Ulug‘bek Haydarov: Mening atrofimdagi gaplarga oydinlik kirgunicha harakat safidan chiqib turaman – jarayon


Mana bir necha kundirki, nafaqat o‘zbekzabon, balki rusiyzabon va xalqaro Internet nashrlari, yirik ommaviy axborot vositalari AQShda Federal qidiruv byurosi xodimlari tomonidan hibsga olingan o‘zbekistonlik qochqin, Jamshid Muxtorov voqeasi hikoyasiga to‘lgan. Dastlab O‘zbekiston Islomiy harakati a’zolaridan biri sifatida tilga olingan J.Muxtorov ko‘p o‘tmay O‘zbekistondan mutlaqo hech bir jiddiy sababsiz AQShga kelgan va bu erdan turib o‘zbek maxsus xizmatlari uchun josuslik qilayotgan shaxs sifatida tanishtirila boshladi. Uning josusligini isbotlovchi bir qator chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Ana shunday chiqishlardan birida J.Muxtorov bilan bir qatorda, hozirda Kanadada muxojirlikda yashayotgan taniqli jurnalist Ulug‘bek Haydarov ham tilga olindi va u ham jiddiy ayblovlarga nishon bo‘ldi.

Ayni sabab o‘laroq, biz nashrimizning doimiy hamkori, jurnalist Ulug‘bek Haydarovga bog‘lanib uning shaxsi atrofidagi ayblovlar borasida ochiq suhbatlashib olishni maqsad qildik.

Jarayon: Ulug‘bek siz va Jamshid Muxtorov o‘rtasidagi munosabat qanday ta’riflanishi mumkin, sizlar do‘stmidingiz, qadrdon tanishlarmi yoki shunchaki musofirlikdagi vatandoshlar? Qanchalar siz va uning o‘rtasidagi munosabat samimiy va oshkor edi?

Ulug‘bek Haydarov: Biz tanish edik, xolos. Qadrdon tanishlar, agar shunday deyish mumkin bo‘lsa. Musofirlikda ham Internet orqali aloqada bo‘lib turdik. U AQShda Islom dinining radikal ko‘rinishidagi oqimiga qo‘shilganini yashirmasdan, meni ham demokratik qarashlardan qaytarish harakatiga tushgach, undan, bu haqda boshqa gapirmaslikni, dunyoqarashlarimiz har hil ekanini yumshoq qilib tushuntirdim. Jamshid Muxtorov “Ezgulik” tashkilotiningJizzax viloyati bo‘yicha raisi vaqtida men shu tashkilotda matbuot kotibi edim. U bilan mana shu tashkilotda yaqin tanishdim, ungacha ham bilardim uni, mahallamiz yaqin edi… Odobli, salom-aligi joyida bola edi. Ezgulikda birga ishlashni boshlaganimizdan keyingina uning xarakteridagi bazi tushunarsiz qusurlarni ko‘ra boshladim. Masalan u viloyat va shahar ichki ishlar va MXX (Milliy xavfsizlik xizmati – Jarayon) xodimlari bilan yaxshi aloqada edi. Bunga menqarshi emasman, albatta bir tashkilot boshlig‘i sifatida u kuch ishlatar tizimlari idoralariga borishga, u erdagi rahbarlar bilan gaplashish bu normal bil hol. Lekin men sezardimki, bu yaqinlik ba’zan chegaradan chiqib ketayotganini… Uni bu haqda ogohlantirardim. Bir yillik tashkilot hisoboti tayyor bo‘ldi va uning prezentatsiyasini hozirlay boshladik. Ertaga prezentatsiya degan kuni Ezgulik ofisidagi kompyuter ichida saqlanayotgan hamma hujatlar o‘g‘irlab ketildi. Eshik buzilmagan, hamma narsa joyida, faqat komp’yuterning vinchestri (xotirasi) yo‘q edi. Kalit esa Jamshidning o‘zida bor edi xolos… Singlisi qotillikda ayblanib, uzoq muddatga qamalib ketgach, u ham avval Bishkeka, va u erdan AQShga chiqib ketdi.

Voqeaning keyingi rivoji ko‘pchilik uchun qisman ma’lum, aytingchi, nima uchun bugun, Jamshid Muxtorov voqeasi ortidan paydo bo‘lgan ayrim “ayblovli” chiqishlarda siz ham bot-bot eslanyapsiz? Bundagi bog‘liqlikni siz tushuntirib bera olasizmi?

Ulug‘bek Haydarov: Jamshid Muxtorov AQShda qamoqqa olindi degan xabar xorijda yashayotgan va Jamshidni tanigan o‘zbeklar o‘rtasida muhokama mavzusiga aylandi. Tolib Yoqub uni MXXning “shestyorka” (yugurdak – J)si deb atadi, yana bir Xazratqul degan odam Jamshid Bishkekda yashayotgan paytida ham MXXga ishlagan deb, uning E-mail pochtasidan olingan yozishmalarni e’lon qildi. Guyoki Jamshid va uning Jizzaxdagi bir tanish ayol Tursunoy o‘rtasidagi yozishmalari, deb e’lon qilingan bu xatlarning birida Tursunoy guyoki meni ham eslaydi. U Jamshidga “Ula akani (ya’ni meni – U.H.) MXXdagi akasi bilan tanishtiramiz deyishgandi, lekin tanishtirishmayapti”, deb yozadi. Mana shundan keyin meni xam ayblash boshlanib ketdi. Xazratqul Xudoyberdi men a’zo bo‘lgan O‘zbekiston Xalq Harakatiga ham bu haqda bildirish yo‘llab, meni josus deb atadi. Men bu haqda kecha bildim. Lekin bilasizmi, kulgim keldi bularni o‘qib. Chunki men bilamanku bu yozishmalarning tarixini! Hozirda Torontoda yashayotgan Egamnazar Shaymanov ismli jizzaxlik insonni toping va unday so‘rang, Tursunoy aslida kim ekanligini! Bu erda Tursunoy yo‘q. Bu yozuvlar Egamnazarga tegishli! Hozir tushuntiraman. Bishkekda Jamshiddan hamma gumonsiray boshlagan paytda, Egamnazar bir Internet kafega kiradi va Jamshidni E-maili ochiq qolganini ko‘radi. Shunday so‘ng u go‘yo Tursunoy bo‘lib, Jamshidga maktublar bita boshlaydi, va shu  yo‘l bilan Jamshidni fosh qilmoqchi bo‘ladi. Bu haqda Egamnazar menga aytib bergan va kechirim so‘ragandi, “Sizning nomingizdan ham foydalandim, to‘g‘ri tushuning”, deb. Men e’tibor ham bermaganman bunga. Shunday bo‘lsada men kecha O‘XH rahbariga chiqib, harakatdan ketishimni aytdim. Xazratqul va boshqalar do‘ppini osmonga otmasin, bu yozishmalarning narhi men uchun 1 tiyin!

Ammo nima uchun, nima sababdan aynan Ulug‘bek Haydarov, axir internettadiga har qanday chiqishga ham jiddiy qarab bo‘lmaydi, ayniqsa u ayblov ohangidagi chiqish bo‘lsa… Balkim bu erda boshqa qandaydir aytilmay qolayotgan sabablar ham bordir?

Ulug‘bek Haydarov: Men o‘zim boshqa qandaydir sabablarni ko‘rmayapman, to‘g‘ri mumkin bu urinishlar ortida aniq maqsadlar bordir, bir narsa deyish qiyin. Hali men ayuxannos solayotganim ham yo‘q, mana meni ayblashyapti, deb. Chunki bu yozishmalar Xazratqulga o‘xshagan mayda chuyda kimsalar uchun nodir topilma bo‘lsa bordir, lekin men uchun bu xatlarning ahamiyati yo‘q. Mening maqsadim, bu yozishmalarning haqiqiy muallifi kim ekanligini aytish edi.

Siz sal avvalroq X.Xudoyberdi siz a’zo bo‘lgan O‘XHga ham sizni josuslikda ayblab maktub yo‘llaganini aytdingiz va hatto mana shu ayblovlar tufayli siz bu uyushma safidan chiqish qaroriga kelganingizni ma’lum qildingiz. O‘XH a’zolari bu ayblovlarga qanday qaradi va nima uchun siz O‘XH safidan chiqishga qaror qildingiz? Ko‘pchilik uchun bu qadamingiz ayniqsa shubhali tuyulishi mumkin emasmi, mana ayblov bo‘ldi va u darhol O‘XH safidan ketti degan ma’noda?..

Ulug‘bek Haydarov: Bilasizmi, nimadadir shubha istayotgan odamga qolasizmi, ketasizmi farqi yo‘q, baribir shubhani topaveradi. Men O‘XH safiga o‘z ihtiyorim bilan qo‘shilganman, qolaversa, bir necha yildan buyon harakat rahbari Muhammad Solih bilan yaqindan aloqadamiz. Men u kishini hurmatqilaman va aynan mana shu hurmat meni harakat safiga etaklagandi. Kecha harakat safidan ketishqarorimni aytganimdan keyin, rais bunday qilmaslikni, bunaqa gap so‘zlarga e’tibor bermaslikni, aksincha, harakat safidagi faoliyatni kuchaytirish kerakligini aytib, ko‘nglimni ko‘tardilar. Biroq, men hozir ham mana shu qarorda turibman. Agar men hozir ketmasam, Xazratqul bir necha kundan keyin“men va mening tashkilotim (O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish jamiyati O‘IHJ)harakatdan chiqadi”, deb chiqadi. Aslida bu kimsa mana shunday fursatni kutayapti. Men uning o‘zini tutishiga Berlindagi yig‘ilish vaqtida e’tibor bergandim. O‘sha paytdayok uning samimiylikdan uzoqshaxs ekanligini, qo‘rqoq, maqtanchoq ekanligini bilgandim. Bunday odamlar doimo e’tibor talab bo‘lishadi, o‘zlarining savodsizliklari va ig‘vogarliklarini shang‘i ovozi bilan berkitmoqchi bo‘lishadi. Vaqt esa hammasini ochiqlaydi. U hozir O‘XH safida hech kimga kerak emasligini sezdi va chiqib ketish uchun sabab qidiryapti. Sabab esa topildi, ya’ni O‘XH safida josuslar! UningInternetda yozishicha, O‘XH safiga 6 nafar josus kirib olgan. Savol tug‘iladi: Xazratqul bu josuslarni mavjud ekanligini nega ilgariroq, harakatning birinchi yig‘inlarida ochiqlamadi? Nega endi O‘XH endi oyoqqa turib, tashkilot sifatida shakllanib bo‘lganida “Josuslaaaar!”, deb shovqin ko‘tarayapti? Savollar ko‘p.

Baribir qiziqda Ulug‘bek, agar siz aytayotganday X.Xudoyberdi O‘XH safida hech kimga kerak emasligini sezib, chiqishni mo‘ljallayotgan bo‘lsa, nega uni olib qolish uchun siz ketmoqchi bo‘lyapsiz, keraksiz odamni safda saqlab qolishdan murod ne?

Ulug‘bek Haydarov: Keraksiz odamni saqlab qolish emas, keraksiz odamning fitnasini daf qilish, O‘XH ichida fitna chiqarmaslik, mana shu asosiy maqsad. Qolaversa, kimningdir mening ketishim borasida nimadir deyishi va qandaydir gumonga borishi, shaxsan men uchun sariq chaqaliq ahamiyati yo‘q. Shunchaki, bo‘lib o‘tgan mana shu gap so‘zlardan keyin men yana qaysarlik qilib, “ketmayman”, deb turaversam, Xazratqul va uning tarafdorlari tegirmoniga suv quygan bo‘laman, “a-xa, u keta olmaydi, MXX ketmaysan, qolasan deganda”, deyishadi. Shuning uchun men bu gaplarga oydinlik kirgunicha harakat safidan chiqib turaman. Men aminmanki, X.Xudoyberdi O‘XH safida uzoq qolmaydi. Chunki xasadgo‘y, ig‘vogar va ichi qora kimsalar doim ham oyoq ostida yurib, qadam olishga halaqit beradi va pirovardida bir tepki bilan gumdon bo‘ladi. Men X.Xudoyberdi va o‘zim o‘rtamizdagi muammoni M.Solih oldida, va O‘XH ichida emas, undan tashqarida, bafurja hal qilmoqchiman. Va hal qilaman ham.

Ulug‘bek aytingchi, mana shu voqealar O‘XH faoliyatiga naqadar ta’sir qilyapti, umuman bu uyushma tugatilish arafasiga kelib qolmadimi, axir u endi tashqaridagi zarbalar emas, o‘z ichidagi olishuvlar, fitnalar domiga tushdi?

Ulug‘bek Haydarov: O‘XH ichidagi olishuvlar o‘sha Berlin konferentsiyasida boshlangan menimcha… Va hozirgacha davom etyapti. M.Solihning saylanishiga tish tirnog‘i bilan yashirincha, ha aynan yashirincha qarshi chiqqanlar bo‘ldi. O‘sha X.Xudoyberdi ham shular safida. Mening kuni kecha harakat rahbarlaridan biri bilan suhbatimizda ham mana shu ichki muvozanat haqida gap bo‘ldi.  Xavotir yo‘q emas, bor. Lekin, o‘tgan bir yil ichida O‘XH ancha muncha ish qildi, millatimiz shuurida umid va ishonch uyg‘ota oldi deb o‘ylayman. Harakat safida bugun mil lat uchun qayg‘uradigan, sobitqadam insonlar ko‘p.O‘ylaymanki, X.Xudoyberdiga o‘xshagan kimsalarning “Harakat ichida fitnalar bor”, degan tasavvur uyg‘otishga urinishi befoyda narsa. O‘XHdan mening ketishimdan fojea yasamaslik kerak, va bunga bir oddiy hol deb qarash lozim.

Ulug‘bek keling endi yana bir, ko‘pchilik hamkasblarni qiziqtiruvchi savolniyam ko‘tarsak, Jamshid Karimov haqda qandaydir yangi ma’lumot bormi, uning taqdirini aniqlash bo‘yicha qandaydir harakatlar olib borilyaptimi?

Ulug‘bek Haydarov: Harakatlar bor albatta. Zotan do‘stimiz bo‘yicha qabul qilgan murojaatimizni ko‘p taniqli insonlar imzoladi va biz endi bu murojaatni yirik xalqaro tashkilotlarga yo‘llaymiz, bu masala bo‘yicha alohida protseduralar belgilanishiga chaqiramiz, yuqori darajadagi muloqotlarda bu masala ham diqqat markazida turishini iltimos qilamiz. Qilinadigan ishlar belgilangan va tez orada qaytadan harakatni boshlaymiz. Jamshidning o‘zi hozircha Jizzax shahrida, uy qamog‘ida o‘tirganligini aytishyapti. Qisqa sayrga u bilan maxsus xizmat vakillari birga chiqishyapti ekan. Kunlar bir oz isigach, uni Zomin tog‘lari ustida qurilgan mashhur “Zomin” oromgohiga olib ketishadi, degan xabarni etkazishdi. Ehtimol tog‘ havosi Jamshid uchun foydalidir, biroq u erda uyali telefonlar ishlamaydi, Internet haqida aytmasa ham baladi. Qisqasi “polnaya blokirovka cheloveka”. Jamshid u erda informatsiyasiz qiylanadi… Uni u erda qancha ushlab turish lari esa no’malum.

Tahririyat: Ulug‘bek, biz bilan muloqotga va balkim siz uchun u qadar yoqimli bo‘lmagan mavzuda suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Qadrli muxlis, suhbat so‘ngida biz Ulug‘bek Haydarovning yaqin hamkasbi, O‘zbekistonda jiddiy cheklovlar va bosimlar ostida qolgan jurnalistlardan biriga murojaat qildik, uning ko‘targanimiz va muhokama qilganimiz mavzu yuzasidan fikrini so‘radik. Azbaroyi ma’lum tarafga yon bosganlik yoki manfaatlar to‘qnashuvida ayblanmaslik, bildirilgan fikr esa faqat holis va betaraf munosabat o‘laroq qabul qilinsin uchun, biz suhbatdoshimizning ismini oshkr qilmaslikka qaror qildik. O‘ylaymizki bizning sof intilishlarimizni to‘g‘ri baholaysiz.

Shu bilan birga Jarayon, siz aziz o‘quvchiga ham ko‘targanimiz mavzu va suhbatimiz so‘ngida bildirilgan fikr yuzasidan o‘z qarashlaringiz, mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashishni taklif etadi. Bizga yozing, biz sizga ham fikr bildirish imkonini havola etishdan mamnunmiz. Marhamat bildirilgan fikr bilan tanishing:

– O‘zbek muxolifati ham, al’ternativ deyilayotgan jurnalistikasi vakillari ham bugun biroz aqllarini peshlab olishlari zarur. E’tibor qiling, so‘nggi besh olti yil davomida muxolifat emas, eng erkin deya da’volanayotgan matbuot vakillari va jurnalistlari emas, aynan muxoliflarga muxoliflar erkin matbuot imkoniyatlaridan juda ken va maromida foydalanyapti. Ular aftidan zarba berish hadisini ancha mukammal o‘zlashtirgan. Bugun hatto yirik, juda ham professional hisoblanayotgan ommaviy axborot vositalari, juda ham mahoratli va eng qudratli, o‘zbek rejimini sal qolsa traqaylatvorayotgan muxolifat ham ana o‘sha “traqaylayotganlar” surnayiga o‘ynab yotipti. Necha yillar davomida tanigani, bilgani odamlar haqda kecha, xudo bilmas joylardan paydo bo‘lib qolgan notavonlarning olamshumul da’volariga suzilib, nimalarni gapirishmadi. Go‘llik ham shu qadar bo‘ladimi?

Birortamiz, bir daqiqa bo‘lsin o‘ylanib ham o‘tirmayapmiz, nega endi birdan falonchi, men necha yildan beri bilgan, yaxshi tanigan, ishongan inson haqida bunday mutlaqo esankiratib qo‘yuvchi ma’lumotlar paydo bo‘lyapti, nima uchun men bu ma’lumotlarga va ularni taqdim etayotgan, qayoqdandir paydo bo‘lib qolgan “yangi qahramon”larga ishonishim kerak, balkim maqsad ham aynan ishontirish, yomonotliq qilish va yakdillikni, jipslikni parchalashdir degan gumonga bormadik. Shu qadar o‘chmiz, shu qadar ochmizki, kim nima deb vaysasa laqqa tushaveramiz, bu to‘nkasifat qayoqdan chiqib qoldi o‘zi demaymiz. Kimisidir MXXning sobiqi bo‘ladi, kimisidir allaqanday harakatning eng jiddiy qurboni bo‘ladi va negadir bu sho‘rliklar ular uchun nafrat manbai bo‘lishi kerak bo‘lgan rejimni emas, rejim uchun nafratli hisoblangan kimsalarni nelardadir “fosh” qila boshlaydi, ularga qarshi ko‘tarilishga da’vat qiladi.

Ovsarligimiz shu qadarki, nega endi bu qurgur “bechoralar” aynan bizning do‘stlar, kasbdoshlar, kechagi safdoshlarga bu qadar tashlanyapti, maqsadi nima bularning, balkim sobiqlik haqidagi da’vosi o‘yindir degan gumonga bormaymiz. Yo‘q, bizga dushmandan gumonlanish o‘rniga o‘z yaqinimizdan gumonlanish osonroq, engilroq bu ish. Zararsiz. Mana shu holat hukmron ekan, muxolifatning allaqanday zafarlar haqidagi, allaqanday bo‘lajak aniq evrilishlar haqidagi bashoratlari bekor, bunday aqli kalta va farosatsiz insonlar nimagadir erishishi mutlaqo kulgili. Zero bugun ularni ma’lum idoraning ma’lum kimsalari tomonidan bitilgan masalga ishontirib sayratgan, o‘ynatgan kimsalar, ertaga boshqa o‘yinlarga ham o‘ynatadi, bemalol boshqara oladi, yo‘nalishni ko‘rsatib qo‘yib bir chetda chapak chalib kuzatadi.

Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, mana shu so‘nggi besh olti yil ichida kimlarni nimalarda ayblamadik. Bizga ayblash uchun asos bo‘luvchi ma’lumotlar qayoqdan keldi, nima uchun kecha yonma yon turib yovga qarshi dadil kurashga chiqmoqchi bo‘lgan do‘stlarimiz bugun bizga eng yovuz, o‘zbek rejimidan ham yovuzroq dushmanga aylanib qoldi, nega biz kecha yonimizda turganni inkor etib to‘satdan paydo bo‘lib qolganga ishonyapmiz? Mana shu savolni o‘zimizga beraylik va javobini o‘ylab ko‘raylik, biz kimga qarshi muxolifmiz o‘zi? Kechagi do‘stlarga, safdoshlarga, kasbdoshlarga qarshimi yoki?.. E’tibor qiling biz hamma vaqt, to‘g‘rirog‘i bizlarni hamma vaqt aynan ishlayotgan, O‘zbekistonda, uning tashqarisida turib nimadir qilayotganlar haqda shubhalanishga undashdi, shubhalanish bilan cheklanmay, balki shubhamizni asoslagan holda hammaga ma’lum qilishga majburlashdi. Biz shuni qildik, to‘yib to‘yib eng toza, eng jasoratli do‘stlarimizni loyga chapladik.

Hayot baribir kim haq, kim nohaq ko‘rsatyapti, ammo biz ko‘rishni xohlamaymiz, tan olishni istamaymiz, axir aldangan bo‘lib chiqish bizga yoqmaydi, biz bunday illatdan ustunmizda, komillar sultonimizda. Bugungi ayblovlar ham aynan o‘sha aldanishning davomi. Men Ulug‘bekni yaxshi taniyman, men uning jurnalist sifatidagi faoliyatidan juda yaxshi xabardorman, men xuddi shunday To‘lqin Qaraevni ham bilaman, Qudrat Bobojonni ham, Yusuf Rasulni ham, Husniddin Kutbiddinovni ham, Ibrohimjon Zokirovni ham, Matluba Azamatovani ham bilaman, ularning jurnalist sifatidagi faoliyatini ham juda yaxshi bilaman. Ammo ular haqda vaysayotganlarni tanimayman, hech qachon ularning mana shu kasbdosh do‘stlarimday jasoratli faoliyatini ko‘rmaganman. Sizchi? Siz bilasizmi? Qani shu savolga ham javob topib ko‘ringchi? Nomlarini aytganim jurnalistlarni kaltaklashdi, bosimlar ostiga olishdi, ayrimlari qamalib ham chiqdi, ayrimlari xanuz ta’qib ostida, ammo shunday bo‘lsada ular faoliyatda to‘xtamadi, O‘zbekistonda qolganiyam, chiqib ketgani ham. Balkim shuning uchun ular nishonga olingandir, o‘ylab ko‘rmaysizmi?

Nima demang, ammo, ne-ne saytlar yaratmaylik, ne-ne yirik ommaviy axborot vositalarining professional, juda ham professional xodimlari bo‘lmaylik, biz baribir ma’lumotni olish, tekshirish va uzatish masalasida mutlaqo zaif ekanmiz, bizni o‘zlari uchun ashaddiy dushman bilganlarga nisbatan. Ular bu ishning hadisini olgan ekan, shu bois ham hatto bizlarni, o‘z ishimizning ustasi deb bilganlarni ham, nog‘orasiga o‘ynatyapti, ishoning o‘ynayapmiz, mazza qilib o‘ynayapmiz. Aqlni ishlatmas ekanmiz, ana shunday o‘ynab yuraveramiz, oqni qoradan farqlamay.

http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1627:2012-02-04-07-10-54&catid=54:habarlar&Itemid=70

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: