Alloh Haq so‘zni qabul qiladi – yangidunyo


Shoir Yusuf Jumaga da’vat maktubi

Bismillahir Rohmanir Rohim

Sizning “ijodingizning” oxirgi namunalarini o‘qigan o‘zbeklarning, xususan muhojiratdagilarning nafaslari ichiga tushib ketdi. Ular bu yozganlaringizdan qayg‘uga tushdilar, ba’zilari esa nafrat bilan erga tupurmoqdilar. Buning sababi siz ularning nazdida mazlum shoir, ya’ni O‘zbekistondagi hozirgi diktatorlik rejimi qamoqqa solib qiynagan muxolif bir ijodkor edingiz. Ammo sizning “Besh-o‘n she’rim qolsa qolar,

qolmasa ham falonimga!”, deyishingiz bilan siz haqingizdagi zohiriy haqiqat barchaga ayon bo‘ldi. Ya’ni, bu bilan sizni o‘zbek xalqiga bog‘lab turadigan hech bir qadriyatga o‘rin qolmadi. Balki shu sababdan yuzingizga tupurish imkoni bo‘lmaganlar jahl bilan erga tupurayotgan bo‘lishlari mumkin…

Ammo men hozir faqatgina bu zohiriy haqiqatni sizga aytish uchun qo‘limga qalam olmadim. Dunyo tarixida o‘z xalqiga turli sabablar bilan “oq” bo‘lganlarning o‘rnagi son sanoqsizdir. Mening bu maktubni yozishdan maqsadim sizning botiniy haqiqatingizni yuzaga chiqarishga urinishdir. Urinish deyapman, chunki qalblarning sirini faqatgina Alloh taolo biladi. Menimcha sizning fojeangiz Haq tarafidaman, deya botil yo‘ldan yurishdir. Ya’ni, Buxorodan Toshkentga boraman, deya otni Afg‘oniston tomonga surishdadir…

Bilingki haqiqat mening bu satrlarimda ham sizning vasvasa mahsuli she’rlaringizda ham emas. Haqiqat uning Egasining Kalomida, ya’ni Qur’oni Karimdadir. Haqiqat ma’nodir, ma’nosizlik esa botildir, foydasizdir, insonning yuzini qora qiladigan mudhish bir buyoqdir. Bunday ma’nosizlik so‘zda ham, amalda ham bo‘lishi mumkin. Ma’nosizlikning qadri yo‘qdir, o‘zbekchasiga aytganda bir pulga qimmatdir…

Alloh taolo aytadi:

«Agar shirk keltirsang, albatta, amaling habota (behuda) bo‘ladi va, albatta, ziyonkorlardan bo‘lursan (Zumar surasi 65)

Haqiqat bu ushbu oyati karimada ifodalangan haqiqatdir: ya’ni kimki Allohga sherik keltirsa (shirkga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa), uning amallari “habota” bo‘ladi. “Habota” ma’nosiz bo‘ladi, qadri qolmaydi, qilingan ish behuda ketadi, Alloh taolo qabul qilmaydi, deganidir. Ya’ni, shirk bilan qilingan amallar uning sohibiga hech qanday foyda bermaydi. Agarda u tog‘lar qadar oltin qazib olgan bo‘lsa ham. Agarda bu tog‘lardan o‘ziga oltin qabr yasatgan bo‘lsa ham. Uning qabri quyosh nurida jilvalansada, ammo bu qabrda uning hamkorlari ilonlar va chayonlar bo‘ladi, xolos.

Siz bugunga qadar o‘zingizni haqiqat tarafidaman, deya “ijod” qilib kelmoqdasiz. Ammo haqiqatga zarra qadar yaqinlashganingiz yo‘q. Chunki siz Alloh taologa Uning O‘zi talab qilgan shaklda imon keltirmagansiz. Bilingki, imon ikki xildir: tavhidli imon va shirkli imon. Qur’oni Karimda Alloh taolo tavhidli imonni ulug‘ladi, shirkli imonni esa erga urdi. Chunki shirkli imon egasi (mushrik) ham umuman imonsiz bo‘lmaydi. Faqat uning imoniga shirk aralashgan bo‘ladi. Buning misoli asalga zahar aralashgani kabidir. Bu asal tashqaridan qaralganda asal bo‘lib ko‘rinadi, ammo uni egan inson mutlaqo o‘ladi. Xuddi shunday mushrik kishi ham Alloh taoloning borligiga ishonadi, ammo Uning yagona Robligiga va Ilohligiga rozi bo‘lmaydi. Bir mushrik mening Allohdan boshqa Ilohlarim bor, men ularda aslo voz kecha olmayman, deya dod voy soladi. U balki otasining yagona otaligini qabul qilar, ammo Allohning yagona Ilohligini qabul qilmaydi. Xuddi siz Alloh, Tangrim, deya she’r yozganingiz va ayni paytda Muqannaparast bo‘lganingiz kabi. Muqanna bir mushrik edi va kimki uning tarafida bo‘lsa, million marta Alloh desa ham Alloh taolo bunday odamning gapini qabul qilmaydi. Xuddi bir odam o‘z otasini million marta “otajon”, desayu, bir marta begona odamni ham bu ham mening otamdir, degani kabi. Bunday so‘zni aytgan odamni o‘z otasi “oq ” qiladi. Alloh taolo esa o‘ziga shirk keltirgan bandaning yuzini “qora” qiladi. Alloh qora qilgan yuzni esa endi hech kim oq qila olmaydi. Shunday ekan, sizning muqannaparastlik bilan aytayotgan nazmingiz, nasringiz va shu bugunga qadar qilib kelgan barcha ishlaringiz “habota”dir…Boshqacha so‘z bilan aytganda “faloningiz” bilan o‘zbek xalqiga qanday begona bo‘lgan bo‘lsangiz, Muqannangiz bilan, Alloh taoloning rizosiga ham bundan millionlarcha (darajasini Alloh biladi) darajada begonasiz. Begonasiz, chunki Hitler ham, Stalin ham o‘zlarini to‘g‘ri, raqiblarini noto‘g‘ri yo‘lda, deya bilgan edilar. Ammo ikkalasi ham zolim va g‘addor edi. Bu ma’noda sizning va sizga o‘xshab Haq yo‘ldan adashganlarning hozirda O‘zbekistonni boshqarayotgan zolim Islom Karimov va uning maddohlaridan hech qanday farqingiz yo‘q. Tarix o‘zlarini “haq”, deya bir birining go‘shtini egan bunday “haqparastlarning kurashlariga” ko‘p marta sahna bo‘lgan. Chunki haqiqiy kurash Haq Egasining yo‘lida bo‘ladi, aks holda inson men ham kurashchiman, deya o‘zini aldab, cho‘lda chirigan xazonlar kabi nom nishonsiz yo‘q bo‘lib ketadi…

Siz musulmonlar johil, har xil guruhlarga bo‘lingan, bir birini eyishga tayyordirlar, deya o‘zingizning “oq” aqidangizni va amallaringizni yanada oqlashga urinmang. Chunki haqiqat turli toifalarga bo‘linib ketgan musulmonlarning” haqiqati” emas, Alloh taoloning haqiqatidir. Chunki musulmonlarning yuzi Islom dinining yuzi emas, Islom dini haqiqiy musulmonlarning yuzidir. Musulmonning gunohi Islomning gunohi emas, Islomning nuri musulmonning yuzining nuridir. Insonlarning din masalasida qiladigan eng muhim xatolaridan biri musulmonlarga qarab Islomga baho berishlaridir. Holbuki, ular Islomga qarab, o‘zlarini musulmonmiz, deydiganlarga baho berishlari kerak edi…

Siz Turkiston birlashsin, deya “qayg‘urasiz”, ammo siz va sizga o‘xshaganlarning holi Turkistonga xiyonatdan boshqa narsa emas. Siz ko‘klarga ko‘tarib maqtaydiganlardan biri “Turkiston”, “Turkiston”, “Madaminbek” deb baqiradiyu, so‘zining oxirida menga jannat kerak emas, vatanim etar, deydi. Aqlsizlik va johillik shu darajada. Axir Turkistonni mashhur qilgan uning imonli farzandlarining, ya’ni Alloh taoloning jannatini istab, ilmini, aqlini, molini va jonini Haq yo‘lga tikkanlarning fidokorligi emasmi? Madaminbek Alloh taoloning rizosi uchun, Haq yo‘l uchun, bu dunyo hayotidan jannatni ustun ko‘rgani uchun shahid bo‘lmadimi? Bugungi Turkistonda shu o‘tgan yigirma yilda nimalar bo‘lmadi, axir? Eski xonlarning zulmidan battar zulm ham (O‘zbekistonda), qo‘zg‘olon va fuqarolar urushi ham (Tojikistonda), hukumatlarni ag‘darish ham (Qirg‘izistonda), bir insonni Iloh, deya uning oltin haykallarini maydonlarga o‘rnatib, shu haykallarga bandalik qilish (Turkmaniston), xullas johillikning ming ko‘rinishini ko‘rdi Turkiston bugun. Qo‘zg‘olonlar ham, fuqarolar urushi ham, siz o‘lib tirilib boshqalarning “xoinligi” natijasida amalga oshmay qoldi, deya afsus chekayotgan hukumatlarni quvish ham Turkistonni tiriltira olmadi. Chunki Turkistonni Turkiston qilgan imon poklanmadi. Chunki biz orzu qilayotgan Turkistonning poydevori ham, cho‘qqisi ham shirk bilan najaslangan imon emas, tavhid bilan jilvalangan imondir. Koshki shahvoniy “ilhomdan” ko‘r bo‘lgan ko‘zlaringiz shu pok imon bilan ochilsada, haqiqatni bir ko‘rsangiz?

Nadomatlar bo‘lsinkim, o‘zingiz haqiqatni bilmagangiz holda pir va buzruklikga Islom dini masalasida o‘zingizdanda johilroq bir kishini, ya’ni Abdurahim Po‘latovni tanladingiz. Bu odam Alloh taolo farz qilgan ibodatlarni (masalan, kunda besh vaqt namoz o‘qishni ) farz emas, harom qilgan narsalarni (masalan, sudxo‘rlikni) harom emas, deya dindan chiqqan kishidir. Bunday iddoa mengagina oid emas. Men bu gapni avval ham sizga aytganman: Islom dinini biladigan kishilarga boring, mening ustozim Alloh farz qilgan ibodatlarning farzligini, harom qilgan narsalarning haromligini, rad qiladi, shunga nima deysizlar, deya so‘rang. Ilm ahllari sizga bu odamning kufrini butun dalillari bilan isbotlab beradi.Bu odam avval kommunist bo‘lganligini hisobga oladigan bo‘lsak, hech qachon dinu imonga aloqasi bo‘lmagan ham bo‘lishi mumkin. Mana shu odam o‘zining nafsining tug‘yonlari bilan inson borki hammasini qoramollikda ayblab kelmoqda. Zero, Alloh taologa kufr keltirgan, shu Buyuk Zotga “oq” bo‘lgan yuzsizdan nima ham kutib bo‘lardi?. Alloh taologa muhabbati bo‘lmagandan insonlarga hurmat va shafqat kutishning o‘zi ham aqlsizlikdir…

Bu odam o‘z muxolifining uloqni olib ketishidan qo‘rqanligi uchun va ayniqsa endi qarib qartayib, o‘z umrining yagona maqsadi bo‘lgan O‘zbekistonga rahbarlik qilish kabi “oliy” darajaga erishishdan mahrum bo‘ldim, deya hisoblayotgani uchun hammaga g‘azab va nafrat toshlarini otmoqda. Holbuki, pok imon sohibi bo‘lganda va Alloh taoloning mana bu oyatini o‘rganganda bu masalada aslo o‘zini u tomondan bu tomonga urishiga hojat qolmagan bo‘lardi:

“Ayting (ey Muhammad): «Ey barcha mulkning egasi Robbim! Xohlagan kishingga mulk berursan va xohlagan kishingdan mulkni tortib olursan, xohlagan kishingni aziz qilursan, xohlagan kishingni xor qilursan. Barcha yaxshilik Sening qo‘lingda. Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan.” (Oli Imron surasi 26)

Uzun gapning qisqasi siz ham, buzrugingiz ham Alloh taoloning yo‘lida emassizlar. Haq yo‘lga kelasizlarmi, yo‘qmi, buni ham Allohning O‘zigina biladi. Ammo Qur’oni Karimda aytilgani kabi Alloh zolim va fosiqlarga hidoyat bermaydi.

Alloh taologa bandalikni qabul qilmaganlarning yoki bu bandalikda shirk keltirganlarning biror xalqga oid bo‘lishlari yoki o‘z xalqini qoramol, deya undan voz kechishlarining esa zarra qadar ahamiyati yo‘q. Xullas, sizlar hozircha Yaratganga ham, yaratilganlarga ham begonadirsizlar. Shunday ekan, aytayotgan so‘zlaringizning va qilayotgan ishlaringizning “habota” ekanligini bilib qo‘yingizlar. Toki Haq yo‘lga kelmas ekansizlar bu haqiqat o‘zgarmaydi. Haqiqatning esa yuzi yorug‘, unga qarshi chiqqanlarning esa yuzlari qoradir…

Alloh taoloning salomi, rahmati, marhamati va mag‘firati Uning hidoyatiga ergashganlarga bo‘lsin! Omin!

 

Namoz Normo‘min, 15 fevral’, 2012 yil.

http://yangidunyo.com/?p=901

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: