Muhammad Solih: zulmga qarshi kurashish lozim – bbc uzbek


20 aprel 2012

Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solih 1949 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat Universiteti(hozirgi Milliy Universitet)ning Jurnalistika fakul’tetini, Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tugatgan.

Muhammad Solih yoshligidan kommunistik tuzum muxolifi bo‘lgan, u o‘zining dunyoqarashiga Sovet Armiyasi safida Chexoslovakiyada xizmat qilgan paytida 1968 yilgi “Praga bahori”ning Sho‘rolar tuzumi tomonidan bostirilishining ham ta’sir qilganini aytgan.

U o‘z printsiplaridan kelib chiqib kommunistik firqaga kirmagan.

Muhammad Solihning ilk she’riy kitobi 1977 yilda nashr etilgan, shundan so‘ng u avangard shoir sifatida tanilgan.

Ayni paytda Muhammad Solihga nisbatan milliy an’analardan uzoq G‘arbga taqlid qiluvchi ijodkor sifatida tanqidlar ham boshlangan.

Ammo aynan Muhammad Solih o‘zbek tili, milliy adabiyot va tarixga nisbatan sho‘rolar siyosatini tanqid qilib chiqqan ilk o‘zbek ziyolisi bo‘ladi.

SSSRning so‘nggi yillaridagi oshkoralik siyosati Muhammad Solihni o‘tkir publitsistga aylantiradi.

U O‘zbekistondagi paxta yakkaxokimligi, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojea mavzularida ko‘plab maqolalar e’lon qiladi.

Muhammad Solih 1988 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk norasmiy muxolif harakat – “Birlik”ning asoschilaridan biri bo‘lgan.

U muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasini 1990 yilda tashkil etgan.

Muhammad Solihning nomzodi O‘zbekistonda 1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga raqib sifatida ilgari surilgan, rasman 12,7 foiz ovoz to‘plagani xabar qilingan.

O‘zbekistonda muxolifatga qarshi boshlangan tazyiqlar 1993 yilda Muhammad Solihni vatanni tark etishga majbur qiladi.

O‘zbekiston hukumati Muhammad Solihni 1999 yilgi 16 fevral portlashlarining tashkilotchilaridan biri deb ayblagan, lekin O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rsatma bergan va keyin qamoqxonada hayotdan ko‘z yumgan Zayniddin Asqarov Muhammad Solih haqidagi ko‘rsatmalarini qiynoqlar natijasida olinganini aytgan.

2011 yildagi “Arab bahori” muhojirotdagi o‘zbek muxolifatchilarini ruhlantirgan, Olmoniyaning Berlin shahrida qator O‘zbek muxolif guruhlarini o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston Xalq Harakatiga asos solingan.

Muhammad Solih O‘zbekiston Xalq Harakatining raisi etib saylangan.

Muhammad Solihning 20 dan ortiq she’riy, publitsistik kitoblari nashr etilgan.

So‘nggi yillarda u to‘rt jildlik “Payg‘ambarlar tarixi”ni tuzdi va nashrdan chiqardi.

Muhammad Solihning savollarga javoblari

Sharofiddin London: Hurmatli janob Muhammad Solih, sizning shaxsingizga va oilangizga bolayotgan shu keyingi hurujlarni qanday izohlaysiz? Rus tilidagi Uznyusnet internet sahifasining hodimasi Buxarbaevaning sizga qarshi iddaolari naqadar asosli siznigcha? Siz ular aytayotganday haqiqatan ham demokrat emasmisiz? Yoki haqiqatan ham tanqidni to’g’ri qabul qila olmaysizmi? Rahmat.

Muhammad Solih: Hurmatli Sharofiddin, agar xurujlar faqat mening shaxsim yoki oilamga bo‘lsa ham mayli edi, xurujlar men va oilam bahonasida dinimizga va bizning yashash tarzimizga bo‘lyapti. Bizning zehniyatimizni o‘zgartirmoqchi bo‘lishyapti, bizga “sen o‘zingga o‘xshab emas, sen bizga o‘xshab yashashing kerak” deya ko‘rsatma berishga urinishayapti. Bular O‘zbekistonda yillarcha yashab, xalqimizning dardini anglamagan marginal tabaqaning vakillari, xalqimizga ham, uning qadriyatlariga ham begona kimsalar. Ular hayosizlikni – jasorat, shallaqilikni esa shijoat deb biladigan madaniyatsiz kimsalardir. Siz tilga olgan sayt muallifi bir necha yil davomida islom dini va unga tobe kishilar haqida surunkasiga tuhmat xabarlar yoyinlab, jamoatchlik fikrini chalg‘itishga urindi. O‘zbek muxolifatiga ham ayni shu nuqtadan, ya’ni go‘yo uning “islomlashgani” nuqtasidan turib, tosh otmoqda. U inson huquqlari himoyachisi Elena Urlaevaning musulmonlikni qabul qilganligida bizni sababchi qilib ko‘rsatdi va bizga qarshi uydirmagan bo‘htoni qolmadi. Islom dushmanligi G‘arbdagi ba’zi radikal guruhlar ichida modaga aylangan, bu sayt ham o‘sha moda doirasida, ammo o‘sha radikallardan ham ashaddiyroq g‘ayrat bilan kurashmoqda musulmonlarga qarshi. Demokratlik to‘g‘risida shuni aytay: Menga “sen demokrat emassan” desalar, buni haqorat sifatida qabul qilmayman. Balki chindan ham birovlar istagan saviyada demokrat emasdirman. Ammo menga “yolg‘onchi” desalar buni haqorat qabul qilaman, chunki men yolg‘onchi emasman. Demoqchimanki, bu kimsalar anchadan beri, bizni, O‘zbekiston Xalq Harakatini, “islomni siyosatda qo‘llanish”da, ya’ni nosamimiyatda ayblamoqdalar. Holbuki, biz bu harakat qurilmasdan oldin “mo‘’tadil islomiy guruhlar mavjud siyosiy elpozaga(spektrga) doxil etilishi shart, aks holda, ular rejim tarafidan qilinayotgan tazyiqlar natijasida radikallashuvi muqarrar” degan tezisni bot-bot takrorlab keldik. Va nihoyat, bu loyihani amalga oshirish uchun biz 2010 yilda “13 may Ittifoqi”ni, 2011 yilda esa “O‘zbekiston Xalq Harakatini” qurdik. Natijada bugun Harakat saflarida diniy maylli guruhlar ham biz bilan birga shaffof bir iqlimda emin-erkin o‘z siyosiy faoliyatini yuritmoqdalar. Bundan kim xafa bo‘ldi? Albatta, Karimovning rejimi juda xafa bo‘ldi. Bu rejimga oid “Press.uz-info” nomidagi internet sahifasi har haftada Harakatga qarshi, “diniy fanatiklar”ga qarshi haqorat to‘la bitta maqola yoyinlamasa, uxlayolmaydi. Endi bu safga Uznyusnet sahifasi ham qo‘shildi. Bular o‘z sahifalariga O‘zbekiston nomini qo‘yib, so‘z erkinligi bahonasida, O‘zbekiston xalqiga hujum qilmoqdalar. Ammo ularning maqtovi kabi, tuhmatlari ham bizni yo‘limizdan adashtira olmaydi.

Vatanparvar, Toshkent: Assalomu aleykum. Savolim shuki, oldindan shu narsa ma’lumki, podishohlikka Olloh xohlagan va uning nazari tushgan bandagina o’tiradi va uni Tangridan boshqa hech qanday kuch tahtdan ag’darolmaydi. Shunday ekan, mustaqilikning ilk yillarida O’zbekiston yoshlarini zo’ravonlikka chorlab, ularning o’limiga sabab bo’lishingizga nima sabab? Hudoga ishonchsizligingizmi yohud shoir odamni xalq ustidan bosh bo’lish orzusimi? Javob uchun rahmat.

Muhammad Solih: Vaalaykum assalom, siz menimcha, yaqin tarixni Karimov talqinida o‘qib o‘rgangan va unga ishongan odamsiz. Yoki voqealarni ataylab buzib ko‘rsatib mafuraviy dushmaningiz deb bilgan kishiga tuhmat qilayapsiz. Agar siz “yoshlar o‘limi” deb 1992 yil 16 yanvardagi talabalar mitingida 2 ta yoshning “speznaz” qo‘shinlari tarafidan otib o‘ldirilganini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu mening emas, siz “xudoning nazari tushgan” deb ta’riflayotganingiz Karimovning jinoyati ekanini butun dunyo biladi. Yoshlarni hech qachon zo‘ravonlikka chorlamaganman. Zo‘ravonlikka qarshi turishga chorlaganman. Bu ishni 22 yil qanday qilgan bo‘lsam, bugun ham aynan shunday qilayapman. Chorlash tarzi o‘zgargani yo‘q. Sizning podsholikka faqat Ollohning izni bilan kelinadi, degan gapingizga to‘la qo‘shilaman. Lekin Ollohu Taolo bizga shu Karimovni yuborgan ekan, biz millat o‘laroq shunga loyiqmiz, ammo bu degani uning zulmiga chidab, qo‘l qovushtirib o‘tirish, degani emas. Zulmga qarshi kurashish lozim, ana shunda Olloh bizga zolimning o‘rniga odil bir rahbar yuborishi mumkin. Chunki Uning “Sizlar o‘zgarmaguncha men sizlarni o‘zgartirmayman”, degan va’dasi bor.

Bi-bi-si: Bizning elektron pochtamizga kelgan bir necha o‘quvchilarimizning savollari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi so‘nggi vaziyat haqida. Sizningcha, munosabatlarning taranglashishi sabablari nimada?

Muhammad Solih: Bu ikki davlat orasidagi ziddiyatlar bugun boshlangani yo‘q. Buning asosiy sababi, mening fikrimcha, O‘zbekiston rahbarining qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni shantaj va tahdid ustiga qurganidir. Agar Karimovning shaxsida fitnaga musoid zamin bo‘lmaganda edi, unga chetdan turib ta’sir o‘tkazish mumkin bo‘lmasdi. Karimov faqat Tojikiston bilan emas, boshqa qo‘shnilari bilan ham yaxshi munosabat o‘rnatgani yo‘q. Butun qo‘shnilarimiz O‘zbekistonda bo‘lgan manfaaatlari nisbatidagina, diplomatik aloqani saqlab, liderlar uchrashuvlarida Karimovga jilmayib qo‘yishga majburlar. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi taranglik yillardan beri saqlanib kelmoqda va bu taranglikning asosiy sababchisi O‘zbekiston rahbarining tashqi siyosatidir.

Abbosxon Moskva: Assalomu alaykum hurmatli Muhammad Solih janoblari. Sizning rahnamoligingizda bo‘lib kelayotgan O‘XH tashkiloti dastlabdan hozirgi iqtidordagi tuzumni tinch yo‘l bilan, talofatsiz, ya’ni halq jabr ko‘rmaslik yo‘li bilan ketishiga yoki ag‘darilishi ko‘zda tutilgan maqsadlarda ma’lum. Bu degani O‘XH ko‘zlagan darajadagi xalqni siyosiy, ijtimoiy, diniy tafakkuri kabi salohiyatlari harakat xohlagan darajaga chiqsagina ijobat bo‘ladi, deganimi? Bas shundoq bo‘lsa, bu ezgu niyatlar mahsuli necha mavsumni o‘z ichiga oladi, deb o‘ylaysiz?

Muhammad Solih: Vaalaykum assalom. Bizning maqsadimiz – Karimov rejimini qon to‘kmasdan yiqitish. Andijon fojiasining takrorlanmasligi, ammo Andijonda to‘kilgan qonning zafarini ko‘rish orzuimiz. Bunga esa, biz kuchli bo‘lsakkina erishamiz. Kuchli bo‘lish uchun bizning g‘oyamizni faqat ko‘chadagi olomon emas, bu olomonga idoralari derazasida qarab turadigan davlat ma’murlari ham, bu olomonnni o‘rab turgan mirshablar lashkari ham, kazarmalarida buyruq kutayotgan askarlar ham qo‘llashi kerak. Andijonda 2005 yildagi xalqning chiqishini muxolifat uyushtirmadi, bu chiqish siyosiy chiqish emasdi, rejasiz va xaotik chiqish edi, xalqni ergashtira oladigan bir siyosiy guruh yo‘q edi. Bugun shunday guruh bor – bu O‘zbekiston Xalq Harakatidir. Siz aytgan “tarbiyaviy mavsum” ham o‘z yo‘lida davom etadi. Insonlarning shaxs o‘laroq etuklika yo‘li uzun. Bu tarbiya beshikdanoq boshlanishi kerak bo‘lgan bir jarayondir. Mustabid rejimni yiqitish uchun bu etuklik mavsumini kutish imkonsiz. Bu tarbiyani o‘sha rejimni yiqib, yangi davlat miqyosida boshlash to‘g‘ri bo‘ladi.

Sharif Mullajonov: Hozirda O’zbekiston davlat iqtisodi tang holda, aksariyat insonlar o’zga davlatlarga ishlash va yashash uchun ketishmoqda, fikringizcha kelajakda Qirg’izistonda bo’lgan voqealar O’zbekistonda ham takrorlanishi mumkin deb o’ylaysizmu?

Muhammad Solih: Biz qirg‘izlar tushgan qavmiy adovat tuzog‘iga zinhor tushmasligimiz kerak. Qirg‘izston hududlari ichida yashayotgan o‘zbeklarga qarshi uyushtirilgan qatliom yaralari hali bitmadi, boz ustiga qirg‘iz irqchilari o‘z zulmini hamon eng yuksak pardada davom ettirmoqdalar. Ba’zi qo‘shni mamlakatlar mintaqalarida o‘zbek maktablarining yopila boshlagani hodisalarini eshitib, qayg‘uryapmiz. Bu jarayon davom etadigan bo‘lsa, o‘sha biz qo‘rqqan adovat tuzog‘iga tushish tahlikasi yanada kuchayadi. Markaziy Osiyo davlatlari bu etnik, milliy va diniy muammolarni adolat bilan echadigan yangi, shuurli, shijoatli va qalblarida Olloh qo‘rqusi bo‘lgan hukumatlarga muhtojdir. Bugungilar 20 yildan beri bu muammolarni nainki echish, aksincha, yanada chigallashtirdi, yanada xavfliroq nuqtaga tashidi.

Almuhsin: Assalamu alaykum, Muhammad Solih, sizni Alloh yulida yaxshi kuraman. Lekin siz tanlagan yul Ahli sunna yo’li emas, ya’ni siz tutgan siyosiy yo’l, manhaj juda notugri. Undan ko’ra avval Tavhidni odamlar qalbiga qurish kerak emasmi? Bizda hamma yoq shirk va bid’at bosib youtibdi, siz, biz tavhidni odamlaga tushuntirish o’rniga siyosat qurishga kirishib ketdik, manhaj haqida hech qayg’urasizmi?

Muhammad Solih: Vaalaykum assalom. Tavhid zehniyati ma’naviy ma’noda har bir musulmonni er yuzida tik(vertikal) tutib turgan umurtqa pog‘onasidir. Alhamdulilloh, musulmonmiz. Kaminaning yuritayotgan siyosati – uning atrofga ta’sir kuchi qandayligidan qat’i nazar, shu vertikal chizgisidan, chetga chiqmagan. Bu maxsus rejalangan bir faoliyat emas, balki yashash tarzidir. Sizning ifoda etayotgan fikringizni iymon tarbiyasi, deya tushundim va agar shunday bo‘lsa, ming karra haqlisiz. Bunday tarbiya inson faoliyatining butun jabhalarida, shu jumladan, siyosiy faoliyatda ham juda muhim o‘rin tutishiga hech shubham yo‘q. Ammo tavhid zehniyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy harakat va partiyalar vositasida “qurish”ga intilish, menimcha, g‘oyani chegaralab qo‘yadi. Bunday faoliyat shakliga o‘tgan harakatlarda tavhid g‘oyasi bora-bora ma’naviydan ko‘ra ko‘proq siyosiy g‘oyaga aylanadi, bu evrilish ashyoning tabiatidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham bu jabhada juda ehtiyotkor harakat qilmoq lozim.

Furqat: Assalomu alaykum Solih aka, sizga hukumat bilan sira murosa qilmaslik jasoratini bergan qaysi kuch? Tarozining bir tarafiga sizning ukalaringiz qo’yilgan. Agar sal murosali bo’lsangiz, Muhammad Bekchon ozod bo’lar edi.

Muhammad Solih: Va alaykum assalom, agar haqiqatan ham tarozining bir tarafiga siyosiy faoliyatim, ikkinchi tarafiga ukamning ozodligi qo‘yilganda edi, bu masalani muhokama qilish mumkin bo‘lardi. Ammo bunday bir ehtimol yo‘q va hech qachon bo‘lmagan. Bularning hammasi o‘yin. Ukamga,ukalarimga, qarindoshlarimga uyg‘ulanayotgan zulm xalqimizga uyg‘ulanayotgan zulmning kichik bir parchasidir. Agar Muhammad Solih siyosatni tashlasa, o‘zbek xalqiga zulm to‘xtaydigan bo‘lsa, bir lahza ham ikkilanmasdan tashlardim. Ammo siyosatni tashlasangiz ukangiz ozod bo‘ladi, lekin xalq qullikda qolishda davom etadi desalar, men siyosatni tashlamayman. Tashlasam, bu o‘zimga ham, ukamga ham, xalqimga ham xiyonat bo‘lardi.

Salohiddin Fayziev: Assalomu alaykum Solih janoblari! Sizning faoliyatingizni oqib, ko’rib, eshitib boraman va shu asosda savol tug’ildi. Bilamizki tarixda chamasi 1917 yilda sobiq Turkiston Muxtoryati tuzilgan vaqtda “Islomiy Ulamo “tashkiloti tuziladi. Bu tashkilotni o’sha vaqtdagi yirik din peshvolari, olimlar tuzadi. Biroq ma’lum vaqtdan so’ng ‘Islomiy Ulamo” tashkilot tarkibida o’ziga muxolifat bo’lgan “Islomiy Taraqqiyot” tashkiloti tuziladi. Hali Muxtoriyat chor Rassiyasidan to’liq mustaqillikka erishmasdan turib Muxtoryatning bu tashkilotlari bir-biriga muxolifat bo’lib oxir-oqibat 1920 yilda Frunze boshliq askarlar Muxtoryatga bostirib kirib bu tashkilotlarni tarqatib yuboradi. Demoqchi bo’lganim xuddi shu tsenariy sizning partiyangizda takrorlandi, yani hali davlat mustaqillikka erishmasdan, xokimiyatni qo’lingizga olmasdan turib “Birlik”dan o’zingizni partiyagizni ajratib olish kerakmidi?

Muhammad Solih: Va alaykum assalom. Gapning ibtidosini xotirlatay(chunki bu yaqin tarixni ba’zi yoshlar bilmasligi mumkin): “Birlik” harakatining nomini kamina tanlagan, uning ilk dasturini tayyorlash ham kaminaga nasib qildi, unga ilk a’zolarni qabul qilishda ham kamina faol ishtirok etgan. Ya’ni “Birlik” bizning yuraklarimizdan, tomirlarimizdan chiqqan bir tashabbus, bir harakat edi. Undan ayrilishning o‘zi bo‘lmadi. Harakat tuzilgandan boshlab, KGB unga o‘z xodimlarini joylashtira boshlagani keyingi yillarda ma’lum bo‘ldi. Bizga do‘st ko‘rinib, aslida hukumatdan maosh olayotgan agentlar harakatning qoq markazida turib faoliyat ko‘rsatdilar. Ulardan eng kattalari bugun ham o‘sha eski nomini saqlab kelayotgan harakat nomidan gapirish va 1988 yil KGB tarafidan qo‘yilgan vazifasini davom ettirayapti, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Surunkasiga davom etgan fitna oqimi meni bir inson sifatida charchatdi va harakatni tark etdim. Adabiy faoliyatimni davom ettirish niyatim bor edi. Bu 1989 yilda ro‘y berdi. Ammo u paytda menda “Erk” partiyasini qurish xayoli menda yo‘q edi. Faqat voqealar rivoji milliy mustaqillik talab qilishning vaqti kelganini ko‘rsata boshladi va biz O‘zbekiston tarixida ilk bor KPSSga qarshi ilk partiyani tuzdik. Bu partiyaning g‘oyasi – O‘zbekistonning milliy mustaqilligi edi. Bu g‘oya mavjud siyosiy konyunkturada, ya’ni 1990 yilning aprel oyi uchun juda radikal g‘oya edi. “Birlik”da bunday bir g‘oya yo‘q edi, keyin ham bo‘lmadi. Demak, menga avval shaxsiy va xususiy ko‘ringan “Birlikdan ayrilish” sabablari, aslida, botiniy(tarixiy demaslik uchun aytayapman) bir zaruratning taqozosi edi. Tuzilganidan qisqa vakt o‘tmasdan, 20 iyun 1990 yilda “Erk” partiyasi O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasini Oliy Kengashga qabul qildirdi. Bu tarixiy voqea edi. Bugun Karimov va uning rejimi bu tarixiy voqeani xaspo‘shlab, uni yashirishga muvaffaq bo‘lyapti, ammo bu uzoq davom etmayajak. Kimning kimligi eng yaqin zamonda o‘rtaga chiqajak. Xulosa qilib aytganda, bizning siyosiy guruhimiz “Birlik”dan ayrilib, “Erk” partiyasini tuzgani eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lganiga yil o‘tgan sayin yana-da amin bo‘lmoqdaman.

Davron, Rossiya: Hurmatli Muhammad Solih, bilamizki “Arab bahori”mi yoki “Qirg‘iz bahori”mi, hammasida Allohning irodasi bilan uchinchi kuchlar ko‘magida amalga oshirilgan. Biroq hozirgi O‘zbekiston hukumati AQSh hamda Evropa Ittifoqiga yon bosadi. Chunki, AQSh va EI O‘zbekistondagi adolatsizliklarga sukut saqlab unitib kelmoqda. Sababi AQSh, EI va O‘zbekiston rahbarlari bir-biridan, sirli ravishda hamda oshkora ravishda manfa’tdordurlar, bu hech kimga sir emas. Lekin bu holat RFga ham ma’lum va shu sabab bu holatdan RF hamda O‘zbekiston aloqalari ko‘p o‘rinlarda ijobiy hal bo‘lmay kelmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalqining ozodligi uchun, Allox O‘zidan boshqaga muhtoj qilmasin! Lekin bir narsaga, bir narsa sabab deganlariday ko‘pchilikni O‘XHning RFsi bilan bo‘lgan aloqasi qiziqtiradi. Shu haqda sizning fikringiz qanday? Javob uchun oldindan minnatdorchilik bildiraman!

Muhammad Solih: Hech shubhasiz, Rossiya Federatsiyasi bilan aloqa nafaqat O‘zbekiston davlati uchun, balki O‘zbek siyosatiga daxldor bo‘lgan barcha guruhlar uchun, jumladan O‘XH uchun muhim ahamiyatga ega. Rossiya “super(buyuk)davlat” maqomini nisbatan yo‘qotgan bo‘lsa-da, hali hanuzgacha Ovroosiyoning eng nufuzli fardi (figurasi) sifatida qolmokda va bu mintaqada kechayotgan voqealar sayri bu davlatning u yoki bu tutumi bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘z mustaqilligiga yaqinda erishgan bizning davlatlarimizdagi siyosatchilarning ko‘pchligi o‘sha sobiq SSSR etishtirgan kadrlardan iborat bo‘lib qolmokda. Buning yaxshi tarafidan yomon jihati ko‘proq. Qo‘lga kiritilgan mustaqilliklar bu kommunistlar “shajarasi”ni musbat yo‘nalishga buraolmadi, aksincha, mustaqillik ular zehniyatidagi ateistik zaminga o‘tirgandan so‘ngra ular nazoratsiz bir mustabidlarga aylandilar. Sovet davrida mustaqillik uchun kurashgan milliy shuurdagi kuchlar avtomatik ravishda bu xuddi Sovet davridagi kabi kommunistlarga qarshi muxolif bo‘lib qolaverdilar. Bu milliy zehniyat sohiblari “Sovet sindromi”dan juda kech qutuldilar, Rossiyaning muxtamal gegemon siyosatidan hurkdilar va Yangi Rossiya bilan aloka urnatishda sobiq kommunistlarga nisbatan orqada qoldilar. Bu real siyosat qoidalariga uyg‘un bir holat emasdi va buning natijasida bugun O‘zbek muxolifati Rossiya davlati nazdida Rossiyaga qarshi guruh sifatida tanildi. Muxolifat bu yanglish tasavvurni o‘zgartirish uchun harakat qilmokda. Shaxsiy qanoatimini aytsam, Rossiya – uning lideri kim bulishidan kat’i nazar – 21 asrda Turk Dunyosi (O‘zbekiston ham shuning ichida) bilan eng tig‘iz integratsiya ichida bo‘lishi kerakligiga aminman. Joriy geopolitika shuni taqozo qiladi. Sur’at bilan o‘sayotgan va bo‘lgada yoyilayotgan Xitoy shuni taqozo qiladi. Demak, O‘zbek muxolifatning strategiyasi ham shu jo‘g‘rofiy-siyosiy haqiqatdan kelib chiqib tuzilishi kerak.

Abdulloh, USA: Assalomu Alaykum Muhammad aka, Avvalambor millatimiz uchun qilgan butun xizmatlaru-qayg’ularingiz uchun Allohdan sizga uzoq umr, sog’lik-sihatlik tilayman. Kelajakda ismingiz O’zbek tarixiga oltin harflar bilan yozilishi muhaqqarardir. O’XH’ning saytini ta’qib qilaman. Ba’zi siyosati noto’g’ri tuyilayabdi menga. Sizning fikringizni bilmoqchi edim.1. O’zbek millatini juda ham ko’p kamsitish bor. Q’oy, baliq kabi o’xshatishlar bor. Pozitiv taraflariga e’tibor berilsa ko’proq yondosh to’planmas edimi?

Muhammad Solih: Vaalaykum assalom, siz haqlisiz, ba’zi insonlarga O‘zbek xalqiga qilinayotgan zulm haddan tashqari uzoq davom etayotganday, xalq ham bu zulmga haddan tashqari sabr ko‘rsatayotganday tuyuladi va bu holat ularning hislarini g‘alayonga keltiradi. Bu g‘alayonni qog‘ozga to‘kishga harakat qilishadi. Agar bizning sahifamiz bu hissiyotga keragidan ortiq o‘rin berayotgan bo‘lsa, biz uni tuzatishimiz kerak. Rahmat bizni ogohlantirganingiz uchun. Chunki haqiqatan ham xalqimizning musbat xislatlari manfiylaridan ko‘proq, birinchi navbatda ularni tashviq qilish lozim.

Sherzod: Assalomu alaykum Muhammad aka, Abdurahim Po‘latning Sizni prezidentga sotilgan degan ayblovlariga nima deya olasiz? Rostdan ham ikkita kvartira uchun “Birlik” partiyasining bo‘linib ketishiga Siz sababchi bo‘lganmisiz? Javoblaringiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

Muhammad Solih: Menga Karimov 1992 yil may oyida Demokratik Forumni tarqatib yuborishim evaziga o‘zidan keyingi eng yuksak ikki lavozimdan bittasini tanlashimni taklif qildi. Men hech ikkilanmay rad qildim. Buni “Erk” partiyasining butun a’zolari va umuman siyosat bilan qiziqqan butun insonlar biladi. Va shunday sinovdan o‘tgan odam ikkita kvartiraga o‘z e’tiqodini sotadimi? Bu safsataga o‘sha Po‘latovning o‘zi ham ishonmaydi, ammo tinmay takrorlaydi, chunki vazifasi bu. Gap shundaki, mening xususiy, o‘z manglay terim bilan topgan pulga olingan ikkita kvartiramni Karimov sudsiz, muhokamasiz musodara qildi va MXX bu kvartiralar Muhammad Solihga hadya qilingandi, degan bo‘htonni muxolifat ichidagi xoinlarga etkazdi, xususan, o‘sha Po‘latovga maxsus etkazgani ma’lum. Va bu kimsa yillar davomida bu yolg‘onni takrorlaydi MXX ning to‘tiqushi kabi. Bor gap shu.

Mening kimligimni do‘stim ham, dushmanlarim ham juda yaxshi biladi. Do‘stlarim bu kimligim uchun hurmat qilishadi, dushmanlarim aynan shu kimligim uchun yomon ko‘rishadi. O‘rta yo‘l yo‘q. Olloh menga yozgan taqdiridan mamnunman. Mening do‘stlarim – akalarim, tengdoshlarim, ukalarim – do‘st sifatida eng sodiq insonlardir. Shu ma’noda, eng baxtli insonman va do‘stlarni Ollohning menga ko‘rsatgan eng buyuk ikromi deb bilaman va Unga shukr qilaman. Dushmanlarimning ko‘ra olmaydigani – mening do‘stlarimdir.

Muhammadazim, Habarovskiy kray: Assalomu aleykum. Yaqinda Youtubeda Karimov va Tohir Yo’ldoshning 1991 yilda Namangandagi muzokarasini kurib qoldim. Kop narsalarni vaada qilgan ekan. Siz shu mahalda qaerda edingiz. Umuman kim tinchitgan ushanda halqni. Abduvali qorini urni qanday bo’lgan o’shanda? Rahmat.

Muhammad Solih: Bu lavha 1991 yil dekabr oyida, ya’ni prezidentlik saylovlari kampaniyasi ketayotgan bir paytda olingan. U paytda kamina Karimovga qarshi prezidentlikka nomzod sifatida saylovchilar bilan uchrashuvlarda edim. Karimov ham Namanganga borib, musulmonlarning ovozini olish uchun masjidga kirib qolgan. Keyin “agar xalq istasa, men islom davlati qurishga qarshi bo‘lmayman” degan qabilda gap qilgan va bu gapga ishonibmi, Tohir guruhi(ularni vahhobiylar deyishardi) o‘sha saylovlarda menga emas, Karimovga ovoz bergan edi. Xalqni hech kim tinchitgani yo‘q, chunki tinchitilishi lozim bo‘lgan biror voqea bo‘lmadi u erda.

Gulnora, Stokxolm: Hurmatli Muhammad Solih! Oxirgi paytlarda meni bir savol qiynab keladi. Nega ko‘pgina O‘zbekiston rejimiga zid bo‘lgan muxolifatchilar va mustaqil jurnalistlar BMT orqali qochqinlik maqomi olib chet ellarga chiqib Harakat, Zamondosh, Uznyusnet, Yangi dunyo kabi veb-saytlar ochib bir-birlariga mag‘zava ag‘darish bilan band bo‘ldilar? Sizningcha bularning sahifalarda berilayotgan materiallar qanchalik jurnalistika qonun-qoidalariga to‘g‘ri keladi? Muxolifat lideri va jurnalist sifatida bularni biror marta tanqid qildingizmi?

Muhammad Solih: Haqlisiz, afsuslar bo‘lsinkim, muxolifatchi xirqasini kiyib, muxolifatga Karimovdan ham ashadddiyroq shaklda kurashayotgan kimsalar yuzsizlikning chegarasiga kelib qoldilar. Kuni kecha shulardan bittasiga javob berib boshimiz baloga qolganini ko‘rgandirsiz. Bular oylarcha, yillarcha sizga mag‘zava to‘kadi va siz andisha qilib, gapirmaysiz. Bordiyu, sabringiz toshib, bitta jumla aytsangiz hayosizlarcha sizga tashlanadilar va avvalgidan battar tuhmatlarni ustingizga yog‘diradi. Bu toifa bilan kurashishga ketgan kuchingizni diktatorlik rejimiga qarshi kurashga sarflamaganingizga achinasiz shunda. Eng qizig‘i, bu kishilarning deyarli hammasi muxolifatga hech aloqasi bo‘lmagan, rejim tarafidan ham tazyiqqa uchramagan, noxolis yo‘llar bilan siyosiy qochoq yorlig‘ini qo‘lga kiritib, siyosiy va yoki diniy qarashlari sababli rejimdan jabr ko‘rib, chetga ketishga majbur bo‘lgan g‘oya insonlari ustiga mag‘zava to‘kib, umr o‘tkazayotgan baxtiqoralardir. Bular aslida, bemalol vatanga qaytishlari mumkin, hech kim ularga tegmaydi. Ularga qarshi ochilgan biror jinoiy ish ham yo‘q. Ko‘plarining uy-joylari turibdi, hatto bizneslari ham bor yurtda, ammo ketmaydilar. Chunki tekintomoqlar, G‘arb davlatlari bergan “posobie”ni yillarcha eb, zerikkandan o‘z vatandoshlariga tosh otib kun o‘tkazadilar. Olloh hech kimni bularning taqdiriga solmasin.

Alisher, Navoiy: Savolim shuki: Siz o’z qarashlaringiz bilan bugungi taraqqiy etayotgan jamiyatni o’zgartirishga qodirman deb o’ylaysizmi, manimcha “Poyezd allaqachon relsga tushib bo’lgan va manzilga oz qolgan”? Javob uchun tashakkur.

Muhammad Solih: Javobim, shuki, ha, biz bugungi vaziyatni Ollohning izni bilan o‘zgartira olamiz degan fikrdamiz. Bunga bizning ham ma’naviy, ham siyosiy, ham insoniy resurslarimiz bisyordir. Agar bunga inonch bo‘lmaganida, biz siyosiy programmalar bilan o‘rtaga chiqmagan bo‘lardik. Ikkinchidan, men siz aytgan poezdga o‘zim minmaganman, undan tushib qolganimga 18 yildan oshdi. Va bu poezd hali ham manzilga etgani yo‘q. Agar siz aytayotgan poezdning manzili “keljagi buyuk davlat” sifatida belgilangan bo‘lsa, manzilga etib kelmagani aniq. Uning bugun kelgan bekati – “Iqtisodiy va Siyosiy inqiroz” bekatidir. Mashinist “Ota” bu bekatni manzil deb o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bundan o‘zbek xalqi xushnud bo‘la olmaydi. Chunki u bu bekatdan so‘ngra yo‘l jarga borib taqalayotganini his qila boshlagani aniq.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/interactivity/2012/04/120416_talking_point_muhammad_solih.shtml

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: