Nikolya Sarkozi bu kabi bayonotlar berishdan o‘zini tiygani ma’qul – uzxalqharakati.com


Tolib Yoqubov

Prezidentlik saylovi oldida janob Nikolya Sarkozi bu kabi bayonotlar berishdan o‘zini tiygani ma’qul

Har bir siyosatchi, ayniqsa davlat rahbari yoki shu yuksak lavozimga da’vogar, hatti-harakatlari, chiqishlari va bayonotlarida o‘z-o‘ziga ziddiyat keltirib chiqarishi ancha keraksiz qusurdir.

Axir nomzodlar debati (tortishuvi) paytida raqiblardan biri ushbuni gapirvorishi ham mumkin-ku: «Janob Sarkozi, Siz – ikkiyuzlama odamsiz, va buni hech qiyinchiliksiz isbotlash mumkin. Mazkur debatga yo‘l olayotib, men Sizning Suriyada hukm surayotgan inqirozga bag‘ishlab keltirgan bayonotingizdan ihtibos keltirayotgan Radio France Internationalening bildirishnomasini olvoldim”.

Bundan buyog‘iga Frantsiya Respublikasi prezidenti lavozimiga da’vogarlik qilayotgan mazkur nomzod nomidan janob Sarkozi bilan bo‘layotgan baxsni men, o‘zbekistonlik siyosiy qochqin Tolib Yoqubov davom ettirishimga ruxsat bersangiz.

Avvalo, tug‘ilgan imkoniyatdan foydalanib, menga siyosiy qochqin maqomi, undan so‘ng esa yashashlik ko‘rinishi (vid na jitel’stvo)ni bergani uchun Frantsiya hukumatiga o‘zimning chuqur minnatdochiligimni bildirmoqchiman.

Shunday qilib…

Radio France Internationale bildirishnomasida mana bunday yozilgan (janob Sarkozining so‘zlari): “Aholiga qarshi qurolli kuchlarni ommaviy qo‘llash, qiynoqlarga solish, yuzlab bolalarga zo‘ravonlik ishlatish – odamni g‘azablantiradi”. Ishonaman-ki, janob Sarkozi aytgan so‘zlaridan qaytmasalar kerak.

Shu gaplar aytilayotgan bir paytda dunyoda O‘zbekiston deya atalmish davlat ham bor va u erda salkam 20 yildan beri Frantsiyaning elchixonasi ishlab turibdi. E’tiboringiz uchun, bu mamlakatdagi vaziyat, ya’ni hukumatning o‘z xalqiga munosabati, Suriyadagidan yaxshi emas, aniqrog‘i – yomon.

Siz o‘z bayonotingizda Suriya hukumatiga uchta ayb qo‘ymoqdasiz: aholiga qarshi qurolli kuchlarni ommaviy qo‘llash, odamlarni qiynoqlarga solish va yuzlab bolalarga zo‘ravonlik ishlatish.

Xo‘sh, ayni shu uchta ayb bo‘yicha O‘zbekistonda ishlar qanday? Ma’lumingiz bo‘lsin, 22 yildan beri O‘zbekistonni uzluksiz boshqarib kelayotgan Islom Karimov 2005 yilning 13 mayida Andijon shahri aholisining ko‘pming sonli norozilik namoyishini otib tashlashga buyruq bergan, natijada minglab odamlar qurbon bo‘lgan. Bashar Asad o‘z xalqini salkam bir yil davomida sekin-asta o‘ldirayotgan bo‘lsa, Islom Karimov bu ishni bir kunda uddaladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning “Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi” ikki marta (2002 va 2007 yillarda) hamda BMTning qiynoqlar bo‘yicha Maxsus Ma’ruzachisi janob Teo van Boven (2003 y.) O‘zbekiston tergov organlari va jazoni ijro etish koloniyalarida qiynoqlar surunkasiga va ommaviy ravishda qo‘llaniladi, degan qarorga kelganlar.

O‘zbekiston paxta mamlakati va hukumat har yili millionlab maktab o‘quvchilari, litsey, kolledj va oliy o‘quv yurti talabalarini paxta terishga paxta plantatsiyalariga haydaydi. Bu amaliyot:

1) Hukumat bolalar mehnatiga doir BMT va XMT (Xalqaro Mehnat Tashkiloti)ning ikki xalqaro hujjatini qabul qilgan bo‘lsa ham;

2) Milliy qonunchilik bolalar mehnatidan foydalanishni ta’qiqlagan (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasi) bo‘lsa ham hamon davom etmoqda.

Frantsuzlar O‘zbekistonni nafaqat diktatorlikka moyil odam, balki qip-qizil diktator boshqarayotganini bilishadimi? Bilishadi. O‘zbekiston prezidenti diktator ekanligi haqida hatto Parij sudi hukm ham chiqarib qo‘ygan.

Frantsuz jurnalisti Augustin Skal’ber (Augustin Scalbert) o‘zining Rue89 internet-nashrida chop etilgan bir maqolasida Islom Karimovni «diktator» deb atagan. Jurnalistning bu gapidan prezidentning oyimqizi Lola Karimova jumbushga kelgan va u Augustinni Parij sudiga tortgan. 2011 yil 1 iyul’ kuni Parij sudi Lola Karimovaning da’vosi asossiz, deb topdi.

Hozir Evropa Ittifoqi va AQShning O‘zbekistonga munosabati qanday ekanini barcha biladi. NATO yuklarini Afg‘onistonga tashish uchun O‘zbekiston temiryo‘llaridan, Germaniya va boshqa davlatlar harbiy samoletlari uchib-qo‘nib turish uchun Termiz harbiy aerodromidan foydalanish maqsadida EI va AQSh ayni paytda o‘zbek hukumatidan aylanib-o‘rgulib yurishibdi.

O‘zbekistonning mustabid hukumatini aylanib-o‘rgulayotganlar orasida Sizning, janob Sarkozi, hukumatingiz birinchi saflarda qadam tashlamoqda. Judayam kelishmagan bir holat namoyon ko‘rinayapti: buyuk Frantsiyaning prezidenti va o‘z vakolatlarini yana bir muddatga cho‘zmoqchi bo‘layotgan shaxs o‘z ikkiyuzlamaligini bo‘rttirib namoyish qilmoqda.

O‘zbek xalqi Frantsiya prezidenti e’tiboriga loyiqmi?

Janob prezident, biz Suriya bo‘yicha Sizning pozitsiyangizni bilamiz. Siz hatto «Suriya xalqining do‘stlari guruxlari»ni tuzish va unga xalqaro yordam uyushtirish maqsadida astoydil bel bog‘labsiz.

Sizning fikringizcha, 30-millionli o‘zbek xalqining nimasi yomon? Marhamat qilib, o‘zbek xalqi va uning hukumati bobida o‘zingizning pozitsiyangizni tushuntirib bersangiz: o‘zbek xalqi Frantsiya prezidenti tomonidan «O‘zbek xalqining do‘stlari guruxlari» tuzilishiga loyiqmi-yo‘qmi? O‘zbekiston hukumati Frantsiya prezidenti tomonidan badanidan o‘tadigan darajada tanqid qilinishiga loyiqmi-yo‘qmi?

Siz Rossiya va Xitoy Suriya bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashida qaralgan yangi rezolyutsiya loyihasiga veto (to‘xtatib) qo‘yishib «Bashar Asad rejimining zulmli va qatag‘on siyosati davom etishiga ko‘maklashmoqdalar» dedingiz. Xuddi shu gapni, balki undan-da kuchliroq urg‘ulab, O‘zbekistonga nisbatan ham aytish mumkinligiga qo‘shilsangiz kerak?

Xitoy – kommunistik, Rossiya esa salkam kommunistik mamlakatlardir va ular haqida ortiqcha gapirmasa ham bo‘ladi. Ular uchun Suriya xalqimi, o‘zbek xalqimi – farqi yo‘q, ikkalasi ham haq-huquqsiz xalqlar. Xuddi shunday, ularda O‘zbekiston va Suriya hukumatlariga bo‘lgan munosabat ham ayni – bu hukumatlar o‘zlaridagidek istibdodli.

Biroq Frantsiya demokratik davlat va u suriyaliklar va o‘zbeklar muammosiga mantiq bo‘yicha mutloq bir xil yondoshishi kerak. Agar Frantsiya O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan olib, uerda o‘zining elchixonasini ishlatib qo‘ygan bo‘lsa-yu, biroq uning rahbarida «O‘zbek xalqi do‘stlari guruxlari»ni tuzishga istagi bo‘lmasa – buerda mantiq qani?

«2011 yil martidan boshlab Damashq rejimi Suriya xalqining erkinlik va demokratiyaga tomon qonuniy intilishiga faqat zulmli qatag‘onlar va bajarilmagan va’dalar bilan javob berdi» – bu ham Sizning so‘zlaringiz, janob Sarkozi.

Aytish mumkin-ki, o‘zbek xalqi erkinlik va demokratiyani suriyaliklardan kam istamaydi. Men esa buni aniq bilaman, chunki men 16 yil davomida O‘zbekistonda huquqbonlik faoliyati bilan shug‘ullanganman, 10 yil O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatini boshqarganman.

Agar Suriyadagi hukumat Suriya xalqining erkinlik va demokratiyaga tomon qonuniy intilishiga 2011 yil martidan boshlab zulmli qatag‘onlar va bajarilmagan va’dalar bilan javob bergan bo‘lsa, O‘zbekiston hukumati esa xuddi shuni 1989 yil, ya’ni Islom Karimov hokimiyatga kelgan paytdan boshlab amaliyotga kirgizgan.

Ma’lum-ki, Bashara Asadgacha Suriyada uning otasining mustabid hukumati bo‘lgan. O‘zbekistonda esa 1991 yilgacha kommunistik totalitar hokimiyat bo‘lgan va uni Islom Karimov boshqargan.

Ayyorona o‘zgarishlar

Postsovet davrida O‘zbekistonda qandaydir o‘zgarishlar bo‘ldimi? Ha, bo‘ldi. Ozmuncha emas. Siyosatchilar bilishadi-ki, vaqt va xalq o‘zgarishlarni talab qilsa-yu, biroq sen, davlat boshlig‘i, o‘rganib qolgan narsalaringning hech birini o‘zgartirishni istamasang, u holda bunday rahbarlarning ba’zilari, ayniqsa firibgarlik, ikkiyuzlamachilik va makkorlikda pishib ketganlari, o‘z siyosatini ayyorlik «tagkursisi» ustiga quradi. Hamma sohada ayyorlik: siyosatda ham, iqtisodda ham, sud sistemasida ham, ommaviy axborot vositalarida ham, qonunchilikda ham, …

Islom Karimov kommunistik g‘oya (ideologiya)ni «Islom Karimov» g‘oyasiga almashtirdi: sovetlar davrida har bir ijobiy narsani kommunistik partiya bilan bog‘lashgan bo‘lsa, hozir har bir ijobiy narsa Islom Karimov nomi bilan bog‘lanmoqda.

Bu – faqat shaxsga sig‘inishgina emas, bu – odamni, davlat boshlig‘ini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilohiylashtirishdir. Bu yo‘lda postsovet hududida u bilan faqat Turkmaniston prezidentlari Saparmirat Niyozov va Gurbanguli Berdimuhammedov tirashishlari mumkin.

Shunday qilib, ehtimol, Suriya va O‘zbekistondagi siyosiy tuzumlar, matematik tilda aytilganda, o‘zlarining mohiyatiga ko‘ra o‘zaro izomorf ekanligini men isbotladim. Xuddi ikki izomorf algebra o‘zlarining elemegtlari bilan farq qilsa-da, ichki tuzilishi bo‘yicha tamoman bir xil bo‘lganiday, ikki davlat, masalan, xalqining millati, aholi soni, madaniyati va boshqa jihatlari bilan farq qilsa-da, biroq ulardagi siyosiy rejimlar bir-biridan mohiyatan farq qilmaydi.

Maqolaning so‘ngida men janob Sarkoziga murojaat qilmoqchiman: 2012 yil aprelida bo‘ladigan prezidentlik saylovida men Sizga omad tilayman. Yana bir bor buyuk Frantsiyaning prezidenti bo‘lsangiz (va hatto bo‘lmasangiz ham), O‘zbekiston kabi mamlakatlarga o‘z nigohingizni qaratishga o‘zingizda istak va kuch toping, chunki uning xalqi Siz kabi dunyo tanigan siyosatchilar uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbek xalqining do‘stlari guruhlari»ni tuzishlariga loyiqdir.

 

Talib Yakubov

Fevruary 14th, 2012

 

http://www.uzxalqharakati.com/archives/8547

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: