Ta’lim sohasidagi chigal muammolar – uzxalqharakati.com


November 28, 2011

Ta’lim sohasidagi mavjud holat – millatimiz xorligining asosiy sababchilaridan biridir. Ba’zilar nega deb so‘rasalar, ba’zilar bu aksiomadir deb javob berishlari mumkin. Men esa bu HAR BIRIMIZ yaxshi tomonga o‘zgartirishimiz mumkin bo‘lgan ish deb aytgan bo‘lar edim.

Ta’limdagi mavjud muammolarni quyidagilarda ko‘raman :

1. Ma’naviy qashshoqlik

2. Korruptsiya

3. Moddiy qashshoqlik

4. Ilmli, fikrlaydigan odamlar yoshi ulg‘aymoqda

5. Yoshlar fikr doirasi juda cheklangan va tolerantlik tushunchasi past bo‘lib ulg‘aymoqda va yoshlarni manqurtlarga aylantirish harakatlari avj olgan.

Millatni xalq tashkil etadi, boshqaruvdagi Karimov, Golishev, Mirziyaev,

S. Ortiqova, S. Rashidova, A. Saidov, V. Norov va boshqalar emas.

Ularning davri tugayotganini bizdan ko‘ra ular yaxshi anglaganlar va zarur choralar ko‘rmoqdalar. Bu choralarga farzandlari va nabiralarini dunyodagi eng yaxshi oliy ta’lim maskanlarida o‘qitish, xorij tillarini yoshligidan o‘rgatish, malakali mutaxassis bo‘lishi uchun qo‘lidan keladigan ishlarning barchasiga astoydil harakat qilmoqdalar. Bizlar, ya’ni XALQ esa hashamatli to‘ylar, uylar, mashinalar, zebu ziynatlar bilan ovoramiz.

Va shu bilan uyalmay maqtanishdan ham toymaymiz. Buni ma’naviy qashshoqlik deb atayman.

Qirg‘izistondagi voqealarda to‘plangan boyliklarning foydasi bo‘ldimi?

Yoki o‘z farzandini bilimiga sarmoya (investitsiya) qilgan oilalarga talofat oqibatlari ozgina bo‘lsada engilroq bo‘layaptimi?

Korruptsiya haqida esa dunyoda O‘zbekiston korruptsiya darajasi bo‘yicha Afrika qit’asidagi eng notinch Somali mamlakati darajasida ko‘rishning o‘zi juda ham qayg‘uli.

Bundan kelib chiqsak, “BMT taraqqiët dasturi Insoniy taraqqiyot Indeksi bo‘yicha O‘zbekistonni 13 bosqich pastga tushirdi: o‘tgan yil 102-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston endilikda 115-o‘rinni egallamoqda. Insoniy taraqqiyot indeksi – BMT Taraqqiët dasturining turmush, savod, bilim va uzoq yashash sifatlari bo‘yicha insoniy potentsialga tavsif berish uchun 1990 yil qabul qilingan ko‘rsatkichlariga amal qiladi.” (08.11.11, Uznews)

Sotsializm davrida ulg‘aygan, ilm olgan, yaxshi mutaxassislar yoshi 40 dan ham oshgan. Xaqiqiy (hozirdagi ilmiy unvonlarning ko‘p qismi amaldorlar farzandlariga ota-onasining mablag‘i evaziga tuxfa etilmoqda!) ilmiy unvonga ega fan nomzodlari va fan doktorlari esa 50 dan ham oshmoqda.

Yoshlarning oylab paxta dalalarida qulga aylantirilishi, maktablardagi past ta’lim darajasi, faqat yolg‘onlar bilan zamon doim zo‘ravonniki deb tushuntirish hollari ommalashib bormoqda.

Aholining deyarli barchasi bu muammolardan yaxshigina xabardor, chunki har birimiz bu jamiyatda ota-ona, aka-uka, opa-singil, farzand yoki boshqa shu kabi yacheykalarni egallaymiz. Endi echimga ham o‘tsak.

Statistik ma’lumotlarga tayansak, O‘zbekistonda o‘rtacha yosh 20-25 yoshlar oralig‘ida keltiriladi. Demak, aholining aksar qismi yoshlardan iborat.

Har birimiz qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlar:

1. Farzandlar bilan ochiq suhbatlashish. O‘zbekistonda bo‘layotgan ishlar qonuniy emasligi, qonun barchaga teng bo‘lishiga erishish uchun ularning ilm egallashi va malakali mutaxassis bo‘lishi shart ekanligi. Ma’naviy qashshoqlikka qarshi kurash.

2. Maktablarga, darslarga beparvo bo‘lmaslik. Maktab rahbariyatidan, o‘qituvchilardan sifatli ta’limni talab etish, zarur bo‘lsa vazirliklarga talabnomalar yozish.

3. Korruptsiya xarom ekanligini anglash (imkoniyat bo‘lsa pora bo‘yicha Shayx Obidxon qori akani intervьyu qilsangizlar va uni yozma holatda tarqatish) va undan tiyilishga qattiq harakat qilish.

4. Yoshlarni ilmga qiziqtirish va rag‘batlantirish. Ularni kamsitish emas, ruhlantirish (ingliz tilida empowerment – o‘ziga ishonchni uyg‘otish tushunchasi kabi). “Qo‘lingdan keladi, harakat qila olasan” deb ijobiy yo‘naltirish.

5. Yoshlarga ham vaqt ajratish, ota-onasi xorijga ishlashga ketgan bo‘lsa, qarindoshlar hech bo‘lmasa og‘zaki rag‘batlantirishga intilishi. Dang‘illama to‘y o‘rniga o‘qishiga mablag‘ berishi kerak.

Ushbu ixtibosni keltirishni o‘rinli deb topdim:

“Xartli But: Shuni avvalroq aytib o‘tishim kerak ediki, bizning tomondan taklif qilinayotgan asosiy narsalardan biri ta’lim-tarbiya sohasidagi loyihalardir. Bu doirada O‘zbekistonda Kembridj Universiteti professorlari yordami bilan tashkil etilishi nazarda tutilgan texno-park uchun mas’ul bo‘lgan shaxs ham uchrashuvlarda qatnashdi. Bi-bi-si: Lekin ta’lim-tarbiya sohasi biznes doirasiga kiradimi? Xartli But: Ha, bu sohadagi loyihalar biznes shakli sifatida ko‘riladi. Britaniya tomonidan bu loyihalar ta’lim sohasining mahsuloti sifatida ham ko‘riladi.” (VVS Uzbek, 25.11.2011)

Ushbu texno-parklarda O‘zbekiston yoshlari xorijlik hamkorlar bilan teng darajada qatnashishi va rivojlanishi barchamiz uchun faxr bo‘ladi degan umiddaman.

Yosh mutaxassis sifatida o‘ylaymanki, hokimlar keladi va ketadi, ammo biz, ya’ni XALQ qolamiz. Shunga ko‘ra bizlar ham taraddudni qilishimiz shart. Mavjud diktatura tizimni o‘zgartirish ta’lim islohotisiz mumkin emas degan xulosa bilan tugallayman.

 

Nodirabegim. O‘XH muxbiri

28 noyabr 2011 yil

Toshkent

 

http://uzxalqharakati.com/archives/4191

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: