Istanbul istilosi filmga ko‘chdi – ozodlik.org


Taniqli turk kinochisi Farrux Oqso‘y suratga olgan “Fath.  1453” filmi o‘tmish sog‘inchi kabi hastalikka duchor tomoshabinlarning dardiga malhamday bo‘ldi.

“Fath.  1453” filmidan tasvir.

Abdulla Iskandar

29. 02. 2012

Usmonli imperiyasi harobalari uzra qurilgan zamonaviy Turkiya respublikasida huzunli o‘tmish haqida gapirmaslik yaqin-yaqinlargacha ma’qul ko‘rilar edi.

Usmonli podshologining kuch qudrati haqidagi xotiralardan ko‘ra bugungi kun realligi o‘rtaga qo‘ygan tirikchilik muammolarini echish shu paytgacha turklar uchun ustivor masala bo‘lib kelgan edi.

Ammo shu kunlarda turklar yana o‘zlarining shonli o‘tmishiga qayrilayotgani kuzatildi.

Har holda,  turklar tomosha qilayotgan filmlarda Usmonli sultonining shonu shavkati aks etmoqda.

Turklar idrokida muhtasham o‘tmish xotiralarining uyg‘onishi g‘arb mutahassislari tarafidan “neo-Ottomanism” (Yangi Usmonlilik) deya tariflanmoqda.

Turklar idrokidagi o‘tmish sog‘inchini anglagan kinochilar esa Usmonli podshohlari hayoti haqidagi filmlarni paydar pay suratga olib ekranlarga chiqarmoqda.

Konstantinopolning zabt qilinishi

Taniqli turk kinochisi Farrux Oqso‘y suratga olgan “Fath. 1453” filmi o‘tmish sog‘inchi kabi hastalikka duchor tomoshabinlarning dardiga malhamday bo‘ldi.

Urush sahnalari,  seks,  sirli ishorat va simvollarga to‘la bu film Usmonli sultoni Mahmud ikkinchi tarafidan Vizantiya yuragi bo‘lmish Konstantinopolning zabt qilinishini tasvirlaydi.

Filmda Usmonli sultoni Ayo So‘fiyo nasroniy ehromi ustiga Islom bayrog‘ini tikib,  Konstantinopol nomini Istanbulga o‘zgartiradi.

Filmni yaratish uchun 17 million dollar harjlandi.

Bu Turkiya kino sanoati tarixida eng qimmatga tushgan film bo‘lib qolmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda turk kinochisi Farrux Oqso‘y Istanbul istilosi barcha davr va zamonlar uchun tarixning eng qiziq voqealaridan biri bo‘lib qolajagini ta’kidladi:

– Istanbul istilosi va uning oqibatlari dunyo tarixidagi favqulloda qiziqarli voqealardan biridir.  Tarix g‘ildiragini boshqacha aylantirishga sabab bo‘lgan bu tarixiy istilo haqida nafaqat turklarga,  balki butun dunyoga tatigulik kino qila olishim mumkinligiga ishondim.  Aynan shu ishonch bois bu kino yuzaga keldi,  deydi Farrux Oqso‘y.

Usmonliga qaytish

O‘tgan shanbada Turkiyadagi bir yarim million tomoshabin “Fath.  1453” filmini kinoteatrlarga borib tomosha qildi.

Kinoteatrlardagi chiptalar ikki-uch hafta oldin sotilib bo‘lindi.  Masalan,  bugun kinoteatrga borgan tomoshabin faqat uch hafta keyingi seansga chipta olishi mumkin.

Uy kinoteatrlari,  CD,  DVDlar urchigan,  internetda qaroqchi kinolar tomosha qilish urf bo‘lib,  kinoteatrlar huvillab qolgani manzarasida bu holat favqulloda yangilik sifatida ko‘rildi.

Bilag‘onlar,  filmning bu qadar muvaffaqayat qozonganini Usmonli sultonligining shavkatli kunlarini sog‘ingan turklar hassosiyati bilan izohlashmoqda.

Turk telekanallarida namoyish qilinayotgan “Muhtasham yuz yil”  (“Muhtesem Yuzyil”) serialining mamlakatdagi eng tomoshabop bo‘lgani ham shu omil o‘rnagi deya ko‘rildi.

Buning barobarida,  shu paytgacha aksar xorijlik sayyohlargina borib tomosha qiladigan To‘pqopi saroyi,  1453 yilda Istanbulning zabt qilinishi tasvirlangan ochiq osmon ostidagi muzey diorama ham tomoshatalab mahalliy turklar bilan to‘ldi.

“Bizdan tarixni doimo yashirib kelishdi.  Biz o‘z shonli tariximizni bilmak istaymiz” dedi,  Ozodlik muxbiriga gapirgan muzey tomoshabinlaridan biri.

Muzeyda aylanib yurgan yana bir tomoshabinning turk istilosi haqida o‘z falsafasi bor:

– Biz o‘tmishda buyuk davlat bo‘lganmiz,  ammo boshqa buyuk davlatlar kabi imperialist bo‘lmaganmiz,  deydi tarix oshig‘i.

Tarixni bu qadar ijobiylashtirish siyosati keyingi 10 yil mobaynida,  iqtidordagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi rahnamoligida avj pardasiga ko‘tarildi.

Turkiya iqtisodiy taraqqiyot bois “evropaning hasta va zaif” davlatidan qudratli yo‘lbarsga aylangani bu mag‘rurlikni yanada kuchaytirdi.

Turk jurnalisti,  “HaberTurk” gazetasi sharhlovchisi Soli O‘zal nazarida bugungi turklar tarixning faqat shonli nuqtalarigagina qarashmoqda.

– Ular imperiyaning faqat g‘alaba qozonilgan davriga nazar solishmoqda.  15-16 asrda Usmonli davlati qaddini ko‘targan damlari ulug‘lanmoqda.  Ayni paytda,  bu mag‘rurlik notalari bugungi tashqi siyosatimizda ham ko‘rinish bermoqda,  deydi jurnalist.

“Neo-Ottomanism”

Turk davlat mulozimlari “Neo-Ottomanism” g‘oyasini arab bahoridan keyin o‘zgargan Yaqin Charqda geosiyosat quroli o‘laroq ishlatish payiga tushishdi.

O‘tgan yili Qohiraga safar qilgan Turkiya Bosh vaziri Rajab Erdo‘g‘on arablarni  Usmonli tarixidan saboqlar olishga chorladi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovud o‘g‘li esa Usmonli davrida Yaqin Charq rafoq va farog‘at ichida osuda yashaganini ta’kidladi.

Bu esa o‘z navbatida istiloga asoslangan Usmonli sultonligi haqida tanqidiy fikrda bo‘lganlar nafasini ichiga tushirmoqda.

Ammo Turkiyadagi iqtisodiy ko‘tarilish bois 17 million dollarga tarixiy kino oliishga qurbi etayotgan turk kino san’ati,  siyosatchilarning ichida bo‘lgan g‘urur va huzunni ekranga ko‘chirmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24500355.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: