Kishanlarni sevmang! – ponauz.com


Feb 18th, 2012

Vatan Ozodligi – zanglagan zanjirlarni sindirishdan boshlanadi

 “Ko‘ngil, sen bunchalar nega kishanlar birla do‘stlashding!”

Cho‘lpon

Karimovning muxolifi bo‘lgan Muhammad Solihning mashhur satrlari bor, – “Ozodlik – hayollarning eng go‘zalidir, orzularning eng yuksagidir” degan. Men bu tushunchaga shundan ortiq ta’rif bera olmayman.

Biz ozodlikni orzu qildik va shu orzu yo‘lida hatto vatanni tark etdik, – mutlaqo tushimizga kirmagan yurtlardan boshpana topdik.

Vatan esa tobora olis va qo‘rqinchli tushga aylana boshladi, chunki biz uning ozodligi haqida orzu qilishdan to‘xtadik.

Vatanni ozod qilish haqidagi gaplar, tobora bir ertakka, bangihayolga aylana boshladi. Bu bir bangihayolning quliga aylanmaslik uchun, yo undan voz kechish, yo ustimizdan bir sovuq suv urib, maqsadni aniq belgilab olish lozim. Haqiqatan ham biz vatanni ozod ko‘rishni istaymizmi yoki zanglagan kishanlarimiz bilan qolishnimi?

Ozodlik qaerdan boshlanadi?

Xolbuki biz vatanni ozod qilish haqida emas, ko‘proq bu vatanda yashashning yomonligi, undagi zulm, qabohat, emirilayotgan inson huquqlari haqida tinimsiz yozayapmiz. Internet O‘zbekistonning yovuz hukmdori haqidagi maqolalarimizga va atrofimizdagilarning bizga qarshi ayni adovatga yo‘g‘rilgan maqolalari bilan to‘layapdi.

Vatandan anqiyotgan qullikning qo‘lansa hidi maqolalarimizga, undan chiqib o‘quvchilarning burunlariga va hujayralariga singiyapdi. Holbuki biz yozayotgan narsalar, Vatandan qochish istagini, yoki vatandagilarning bizdan yuz o‘girish istagini uyg‘otmoqda xolos.

Holbuki, biz O‘zbekiston turmasining temir zirhli eshigi haqida qancha ko‘p yozsak – bu eshik qalinlashsa qalinlashadiki, hech emirilmaydi. Nahot biz uning zulflari zanglagani va uning ochilishini istayotganlar biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ekani haqida yozmaymiz. Biz boshqalarni eshitishni istamaymiz, aksincha bizga ochilgan eshiklarni yopamiz, yomonlik mujdalarini tarqatishdan nariga o‘tmaymiz.

Holbuki, Ozodlik – vatan sarhadlaridan, shu zang bosgan eshiklarning ochilishidan boshlanadi!!

Demak, niyat qilish kerak!

Men vatan olis bir tushga aylangani, u erdan qora boshimiznigina olib chiqqanimizni yozdim. Lekin, ishoningki, bu ozodlik emas – bu erishilgan ne’mat, start chizig‘iga kelib to‘xtagan uchoqning holati bo‘lishi mumkin xolos, uning uchishi shuurimizdagi ichki bir buyruq, – uchish istagi bilan bog‘liq.

Biz kelib to‘xtagan shu manzilda qolamizmi, yoki “orzularning yuksagi va go‘zali” bo‘lgan Vatanni ozod qilish ahdida davom etamizmi – bu ham qilishimiz mumkin bo‘lgan o‘sha ahd paymonga, niyatga bog‘liq.

Zotan, Vatanni tark etarkan, niyat qilganimiz jonimizni ozod qilishga erishdik.

Taqdirning gardishi bilan bu yo‘lda etti dengiz osha Amerika va Evropa kabi qit’alardagi mamlakatlarda bo‘lib qolishni balki o‘ylamagandirmiz, lekin ozodlikni niyat qilganmiz.

O‘zga yurtlarga kelib biz ozod bo‘ldikmi?

Yaqinda Turkiston radiosida taniqli huquq himoyachisi Tolib Yoqubovning qullik haqidagi fikrlarini eshitib, hayratim ortdi. Garchi bu haqda ilgari ham eshitgandim.

Tolib akaning aytashicha, qullik shu darajaga etarkanki, hatto qullar bir-birlariga kishanlarini ko‘rsatib maqtanisharkan – “mening kishanim senikidan chiroyli” deb.

Bu bir tomondan, bizning hozirgi holatimizni eslatadi – go‘yo biz olis yurtlarga kelib ozod bo‘ldigu, boshqalar qullikda qoldi.

Buyuk faylasuf Pifagor: “Men umrim bo‘yi qullikni hujayralarimdan sitib chiqarish bilan shug‘ullandim”, degan ekan.

Balki, hamon O‘zbekiston turmasida qolayotgan Muhammad Bekjon yoki boshqa biror vijdon mahkumi o‘z niyatida bizdan ko‘ra ozod, bizdan ko‘ra ildamroq yo‘ldadir!

Lekin hech qachon “uning kishanlari zanglagan” demang, zotan sizni begona yurtlarga bog‘lagan kishanlar unikidan aslo chiroyli emas.

Yo‘lni yurgan engadi

Aytaylik biror viloyatning ovloq bir tumanida chopiq qilayotgan dehqon nari borsa tuman markaziga borib choyxona palov eb kelishdan katta orzuni tasavvur qila olmaydi.

Uning uchun Toshkent u yoqda tursin viloyat markazidagi kattaroq shaharga borish ham erishib bo‘lmaydigan bir orzu.

Buning uchun “Yo‘lkira qilish kerak, avtobus, marshrutka – hammasi pul turadi. Pishirib qo‘yibdimi menga u erlarda” deya o‘ylaydi u.

Bu huddi Shvetsiyaning O‘miyo yoki Lo‘liyosida yurgan o‘zbekning “Toshkentda menga pishirib qo‘yibdimi” degan pisandasiga o‘xshab ketadi.

O‘quvchim chalg‘imasligi uchun aytaman, – gap Toshkentga emas Vatan ozodligiga olib boradigan yo‘l haqida ketayapti. Uni istagan odam qidirib topadi. Masala birinchi qadamni qo‘yishda.

Shu qadam qo‘yildimi “yo‘l uzoq” degan fikr o‘z mantig‘ini yo‘qotadi.

Zotan – yo‘lni yurgan engadi.

 

Qudrat Bobojon,

Ponauz.com

 

http://tv-fly.net/?p=436

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: