Muhammad Solih: SAFSATALAR O‘LIMI (O‘XH Qurultoyidagi nutq) – uzxalqharakati.com


Shanba, Iyun’ 30th, 2012

Birinchi safsata haqda  biz  o‘tgan maqolalarimizda aytgandik. Aytilganlarga yana shularni ilova  qilish mumkin: Zulmga  qarshi tinch yo‘llar bilan  kurashish tarafdorlari iddaolarini bu jabhada o‘z faoliyatlari bilan mashhur bo‘lgan bir nechta shaxs tajribasiga qurganlar. Ulardan bittasi, albatta-ki, Maxatma Gandi bo‘ladi. Ammo bu toifaga  qo‘shib sanaladigan boshqa arboblar esa, aslida, o‘sha kurash uslubini  umrlarining bir qismida qo‘llab, keyin voz kechgan insonlar.

Buning eng yorqin timsoli bugun demokratlarning tilidan tushmaydigan Nelson Mandeladir.

Nelson Mandela yoshlik  yillarida Maxatma Gandi ta’sirida bo‘lganligi ma’lum. Lekin Mandela bu kurash uslubining o‘sha davrdagi Janubiy Afrikadagi mavjud siyosiy iqlimda mutlaqo samarasiz ekanligini tezda angladi.

Ilohiy kinoya shundan iborat edi-ki, aynan shu tinch yo‘l bilan kurashish uchun maydonga chiqqan davrda (1956 yil dekabr) Mandela va uning 150 nafar safdoshi “Vatanga xiyonat va hokimiyatni zo‘rovonlik bilan ag‘darishga tashabbus” aybi bilan hibsga olindi!..

1959 yilda bir guruh zanji “afrikachilar” Apparteid rejimiga qarshi radikal kurashishni talab qilib, Afrika Milliy Kongressi (AMK) bilan aloqalarini uzdilar.

1961 yil Mandela nihoyat Afrika Milliy Kongressi(AMK)ning “Millat nayzasi” deb atalgan qurolli qanotiga rahbarlik qilib saylandi. Va bu guruh qisqa muddatda mavjud hukumat va harbiylarga qarshi sabotaj siyosatini boshladi. Bu faoliyat ham samarasiz bo‘lsa, Aparteid rejimiga qarshi partizan urushiga o‘tish rejalangandi.

Mandela bu davrda harakatga xorijiy mamlakatlardan moddiy yordam  oldi va “Millat nayzasi”ning a’zolari bilan g‘ayrinizomiy shaklda harbiy mashqlar o‘tkazib, muhtamal urushga hozirlandi.

Mandelaning fikricha, qurolli kurash so‘nggi chora edi. Davlat tarafidan o‘tkazilayotgan  repressiyalarning yildan-yilga kuchayib borishi bu zulmga karshi tinch yul bilan kurashishning imkonsiz ekanini va kutilgan natijani bermasligini ko‘rsatdi.

Endi siz Karimov rejimi bilan 22 yil davomida tinch yul bilan samarasiz kurashib, “22 yil davomida nima qildingiz?” degan xoinona dashnomlarga ma’ruz qolayotgan O‘zbek muxolifatining ahvolini tasavvur qiling!

Bizda ham xuddi yuqorida ko‘rsatilganidek, davlat repressiyalari yildan-yilga kuchayayotgani yo‘qmi?

Bu zulmga qarshi tinch yul bilan kurashishning imkonsiz ekanini va kutilgan natijani bermasligini biz ham ko‘rmayapmizmi?

O‘zbek muxolifati ham tug‘ilgan kunidan boshlab “Konstitutsion tuzumni zo‘ravonlik bilan ag‘darishga tashabbus” aybi bilan qoralanayapti-ku!

Ha, bu endi bizning qismatimiz kinoyasi.

Biz Karimov rejimini zo‘ravonlik bilan ag‘darish niyatmiz yo‘qligi hech isbot qila olmadik.

Yo‘q narsani, mavjud bo‘lmagan narsani qanday isbot qilasan?

Lekin bizdan hech birimiz “Karimov rejimi aparteid rejimidan ming karra battar va  bu zulmga qarshi qo‘lga qurol olib kurashish biz uchun halol”, deya o‘rtaga chiqmadik.

2005 yil Andijonda o‘qqa tutilgan minglarcha tinch namoyishchining o‘limini TVda tomosha qilgan London shahar meri hayajonlanib, “Karimov rejimiga o‘xshagan rejimlarga qarshi fakat qurol bilan kurashish lozim”, deganida G‘arb liberallari teran bir sukutga cho‘kkan edi.

Bu “zo‘ravonga qarshi nozo‘ravon yo‘l bilan kurashish” safsatasiga urilgan ilk ochiq zarba bo‘ldi.

Ammo bu zarbaning zalvorini ko‘plar his etmadi, diktatorlar esa umuman pisand qilmadi.

Kuchli va qaqshatqich zarbani “Arab bahori” berdi. Va bu zarba dunyo zolimlariga qarshi qurolli mujodalani bir onda mashru’ qildi.

Demokratiya va islomning bir makonda yashab-yashamasligi xususiga kelsak, shuni aytish mumkinki, arab dunyosida boshlangan inqiloblarning ilk bosqichida siyosiy chayqalish hududiga kirgan bu o‘lkalarning istiqboli qanday bo‘lishi mumkinligi haqda bashorat qilishga hech kim jur’at eta olmagandi.

G‘arb birdaniga yuz bergan bu global kataklizmani mushohada etib, yiqilayotgan  bu rejimlarni qaytadan isloh qilish strategiyasini  taqdim etishga ulgurmadi. Bu rejimlarning aksariyati G‘arb manfaatlariga g‘ayri rejimlar emasdi. NATOning Liviga qarshi olgan qattiq tadbirlari ostida ham Kaddafi rejimidan ham yuvvoshroq bir rejim o‘rnatish umidi yotganligi ko‘pchilikka sir emasdi.

Rus nasabli olmon politologi Aleksandr Rar  bu umidning chippakka chiqayotgani haqda tashvishlanib, shunday deydi: “Tan olish kerak-ki, “Arab bahori” kutilgan natijani bermadi. Sharqda demokratlashish o‘rniga islomlashish ketyapti. Biz saylovlarda kimning g‘alaba qilayotganini ko‘rib turibmiz. Buning qanday amalaga oshirilayotganini ko‘rib turibmiz. Bizning “ozodlik” g‘oyamizga muqobil (alternativ) g‘oyalar to‘skinlik qilmoqda. Biz buni ko‘rmasligimiz mumkin emas.”

G‘arbga to‘sqinlik  qilayotgan alternativa, bu islom dini va demokratiya bir makonda yashashini ta’minlashi mumkin bo‘lgan yangi bir siyosiy rejim modelidir.

Aleksandr Rarning hassos e’tirofidan ko‘rinib turibdi-ki, bunday bir siyosiy rejim nafaqat islom radikallari tarafidan, balki demokratiya radikallari tarafidan ham oson qabul qilinadiganga o‘xshamaydi.

“Sharqda islomlashish ketyapti” deyish uchun nafaqat islom tarixini bilmaslik, balki bu tarixni qanday bo‘lsa shunday qabul qilishni istamaslik ham kerak. Chunki Sharqda “islomlashish” bir yarim ming yildan beri davom etayapti!

Nahotki, musulmonlarning o‘z dinini hech narsaga, hatto demokratiyaga ham almashtira olmasliklarini hanuzgacha tushunmadi bu dunyo?

Arab dunyosida inqiloblardan keyin yuz bergan voqealar turli siyosatdonlar tarafidan suiste’mol qilib kelingan “islom dini va demokratiyaning tabiiy dushmanligi” xususidagi safsatani yo‘qqa chiqardi.

Islom dini va demokratik qadriyatlarning bir orada yashashi mumkin ekanligi haqda ilk farazlar o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida e’lon kilina boshladi. Bu chiqishlar islom muxoliflarining yakdil jo‘ri orasida bir dissonans bo‘lgan edi. Esimda, “Rand korporeyshn” xodimi , mashhur sovetolog Grexem Fuller siyosiy islom tahlilchilariga Turkiyadagi islomiy partiyalarni  misol keltirib, masalani “Islom va demokratiya deb emas, musulmonlar va demokratiya” tarzida qo‘yishni tavsiya etgandi.

Savolning bunday alfozda  qo‘yilishi islom dinining siyosiy dunyoqarash sifatida nihoyatda bag‘rikeng bir doktrin ekanligini namoyish etardi.

Lekin bunday yondoshuvning tanqidchilari Fullerga o‘xshagan mutaffakirlarni ortiqcha liberalizmi bilan islom fundamentalizmini mustahkamlashga sababchi bo‘lib, uni vaqtida yo‘q qilishga xalaqit berganlikda ayblab chikdilar. Ular bu iddaosini Afg‘onistonda Sovet Ittifoqiga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik kilgan afg‘on mujohidlarning bu hamkorlikdan so‘ngra demokrat bo‘lib qolmaganlarini misol keltirgandilar.

Endi, inqilobdan so‘ng G‘arb tamoyilidagi erkin saylovlarda o‘z Prezidentini saylagan Misrga qarab, yaqingacha “G‘arb dushmani” bo‘lib kelgan “Musulmon birodarlar”ning saylovlarda aksariy ovozlarni olib, Parlament kupchligiga erishganini ko‘rib ham islom va demokratiyaning bir erda yashayolmasligini isbot qilish uchun bu iddao sohiblarining yangi dalillar topishi kerak bo‘ladi.

Chunki avvalgi dalillar shundoq ko‘z o‘ngimizda safsataga aylandi!

Bu evrilish Markaziy Osiyoning musulmon nufuzli  davlatlari hayotida qanday aks etmoqchi?

O‘tgan bir yil ichida Karimov rejimi kabi “Afg‘onistonga yo‘lak” evaziga jinoyatlariga ko‘z yumilayotgan mustabid rejimlar G‘arbning himoya qanotlari ostida bo‘lishiga qaramasdan o‘zlarini juda ham yaxshi his qilganlari yo‘q. Masalan, O‘zbekistonning quvvat organlari rejim uchun do‘st ko‘rinmagan insonlarni tergovsiz va mahkamasiz “Jasliq” kabi o‘lim lagerlariga yuborishda davom etmoqda. (Mana, O‘zbekistonda Islom (Karimov) va Demokratiya birga yashay olmaydi, desa bu to‘g‘ri bo‘ladi)Rejim muxoliflarini ta’qib qilish ikki baravar kuchaytirildi. Internet nazorati katta shaharlarda aql bovar qilmas darajada qattiqlashdi. Chunki 2011 yil diktatorlar uchun omadli yil bo‘lmadi.  ”Arab bahori” ular ongida chuqur psixologik travma qoldirdi. Ular bu zarbadan bugungacha o‘zlariga kela olganlari yo‘q. Bu motamsaro kayfiyat Markaziy Osiyo davlatlari a’zo bo‘lgan ShHTning yaqinda qabul qilingan hujjatlarida ham aks etdi. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, bu uzun va zerikarli hujjatlar ostida Markaziy Osiyo dikatorlarining qo‘rquvi yashiringandir. Ammo mazkur hujjatlarda bayon qilingan maqsad bu qo‘rquv kabi gizli emas, ochiq bayon qilingan. “Kommersant” gazetasining yozishicha, bu hujjatlarda “Arab bahori”ga o‘xshagan muhtamal holatlarga qarshi olinadigan tadbirlar ruyxati ochiq-oydin keltirilgan.

Shunga qaramay, agar inqilobni boshdan kechirgan arab davlatlari ichida faqat Misrning o‘zidagina saylovlar g‘olibi musulmonlar bo‘lib, ular iqtidorga kelsa va huquq davlatini qurib, o‘lkada istiqror o‘rnatsalar, bu faqat Arab dunyosi emas, balki butun Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridagi  voqealar rivojiga ham kuchli ta’sir qilishi muqarrardir.

Voqealarning bunday tadriji islom dini va musulmonlar haqda G‘arbda yashab kelayotgan uydirmalarning halokati, dunyodagi “islom vahimasi”ning cho‘kishi bo‘ladi.

Voqealarning bunday tadriji islom dini va musulmonlar haqda G‘arbda yashab kelayotgan uydirmalarning halokati, dunyodagi “islom vahimasi”ning cho‘kishi bo‘ladi.

Islom paydo bo‘lgan kundanoq kufr bilan yonma-yon yashab kelyapti, nega u demokratiya bilan yonma-yon yashay olmas ekan?

Islom demokratiya bilan ham yonma-yon yashay oladi va yashayapti.

Bu real voqelik albatta bizning mustabidlarimiz oyoqlari ostidagi zaminni toyinchoq qiladi va mustabidlarning yillar davomida quchoqlab olgan “islom fundamentalizmi” olabo‘ji-qo‘g‘irchoqlari qo‘lidan tushib, “Janubdan kelayotgan islom radikalizmiga qalqon” kabi  maqomlaridan judo bo‘lajak. Bu esa bugungacha ikkilanib turgan liberal islomiy guruhlarning  mamlakat siyosiy elpozasi (spektri)ga kirib, “Arab bahori” yaratgan mashru’ iqlimda iqtidor uchun kurash maydoniga chiqishga kuchli turtki bo‘ladi.

Muhammad SOLIH

http://www.uzxalqharakati.com/archives/11399

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: