MAQSUD BEKJON: BOG‘LARNING TIKLANISHI – uzxalqharakati.com


Yaqinda O‘zbekistonni kezib chiqqan bir xorijlik odam mamlakatimizdagi qiyin ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy vaziyatga karamasdan odamlarda xokimiyatga nisbatan biron-bir norozilik kayfiyatini kuzatmaganini aytdi. “O‘zbeklar butun bu kiyinchiliklarga biz, angliyaliklar ob-havoning yomon kelganiga qanday qarasak, o‘shanday qarashadi”, deydi xorijlik mehmon xalqimizning kayfiyati haqida.

Afsuski, xalqimizning umum kayfi-holi haqiqatan ham shunday. Odamlarimizning aksariyati mamlakatda gazning, elektrning, qonun-qoidaning, tartib-intizomning, ishning, farovonlikning, halovatning, erkinlikning yo‘qligini hukumat bilan bog‘lamaydi. Ular hukumat tarafidan qilinayotgan butun bu qonunsizlik va zulmlarga tabiatning bir ijiqligiga qaraganday qaraydilar.

O‘lkada mahkumlik, takdirga tan berish tuyg‘usi ustuvordir. Ammo bu mahkumlik va taqdirga tan berish tuyg‘usi taqvodirlikdan, xudojo‘ylikdan kelib chiqayotgani yo‘q. Bu mahkumlik tuyg‘usi Allox hukmiga itoat shuuridan emas, balki, bir bechoraning qalbida zulm saltanati mahkamalari chiqargan jazo hukmidan hosil bo‘lgan mahkumlik tuyg‘usidir. Bugun ulkan bir hibsxonaga aylangan o‘lkada bir hovuch o‘g‘rilardan boshqa hamma ana shu mahbuslik, mahkumlik tuyg‘usi bilan yashamoqda.

Nega “xalq – kuchdir” degan ibora bizda o‘z isbotini topgani yo‘q? Chunki, o‘lkamizda xozir xalqning o‘zi yo‘qdir, uning o‘rnida 30 million yolgiz odam bor, xolos. Xalq qachon paydo buladi? Din, milliy urf-odatlar, an’analar, ma’naviyat tiklangan paytda. Xo‘sh, bu narsalar qachon tiklanadi? Adolat tuyg‘usi tiklanganida, chunki, butun bu qadriyatlar adolat tuyg‘usi ustiga qurilgandir. Adolat bo‘lmagan joyda, ya’niy, butun qadriyatlarning poydevori bo‘lmagan joyda na din, na urf-odat va an’analar va na ma’naviyat buladi. Demak, adolat bo‘lmagan, adolat tuyg‘usi yakson qilingan joyda xalqning o‘zi ham bo‘lmaydi, u tarqab ketadi. Xalqning o‘rnida bir-biri bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan millionlab yolg‘iz odamlargina qoladi, xolos. Demak, xalqning xalqqa aylanishi uchun, ya’niy, bugun uning boshiga kelayotgan butun kulfatlardan qutilishning yagona yo‘li – adolat tuyg‘usining tiklanishidadir.

Buning uchun xalqimiz avvalo, uzilgan narsalarni qaytadan bir-biri bilan bog‘lay boshlamogi lozim. Masalan, insonlarimiz mamlakatdagi vaziyatni bu mamlakatni boshqarayotgan hokimiyat siyosati bilan mantiqan bog‘lamoqlari kerak. Va ayni paytda qalbida adolat tuygusi bilan yaqinlari, qo‘shnilari, tanish-bilishlari bilan uzilgan bog‘larni tiklamoqlari lozim. Mahallalar mahallalar bilan bog‘lanishi, tumanlar tumanlar bilan, viloyatlar viloyatlar bilan bog‘lanishi kerak.

Aholi bor-u, ahillik yo‘q, xalq yo‘k o‘lkada; jamiyat bor-u, jamlik yo‘q, jamoat yo‘q mamlakatda yashayotgan 30 million nafar yolg‘iz odam bir-biri bilan bog‘lanib, 30 millionlik yaxlit xalqqa aylanishi lozim.

O‘shanda insonlarimizning atrofda ko‘rayotgan narsalari ularning shuurlari, vijdonlari, iymonlari, bilan bog‘lanadi. O‘shanda bu xalq umum bashariyat bilan va oxir oqibat Haq bilan bog‘lanadi.

O‘shanda qo‘shnisining uyini o‘g‘ri yoki mirshab bosgan odam biladi-ki, bu bosqinchilik fakat qo‘shnisining emas, o‘zining ham boshiga kelgan kulfatdir. Odam bu baxtsizlikning faqat qo‘shnisiga emas, balki, o‘ziga ham sinov sifatida yuborilganini anglaydi. Bog‘larning chambarchasligi taqdirlarning ham chambarchasligidir. Shoxiga urilgan ho‘kizning tuyog‘i zirillashi haqdagi ibora shu o‘rinda juda ibratlidir. Zotan, hukumat tepasidagi o‘g‘ri va kazzoblarning himoyasi ham mana shunday o‘ziga xos ahillikka, ya’niy, shoxiga urganda tuyog‘i zirillab, bu og‘riqqa qarshi chora ko‘rishga qurilgandir. Bu yo‘sin ahillik va yaxlitlik borasida xalq hukumatdan o‘rnak olsa bo‘ladi – bir manfaat atrofida birlashgan bir hovuch kazzoblar o‘z ahilligi bilan mamlakatni 20 yildan beri talon-taroj etib, xalqni qatliom qilmoqda.

Bugun o‘lkamizda hukm yurgizayotgan zolimlarning xalqdan ustunligi sababi bu zolim va o‘g‘rilarning bir-biri bilan xalqdan ko‘ra, ahilroq va jipsroq ekanligida va bir-birlariga doim yordam va dastak berganligidadir. Xalkning ham o‘z manfaati yo‘qmi, xalq o‘z manfaatini bilmaydimi? Agar bilsa, nega bu manfaat atrofida birlashmasinlar? Nega kazzoblar o‘z kazzobligida ahil-u, xalq o‘z ezguligida ahil emas? Mahkumlikdan, zabunlikdan, mutelikdan, zulmdan qutilishning birlashib, kurash boshlamoqdan boshqa yo‘li yo‘qdir.

 

MAQSUD BEKJON

 

soundcloud.com/turkistontv

 

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: