Yolg‘on san’ati: Karimovning yangi kitobi nashrdan chiqdi – ozodlik.org


Bu Islom Karimovning mustaqillikdan beri chop etilayotgan o‘nlab kitoblarining navbatdagisidir.

10.08.2011

Sarvar Usmon

Bu kitobda Islom Karimov o‘zini O‘zbekiston mustaqilligining bosh mafkurachisi va asoschisi qilib ko‘rsatishga urindi.

O‘zbekistonda Islom Karimovning yangi kitobi nashrdan chiqdi.

O‘zA axborot agentligi xabarida aytilishicha, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida mamlakat mustaqilligi arafasida va mustqillikning dastlabki davrida kitob muallifining “olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan ma’ruza va nutqlar, suhbat, maqola va interv’yular o‘rin olgan”.

Yangi kitob muqovasi.

“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini varaqlab ko‘rishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Biroq O‘zA agentligining mazkur kitob to‘g‘risidagi xabar-taqrizidan kitob mundarijasi to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Lekin xabar-taqriz mazmunidan kitobda 20 yil oldingi voqea-hodisalar, yumshoqroq aytganda, to‘la yoritilgan, degan fikr kelib chiqmaydi.

Agentlik Islom Karimovning yangi kitobini o‘zbek xalqining “siyosiy tafakkur xazinasiga qo‘shilgan bebaho hissa”, deb ta’rifladi.

“Kitobga kiritilgan nutq va ma’ruzalarda o‘sha davrdagi o‘ta dramatik voqealar, tarixiy o‘zgarishlar qanday murakkab vaziyatlarda yuz bergani, ularning tafsiloti, sabab va oqibatlari atroflicha yoritib beriladi”, deb yozdi O‘zA prezidentning navbatdagi kitobi to‘g‘risida.

Taqrizda aytilishicha, O‘zbekistonning mustaqillikka erishishida Islom Karimovning roli hal qiluvchi bo‘lgan. Bu fikrni o‘z o‘quvchisiga uqtirar ekan, O‘zA bunday yozadi: “…og‘ir bir sharoitda Yurtboshimiz tomonidan xalqimiz qalbidagi asriy orzu – istiqlol g‘oyasi ulkan jasorat bilan ilgari surilib, uni amalga oshirish uchun tarixiy qadamlar qo‘yilgani kitobning asosiy mavzuini tashkil etadi”.

Bu fikr prezident kitobida mamlakat eng yangi tarixi xolis yoritilganiga shubha paydo qiladi. Chunki 20 yil oldingi voqealarning bevosita ishtirokchilari hali tirik va ular mamlakat mustaqilligi g‘oyasiga kitob muallifining 20 yil oldingi munosabatini juda yaxshi eslaydi.

Rasmiy Toshkent hisobicha, O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinganiga bu yil 20 yil to‘ladi.

O‘zbekiston parlamentining eks-deputati Jahongir Mamatovning hisobi boshqacharoq.

– Aslida mustaqillik e’lon qilinganiga 21 yil bo‘ldi. 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan, lekin Islom Karimov uni tan olmagan. Chunki o‘sha paytda Islom Karimov Moskva bilan bevosita ishlar edi. Bu “Mustaqillik deklaratsiyasi”ni bir parcha qog‘oz deb atashgan, deydi Jahongir Mamatov.

“Bu yil nishonlanadigan 20 yillik Islom Karimovning o‘zini qutqarganining 20 yilligidir”, dedi Jahongir Mamatov.

Xo‘sh, Karimov o‘zini nimadan qutqargan edi?

Bu savol javobiga o‘tish oldidan O‘zAning kitobga yozgan taqrizidan yana bir parchani o‘qiymiz: “…1991 yil 17-19 avgust kunlari  – Islom Karimov Hindiston Respublikasida rasmiy safarda bo‘lgan paytda yuz bergan voqealarni keltirish mumkin. Mamlakat rahbarining O‘zbekistonda emasligidan foydalanib, yurtimizdagi ayrim rahbarlar GKChPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi…”

Demak, Islom Karimov GKChPga qarshi chiqqan, boz ustiga uning tarafdorlari bo‘lgan “siyosiy avantyuristlarning” ta’zirini berib qo‘ygan.

Lekin, O‘zbekistonda ko‘pchilik boshqa haqiqatni biladi. Jahongir Mamatov Hindiston safaridan qaytayotgan Karimovning GKChPga tabrik yo‘llaganini  eslaydi.

– Men o‘sha pytda prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Shahobiddin Ziyomov bilan bevosita gaplashganman. Shuning o‘zi kelgandan keyin aytdiki, “Biz samolyot bortidan tabriknoma yo‘lladik” dedi, deydi Jahongir Mamatov.

Demak, Islom Karimov GKChPni shaxsan qo‘llab-quvvatlagan. Kitobida esa, buning aksi yozilmoqda.

Qo‘limizda yana bir hujjat. Rossiyada chiqadigan Kommersant’-Vlast’ haftaligining 1991 yil, 26 avgustida chiqqan sonida bosilgan maqola.

O‘zbekiston rahbarini GKChPni qo‘llab-quvvatlagan kollaboratsionistlar safiga qo‘shgan nashr mana bunday xabar qilgan edi: “Sovet jamiyatining demokratik qayta tug‘ilishiga umid tug‘dirgan Qayta qurish boshi berk ko‘chaga kirib qoldi”,- Islom Karimov o‘zining 19 avgust kuni kechqurun partiya-xo‘jalik faollari bilan Toshkentda o‘tkazgan uchrashuvini shu so‘zlar bilan boshladi.

GKChPning taqdiri bir-ikki kunning ichida hal bo‘ldi va Jahongir Mamatovning eslashicha, Moskvada Karimovni ham GKChP a’zolari qatorida javobgarlikka tortish masalasi kun tartibiga chiqdi.

– SSSR xalq deputatlari majlisida ko‘tarildi bu masala. Karimovni qo‘shish kerak bunga, deb ular qaror qildi o‘sha erda va bu ish o‘rganishga boshlandi. Mana shundan keyin Toshkentda mish-mishlar boshlanib ketdi. “Karimovni bugun olib ketadi, ertaga olib ketadi, indinga olib ketadi” degan gaplar bo‘lib ketdi. Shu paytda birdaniga 31 avgust kuni Karimov minbarga chiqib mustaqillikni e’lon qilganda bitta odam qarsak chalgan emas. Bitta deputat qarsak chalmadi o‘shanda, deydi Jahongir Mamatov.

“Mustaqillikni e’lon qilishi Karimovni o‘zini qutqarish uchun qilgan harakati edi”, deb qo‘shimcha qildi Jahongir Mamatov.

(Jahongir Mamatov bilan o‘tkazilgan to‘liq suhbatni quyida tinglang)

Lekin O‘zA taqrizi mazmunidan Islom Karimov yangi kitobida o‘zini mustaqillik muallifi qilib ko‘rsatgan.

Kitobda bir voqeaning bunday buzib ko‘rsatilgani boshqa voqealarning ham halol yoritilganiga shubha uyg‘otadi.

Unda muallif o‘zining Farg‘ona, Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealaridagi roli to‘g‘risida ham yozgani aytiladi taqrizda.

Kitobni o‘qimaganimiz uchun u voqealarning Karimov nazaridagi talqinidan bexabarmiz.

Shuning uchun o‘sha voqealardan ba’zilari ishtirokchilariga murojaat qildik va ulardan o‘sha voqealarning qaysi jihatlari kitobga kiritilishi lozim edi, deb o‘ylaysiz, deb so‘radik.

Birlik partiyasining bundan 20 yil oldingi faoli, hozirda Birdamlik harakati a’zosi Nosir Zokir o‘sha davrda Islom Karimovning  Namanganda Tohir Yo‘ldosh va uning tarafdorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvini eslaydi. Uchrashuv yakunida, deydi Nosir Zokir,

– Xullas juda katta va’dalarni berib bu erdan ketgan Karimov. Butun dunyoga tarqalgan voqea kitobga kiritilgan bo‘lishi kerak mening nazarimda.

Ozodlik: O‘sha va’dalar bajarilganmi?

– Hali bajarilgani yo‘q. Endi mana 20 yillik bo‘layapti. 20 yillik o‘tib olgandan keyin bajarilsa kerak, deydi Nosir Zokir.

Karimov o‘sha davrda namanganliklarga nimalarni va’da qilgan ediyu ularni nima uchun bajarmagani to‘g‘risida ham o‘zining “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida yozgandir?

Buni tez orada, kitobni o‘qigach, bilib olamiz.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24292893.html

2 Comments to “Yolg‘on san’ati: Karimovning yangi kitobi nashrdan chiqdi – ozodlik.org”

  1. Siz yozayotgan bemani ertak kitobdan kora, mustaqillikni qadriga yetishni, tinchlik qadriga yetishni anglashga hizmat qiladigan bu kitob ming marta yahshi! 20 yil ichida siz Uzbekistonda havosini olmagansiz, dardini kormagansiz, evropada turib quruq aql orgatishdan boshqa ishiz bolmagan! yana saytingizda uyalmasdan turkiyacha bayroq osib olgansiz! siz bizlarni havotiri qilmang, oylamang! hudoga shukur tinch osoyishta yashamoqdamiz, sizsiz ham demokratiya nima, hayot nima ekanini juda yahshi bilamiz! hozirgi yoshlar haqiqiy vatanparvar bolib ulgaymoqda!

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: