh bilan harbiy hamkorligining eng yuqori nuqtasi Qarshidagi Xonobod bazasining ochilishi edi, deb yozadi Komersant.

Ammo ko‘p o‘tmay Andijonda hukumat kuchlari tomonidan bostirilgan g‘alayonlar, uning ortidan esa g‘arb bilan aloqalarning sovuqlashuvi yuz berdi.

2006 yilda Toshkent ODKBga qaytdi, Amerika harbiylari esa Xonobod bazasini tark etdilar.

Ammo, deb yozadi Kommersant, garchi O‘zbekiston 2006 yilda tashkilotga a’zoligini qayta tiklagan esa-da, oxirgi yillarda ODKB doirasidagi tadbirlarda qatnashishdan bosh tortib keldi.

O‘tgan yili kuzida esa Toshkent ODKB a’zolarining bir ovozdan gapirishi kerakligini nazarda tutuvchi kator hujjatlarni imzolamadi.

ODKBning o‘sha paytdagi raisi bo‘lgan Belarus prezidenti hatto Uzbekistonni tashkilotdan chikarishni talab kildi.

Ammo Kommersantga ko‘ra, shu yil iyunida Putin Toshkentga borib Prezident Karimov bilan qator hujjatlarni imzolagan payt ko‘pchilik ikki rahbar oradagi farqlarni bartaraf etishdi, deb o‘ylagan edi.

Ammo O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining notasi unday emasligini ko‘rsatdi, deb yozadi Kommersant.

Ro‘znomaning ma’lumoticha, hozirda Moskvada Toshkent qo‘ygan qadamning oqibatlari qanday bo‘linishi o‘rganilayapti va boshqa a’zo davlatlar bilan birgalikda o‘zbek tomonining qaroriga munosabat ishlab chiqiladi.

Izvestiya ro‘znomasining yozishicha, Kolektiv Xavfsizlik Tashkilotining o‘zi Toshkentning tashkilotdagi faoliyatini to‘xtatganini rasman e’lon qilishga shoshilmayotir.

ODKB matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinovning Izvestiyaga aytishicha, Toshkent bu borada bir tomonlama qaror qabul qila olmaydi va shuning uchun xam hali tashkilot bu borada hech qanday qaror olgani yo‘k.

“Tashkilotning nizomiga ko‘ra, a’zolikdan chiqish xaqida olti oy avval bildirilishi lozim.

A’zolikni to‘xtatish faqat ODKB Kengashi tomonidan a’zo davlat nizom xolatini bajarmagani taqdirdagina mumkin bo‘ladi”, deb aytgan Kollektiv Xavfsizlik Tashkiloti mulozimi.

Murakkab aloqalar

Moskvadagi MDH instituti direktori Konstantin Zatulinning MK. ru nashriga aytishicha, Prezident Karimov hamma vaqt o‘zgaruvchan tashqi siyosat yuritib kelgan.

“U strategik hamkorlarni o‘zining shaxsiy manfatlaridan kelib chiqib almashtiradi”, deb aytgan janob Zatulin.

RBK Deyli ruznomasi Rossiya Federatsiya kengashininng tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Mixail Margelovning fikrlarini keltiradi.

O‘zlarini O‘zbekistonning do‘stlari, deb atagan janob Margelovga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan murakkab aloqalarga ega.

“Biz, O‘zbekistonning xaqiqiy do‘stlari har doim ODKB ushbu Markaziy Osiyo davlatining chegaralarida barqarorlikni ta’minlaydi va uni kutilmagan geosiyosiy voqealardan asraydi, deb o‘ylaganmiz”, degan Rosiya Federatsi Kengashining mulozimi.

Moskvadagi PIR-Tsentrning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Vadim Kozyulinning RBK. ru nashriga aytishicha, O‘zbekiston uz hududida AQShning harbiy bazasiga ega bulishiga umid qilmokda.

” AQSh hoynahoy, O‘zbekistonni o‘zining strategik itifoqchilari ro‘yxatiga kiritadi, moliyaviy va harbiy yordam beradi,xavfsizlikni kafolatlaydi va inson huquqlarining buzilishiga ko‘z yumadi”, deb aytgan moskvalik tahlilchi.

O‘zbekistonning ODKBdan chiqmayotgani, balki undagi faoliyatini to‘xtataeyoganiga e’tibor qaratgan yana bir tahlichi Aleksandr Knyazev buning sababini tashkilotning samarasizligi bilan tushuntiradi.

Unga ko‘ra, Toshkentning ODKBdan noroziligining sabablaridan biri 2010 yil iyunidagi O‘sh voqealari chog‘ida tashkilotning xech kanday chora ko‘rmagani bo‘lishi mumkin.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2012/07/120701_cy_russia_odkb.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: