O‘zbekistonda yana ikki turk ishbilarmoni ozodlikdan mahrum etildi – bbc uzbek


22 iyun 2012

“Turkuaz” rahbarlari qamoqqa tashlangan va keyinroq O‘zbekistondan chiqarib yuborilgandi

Toshkent shahar mahkamasi turkiyalik ishbilarmonlar Gunesh Mehmet va Qahve Alilarni soliq to‘lamaganlikda aybdor, deb topib, 11 oydan qamoq jazosiga mahkum etgan.

Xabarlarda aytilishicha, ularga tegishli bo‘lgan “Ilkay” va Pinar trans” shirkatlarining biri 8 million, ikkinchisi esa 12 million so‘m miqdoridagi soliqlarni yashirganlikda ayblangan.

Shirkatning o‘zbek fuqarolari ekani aytilgan yana to‘rt nafar xodimi katta miqdordagi jarimalarga mahkum etilgan.

Mehmet va Ali O‘zbekistonda mahkum etilgan navbatdagi turk ishbilarmonlaridir.

Shu yil boshida iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan 8 nafar turk ishbilarmonlari O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan edi.

Davlat televideniesining xabarida ularga nisbatan amnistiya qo‘llangani, ammo O‘zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan bir Turkiya fuqarosi uch yilga ozodlikdan mahrum etilgani aytilgan.

Turk ishbilarmon doiralariga yaqin manba’ning Bi-bi-siga bildirishicha, oxirgi ikki yilda O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelgan 500 atrofidagi turk shirkatlarining yarmi yopilgan.

Arbitraj da’volari

Joriy yil boshida Turkiyaga chiqarib yuborilgan ishbilarmonlarning aksari O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatgan Turkuaz supermarketi xodimlari bo‘lgan.

Toshkent markazida faoliyat olib borgan mazkur supermarket o‘tgan yil 2 martda soliq, militsiya va maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd ortidan berkitilgan edi.

O‘zbekiston rasmiylari Turkuaz shirkatini soliqlarni to‘lamaslik, bojxona tartibini buzish va yana qator iqtisodiy jinoyatlar bilan birga, “Nurchilik” oqimi mansublari sifatida ayblashgan.

Shirkat rahbariyati bu ayblarni qat’iyan rad etadi.

Turkuaz sohibi Vohid Guneshning Bi-bi-siga aytishicha, O‘zbekistonda ishlayotgan xorijiy shirkatlarni soliq to‘lamaganlikda ayblash qiyin emas.

“Hamma yoqqa tuzoq qo‘yib tashlangan va qonun doirasida ishlash imkonsiz”, -deydi Gunesh janoblari.

O‘zbekistonda qamalgan oxirgi turk ishbilarmonlarini yaqindan tanishini aytgan Gunesh janoblarining ishonishicha, so‘nggi paytlarda xorijiy biznesga qarshi boshlangan kampaniya ortida alohida guruhlarning bu bizneslarni qo‘lga kiritishga urinishlari turibdi.

“Maqsad bu bizneslarni o‘ziniki qilib olish. Bu faqat turk ishbilarmonlari bilan emas, balki o‘zbek ishbilarmonlari bilan ham, xitoy biznesi bilan ham bo‘layapti. Turklarning ko‘zga tashlanayotgani ularning ko‘pligidan”, – deydi Vohid Gunesh.

Uning aytishicha, avvalroq O‘zbekiston hukumatidan o‘zining musodara etilgan mol-mulkini qaytarib berish va tovon to‘lashni talab qilgan Turkuaz hozirda xalqaro arbitraj da’vosi yuzasidan xollandalik bir shirkat bilan kelishuvga erishgan.

“Bu shirkat bizning da’vomizni sotib oldi va hozirda o‘zbek hukumatiga qarshi ko‘p million dollarlik da’vo arbitrajga olib chiqish uchun tayyorlanmoqda”,-dedi Gunesh janoblari Bi-bi-si bilan suhbatda.

Ayni paytda Turkiyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, o‘zbek hukumati ustidan xalqaro tijorat arbitrajiga murojaat etgan boshqa bir turk shirkati ko‘p millionlik da’voni yutib chiqqan.

Anqarada joylashgan “Eser Inshaat LTD” shirkati mulozimlari Bi-bi-siga hozircha ushbu ish yuzasidan sharh berolmasliklarini aytishdi.

Turkiyadagi manba’larning aytishicha, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida echilmayotgan iqtisodiy tortishuvlarning asosiy sababi Toshkent va Anqara o‘rtasida yuqori darajadagi muloqotning yo‘qligidadir.

O‘tmishda o‘zbek muxolifati namoyandalarining Turkiyada boshpana topgani ikki o‘rtadagi munosabatlarning sovuqlashuviga sabab bo‘lgan.

Tahlilchilar Prezident Karimovning islomiy ildizlarga ega Turkiyaning joriy hukumatiga shubha bilan qarashini aytishadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2012/06/120622_cy_uzbek_turkey_business.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: