Sobiq davlat maslahatchisi 15 yilga qamaldi – ozodlik.org


O‘zbekiston prezidentining kuch ishlatar salohiyatiga ega tizimlar bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinov katta miqdordagi korruptsiyada ayblandi.

17.02.2012

O‘zbekistondagi bir-biridan mustaqil ikki manbaning Ozodlikka bildirishicha, Ravshan Muhiddinov ishi Toshkent shahar Sergeli tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan va hukm 16 fevral kuni e’lon qilingan.

O‘zbekiston huquq idoralaridagi mansab pillapoyalaridan nisbatan tezlik bilan ko‘tarilgan 48 yashar Muhiddinov qator og‘ir iqtisodiy jinoyatlar, xususan xizmat vakolatlarini suiste’mol qilish va katta miqdordagi korruptsiyada aybdor deb topilgan.

O‘tgan yil 21 sentyabrda davlat maslahatchisi lavozimidan bo‘shatilib, Toshkent viloyati prokurori etib tayinlangan Muhiddinov noyabr oyida bu vazifasidan ham bo‘shatilgan va darhol va hibsga olingan edi.

O‘zbekistonlik taniqli publitsist Sharof Ubaydullaev mamlakat kuch ishlatar va moliya tizimlari faoliyatini nazorat qilib kelgan amaldorning katta miqdordagi korruptsiya va davlat vakolatlarini suiste’mol qilish kabi ayblar bilan 15 yilga qamalishi tuzum asoslaridagi jiddiy muammo ifodasi ekanini aytadi.

– Bu juda katta vazifa. Bizning O‘zbekistonda 1 milliondan ortiqroq pogonli odam bor. Prokuratura deysizmi, oliy sud organlari, militsiya, davlat xavfsizlik organlari, tamojnya, armiya, chegara qo‘shinlari hammasi, birorta pogonli xizmat borki, mana shu ma’muriy organlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘zining butun bir ma’muriy bo‘linmasi bilan shu tizimlar ishini nazorat qiladi.

Bu bo‘limning ichida uning bir nechta o‘rinbosari bor, besh-oltita sektori bor, bu erda 30 taga yaqin odam ishlaydi. Bularning har biridan O‘zbekistonning jamiki sohasidagi generallar zirillab turadi.

Bu idoralar kundalik hayotidagi biror voqea, biror-bir hodisa davlat maslahatchisining nazoratidan chetda qololmaydi. Jamiki davlat oliy organlari ustidan tushgan shikoyat xatlari bormi, signallar bormi, kadrlar masalasi bormi, ularga unvonlar berilishi bormi, jazolar berilishi bormi, u-bu vazifaga ko‘chirilishi, o‘tkazilishi, tushirilishi, ko‘tarilishi bormi, bularning birortasi mana shu davlat maslahatchisining ixtiyorisiz, roziligisiz yuz bermaydi. Bu vazifaga tanlangan odam yoki bu vazifada ishlayotgan odam prezident bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘ladi, har kuni bir necha marta, istagan mahalida. Bu odamga prezidentning eshigida hech qachon yo‘q degan belgi yoki signal bo‘lmaydi, deydi Sharof Ubaydullaev.

O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqin ekani aytiladigan Uzmetronom Internet gazetasi Ravshan Muhiddinovning hibsga olinishiga uning yaqinlari olib borgan tijoriy faoliyat, xususan akasining xotini nomiga rasmiylashtirilgan mehmonxonalar tizimida o‘tkazilgan tekshiruv sabab bo‘lganini yozgan edi. Bu manbaga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab tarmoqqa aylangan “Orzu” mehmonxonalar tizimining Muhiddinovlar oilasiga tegishli ekani aytiladi.

O‘zbekistonlik jurnalist, hukumat ichidagi kadr o‘zgarishlaridan yaxshi xabardor Sharof Ubaydullaevning Ozodlikka aytishicha, ayni kunlarda Ravshan Muhiddinov oilasiga qarashli ekani aytiladigan biznes ko‘lami jamoatchilik orasida qizg‘in muhokama bo‘lmoqda.

– Bu kishining nafaqat akasining xotini, balki o‘zining xotini ham bevosita savdo ishlari bilan, bevosita kommertsiya bilan, biznes bilan aktiv shug‘ullanganligi hozir juda katta gap-so‘zga aylanib ketdi. Lekin kim hozir bu bilan shug‘ullanmayapti? Hozir O‘zbekistondagi eng oliy mansablardan tortib eng quyi mansabgacha sovet davridan qolgan jamiki mehmonxonalar, jamiki katta universal magazinlar, jamiki yirik savdo tochkalari, jamiki ta’minot omborxonalari, import qilish, eksport masalalari, bojxonalar va boshqa-boshqa eng oliy savdo korxonalarini o‘zlashtirib olgan. Bular hozir kimning qo‘lida? Kimlar qanday yo‘l bilan qo‘lga kiritdi? Bular hammasi qop-qorong‘i xalqqa, mutlaqo jamoatchilikka noma’lum yo‘llar bilan jamoatchilikning ko‘zini etti qavat bog‘lab qo‘yib, qop-qorong‘i xonada qora mushukni ushlaganday qilib hal qilindi va qilinmoqda, deydi o‘zbekistonlik taniqli jurnalist.

Norasmiy manbalar, asli toshkentlik Ravshan Muhiddinovning  O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga yaqin ekani va sobiq davlat maslahatchisining Bosh vazir va  MXX raisi Rustam Inoyatov o‘rtasida borayotgan kompromatlar urushining navbatdagi nishoniga aylanganini aytmoqdalar.

Ravshan Muhiddinov, aynan kimning sa’y-harakati tufayli prezident qahriga uchraganidan bexabarligini ayta turib Sharof Ubaydullaev, sobiq davlat maslahatchisining kompromat qurboni bo‘lganiga ishonishini ta’kidlaydi.

– Ravshan Muhiddinovich bu sohada tasodifiy yoki osmondan tushgan odam emas. Bir necha yil rayon prokurori, rayon sudi, keyin Jizzax oblast prokurori, undan keyin respublika Adliya vaziri bo‘lib ishlagan. Xolis aytish kerak, ishlagan joylarida hech qanday ortiqcha so‘z, savollarga o‘rin qoldirgan emas edi. Hamma joyda insofli odam, diyonatli odam, qolaversa bilimli odam, adolatli odam, degan fikrlar doimo hamroh yurgan edi. Endi mana shu eng oliy organga kelgan paytda bu, albatta, qaysidir jiddiy shaxslarga uncha ma’qul kelmagan bo‘lishi  va shundan keyin kompromat urushi boshlangan bo‘lishi mumkin. Bizda har bir odamga etarli darajada kompromat papkalari hamisha tayyor. Buni ichki hujayralarni oz-moz bilganim uchun aytaman. Kerak paytda ularni bir necha soat ichida ishga solish mumkin. Menimcha, Ravshan Muhiddinov davlat maslahatchisi vazifasiga kelgandan keyin, o‘zini yanayam printsipialroq tuta boshlagandan keyin bu kompromat delolarga yo‘l berilgan bo‘lsa ajab emas, deydi uzoq yillar O‘zbekiston hukumatida ishlagan taniqli publitsist Sharof Ubaydullaev.

Toshkent Davlat universitetining Yuridik fakultetini tamomlagan 48 yashar  Ravshan Muhiddinov 2007-2011 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimida ishlagan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, aynan Ravshan Muhiddinov O‘zbekistonda xususiy notariuslarning yopilishiga olib kelgan “Notariat to‘g‘risida”gi qonun tashabbuschisidir.

2006-2007 yillarda esa Muhiddinov Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2011 yilda Muhiddinov O‘zbekiston prezidentining xuquq-tartibot, kuch ishlatar va fiskal tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida bor-yo‘q uch oy ishladi.

Ozodlikka Ravshan Muhiddinovning 15 yilga kesilgani haqida ma’lumot yo‘llagan manba hozirda uning oilasi va yaqinlari ham kuchli tazyiq ostida qolgani va O‘zbekistondan chiqib ketishga hozirlanayotganini bildirdi.

Ravshan Muhiddinovning sobiq davlat amaldorlari uchun Koson va Bekobodda maxsus qurilgan jazoni o‘tash muassasalaridan biriga jo‘natilishi aytilmoqda.

Ayni paytda, O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalar, Muhiddinovning bir yil ichida maxsus amnistiya bilan avf etilish ehtimoli ham mavjudligini qayd etmoqdalar.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24487370.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: