16 fevral deb qamalganlarga amnistiya yo‘q – ozodlik.org


1999 yilning 16 fevralida Toshkentda sodir etilgan portlashlardan beri roppa-rosa 13 yil o‘tdi. Portlashlardan ko‘p o‘tmay ularni uyushtirganlikda hamda amalga oshirganlikda aybdor deb topilib qariyb 30 kishi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan, ba’zilari o‘limga mahkum etilgan. Xo‘sh, qamalganlarning taqdiri ne kechdi?

Mamadali Mahmudov qamalganidan beri o‘tgan 13 yil ichida e’lon qilingan amnistiyalarning birortasi adibga qo‘llanmadi.

Sarvar Usmon

16.02.2012

16 fevral portlashlariga aloqadorlikda ayblangan dastlabki 22 kishi ustidan hukm 1999 yilning 3 iyunida chiqarilgan, sudlanganlarning oltitasiga o‘lim jazosi berilgan edi.

22 sudlanuvchi orasida Zayniddin Asqarov, Bahrom Abdullaev, Murodilla Qozievlar bor edi.

Oradan bir yil o‘tib, Erk partiyasi raisi Muhammad Solih, O‘zbekiston islomiy harakati rahbarlari Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniylar ham sirtdan sudga tortildi.

Muhammad Solih 15 yilu 6 oylik qamoqqa, Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniylar o‘lim jazosiga hukm qilinib, xalqaro qidiruvga berildi.

Keyinchalik Erk partiyasi liderining ukalari va yaqin safdoshlari, jumladan, Mamadali Mahmudov kabi muxolifat a’zolari va ziyolilar ham hibsga olindi.

Bahrom Abdullaev, Murodilla Qozievlar o‘limga hukm qilinganlar orasida edi.

13 yildan beri tilga olinganlardan ba’zilari qamoqxonada vafot etdi.

Masalan, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining izni bilan 2003 yilning noyabrida chet el axborot vositalari muxbirlariga intervьyu berish bilan portlashga doir versiyalarni yanada chigallashtirib yuborgan Zayniddin Asqarovning jasadi 2010 yilning oktyabrida uning yaqinlariga qaytarilgan.

Bundan 13 yil burun 1999 yilning 16 fevralida Toshkentning besh joyida 45 daqiqa ichida portlashlar yuz berdi.

O‘zbekiston islomiy harakatining sirtdan sudlangan rahbarlari Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniylar horijda o‘lim topdi.

Qamoqda qolayotganlar orasida taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov ham bor.

Adibning turmush o‘rtog‘i Gulsara opa Ozodlik radiosi savollariga javob berar ekan, qamoqxonaga so‘nggi bor dekabr oyida borganini, o‘shanda erining Sangorodda (qamoqxona kasalxonasi) bir oy yotib chiqqanini aytib berdi.

Mamadali Mahmudov qamalganidan beri o‘tgan 13 yil ichida bir necha bor amnistiya e’lon qilindi. Biroq bu amnistiyalarning adib uchun foydasi bo‘lmadi.

– Amnistiya to‘g‘risida hech gap eshitmayapmiz. Bilmayman bularga tegishlimi yo‘qmi bilmadikda, dedi Gulsara opa.

Uning aytishicha, oilasi boshlig‘ini ozod qilishni so‘rab qilingan murojaatlarning barchasi qondirilmay qolib kelmoqda.

– Yozganmiz, bundan oldingilarda chiqarilsin deb yozganimizda ham “bularga tegishli emas” degan javob kelgan, dedi Gulsara Mahmudova.

Mahbus yozuvchi Mamadali Mahmudov bu yil 72 ga kiradi.

16 fevral portlashlarida ayblanib Erk partiyasi raisi Muhammad Solih sirtdan sudlangan bo‘lsa, uning ikki ukasi Rashid va Muhammad Bekjonlar real jazoga tortilgandi.

Rashid Bekjon 2011 yil mart oyida 12 yillik qamoqdan so‘ng ozod etildi.

Lekin 2011 yil 14 dekabr kuni qamoq muddatini to‘liq o‘tab bo‘lgan Muhammad Bekjon qamoqxona tartibini buzganlikda ayblanib yana qo‘shimcha 5 yillik jazoga hukm etildi.

Mahkumning bu xabarni eshitgan turmush o‘rtog‘i Nina Bekjon Ozodlik bilan suhbat chog‘ida “Turmush o‘rtog‘imga yana besh yil qo‘shib berilgani haqidagi xabardan men karaxt bo‘lib qoldim. Erimga achinib, ichim yonib ketayapti”,  degan edi.

Inson huquqlari himoyachilari va siyosiy muxolifat vakillari hukumat 16 fevral voqealaridan diniy va siyosiy muxolifatga qarshi kurashda foydalandi, degan fikrni bildirib keladi.

O‘zbekistondagi demokratik harakat asoschilaridan biri Dilorom Ishoqova gapiradi.

– O‘zbekistonda bularni ozodlikka chiqarish talabi ancha yillardan beri ko‘tariladi. Umuman birorta inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti yo‘qki, mana shu masalalarni, masalani emas aynan ularning ozodligini so‘rab juda ko‘p murojaat qilingan. Bu masala juda ko‘p ko‘tarilgan. Lekin hukumat o‘sha ko‘plab so‘rovlarni javobsiz qoldirib kelmoqda, dedi Dilorom Ishoqova.

1999 yilning 16 fevralida 45 minut ichida Toshkent shahrining besh nuqtasida portlash sodir bo‘lgan edi.

Shu kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lishi kerak edi. Birinchi portlash prezident Karimov kelishiga 10 daqiqa qolganda – soat 10.45 da mana shu bino oldida bo‘ldi.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi, Milliy bank, “Nodirabegim” kinoteatri oldida, Yakkasaroy tumanidagi hovlida portlash yuz berdi.

Mamlakat rasmiylari bayonotiga ko‘ra, portlashlar oqibatida 16 odam nobud bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24486402.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: