“Yolg‘on uch kun erning tagida yotadi, …” – yangidunyo


Tolib Yoqubov

 

Donolardan eshitganman: “Yolg‘on uch kun erning tagida yotadi, uch kundan keyin er ustiga chiqadi va borib-borib oshkor bo‘ladi”.

Nega shunday? Rost – bir variantli, uni bir-biriga qarshi, bir-biriga mos kelmaydigan ta’rifi bo‘lmaydi, ya’ni haqiqat – bitta! Biror fakt haqida gapirsangiz-u, u rost bo‘lsa, uni boshqacha, ya’ni unga qarama-qarshi tarzda gapira olmaysiz.

Yolg‘on – ko‘p variantli, ya’ni bitta narsa (fakt) haqida istalgancha yolg‘on gapirish mumkin – ularning hammasi bir-biriga zid bo‘ladi. Yolg‘on gapiradigan odamlar aynan ziddiyatda tutiladilar.

Insoniyat tarixida “davlat” tushunchasi paydo bo‘libdi-ki, uning yonida “maxsus xizmat” (“xuf’ya tashkilot”, “josuslik xizmati” va h.) paydo bo‘lgan. Davlat siyosati, uning rahbarlari va ularning manfaatini qo‘riqlash uchun, albatta. Davlat ibtidoiy, feodal, mustabid, demokratik bo‘lishi mumkin, biroq uning maxsus xizmati hamma vaqt yolg‘on gapiradigan organdir. Mutaxassislarning gapiga qaraganda, bunday tashkilotga rost gapiradigan odamni xizmatga olishmas ekan.

Ko‘pchilik tushunadigan bu oddiy haqiqat haqida men nega yozayotirman? Bir necha kun ilgari o‘zbekistonlik, yana-da aniqroq aytilsa – jizzaxlik, Jamshid Muxtorov haqida internet saytlarda gap-so‘z chiqib qoldi. Turli munosabatlarni eshitdik. Jamshidni bilganlar bor, bilmaganlar bor. Bilmaganlar orasidan darrov noto‘g‘ri, xato xulosaga kelganlar chiqdi. Odamlar mavjud bo‘lmagan “Gulsumoy” masalasida O‘zbekiston davlatining maxsus xizmati (MXX) har narsaga tez ishonib ketadigan odamlarning og‘ziga cho‘p o‘lchab ketganini tezgina unutdilar, shekilli.

Xo‘sh, Jamshid Muxtorov kim o‘zi? Keling, avval men sizlarga o‘zim bilgan ayrim narsalarni aytib beray. Keyin umumiy xulosani o‘zlaringiz chiqarganlaringiz ma’qul.

Men bu odamni juda yaxshi taniyman. U asli jizzaxlik, bir paytlar ”Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Jizzax viloyat bo‘limining raisi va MXX tomonidaan yollangan qip-qizil ”shestyorka” odam bo‘lgan. Uning singlisi Jizzax tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudda kotiba bo‘lib ishlar edi. Keyin u 17 yoki 19 yilgami qamalib ketdi. Bu muhim voqea bo‘lgani uchun unga qisqacha to‘xtalaman.

2005 yili Jizzaxda ketma-ket 5 odam o‘ldirib ketildi. Hammasi o‘z mashinasida kirakashlik qiladigan odamlar bo‘lgan. Bittasi bizning qishloqdan, mening katta pochchamning akasining o‘g‘li Akmal edi.

Qotillar haydovchilarni o‘ldirib, ularning boshi, qo‘li va oyoqlarini kesib olib, bu tana bo‘laklarini turli joylarga tashlab ketar, mashinasini esa olib ketishar ekan. Ba’zi tanalarning kallasi topilmagan ham.

Bu ishni Jamshidning singlisi va uning yuradigan yigiti birga yurib amalga oshirishar ekan. Jamshidning singlisi 19-20 yoshlardagi chiroyli qiz bo‘lgan va u taksiga o‘tirib (haligi kirakashlarning mashinasiga) yo‘lda yigitini olib, uzoq bir manzil (Samarqand, Forish va h.)ga ketishar ekan va yo‘lda haydovchini o‘ldirishar ekan.

Ana shu voqealardan so‘ng Jizzaxda to‘polon bo‘lib ketdi. Yaqinlari o‘ldirilgan odamlar Jamshid, uning oilasi, onasi yashaydigan uyigacha bostirib borib, urmoqchi bo‘lishgan. Shundan keyin Jamshid O‘zbekistondan chiqib ketdi va BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha Komissariati (UVKB)ning yordami bilan AQShdan boshpana oldi. Unga Vasila Inoyatova («Ezgulik»ning raisi) o‘z vaqtida yaxshi xarakteristika yozib bergan (UVKB uchun).

Jamshid Muxtorov huquqbonlik harakatiga qanday qo‘shilgan?

2001 yil yozida Baxtiyor Hamraev mening Toshkentdagi uyimga yoshi 55-60 larda bo‘lgan bir qozoq odamni olib keldi. U bizning tashkilotga a’zo bo‘lish istagini bildiribdi. Qabul qildik. Ism-familiyasi Abay Baybulatov ekan. O‘sha yili u O‘IHJning 3-Qurultoyida Jizzax viloyatidan delegat bo‘lib ham qatnashdi.

Keyinchalik (2003 yilda) bu odamning Jizzax viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmatining agenti ekanligi ma’lum bo‘ldi va biz uni tashkilotdan chiqarib yubordik.

Tez orada Abay Baybo‘latov ”Ezgulik”ning viloyat bo‘limiga rais bo‘ldi. Bir kuni ”Ozod dehqonlar” partiyasining ofisida ”Davra kengashi” ning majlisi bo‘ldi. Meni taklif qilishdi, bordim.

O‘sha erda ko‘pchilikning ichida men Vasilaga: ”Biz haydab yuborgan snbeshnikni tashkilotingizga viloyat rahbari qilibsiz-da” – dedim. Vasila bir og‘iz ham javob qilmadi, lekin birdan stol ustiga boshini egib bir nuqtaga qarab qoldi va yig‘ilish tugaguncha shu o‘tirishda o‘tirdi: na gapirdi, na boshini ko‘tardi. Yig‘ilish tugaganda hech kim bilan xayrlashmay chiqib ketdi. Bunga ancha odamlar guvoh bo‘ldi. Guvohlardan Iskandar Xudoyberganov va Ismoil Dadajonov esimda qolgan.

Mening gapimdan so‘ng ham Vasila Abay Baybo‘latovni ishdan bo‘shatgani yo‘q, biroq sal keyinroq ular pul masalasida qattiq urishib qolishganini eshitdik. Shundan keyin Vasila Jizzaxga borib, majlis o‘tkazib Abayni ishdan bo‘shatdi. O‘rniga Jamshid Muxtorovni rais etib qo‘yib ketdi. Hozirgacha Abay Baybulatov MXXning internet-sayti http://www.uz-press.info da men, Baxtiyor Hamraev va boshqa huquqbonlar haqida to‘hmat va ig‘voga to‘la maqolalarini tez-tez chop etib turadi.

Undan oldin men Jamshidni tanimasdim. Rais bo‘lgandan keyin Jizzaxga borsam u darrov uyimga kirib keladigan bo‘ldi. 2004 yil 15 oktyabr’ kuni hamda 29 noyabr’-15 dekabr’ kunlari (shanba va yakshanba kunlaridan tashqari hamma kunlar) tashkilotimiz viloyat hokimiyati oldida piket qildi. Jamshidning basharasi o‘sha kunlari yaqqol bilindi. Piketdan bir kun oldin u uyimga kelib: ”Ezgulik” tayyor, ertaga hammamiz piketga qo‘shilamiz” deb ketdi.

Piket kuni bir o‘zi keldi va: ”Vasila opa telefon qilib piketda qatnashishimizni ta’qiqladi” – dedi, o‘zi ham safga turmadi va ancha naridan kuzatib yurdi. Bir piketimiz kuni oldimizga viloyat prokurori Ravshan Muhitdinov chiqdi va mening oldimda to‘xtadi. Men uning oldiga talablarimiz bo‘yicha 3-4 ta savollar qo‘ydim. Ularning birortasiga prokuror javob bera olmadi. Javob bermadi emas, javob bera olmadi. U bizni hokimiyat binosiga kirib gaplashishga undadi, biz rad etdik. Shunda u nariroqda bizni kuzatib yurgan Jamshid Muxtorov bilan hokimiyat binosiga kirib ketdi. Ular nima haqida gaplashgani bizga qorong‘uligicha qoldi.

Men Jamshid Muxtorovni ko‘p kuzatganman, gaplariga e’tibor berganman, analiz qilganman. Agar biror sinchkov odam u bilan bir marta gaplashsa darrov undan shubhalana boshlashi aniq. Umuman, ”Ezgulik”ning viloyat va tuman bo‘limlari rahbarlarining aksariyati yo militsiyadan yoki MXXdan chiqqan odamlar ekanligi ajablanarlik. Angrenlik Abdurasul Xudoynazarov ham ilgari militsiyada ishlagan (bir necha yildan beri qamoqda).

2004 yil avgustda men tashkilotimizning Qashqadaryo va Buxoro viloyat bo‘limlari faoliyati bilan tanishish uchun Qarshi va Buxoroga bordim. Buxoro bo‘limimiz raisi Bobomurod Razzoqov mendan; «Tolib aka, «Ezgulik» qanday tashkilot» deb so‘rab qoldi. Men hayron bo‘lib: «Bizning tashkilot singari huquqbonlik tashkiloti. Nega so‘rayapsiz?» – dedim. «Yaqinda Vasila kelib 2-3 ta odamga «Ezgulik»ning guvohnomasini berib ketdi. Ular MXXning odamlari ekanini biz aniq bilamiz» – dedi javoban Bobomurod.

AQShda Jamshid Muxtorov dindor bo‘lib ketdi deb eshitdik: uzun soqol qo‘yvorib, dindorlarcha kiyinib yuradigan bo‘ldi, qandaydir bir diniy oqim g‘oyalarini jiddiy targ‘ibot qiladigan bo‘ldi, deyishdi. Buni menga AQShda yashaydigan tanishlarim aytishdi. Bir kuni u skayp orqali menga chat tashlab: ”Demokratiya kufr, mana bu yo‘l to‘g‘ri” degan narsalarni yoza boshladi. Boshida 1-2 ta chatiga javob berdim. Keyin menga chat yozmasligini keskin aytdim – aloqamiz uzildi.

«Tayanch» tashkiloti tuzilayotganda uning ba’zi hujjatlarini taxrir qilib berishni mendan iltimos qilishdi. Bir hujjatga qarasam, tashkilot rahbariyatiga Jamshid Muxtorov ham saylanibdi. Men uning kimligini tashkilot rahbarlariga tushuntirdim. Bilishimcha uni tashkilotdan o‘sha vaqtda chiqarishgan.

Barcha soqol qo‘ygan va dindorlarga o‘xshab kiyingan odam haqiqiy muslim bo‘lavermaydi. U MXXning odami ham bo‘lishi mumkin!

Mening o‘g‘lim Jizzaxda ekanligida ”Damas” mashinasini remont qildirgani Orif ismli bir odam kelar ekan. Bizning mashinamiz yo‘q bo‘lgani uchun men biror uzoqroq joyga bormoqchi bo‘lsam, Olim o‘sha odamga telefon qilsa darrov etib kelar edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha uning Ali Normatov degan o‘g‘li prezident xavfsizligi xizmatining kapitani ekan (Slujba bezopasnosti prezidenta, bu – SNBning elitniy qismi hisoblanadi). Bu Slujbaning barcha askarlari va ofitserlari (shu jumladan Ali ham) AQShda tayyorgarlikdan o‘tkazilgan ekan.

Bir kun Jizzaxga kelsam, o‘g‘lim gapirib qoldi: «Yaqinda Ali Jizzaxga keldi, tanib bo‘lmaydi, uzun soqol qo‘ygan, dindorlarcha kiyingan ekan. Dadasi bilan yurganda ko‘chada ko‘rishdik. Hayron bo‘lib so‘rasam: ”Yaqinda Pokistondan keldim” deb aytdi menga»

Pokistonda o‘zbeklar ko‘p, ular orasida kayfiyat qandayligi MXXni juda qiziqtiradigan yo‘nalishlardan biri (boshqa mamlakatlarda yashaydigan o‘zbeklar ham). Bu amaliyot MXXga KGB (Davlat xavfsizligi komiteti)dan meros qolgan. 1917 yil bol’sheviklar (kommunistlar) hokimiyatni qurolli davlat to‘ntarishi uyushtirib hokimiyatga kelgach Rossiya va Ukrainadan millionlab odamlar chet ellarga chiqib keta boshlagan va ular o‘zga yurtlarda diasporalar tashkil eta boshlaganlar. Diasporalar kayfiyatini o‘rganish uchun KGB minglab «qochoq»lar tashkil qilishgan. Bu «qochoq»lar to‘plangan ma’lumotlarni «Tsentr»ga etkazib turishgan.

Hokimiyatga kelgan har qanday avtoritar rahbar va uning hamtovoqlari birinchi navbatda ichki va tashqi dushmanni izlashadi, agar u bo‘lmasa, uni o‘ylab topishadi va tashkil qilishadi. Bu azaldan bo‘lib kelgan amaliyot va bu yo‘nalishda maxsus xizmatlar eng qabih yo‘l va usullardan qaytmaydilar.

Hokimiyat tepasiga kelgach I.Karimov ichki va tashqi dushman sifatida musulmon dindorlarni tanladi. O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) va internetda bor-u o‘zi ko‘rinmaydigan «Islomiy jihod ittifoqi» (IJI) tashqi dushman rolini qoyilmaqom qilib o‘ynab kelayapdilar. Ularning kasofatiga ichki dushman sifatida qaralayotgan o‘n minglab oddiy nomozxon yigitlar qamoqxonalarda azob chekmoqdalar va o‘ldirilmoqdalar.

Shuni ham qayd etish kerak-ki, bunday harakatlar ichida qalbida haqiqatan ham vatandagi mustabid tuzumga qarshi kurashish niyati bo‘lgan insonlar ham bo‘lishi mumkin. Shundaylarni aniqlash va yo‘q qilish MXXning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi tabiiydir.

19-20 yil oldin tashkil qilingan O‘IH bilan hozirgi kundagi O‘IH orasida katta farq bor. O‘IH ichidagi kayfiyat qaysi tomonga o‘zgarayotgani haqida MXXga yangi ma’lumotlar kerak. Shuning uchun MXX unga o‘zi tayyorlagan yangi odamlarini singdirib turishi kerak.

Jamshid Muxtorov «qochoq» sifatida Qirg‘izistondaligida bir qator o‘zbekistonlik qochoqlarni MXX vakillaringa tutib bergani haqida ma’lumotlar bor. Bu haqida o‘sha paytlarda o‘sha erda bo‘lgan odamlar yozib qolishlari ham mumkin.

Jamshid Muxtorov AQShdagi demokratik tartibdan foydalanib AQShda bekorga bahaybat soqol qo‘yvorgan emas. Bu ko‘rinish unga va MXXga Ali Normatov kabi Pokistonda bemalol yurish uchun zarur bo‘lgan, xolos.

Shuning uchun Jamshid Pokistonga I.Karimov rejimiga qarshi kurash uchun ketayotganiga men zarracha ham ishonmayman. Aksincha, u Pokistonga Karimmov rejimiing maxsus topshirig‘i bilan, O‘zbekiston Islomiy Harakati saflariga kirish va maxsus vazifani bajarishda ayg‘oqchilik vazifasini bajarish uchun bormoqchi bo‘lgan degan fikrdaman.

O‘zbek muxolifati va xorijdagi ko‘pchilik o‘zbeklarning xatosi

Yuqorida yozganimday, davlat idoralari va ularda ishlaydigan rahbar va xodimlarni KGB 100% nazorat qilgani hammaga ma’lum. I.Karimov sovet idoralarida ko‘p yillar ishlagan, unda kommunistik boshqaruv va KGBcha nazorat mentalitet darajasida shakllangan. U davlat boshiga kelganda muxolifat deb ataluvchi kuchlarga qarshi shafqatsiz urush ochmaganda, uni hozir hech kim “diktator” deb atamagan bo‘lardi. U o‘zining birinchi qadamlari sifatida kuch salohiyatiga ega bo‘lgan organlarni, ularning ichida esa MXXni kuchaytirishga asosiy e’tiborni qaratdi.

MXX, prokuratura, militsiya, sud, armiyadan tashqari O‘zbekistonda hech qanday nomga ega bo‘lmagan, biroq son jihatdan ularning barchasidan katta bo‘lgan yana bitta “tashkilot” shakllantirildi. Bu – bir qismi MXXga, bir qismi militsiyaga, bir qismi prokuraturaga xizmat qiladigan ayg‘oqchilar (josuslar, xuf’yalar, agentlar) “tashkilotidir. Men shunday bir faktga duch kelganman.

Viloyatlardagi huquqbonlarimiz menga sud hukmlarini yuborar edilar. Ko‘pchigi bo‘yicha biz bildirishnomalar, shikoyatlar va boshqa turdagi hujjatlar tayyorlar edik. Jizzax viloyatidan kelgan sud hukmlari bilan ishlash chog‘ida men bir faktga e’tibor qildim: viloyatning turli regionlarida bo‘lib o‘tgan bir necha sudlarda ikki odam guvoh bo‘lib qatnashavergan. Ularning ismi-familiyalari, tug‘ilgan yillari, yashash adreslari bir xil edi.

Ayg‘oqchilar birinchi marta O‘zbekiston “Birlik” xalq harakatiga, so‘ng “Erk” demokratik partiyasiga tiqib tashlandi. Yuzada ko‘rinib turgan faktlarga rahbarlar e’tibor qilishgan emas. Mas., ichki ishlar vazirligida ishlagan va o‘zini “adolatsizlik bilan ishdan haydalgan” deb tanishtirgan bir mayongi “Birlik” o‘z safiga oldi. Faqat oldi emas, u tashkilotning Pishpek ko‘chasida joylashgan ofisida kechasi qorovulchilikka qo‘yila boshladi. Topshirilgan vazifani bajarib bo‘lgach, u yana IIVga qaytdi.

O‘zbekiston Oliy sudining sobiq raisi Sodiqjon Yigitaliev “Erk” partiyasiga kirdi. Faqat kirdi emas, uning asosiy Kotibdaridan biriga aylandi. Natija esa ma’lum.

MXX o‘z ayg‘oqchilarini O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatiga kiritishga ham muvaffaq bo‘lgan. Ba’zilarini biz fosh etishga erishganmiz. Mixail Ardzinov, Marat Zohidov va Vasila Inoyatova turli payt va vaziyatlarda MXXning proekti ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bulardan M.Zohidov o‘zining bu maqomini yashirmagan. MXX ayg‘oqchilari jurnalistlar orasiga, xalqaro tashkilotlar va radiolarga ham kiritilganini ko‘pchilik biladi.

Ikkita misol. “Soros fondi”ning Toshkentdagi ofisida 50 ga yaqin xodim ishlar edi. Faqat ularning rahbari (Frantsiyalik Alen Deletroz) chet ellik edi, xolos. “Shu tashkilotning shoferigacha MXX tomonidan kiritilgan” deganini men ishonchli manb’adan eshitganman.

Bir paytga kelib O‘zbekiston hukumatiga xalqaro tashkilotlarning chet ellik rahbarlari ham ortiqchalik qila boshladi va hukumat xalqaro tashkilotlarga bu lavozimlarda faqat o‘zbekistonlik (aniqrog‘i, mxx-chi) ishlashi kerak, degan talab qo‘ydi. Shunday qilib, “Soros fondi”da hamma xodim o‘zbekistonlik bo‘ldi. Toshkentda elchidan boshqa barcha xodimlari mahalliy odamlar bo‘lgan elchixona bo‘lgani tamoman tushunarsiz edi.

“Ozodlik” radiosini bir necha yil boshqargan Aziz Jo‘raev O‘zbekiston maxsus xizmati tomonidan kiritilganini odamlar ochiq-oydin gapira boshladilar. Buni uning barcha hatti-harakati aytib turar edi.

Biroq, o‘ylashimcha, eng ko‘p ayg‘oqchilar dindorlar orasiga singdirilgan bo‘lsa kerak. Bu ayg‘oqchilar musulmonlarni xohlaganlaricha aldadilar, qamalishlariga sababchi bo‘ldilar, ularni chalg‘itdilar, MXX, prokuratura va militsiyaga “em” qilib tayyorlab berdilar. Aksariyat machit imom-xatiblari MXX tomonidan tayinlandi yoki almashtirildi. Musulmonlar ko‘p hollarda ayg‘oqchilarning mohiyatiga ham tushunishmadi, ularni fosh ham qilishmadi va hozir ham ko‘pchilik ularning ta’sirida yurishibdi.

Shuncha gap-so‘zlardan keyin ham o‘zbek muxolifati va xorijdagi o‘zbeklarning ko‘zi ochilgani yo‘q. O‘zbeklar hanuzgacha MXXni insonni, adolatni va diyonatni bir pulga olmaydigan iflos, xudosiz va jinoiy tashkilot sifatida emas, balki romantik, hamma sohada uning odamlari ilg‘or, ulardan o‘rnak olsa bo‘ldigan tashkilot sifatida qarashga o‘rganib qolishgan. O‘zbekistonda esa yoshdar orasida shu tashkilotga kirib ishlash ishtiyoqi baland.

Hayotni yaxshi o‘rgangan odamlar esa ochiq dushmandan yashirin dushman xavfliroq, deyishadi.

 

Tolib Yoqubov

26 yanvar’, 2012 yil

 

http://yangidunyo.com/?p=593

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: