Ak Velsapar: ‘Markaziy Osiyodagi tuzumlarning umri tugab bormoqda’ – bbc uzbek


17 fevral 2012

Ak Velsapar xorijdagi eng taniqli turkmanistonlik mualliflardan biri

Turkmanistonda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ikkinchi muddatga qasamyod qilgan.

12 fevral kuni o‘tgan prezidentlik saylovlarida 97 foizdan ko‘proq ovoz olgan 54 yoshli janob Berdimuhamedov bir oyog‘ida tiz cho‘kib, turkman bayrog‘ini o‘pgan va mamlakatda ko‘ppartiyaviylik tizimini joriy etishga va’da bergan. Muxbirlar uning 2007 yildagi marosimdan farqli o‘laroq, marhum Prezident Saparmurot Niyozov nomini tilga olmagani va “Ruhnoma” bilan qasam ichmaganiga e’tibor qaratishgan. Shvetsiyada yashayotgan turkmanistonlik taniqli jurnalist va adib Ak Velsaparning aytishicha, janob Berdimuhamedovning va’dalari bilan Turkmanistondagi haqiqiy voqe’lik o‘rtasidagi jarlik juda katta.

    “Mening nazarimda Berdimuhamedovning ham, Karimovning ham diktaturalarining umri tugab bormoqda.”

Ak Velsapar

Velsapar: Menimcha, Berdimuhamedov o‘zining bergan va’dasini majburiyat sifatida qabul qiladigan bosqichdan o‘tdi. U hozirgacha uch marta Turkmanistonda ko‘ppartiyaviylik tizimini joriy etishga va’da berdi, ammo uchalasida ham quruq va’dadan nariga o‘tgani yo‘q. Qo‘rqamanki, Berdimuhamedov Turkmanboshining izidan borib, hech qachon mamlakatda ko‘ppartiyaviylik tizimini joriy etmaydi.

Bi-bi-si: Ammo ijobiy o‘zgarishlar ham bor, masalan, “Prezident saylovlari to‘g‘risida” va yaqinda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Janob Berdimuhamedov oylarning nomini qayta tiklagani va nafaqalarni qayta to‘lashni yo‘lga qo‘ygani Turkmaniston aholisi uchun muhim o‘zgarishlar. Shunday emasmi?

Velsapar: Ha, bularning hammasi to‘g‘ri. Ammo bir o‘ylab ko‘raylik, uning oy va hafta nomlarini o‘zgartirmasdan boshqa ilojisi bormidi? Yoki nafaqaxo‘rlarga nafaqalarini qayta tiklamasa bo‘larmidi?. Bu holatda u uzog‘i bilan ikki yilda ijtimoiy halokat yoqasiga kelib qolgan bo‘lar edi. Aslida u Turkmanistonda favqulodda bir o‘zgarish yasagani yo‘q. Faqat Turkmanboshidan avval mavjud bo‘lgan odatiy tartibni joyiga qo‘ydi, xolos. Uning o‘zida esa hech qanday siyosiy tashabbus ko‘ringani yo‘q. Bularning hammasi tashqaridan qaraganda barqarorlik bo‘lib ko‘rinadigan holatni saqlab turish uchun qilingan “kosmetik” o‘zgarishlar, xolos. Maqsad diktaturaning umrini uzaytirish.

Bi-bi-si: Bugungi inauguratsiya jarayonini yoritgan jurnalistlar janob Berdimuhamedovning “Ruhnomani” ushlab, Turkmanboshiga sadoqat haqida qasamyod qilmaganiga e’tibor qaratishgan. Bu sizningcha nimani anglatadi?

Velsapar: Bu faqat Berdimuhamedov endilikda o‘zini Turkmanboshining o‘quvchisi emas, balki undan ham munosibroq Prezident sifatida ko‘rayotganini anglatadi. U o‘zini turkmanlarning eng sevimli dohiysi bo‘lishga loyiq, deb hisoblaydi. Ammo u va’da qilgan va turkmanlar uzoq vaqtdan buyon kutayotgan islohotlar Berdimuhamedovning ikkinchi prezidentlik muddatida ham amalga oshmaydi.

Bi-bi-si: Siyosiy islohotlarni bir chetga qo‘yib tursak, iqtisodiy sohada ba’zi o‘zgarishlar bormi? Masalan, qo‘shni o‘zbekistonliklar uchun Turkmanistonda gaz va elektrning tekinligi, benzinning arzonligi juda katta ijtimoiy imtiyoz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Umuman, turkmanlarning bugungi hayot darajasi haqida nima bilamiz?

Velsapar: Turkmaniston yopiq mamlakat, shuning uchun biz xalq besh-o‘n yil avvalgidan ko‘ra yaxshiroq yashayaptimi yoki yomonroqmi, bilmaymiz. Tashqaridan qarasangiz va yo ba’zi odamlarning gap-so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, hayot besh – o‘n yil oldingiga qaraganda bir qadar yaxshilangan. Deylik, Ashxobodda o‘rta tabaqa paydo bo‘lganining ba’zi belgilari bor. Ammo bu faqat Ashxoboddami, boshqa mintaqalarda hayot qanday, bilmaymiz. Ammo aniq bilamizki, Turkmanistonda jo‘yali iqtisodiy islohotlar ham amalga oshirilgani yo‘q.

Bi-bi-si: Ayrim turkman muxolifatchilari Arab bahori ertami, kechmi, Turkmanistonga ham etib boradi, deb ishonishadi. Bu sizga haddan tashqari umidbaxsh bashoratdek tuyulmaydimi?

Velsapar: Men Arab bahori Turkmaniston, O‘zbekiston va butun mintaqaga ta’sir ko‘rsatishi muqarrar, degan fikrga qo‘shilaman. Mening nazarimda Berdimuhamedovning ham, Karimovning ham diktaturalarining umri tugab bormoqda. Ehtimol, besh-sakkiz yildan keyin O‘zbekistonda ham, Turkmanistonda ham diktatura bo‘lmaydi. Voqealarning aynan qanday rivojlanishini hozirdan bashorat qilish qiyin. Chunki Turkmanistonda ham, O‘zbekistonda ham muxolifat, afsuski, juda zaif. Bu esa Karimov va Berdimuhamedovlarning tuzumi siyosiy sahnadan ketgach, qiyin davrning boshlanishini anglatadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2012/02/120217_cy_turkmen_velsapar.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: