“Mukammal tizim” to‘g‘risida nomukammal ko‘rsatuv – ozozdlik.org


Boshlovchilarining biri go‘zal, ikkinchisi ko‘rkam bo‘lgani uchungina ko‘rsa bo‘ladigan “Oydin hayot”ning pistaga bag‘ishlangan sonini ko‘rkam boshlovchi “Saxovatli ne’matlarimizning qadriga etaylik. Zero tabiatning o‘zi eng buyuk shifokordir” deb yakunladi.

Sarvar Usmon

15.02.2012

Ne’mat ham saxovatli bo‘ladimi?

Qanday qilib qadriga etishimiz kerak?

Pistani chaqsak etgan bo‘lamizmi, chaqmasakmi qadriga?

Zahardan ham qimmat xandon pistaga pulimiz etmasachi?

Ko‘rsayam, ko‘rmasayam bo‘laveradigan tomoshadan paydo bo‘lgan Senekabop bu falsafiy savollar ustida bosh qotirib o‘tiruvdim joriy qishning eng dolzarb muammosiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv boshlanib ketdi.

Shu joydan boshlab, hazil-huzul, kesatiq-mesatiq, kinoya-pinoya kutmang.

Gap juda jiddiy bo‘ladi.

Kommunal xizmatlar haqini to‘lash intizomi bilan bog‘liq muammolarni yoritishga bel bog‘labdi “Nigoh” ko‘rsatuvi mualliflari.

Ko‘rsatuvning boshrog‘ida ko‘rsatilgan toshkentlik uy bekasining “Bir haftalab sovuq suvimiz bo‘lmadi. Issiq suvda qo‘limiz kuyib idish yuvdik. Nima ilojimiz yo‘q” deb zorlangani kulgingizni qistatishini aytmasangiz, mualliflar ancha mehnat qilgani ko‘rinib turibdi.

Anchayin haqiqatlar ham aytildi.

Anchayin xolos.

Xuddi shu mavzuda tunov kuni bir xos suhbat chog‘ida sohani ipidan ignasigacha biladigan mutaxassis tanishim aytgan gaplarning aynan o‘zini eshitdim ko‘rsatuv mualliflaridan.

Mutaxassis, aytuvdiki, gaz, suv, issiqlik faqat postsovet mamlakatlarida XIZMAT hisoblanadi.

Boshqa yurtlarda gaz, suv, issiqlik TOVARdir.

Xuddi shu gapni ko‘rsatuv mualliflari mana bu tarzda berdilar.

– Bir dona gugurt, bir dona shamingiz necha so‘m?

– 650 so‘m  bo‘ladi aka.

– Shuni qarzga bering. Topganda beraman.

– Akajon, bizda qarzga berilmaydi. Xohlang naqd pul bering, xohlang plastik bering. Lekin qarzga yo‘q aka.

“Guvohi bo‘lganingizdek do‘kondan pulini to‘lamasdan hech narsani xarid qila olmaysiz. Aslida xizmatlar ham shunday. Xuddi uyali telefon puli tugagan zahoti o‘chganiday. Yana bir gap. Dunyoning hech bir erida bizdagiday bu xizmatlar nasiyaga berilmaydi. Oldindan haq to‘lab sotib olinadi”.

Afsuski, masalaning o‘zak tomiri ushlandiyu izlanish shu nuqtadan boshlanmadi.

Izlanish nuqtasi sifatida esa, mana bu “postulat” keltirildi.

“Xolisona aytish kerakki, mamlakatimizda kommunal sohani rivojlantirish, aholiga qulaylik va shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘plab yutuq va muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Eng muhimi mazkur xizmatlar bilan bog‘liq mukammal tizim yaratildi”.

Yo‘q, fikri ojizimcha, bu fikr XOLISONA fikr emas.

Bu fikr doimiy PROPAGANDISTIK fikrdir.

Agar ko‘rsatuv mualliflari aytayotganday, chindan ham MUKAMMAL TIZIM bo‘lgandaydi, ko‘rsatuvni tayyorlashga hojat qolmagan bo‘lardi.

Aybni to‘laligicha iste’molchiga ag‘dardilar, keltirilgan postulatdan kelib chiqib aybni boshqa joydan izlashning iloji ham yo‘q edi.

To‘g‘ri, iste’molchidayam ayb bor. Xos suhbat chog‘ida mutaxassis ham aytdi bu gapni. “O‘zbek, dedi u, yoz kunlari gugurtni tejash uchun gazni o‘chirmaydi”.

O‘zim ham ko‘rganman shunaqa xonadonlarni. Gaz kechayu kunduz yonib yotadigan xonadonlarni.

Tarvuzni sovutish uchun o‘zbek kranni ochib qo‘yadi. Oqiiib yotaveradi suv…

To‘g‘ri, keyingi yillarda gazhisoblagichlar, suvhisoblagichlar o‘rnatilayapti. Lekin Ozodlik tinglovchilarining takror-takror aytishlaricha, haqdor tashkilotlar o‘zlari o‘rnatgan hisoblagich ko‘rsatkichini o‘zlari tan olmaydi.

Katta-katta qarzlarni yozib, yonida melisa bilan kirib kelaveradi xonadonga.

Chunki, haqdor tashkilotlar rahbarlari o‘zlarining, do‘stlarining, kattalarning, prosto yaxshi lekin kerakli odamlarning, xo‘jayinlarning oshxonayu restorani, ohak zavodiyu g‘isht zavodi, issiqxonalariyu sovuqxonalariga “sovg‘a” qilib yuborgani gazning haqini undirishi kerak.

To‘g‘ri, hukumat bu sohada kurash boshlaganday. Mutaxassis tanishimning xos suhbat chog‘ida aytishicha, o‘tgan yildan beri birgina Farg‘ona vodiysida o‘nlab gazchi amaldor qamalib ketdi.

Lekin gaz baribir yo‘q. Elektr energiyasi baribir taqchil. Chunki TIZIM MUKAMMAL emas.

To‘g‘rirog‘i, joriy tizim KORRUPTsIYaNI URChITADIGAN MUKAMMAL TIZIMDIR: qamalgan o‘g‘ri o‘rniga yangisi keladi va u ham…

Bunday sharoitda “Nigoh” ko‘rsatuvini mukammal tayyorlashning iloji yo‘q edi.

Tushunaman.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24485247.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: