AQSh mahkamasi Jamshid Muxtorovni garov evaziga ozod etishi mumkin – bbc uzbek


15 fevral 2012

Registan.net dan olingan surat

Jamshid Muxtorov 2007 yilda AQShda boshpana olguniga qadar O‘zbekistonda bir muddat inson huquqlari faoli bo‘lgan

AQSh Federal mahkamasi terrorizmda gumon qilinayotgan o‘zbekistonlik Jamshid Muxtorovni garov evaziga ozod etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Seshanba kuni Denverda boshlangan mahkamada federal prokurorlar Muxtorov hibsda ushlab turilishi lozimligini aytishgan.

Prokurorlarga ko‘ra, 35 yoshli Jamshid Muxtorov oilasini Qo‘shma Shtatlarda qoldirib, Turkiyaga bir yo‘llik chipta olgan.

Ammo himoya tomonining aytishicha, prokurorlar keltirgan dalillar Jamshid Muxtorovning hayotida nimalar kechayotgani va Turkiyaga safar borasida u keltirgan sabablarni to‘la qamrab olmaydi.

2007 yilda AQShda boshpana olguniga qadar O‘zbekistonda bir muddat inson huquqlari faoli bo‘lgan Jamshid Muxtorov terrorchi tashkilotga ko‘maklashish yoki ko‘maklashishga harakat qilishda ayblanmoqda.

Prokurorlar uning AQShda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan “Islomiy Jihod” guruhi saflarida jang qilish niyatida bo‘lganini da’vo qilishgan.

Jamshid Muxtorov 21 yanvar kuni Turkiyaga ketayotgan payti Chikago aeroportida hibsga olingan.

2 fevral kuni o‘tgan mahkamada u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan.

‘Xato’

AQSh matbuotining federal himoyachi Brayn Lididan iqtibos keltirishicha, Jamshid Muxtorov o‘zini hibsga olgan Federal Qidiruv Byurosi josuslariga “xato qilishganini” aytgan.

“Oilamni zo‘rg‘a boqayotgan bo‘lsam, qanday qilib terrorizmni qo‘llab-quvvatlashim mumkin?”, – deya Jamshid Muxtorovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Assoshieyted Press xabar agentligi.

Prokurorlarga ko‘ra, Jamshid Muxtorov hibsga olingan payt uning yonidan ikkita iPhone, iPad, shuningdek, GPS – navigatsiya jihozi hamda 2865 AQSh dollari topilgan.

Ayblov tomoni Muxtorov bu jihozlardan nima maqsadda foydalanmoqchi bo‘lgani tergov jarayonida oydinlashishini aytmoqda.

Ularga ko‘ra, Muxtorov “Islomiy Jihod” a’zolari bilan elektron pochta vositasida kod so‘zlar orqali muloqot qilgan va o‘zini Turkiyaga “to‘yga” taklif etishlarini so‘ragan.

Fedaral Qidiruv Byurosining aytishicha, Muxtorov “har qanday vazifa, kerak bo‘lsa, o‘limga ham tayyorligi”ni bildirgan.

Himoya tomoni esa Jamshid Muxtorovning Islomiy Jihod guruhi internet sahifasiga a’zo bo‘lishi va u erda faoliyat olib borayotganlar bilan muloqotga chiqishidan maqsad vatanida nimalar sodir bo‘layotganidan ogoh bo‘lish bo‘lganini aytgan.

Himoyachi Brayn Lidiga ko‘ra, Muxtorov mintaqaga oilasini ko‘rish uchun safar qilayotgan bo‘lgan.

Seshanba kungi mahkamada Muxtorovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish borasida nihoiy qaror qabul qilinmagan.

Garov evaziga ozod qilish yoki qilmaslik borasidagi mahkama qarorining kelayotgan bir-ikki kun ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Assoshieyted Press muxbirining yozishicha, seshanba kuni mahkama zalidan olib chiqib ketilarkan, Jamshid Muxtorov oldingi qatorda ko‘ziga yosh olgan hijobli ayolga qarab jilmaygan va bosh barmog‘ini yuqoriga qilib, olqishlagan.

Qochqin

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma’lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildoro Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kolorado Shtatida 2005 yildan buyon 157 nafar O‘zbekiston fuqarosi boshpana olgan.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2012/02/120215_cy_us_uzbek_bail.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: