Arab bahori va Patriarxning kuzi – bbc uzbek


Pahlavon Sodiq

Bi-bi-si, London

29 yanvar 2012

“Osmon mezonlardan yiltirar edi. Yigirma yil avval edi, kuz edi, eru osmon tiniq edi. Va havoda o‘rgimchak iplari ohista suzardiki…”

Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romani ibtidosidagi bu jumla xuddi she’r kabi o‘qiladi. O‘qilishi barobarida muallif o‘ylab topgan tashbeh singari xotiraga muhrlanadi. O‘zbek romanchiligida xazonrez, va ayniqsa, umr kuzining bu kabi poetik tasvirini boshqa bironta nasriy asarda uchratish qiyin. Umrki, saroylarga oshnolik va hukmfarmolikda o‘tgan…

Islom Karimov

Roman yozilganiga yigirma yildan oshdi. Bu yigirma yil asnosida muallifning o‘zi ham qahramoni singari saroylarga oshno bo‘ldi. Bugun saroydan uzoqroqda, “ohista suzib yurgan o‘rgimchak iplari”ni mushohada qilayotgan bo‘lsa ajab emas…

1997 yilning kuzi edi. Prezident Islom Karimov bilan suhbat uchun devonga taklif etildik. Murod Muhammad Do‘st Prezidentning matbuot kotibi edi. Karimovning qabuliga kirishdan avval uning xonasida biroz suhbatlashib o‘tirdik. Men Murod akaga “Lolazor”dagi qahramoniga o‘xshab ketayotganini aytdim. “Yozayapsizmi?”,- deb so‘radim. “Material to‘playapman”, – dedi Murod aka yuziga qitmirona tus berib.

Bunga ham 15 yil bo‘pti. Murod aka to‘plagan “materiallar”ning birontasi biron joyda e’lon qilingani yo‘q. U rahbarlaridan bo‘lgan davlatning xabar agentligi esa 74 yoshni qarshilayotgan Prezident Karimovning rasmini “retush” qilish, yoshartirish bilan ovora.

Ammo bundan 15 yil avval matbuot kotibining qartayib qolgan davlat rahbarining suratlarini yoshartirish kabi bir tashvishi yo‘q edi. O‘sha kuni gap orasida jurnalist hamkasblarimizdan biri “katta”ning kayfiyati haqida so‘radi. “Kayfiyati yaxshi,- deb boshladi Murod aka, faqat… “2000 yilda ham prezidentlikka nomzodingizni qo‘yasizmi?” degan savol yoqmabdi. “Nima, men o‘lib ketayapmanmi, nimaga menga bunday savol beradi?”, deb jig‘ibiyron bo‘ldi “katta”, – dedi Murod aka o‘pkalagan ohangda. Savolni men bergan edim. Bir kun avval yarim tunda qo‘shnimning uyiga telefon qilishib, (men yashayotgan do‘stimning uyida telefon yo‘q edi) “ertaga prezident bilan suhbat bo‘ladi, savollarni oldindan bersangiz” deyishdi. Bu to‘satdan bo‘lgan taklif edi va men aqlimga kelgan birinchi savolni aytdim. Telefondagi Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi “bundan boshqa savolingiz yo‘qmi?” deb so‘radi norozi ohangda. Men “savollar ko‘p, ammo bu muhim”, dedim. Savolni ma’qullashdimi yoki takliflarini qaytib olish noqulay bo‘ldimi, har qalay, kotib yarim kechada yana telefon qilib, “ertasiga suhbatga kelavering”, deb aytdi.

Murod akaning “katta”ning jig‘ibiyron bo‘lgani haqidagi so‘zlari menga qaratilgan edi. Nozikta’b adib va matbuot kotibi “iloji bo‘lsa shu savolni bermagin” demoqchi edi. Ammo men o‘zimni bu diplomatik nazokatni tushunmaganga oldim…

… A’yonlari qurshovida hashamatli qabulxonaga o‘qday uchib kirgan Prezident bizni iliq qarshiladi va suhbatni protokolda ko‘rsatilgan qabulxonasining bir burchagidan xorijiy hay’atlar bilan muzokaralar olib boradigan muhtasham stoliga ko‘chirdi. Men unga o‘ziga avvaldan ma’lum bo‘lgan o‘sha savolimni berdim: “2000 yilda ham prezidentlikka nomzodingizni qo‘yasizmi?”..

Prezident javobini boshlashdan avval menga, keyin matbuot kotibi o‘tirgan tomonga qaradi. So‘ng tomog‘ini qirib, “endi, uka…” deb boshlaganicha, uzoq gapirdi. Esimda qolgani avvaldan nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligini e’lon qilsa, qandaydir “qora kuchlar” hushyor tortib qolishi va barqarorlikka putur etishi haqidagi so‘zlar edi. Ammo u qanchalik uzoq gapirgani sayin javobdan ham shunchalik uzoqlashib borardi. Gapi-ma’ruzasini tugatarkan, men tomonga yuzlanib, “agar ruxsat bersangiz,- deya yana tomog‘ini qirdi va zaharxanda jilmayish bilan atrofidagilarga qaradi. Prezidentning kinoyasini anglagan hushyor a’yonlaridan ba’zilari xaxolab kulib yuborishdi. “Ruxsat bersangiz, deya yana bir marta takrorladi HECh KIMDAN RUXSAT SO‘RAMAYDIGAN Hokimi Mutlaq, sizga yana bir-bir yarim yildan keyin javob bersam…”. Men nimaga ruxsat berishim kerakligini tushunmaganim uchun, Prezidentning kinoyasini ham tushunmaganga oldim va atrofdagilarning o‘rinsiz kulgisidan mulzam bo‘lmaslikka tirishdim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri javobdan qochgan Prezident savolning ustidan, undan ham ko‘ra ko‘proq mening ustimdan kulishga harakat qilayotgan edi. Vaholanki javob aniq edi. U nafaqat 2000 yil, balki 2007 da ham nomzodini qo‘yish, ustiga, 2002 yilda hech qanday saylovsiz muddatini uzaytirib olishni rejalagan edi. Ehtimolki, shuni ham bilmagan muxbirning soddaligidan kulayotgan edi.

Ammo bugun oradan 15 yil o‘tgan bo‘lsa hamki, yana o‘sha savol kun tartibida. Va nafaqat soddadil muxbirlar, balki butun dunyo hanuz fol ochib o‘tiribdi: “2014 da nomzodini qo‘yadimi, qo‘ymaydimi?”..

Karimov uchun saylovda nomzodini qo‘yish-qo‘ymaslik degan konstitutsiyaviy bir dilemma yo‘q edi. Bunday dilemma oradan 15 yil o‘tganidan so‘ng ham paydo bo‘lgani yo‘q.

Ammo bugun boshqa bir narsa bor. Bu-qartayib borayotgan Prezidentning yoshi yoki kolumbiyalik atoqli yozuvchi Gabriel Garsia Markes aytmoqchi, “Patriarxning kuzi”.

Bundan uch – to‘rt yil burun Markesning romani taniqli munaqqid va yaqin-yaqingacha O‘zbekistondagi qo‘g‘irchoq “muxolifat” partiyalaridan birining rahbari bo‘lgan Ibrohim G‘afurov tarjimasida “Buzrukning kuzi” nomi bilan Toshkentda nashr etildi. Noshir do‘stlarimizdan birining aytishicha, nashrdan xabar topgan prezident devonidagilar bundan “adabiy voqea” yasamaslikni maslahat berishgan. Hoynahoy, qo‘lida mutlaq hokimiyat bo‘la turib, undan yaxshilik yo‘lida foydalana olmagani bois baxtsiz bo‘lgan, chor tarafdan tinimsiz maqtalgani holda, bitmas-tuganmas nafratga sazovor ko‘rilgan diktatorning o‘z “katta”lariga juda ham o‘xshashidan bo‘lsa kerak. Markes 20 yil hokimiyatda bo‘lgan qahramoni-diktatorning kimligini hanuzgacha aytmagan. Nima farqi bor? Zotan uning kimligini bugun oddiy o‘zbek o‘quvchisi ham biladi. Shuning uchun ham “Patriarxning kuzi”, to patriarx hayot ekan va O‘zbekistondagi erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish nisbati rasmiy statistikada xuddi patriarxning yoshiga mos ravishda har yili bir yilga uzayib borar ekan, (bu yil 74 deb e’lon qilindi) boshqa chop etilmaydi. Ammo hokimiyat qanchalik mutlaq bo‘lmasin, uning ham inson umri kabi poyoni bor. Rahmatli shoir Rauf Parfi, o‘zining aytishicha, 60-70 yillarda shoir do‘stlari davrasida “siyosiy bashoratlar”ni qilib yurar ekan. “SSSR degan saltanat qulaydi, O‘zbekiston mustaqil bo‘ladi” qabilida. Do‘stlari undan “Buning uchun nima qilish kerak?” deb so‘rashsa, Rauf aka faqat elka qisar ekan. “Men bilmayman, nima qilish kerakligini, ammo TABIIY shunday bo‘lishi kerak!” der ekan u. Shoir o‘z tabiati bilan siyosiy jarayonlarning ham tabiiy o‘zani bor, deb ishongan va xato qilmagan. Bugun arab dunyosida o‘zanlarni buzib oqayotgan jarayonlar ham shoir aytgan tabiiylikning hosilasi bo‘lsa, ne ajab. Zotan, bu tabiiylikda hamma narsaning ibtidosi va intihosi bor. Xuddi “Patriarxning kuzi” singari:

“Lekin u axir bilardi boshdanoq: unga xushomad qilguvchilar uni aldaydilar, u bilardi, xushomad uchun naqdina oladilar, u bilardi, uni shodumon sharaflagan va unga mangu baxtiyor hayot tilagan izdihomlar harbiylarning qurol kuchi bilan haydab keltiriladi; u bularning barini bilar va o‘zini shu yolg‘onga, shon-shuhratning shu tuban o‘lponiga suyanib yashashga o‘rgatgandi… Umr kuzining xazongarchiligi boshlanganda, u shunga ishonch hosil qildiki, o‘z hokimiyatiga hech qachon to‘la ega bo‘lolmaydi, butun hayotni hech qachon to‘laligicha qamrab ololmaydi, zero, bu hayotning yolg‘iz orqa tomoninigina bilishga mahkum, choklarinigina ko‘zdan kechirishga mahkum… lekin biz bu hayotni butunlay boshqa tomondan ko‘rardik, janob general, biz uni xo‘rlangan, mahrum etilganlar tomonida turib ko‘rardik, biz uni qayg‘u-g‘amlarimizning bitmas-tuganmas yillari osha ichkaridan turib ko‘rardik, sizning tuganmas sarg‘aygan xazongarchiligingiz yillari, yillar osha ko‘rardik uni, va shunga qaramay biz yana baribir yashardik va har holda bizning dardimiz dard edi… U esa bizni ham, o‘zini ham yaxshi bilmay majhullikda o‘tdi, buzruk tushmagur, mudom o‘zining churillagan dabbasiga andarmon bo‘ldi, taqdir mehmonining nogahon bir zarbasi bilan omonsiz quladi, ildiz-pildizi bilan qo‘porilib yitdi… u endi hayotga begona, ko‘chalarga guras-guras yopirilib chiqqan va xurram qo‘shiqlar kuylagan odamlar izdihomining eru osmonlarni to‘ldirgan quvonchlarini eshitmasdi, u endi bayram otashbozliklariyu erk nog‘oralarini eshitmasdi, u endi odamlar va dunyoga ezgu xabar tarqatayotgan bong sadolarini eshitmasdi, mangulikning behad-behisob vaqti nihoyat tugagan edi”…

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2012/01/120129_cy_pahlavon_blog.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: