Tolib Yoqubov: Uzma ko‘ngil torini – uzxalqharakati.com


“Do‘st bo‘lish oson, ani saqlash qiyin,

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin” (Chustiy)

Men domla Chustiyning sodda, biroq benihoya ma’noli satrlarida nazarda tutilgan insonlar orasidagi munosabatlar naqadar mo‘rt, nozik va bu munosabatlarni asrash o‘ta og‘ir vazifa ekanligi haqida ko‘p o‘ylayman. Shu paytgacha bo‘lgan hayotim davomida eng yaqin do‘stlar, maslakdoshlar arzimagan gap-so‘z tufayli tamoman uzilishib ketganini va hatto bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q dushmanga aylanganini talay marta ko‘rganman.

Eng yaqin do‘stlar orasiga ataylab rahna soladigan odamlar ham kam emas. Ularni faqatgina qitmirlik, yo biror narsadan alamzadalik, yoinki birovning buyurtmasi bu iflos yo‘lga undamaydi, balki kutilgan manfaat ham undashi mumkin.

“Mening hech qanday do‘stim yo‘q, men dushmanimdan emas, ko‘proq do‘stimdan qo‘rqaman, men hech kimga ishonmayman” deydigan odamlar ham atrofimizda topiladi. Bunday holda shu fikrdagi muayyan shaxs bilan xalq orasidagi bir-biriga bo‘lgan munosabati masalasi yuzaga chiqadi. “Xalq” – mavhum tushuncha, undan, odatda, siyosatchilar yaxlit, bir butun tushuncha sifatida foydalanadilar.

Bir misol keltiraman. Bu misol buyuk shoir Yusuf Juma nomi bilan bog‘liq va bu misol uchun u mendan xafa bo‘lmas, deb umid qilaman, chunki men uni eng yaqin do‘stlarimdan biri, deb hisoblaganman. Yusuf Jumaning she’rlarida “bu el”, “bu xalq” sotqin, qo‘rqoq, o‘z shoirini qadrlamaydigan olomon sifatida tasvirlanadi. Buerda ikki haqiqatni keltirish lozim, deb hisoblayman: birinchidan, Yusuf Juma millionlab shaxslardan iborat bo‘lgan xalqning mutloq aksariyatini tanimaydi; ikkinchidan, o‘sha aksariyat Yusuf Jumani nafaqat tanimaydi, balki uning she’rlarini o‘qimagan bo‘lishi mumkin. Bu ikki haqiqat sabablariga har bir inson o‘zi fikrlab etishiga men ishonaman. Shu joyda men bir hikoya keltiraman.

Hikoya:  90-chi yillar boshida men va “Birlik” xalq harakati rahbarlaridan biri Madamin Narziqulov ikkalamiz  Ishtixon tumaniga bordik. Siyosatga bog‘liq bo‘lgan ko‘p so‘hbatlar uyushtirdik. Ishtixonlik do‘stlardan biri: “Men bir yigitni olib kelaman. U o‘ziga to‘q magazinchi bola edi. “Birlik”ning gazetasida Yusuf Jkmaning bir she’rini o‘qib hayotini tamoman o‘zgartirdi. Magazinni topshirdi, hozir u “Birlik” g‘oyalarini targ‘ib qiladigan astoydil odamga aylangan” deb qoldi va bir fursatdan keyin o‘sha yigitni olib keldi.

Yigit Madamin akaga ham, menga ham o‘zining samimiyligi bilan manzur bo‘ldi. Buni uning ko‘zlaridan bilish mumkin edi. Biz she’r bilan bog‘liq bo‘lgan voqeani so‘radik, u hikoya qilib berdi: “Men ilgari hech narsadan kamchiligim bo‘lmagan bir magazinchi edim. Pulim etarli bo‘lgani sababli men uchun hayot “o‘ynaylik-kulaylik”dan iborat edi. Shu hayot men Yusuf Jumaning “Bu Birlikning ishidir” she’rini o‘qiganimcha davom etdi. She’rni o‘qib men yig‘ladim va bundan keyingi hayotimni ozodlik uchun kurashga bag‘ishlashga ahd qildim”. (Tamom).

Men aminman, Yusuf Juma va o‘sha yigit bir-birini ko‘rmagan, bir-birini tanimaydi, muloqot qilishmagan. Biroq Yusuf Jumaning oddiy va haqqoniy bir she’ri bu yigitda SOG‘LOM EHTIROS uyg‘otgan. Shu qadar-ki, u xalq ozodligi uchun hamma hayotiy lazzatlardan kechgan. Men yana aminman-ki, Yusuf Juma she’rlari tufayli haqiqatni anglagan odam bitta o‘sha magazinchi yigit emas, garchi shoir ularni tanimasa ham balki undaylar xalq orasida minglab bo‘lishi mumkin,. Shoir uchun bundan-da yuksak baxt bo‘lishi mumkinmi?

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

Mening shoir do‘stim ba’zan xalqni “mor”, “it”, “kalxat”, “chayon” kabi salbiy sifatlar bilan ataydi. Bu yondoshuv noto‘g‘ri ekanini men yuqorida bir misolda keltirdim. O‘zbeklar tarixida Navoiy, Muqimiy, Furqat va boshqa buyuk shoirlar o‘tgan, biroq ular aybni xalqqa qo‘yishganini men o‘qimaganman va eshitmaganman. Lekin ularning asarlarini o‘qib odamlar el, xalq ichidagi mardni ham, nomardni ham tanib olishgan. O‘z hayotimdan bir misol.

 Hikoya:  1991 yil 29 dekabr’dagi prezidentlik saylovidan so‘ng men 18 kundan keyin mazkur saylovga bag‘ishlangan “…, aytaylik, …” nomli bir maqola yozdim va u “Birlik” gazetasida bosildi. O‘sha paytda Islom Karimov o‘zbekchani yaxshi gapira olmas, nutqida ko‘pgina “aytaylik” kabi parazit so‘zlarni ishlatar edi. Maqolaning nomi shunga sha’ma edi. Bir necha kundan keyin meni Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Anvar Mirzaev chaqirib qoldi. Meni u va prokuror yordamchisi Il’ya Kapustyanskiy qabul qilishdi. Xonaga kirganimda A.Mirzaev stoli ustida turgan maqolamning kopiyasiga ko‘zim tushdi. A.Mirzaev va men oramizda quyidagi dialog bo‘lib o‘tdi:

– Mana bu maqolani siz yozdingizmi?

– Ha, men yozganman;

– Nega maqolangizda hurmatli prezidentimizni haqorat qilgansiz?

Savol berish navbati menga keldi:

– Siz maqolani yaxshilab o‘qidingizmi?

-Ha, yaxshilab o‘qiganman;

– Siz maqolada “Islom Karimov” yoki “prezident” degan so‘zlarni uchratdingizmi?

– Yo‘q, uchratganim yo‘q;

– Yozuvchi asar yozsa-yu, uni o‘qigan odam undan o‘zini tanib olsa, yoki boshqa bir odamni tanib olsa, yozuvchi o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi va u o‘zini baxtli, deb hisoblaydi. Siz mening maqolamdan hurmatli prezidentni tanib olibsiz-da! Men baxtli odam ekanman.

Anvar Mirzaevning dami ichiga tushib, rangi oqarib ketdi, ancha vaqt gapira olmay o‘tirdi. Men g‘olib holda chiqib ketdim. (Tamom).

Matematik mantiq (logika)da KVANTOR va KVANTIFIKATOR  degan tushunchalar mavjud. Men muhtaram o‘quvchiga zerikarli bo‘lsa-da, shular haqida qisqacha tushuncha berib o‘tmoqchiman. Ma’lum-ki, matematikaning asosini “to‘plam” tushunchasi tashkil etadi: odamlar to‘plami, shaharlar to‘plami, sonlar to‘plami, tekislik ustida joylashgan nuqtalar to‘plami, uchburchaklar to‘plami va h.

“Odamlar to‘plami”dagi “odam” so‘ziga boshqa sifat bermasak, bu to‘plamga dunyodagi barcha odamlar kiradi. Agar unga biror, mas., “o‘zbek” degan sifat qo‘shsak, u holda bu to‘plamga faqat o‘zbeklar kiradi. “Shaharlar” to‘plami deganimizda, unga dunyoning barcha shaharlari kiradi. Sifatni kuchaytirsak, mas., “poytaxt” so‘zini qo‘shib “poytaxt shaharlar” to‘plami desak, u holda bu to‘plamga Toshkent, Moskva, Vashington, Dehli va h. shaharlar kiradi. Shunday qilib, har qanday to‘plam (uning elementlari nimalardan iborat bo‘lishidan qat’iy nazar) qandaydir muayyan bir sifat bilan bog‘liq ekan.

Biz gapirganimizda ko‘pincha “hamma” va uning ekvivalenti (ma’nodoshi) “barcha”, “topiladi” va uning ma’nodoshlari “bor” yoki “mavjud” kabi so‘zlardan keng foydalanamiz. Nega? Qadim zamonlarda til shakllanayotgan paytda insonlar uni osonlashtirish, ko‘p birtipli (ya’ni, bir-biriga o‘xshash) gaplarni bir “qolip”ga tushirish uchun yuqorida keltirilgan so‘zlarni o‘ylab topishgan.

Oddiy bir misol. £={A, B, V, G, D} to‘plamga ismlari A, B, V, G va D bo‘lgan odamlar kirgan bo‘lsin.  Siz shu 5 odamni “ahmoqsan” deb urishayotgan bo‘lsansiz, buni faqat ikki usulda qilishingiz mumkin: birinchi usul, bu – har bir odamning nomini tutib “axmoqsan” deyish va beshta birtipli gapni “va” bog‘lovchisi bilan bog‘lash, ikkinchi usul esa – “hammang axmoqsan” deyish, ya’ni birorta ham nomni tutmasdan “hamma” so‘zi yordamida shu ishni bajarishlir.

Xuddi shunday, siz £ to‘plamda “axmoq” qanchaligini bilmasangiz, u holda gap “egasini” topishi uchun yana ikki usuldan foydalanishingiz mumkin: birinchisi – har bir odamning nomini tutib “axmoqsan” deyish va beshta birtipli gapni “yoki” bog‘lovchisi bilan bog‘lash, ikkinchi usul esa – “oralaringda “axmoq” bor (mavjud, topiladi) deyishdir. Tabiiy bu so‘zlar gapda ko‘p narsani tejaydi, gapni osonlashtiradi. Bu so‘zdar matematik mantiqda UMUMIYLIK va MAVJUDLIK kvantorlari deb ataladi.

Tilning ba’zi so‘zlari to‘plamni “kengaytirishi” ham mumkin yoki “toraytirishi” ham mumkin. Mas., “yosh o‘zbek qizi” tushunchasini olaylik. Odatda bu tushunchani 18 yoshga kirmagan qizlar qanoatlantiradi, demak  18 yoshga etmagan o‘zbek qizlari bitta  £ to‘plam tashkil qiladi. Yuqoridagi tushunchani “ancha” so‘zini kiritib biroz o‘zgartirsak: “ancha yosh o‘zbek qizlari” tushunchasi £ to‘plamni keskin toraytiradi (elementlar sonini keskin kamaytiradi). Paydo bo‘lgan bu to‘plamni “juda” so‘zi yordamida, ya’ni “juda yosh o‘zbek qizlari” deb, to‘plamni yanada toraytirish mumkin. To‘plamni kengaytiradigan yoki toraytiradigan so‘z matematik mantiqda KVANTIFIKATOR deyiladi.

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

Maqola boshida keltirilgan “men hech kimga ishonmayman”  iboradagi “hech” kuchli kvantifikatordir. U bu gapni aytgan odamning do‘stlari to‘plamini yo‘qqa chiqaradi – bu to‘plam bo‘sh, unda birorta odam yo‘q. Unga qarama-qarshi to‘plamga butun xalq kiradi. Bu odam juda baxtsiz odamdir (sof matematik nuqtai-nazaridan). Kimdir “men hech kimga ishonmayman” degan iborani: bu – nisbiy gap, deyishi mumkin. To‘g‘ri, biroq mazkur iborani aytayotgan odam: 1) “hech” kvantifikatorini ehtirosga berilib noto‘g‘ri qo‘llamoqda; 2) bilib-bilmay o‘zini katta ko‘pchilikka qarshi qo‘ymoqda; 3) xalq ichida mard va toza odamlar borligini inkor etmoqda.

Odamlar o‘zaro gaplashayotganda pala-partishlikka yo‘l qo‘yishadi va kvantor hamda kvantifikator so‘zlariga e’tibor berishmaydi. Natijada, rost gap yolg‘onga, yolg‘on gap rostga aylanishi mumkin. Men Moskvada aspiranturada o‘qigan vaqtimda kafedrada aspirant, stajyor va o‘qituvchilar ba’zan so‘hbatlashib o‘tirishardi. Ilmiy rahbarimiz Yuriy Щegol’kov degan olim tuyuqsinda: “Vı nepravil’no ispol’zuete kvantorı!” («Sizlar kvantorlarni noto‘g‘ri ishlatayapsizlar!») deb baqirib qolar edi. Biz uni ishlab o‘tiribdi deb o‘ylasak, u bizning hamma gaplarimizni faqat eshitibgina emas, balki taxlil (analiz) qilib ham o‘tirar ekan.

Mavzudan chetga chiqib ketganim uchun muhtaram o‘quvchidan kechirim so‘rayman. Biroq yuqorida aytilganlar, ya’ni matematik mantiqni eshitmagan yoki bilmagan o‘quvchilar uchun berilgan kichik “dars”, menga oldingi fikrlarimni davom ettirish uchun kerak edi.

“Xalq”, “el”, “mahalla”, “oila” va shunga o‘xshash so‘zlar odamlarning muayyan to‘plamlarini aks ettiradilar. Bir mahallada 10 ta qori bo‘lsa, shu mahalla odamlaridan biri hazillashibmi, yoki og‘ziga kelganini aytvoraveradigan odati bo‘lgani uchunmi: “Bizning mahalla odamlarining barisi qori” deb yuborishi mumkin. Buerda u “bari” degan umumiylik kvantorini qo‘llagan va, tabiiy, gapi yolg‘on. Tabiiy, bu odamning gapida nisbiylik ham bor, biroq bu nisbiylik hazildan ko‘ra ko‘proq haqoraomuz, salbiy (negativ) tusdadir.

Oila, ko‘cha, mahalla va qishloq odamlar soni va zehniyati (mentaliteti)ga ko‘ra xalqdan keskin farq qiladi. Yusuf Jumaning 3-4 qo‘shnisi tuman MXX rahbarlariga qarindosh yoki yaqinligi uchun shoirni o‘lgudek yomon ko‘rishadi va uning oilasiga muttasil tahdid qilishadi. Biroq men aminman, shu qishloqda shoirni nafaqat yoqtiradigan, balki haligi ishtixonlik magazinchi yigit kabi mehr qo‘yganlari ham bor. Men ishlatayotgan “bor” so‘zi “kamida bitta”ni bildiradi. Butun qishloq shoirga dushman bo‘lishi ehtimoldan ancha uzoq, biroq shoir bilan hamfikr, uni qo‘llab-quvvatlovchi hamqishloqlar talay bo‘lishining ehtimoli kattadir. Xalq haqida gapirilganda bu ko‘rsatkich juda yuqori bo‘lishi mumkin.

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

Hikoya:  Baddiuzzamon Said Nursiy Turkiyaning Nurs qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabda bor-yo‘g‘i 5-6 sinfni tugatgan. Maktab yosh Nursiyni qanoatlantirmagani uchun u diniy va dunyoviy fanlarni mustaqil o‘rgana boshlagan va katta yutuqlarga erishgan. Ulg‘aygach, Istambulga ketib, uerda bir idora ochadi va uning peshtoqiga “Bu idoraga istalgan savol bilan murojaat qilish mumkin” deb yozuv o‘rnatadi. Bora-bora u mashhur odamga aylanadi. U hukumatning barcha lavozimlarini rad qiladi va buning uchun uzoq yillar qamoqlarda yotadi. Qamoqxonada u maqola va kitoblar yozadi va ularni paydar-pay qishloqdoshlariga etkazib turadi. Said Nursiyning qishloqdoshlari orasida obro‘si shu qadar yuqori bo‘lgan-ki, undan maqola kelsa, bir necha kun Nursda barcha oilalar kechasi-yu kunduz bu maqolani minglab nusxada ko‘paytirishar ekan. Shundan so‘ng Nursning erkaklari maqolani xaltalariga solib Turkiya bo‘ylab safarga chiqib ketishar va ularni tarqatib kelishar ekan. (Tamom).

Nega mazkur fenomen Yusuf Jumada takrorlanmadi? Nega Yusuf Juma tug‘ilib o‘sgan Xirs qishlog‘i odamlari uning she’rlarini minglab nusxada ko‘chirib butun O‘zbekistonga tarqatishmadi? Turkiyadagi Nurs qishlog‘ining odamlari yoppasiga botir, O‘zbekistondagi Xirs qishlog‘ining odamlarining hammasi qo‘rqoq bo‘lgani uchunmi faqat? Yo‘q, unday emas.

TURKIYA.

Bitta qavm bo‘lsa-da, turk va o‘zbeklarning zehniyati (mentaliteti) keskin farq qiladi. Turklar asrlar davomida, yaqin-yaqingacha katta imperiya tashkil qilishgan, muttasil Evropa mamlakatlari va Rossiya bilan urushib kelgan, bu urushlarda turklar faqatgina odamlarini yo‘qotgan emas, ular ma’nan va jismonan chiniqqan, do‘st kim, dushman kim – anglaganlar, ular oldida qo‘rqoqlik, sotqinlik kabi jirkanch xislatlar chekingan.

Said Nursiy zamonida hozirgiday yozish, ko‘chirish va tarqatish texnikasi bo‘lmagan, odamlar uning maqolalarini qo‘lda yozishgan va ko‘paytirishgan. Biroq, hukumat hurfikrlilikka qarshi kurashsa-da,  xalqda nisbiy erkinlik saqlangan. Mutafakkir qamoqda o‘tirganda asarlar yozgani, ular qishloqqacha etib borgani, qishloq ahli uni Turkiya bo‘ylab tarqatishga imkoniyati bo‘lganligi nisbiy erkinlikning belgisidir.

O‘ZBEKISTON.

Bir paytlar Amir Temur imperiyasining bir qismi bo‘lgan Markaziy Osiyo hududi jahongir o‘limidan keyin nafaqat shohzodalar orasidagi taxt talashish urushlari maydoniga aylandi, balki parcha-parcha bo‘lib ham ketdi. Urush xonliklar va amirliklar tomonidan davom ettirildi. Bir qavm ichida o‘z-o‘zi bilan urushish xalqni chiniqtirmaydi, aksincha uni inqirozga uchratadi. XV-asr boshida boshlangan bu og‘a-ini urushlari rus bosqinchilari kelguncha to‘xtagan emas.

Shuning uchun ham harblik qobiliyati qolmagan bir amirlik va ikki xonlik Rossiyaning kichik guruhiga janglarni osonlikcha boy berdi. Uzluksiz davom etgan 80 yillik chor Rossiyasi istilosi, 70 yillik bol’sheviklar zulmi va 22 yillik I.Karimov mustabidligi botirlik, o‘z haq-huquqini himoya qila olish, xalq birligi kabi tushunchalardan o‘zbeklar zehniyatida deyarli nom-nishon qoldirmadi. “Bir obod bo‘lgan er bir xarob bo‘ladi”. O‘zbek va boshqa markaziyosiyolik turkiy qavmlar Amir Temur davrida obodlik davrini boshlaridan o‘tkazganlar, biz hozir ularning, xususan o‘zbeklarning, xarob axvolini ko‘rib turibmiz.

Obodlik qorinning to‘qligi bilan o‘lchanmaydi, birinchi navbatda xalq ruhining yuksakligi obodlikning ko‘rsatkichidir. Xalq ruhi yuksak bo‘lgandagina u siyosatda, ya’ni davlat qurilishida ham, iqtisodda ham, ilmu-fanda ham, madaniyatda ham (va h.) ilg‘or bo‘ladi. Buning asosiy sharti ikkita: 1) uni (xalqni) NIYaTI TOZA rahbar boshqarishi; 2) xalqning ichida uning yuksak ruhini izchillik, chidam va matonat bilan, uni haqorat qilmay shakllantiradigan MUTAFAKKIRlari bo‘lishi kerak.

Bu ikki tashkil etuvchi, ya’ni niyati toza rahbar va xassos mutafakkirlar hali o‘zbeklar peshonasiga bitgan emas. Niyati toza rahbar ana shunday mutafakkirlarni izlaydi, uyushtiradi, rag‘batlantiradi, erkinlik beradi. I.Karimov ham ularni izlayapti, biroq topganini jamoa orasida sazoyi qilayapti, ishdan bo‘shattirib iqtisodiy nochorlikka solayapti, mardikorga aylantirayapti, qochishga majbur qilayapti, qamayapti, o‘ldirayapti. Uning repressiv mashinasi tinimsiz ishlayapti, 22 yildan beri bir soniya ham to‘xtagan emas. Shunday sharoitda xalqdan norozi bo‘lish o‘rinlimi? Men baralla aytishim mumkin: O‘RINLI EMAS! Baddiuzzamon Said Nursiy fenomeni Buxoro viloyati, Qorako‘l tuman, Xirs qishlog‘ida Yusuf Jumaga nisbatan nega takrorlanmadi? Javob aniq: hozirgi O‘zbekiston sharoitida takrorlanishi MUMKIN EMAS!

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

Til Allohning odamzodga bergan buyuk in’omi. Alloh insonni yaratib unga til bermaganda edi, bizning ko‘zimiz o‘ngida tamoman boshqa dunyo turgan bo‘lar edi. Biroq til tuzadiyam, buzadiyam. Xassos shoirlar va yozuvchilarning xalq oldidagi vazifasi uni qo‘rqoqlik va sotqinlikda ayblash emas, matonat bilan uning ko‘zini ochish, tarbiyalash va unga yuksak ruhiyat singdirishdir.

Til murakkabdir. U tarixday, garchi tarix ham til yordamida yozilsa-da, qayoqqa etalasa o‘sha yoqqa ketaveradigan engil tabiatli ayolga o‘xshamaydi,. Demak, tildan insonni yuksakka ko‘tarish uchun ham, uni pastga urish uchun ham foydalansa bo‘lar ekan. Mana Yusuf Juma she’rlaridan  uch (A, B va V) parcha:

     (A)

Odamlardan chiqmas vafodor,

Odamlardan jafokor chiqar.

Oqqushlardan yaralgansan, yor,

Oqqushlardan vafodor chiqar.

Xiyonatga odamzot mohir,

Xiyonatdan titraydi dunyo.

Odamlardan chiqmagan Tohir,

Odamlardan chiqmagan Zuhro.

    (B)

Falak chaqsa boshlarda chaqmoq,

Tog‘ chidamas, ayol chidaydi.

“Eng buyuk dard, – deydilar, – to‘lg‘oq”,

Tog‘ chidamas, ayol chidaydi.

Magar ochlik yoprilib kelsa,

Sher chidamas, ayol chidaydi.

Gar tashnalik bag‘rini tilsa,

Er chidamas, ayol chidaydi.

U “g‘ing” demas, demas sira “voh”,

Gar joniga kelsa ham zavol.

Lekin farzand chekar bo‘lsa oh,

Hamma chidar, chidamas ayol!

     (V)

Qarigan olma ham gullabdi, qarang,

Siz qarimay guldan qoldingiz.

Qani chehrangizga chiroy bergan rang,

Bilmadim, necha ming guldan qoldingiz.

Elga qarolmaysiz avvalgilardek,

Endi yarolmaysiz avvalgilardek,

Endi sayrolmaysiz avvalgilardek,

Vodarig‘, o‘lmayin tildan qoldingiz.

Pokdingiz misoli shohdagi anor,

Poyingizda edi boshlar intizor.

Oh, endi poylarda yuribsiz xor-zor,

“Vafo”, – deb atalgan yo‘ldan qoldingiz.

Afsus, xiyonatdir chehrangizga chang,

Uni yuvgan bilan ketmaydi, attang.

Qarigan olma ham gullabdi, qarang,

Siz esa qarimay guldan qoldingiz.

Mazkur uchta she’r bir-biridan keskin farq qiladi:

(A) she’rni o‘qigan ba’zi odamlar shoirdan ranjiydi, bu o‘quvchi sevgida ham, siyosatda ham, do‘stlikda ham vafodor bo‘lishi mumkin va bundaylar xalq orasida etarlicha ko‘p; ular o‘zlari uchun bu she’rni haqorat, deb qabul qilishlarining ehtimoli juda katta va tabiiy.

(B) she’rga gap yo‘q – u naqd haqiqatdan iborat va uni har bir inson hech ikkilanmay qo‘llab-quvvatlashiga men aminman, chunki bu she’rda shoir oddiy so‘zlar bilan ayol tabiatini so‘zsiz ochib bergan.

(V) she’r hech kimni haqorat qilmaydi, lekin bu she’rdan talay odam o‘zini yoki she’rda aytilgan sifatli boshqa odamlarni tanib oladi. Haqiqiy mutafakkirlar xalq uchun aynan shu yo‘nalishda yozadilar.

Men bu maqolani yozmas edim: sog‘lig‘im yomonligi, o‘zbekzabon internetda o‘zini “Demokrat” deya atayotgan, biroq demokratiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan savodsiz shotirlar ko‘payib borayotgani, men do‘stim deb hisoblagan betakror so‘z ustasi, faylasuf, izchil kurashchi Yusuf Juma bir sharlatan-siyosatchining to‘riga ilinganini sezayotganim uchun ushbu maqolani yozishga ahd qildim.

Yusuf Jumaning http://www.harakat.net saytida chiqqan ikki maqolasi va bir she’ri ushbu maqolani yozishimga qo‘shimcha turtki bo‘ldi. Ikki maqola bo‘yicha men fikrimni o‘zimning “Mantiq, ehtiros va manfaat” nomli maqolamda aytganman: “Oxirgi ikki maqolasini Yusuf o‘z tashabbusi bilan yozganiga men ishonmayman. Asosiy o‘yinchi (MXI) bu o‘yinni tashkil qilar ekan, u A shar bilan V shar (men yuqorida aytgan sharlatan-siyosatchi)ni ishga solib, S shar (Yusuf Juma)ni “to‘r”xaltaga tushirgan, chunki MXI Yusuf nafaqat izchil, qaytmas dissident ekanligini, balki o‘ta ehtirosli inson ekanligini ham yaxshi biladi”. Men o‘zimning bu so‘zlarimdan qaytmayman.

Yusuf Juma AQShga kelgach, Alisher Juma bir raddiya maqola tarqatganini bilaman. U maqola menda bor. U maqolada Alisher men aytayotgan sharlatan-siyosatchining Yusuf Juma bilan bog‘liq bo‘lgan yolg‘onini fosh qilgan edi. Men bundan quvongan edim, chunki o‘sha sharlatan-siyosatchi shaytonni ham aldashini men yaxshi bilaman. Afsus, mening quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Meni tamoman hayratga solgan narsa Yusuf Jumaning “Falonimga” (aniq nomi esimda yo‘q) she’ri bo‘ldi. Furqat aksar umrini darbadarlikda o‘tkazgan, vataniga sig‘magan, misli ko‘rilmagan mashaqqatlar chekkan. Biroq u: “Xalq meni bilsa bildi, bilmasa falonimga” deb yozmagan. U oddiygina qilib aytganda XALQPARVAR bo‘lgan! U tarixda shuning uchun nomi o‘chmas holda qoldi.

Men Yusuf Jumaning nomi tarixda qolishini istayman. Faqat internet-saytlarda emas, ular bugun bor, ertaga yo‘q. Men Yusuf Juma xalq ongida va qalbida qolishini, uning she’rlarini kelajakda maktab va oliy o‘quv yurtlarida darslarda o‘tilishini, odamlar uning ijodi bo‘yicha she’rxonlik kechalari uyushtirishlarini istayman. Men Yusuf Jumani “betakror so‘z ustasi, faylasuf, izchil kurashchi” deb undan qo‘rqqanimdan yoki unga laganbardorlik qilmoqchi bo‘lganimdan yozayotganim yo‘q, chunki na uning mendan, na mening undan til qisiq joyimiz yo‘q.

Biroq u men istaganday martabaga erisharmikin? Kelajak avlod uni shoirlar ichidan chiqqan, istibdodga qarshi har qanday sharoitda mardona kurashgan milliy qahramon sifatida qabul qilarmikin? Mening do‘stona javobim: Yusuf Juma birinchi qadam sifatida haligi sharlatan-siyosatchidan xiyla uzoqda yurishi kerak, aks holda shu sharlatan tufayli u ko‘p isnodlarga uchrashi mumkin. Ikkinchi qadam esa Yusuf Jumaning o‘ziga bog‘liq: u Furqat kabi XALQPARVAR bo‘lishi kerak!

Iste’dodni Alloh duch kelgan bandasiga beravermaydi. Iste’dodni do‘stu-dushmanni haqorat qilishga sarflagan odam so‘zsiz yutqazadi. Berdimi – uni oqlash kerak! Aynan xalqparvarlik bilan oqlash kerak. Hozircha bu xislat Yusuf Jumada ko‘rinmayapti.

Men tilga olayotgan sharlatan-siyosatchi yutqazgan odam va uning odamlarda o‘chi bor. Yoshi 70 ga yaqinlashgani sababli u endi o‘zining niyatiga eta olmasligiga tamoman ishondi. Biroq uning yuragida kuchli yara va og‘riq qolgan va ular unda o‘ch xissini shakllantirdi. U I.Karimovga qaratilgan o‘chini undan ololmasligini tushundi. Shu sababli u o‘chini duch kelgan odamga, xususan sobiq safdoshlariga qaratgan. O‘ch olovi unda shu qadar-ki, u Bek Toshmuhammedovning patagiga ham arzimasa-da, bul zotni va “Birlik”ning bir qator namoyondalarini qoramol deb atadi. Xalqni-ku tinimsiz qoramol deb kelayapti. Bu sharlatan 1992 yil 20 dekabrdan boshlab vatan tuprog‘iga oyoq bosgan emas. 2005 yil aprelida men undan buning sababini so‘raganimda, u telefonda: “Borsam meni o‘ldirishadi-ku! Siz tarixiy shaxsning rolini tushunmas ekansiz!” deb baqira boshladi. Men boshqa gaplashmadim.

Bu sharlatan o‘limdan qo‘rqar ekan. Uning nazarida xalqni tashkil qiluvchi insonlar o‘limdan qo‘rqmasligi kerak ekan. Bu “tarixiy shaxs”ning qoramoldan qaeri ortiq? U menga ko‘p osildi, kurakda turmaydigan to‘hmatlar qildi. Uddalay olmadi. Men uning konkret xato va jinoyatlarini basharasiga aytlim. Bittasiga ham javob bergan emas, javob bera olmaydi ham.

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

 So‘ngi so‘z    

Ushbu maqolani yozib tugatayotganimda Yusuf Jumaning “Harakat” saytida “Turkistonni tikla, Tangrim, yagona qil. Kechir shoir Yusufingni xeshim mening, Boburimdan qolib ketgan O‘shim mening!” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Yusuf Juma maqolasida meni ham tilga olibdi. Qulluq! Hurmatimizni qabul qiling!

Bu maqola sharlatan-siyosatchi masalasida men yuz foiz haq ekanligim yaqqol ko‘rindi. Sharlatan odamlarning qulansa hidi uzoqdan ham bilinib turadi. Afsuslanarli joyi shunda-ki, men dildan hurmat qiladigan shoir sharlatan-siyosatchining to‘riga ilinib qolganidir.

Biroq men zarracha ham shoirdan xafa bo‘lganim yo‘q. Minnat emas, Yusuf Juma qamoqda yotgan paytlarida men uning ozodligi uchun qo‘limdan kelguncha kurashganman. Men kuyovim masalasida AQSh prezidentlariga xat yozganim yo‘q, Yusuf Juma uchun bir necha marta murojaat qilganman va meni yaxshi taniydigan kongressmen orqali prezident sekretariatiga etkazganman. Mening murojaatlarim foyda berdimi-yo‘qmi, bilmayman, biroq men do‘stim oldidagi burchimni bajarganman, deb hisoblayman.

Sharlatan-siyosatchi haqmi, yo men haqmanmi – Allohning buyuk sirlaridan biri bo‘lgan VAQT ko‘rsatadi. O‘lmasak – ko‘ramiz, o‘lib ketsak bolalarimiz ko‘rar. Men bekorga Chustiy domlaning “Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin” satrlarini takror va takror yozayotganim yo‘q. Agar Yusuf Juma shu buyuk intellekti bilan sharlatan-siyosatchining tuzog‘iga tushayotgan bo‘lsa, men bundan faqat afsuslanaman.

Uzma ko‘ngil torini – bog‘lash qiyin

Tolib Yoqubov

http://www.uzxalqharakati.com/archives/8069

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: