Xolmirzaevning qotillariga jinoiy ish ochildi – ozodlik.org


Guvohlarning aytishlaricha, Qirg‘iziston janubida militsiya bedodligi o‘tgan yil iyunidan buyon davom etmoqda.

10.08.2011

Sherzod

Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan Usmonjon Xolmirzaevning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Bu ma’lumotni Ozodlikka Qirg‘iziston Bosh prokuroturasi matbuot kotibi Talant Qo‘no‘qbaev tasdiqladi.

Uning aytishicha, 7 avgust kuni Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya bo‘limida kaltaklangan va 9 avgust kuni tuman kasalxonasida joni uzilgan asli bozorqo‘rg‘onlik, ayni paytda Rossiya fuqarosi bo‘lgan Usmonjon Xolmirzaev o‘limi yuzasidan Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 4-bandi (Qasddan og‘ir tan jarohati etkazganlik) va 305-moddasi (xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganlik) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Eslatib o‘tamiz, Usmonjon Xolmirzaevni 7 avgust kuni soat 16 lar chamasi fuqarolik kiyimidagi odamlar uyidan chaqirib olib ketishgan. Soat kechki 7 da u Bozorqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limidan o‘z yaqinlariga telefon qilib, militsiya idorasiga 30 ming so‘m (taqriban 680 AQSh dollari – tahr.) miqdorida pul olib kelishni aytgan. Yaqinlari aytilgan mablag‘ni militsiya idorasiga olib kelib, Usmonjon Xolmirzaevni uyga olib ketishgan. Uyga ketar chog‘i Xolmirzaev yaqinlariga militsiya idorasida ushlab turilgan paytda qattiq kaltaklanganini aytgan. 9 avgust kuni esa u olingan tan jarohatlari natijasida Bozorqo‘rg‘on tuman kasalxonasida olamdan o‘tgan.

– Skritiya (jasadni yorish demoqchi – tahr.) natijasi tizzasi bilan ustiga sakraganda oldi to‘sh suyagi sinib, oskolkalari (suyak siniqlari demoqchi – tahr.) yuragiga kirib ketganini ko‘rsatdi. Ekspertlar: “Yuragiga suyak kirib ketgan”, deb taxminiy xulosa chiqarishdi, – deydi voqeani o‘rganayotgan huquq faoli Gullola Tashkenova.

Usmonjon Xolmirzaev Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun uning yaqinlari talabi bilan 9 avgust kuni jasadni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida Rossiyaning O‘shdagi konsulligi rasmiysi Ayrat Abdulin ham ishtirok etdi.

Ozodlik bilan suhbat chog‘ida janob Abdulin Rossiya konsulligi Qirg‘iziston kuch tizimlaridan voqea aybdorlari topilishini talab qilishini aytarkan, hozirda hamma tibbiy ekspertizaning yakuniy xulosalarini kutayotganini qayd etdi.

– Biz natijalar uning yaqinlari kutayotganday bo‘lmay qolishidan qo‘rqayapmiz. Natijalar o‘zgarib qolishi mumkin. Shuning uchun biz natijalarni kutamiz, keyin ish olib boramiz. Hozirda biz tuman va viloyat prokuraturalariga mazkur holat yuzasidan murojaat qilganmiz, – dedi Rossiya konsulligi vakili Ayrat Abdulin.

Qayd etish joizki, marhum Usmonjon Xolmirzaev o‘zbek millatiga, uni kattaklagan militsiya xodimlari esa qirg‘iz millatiga mansub bo‘lgan. Shu sababli Bozorqo‘rg‘on tuman hokimiyati mazkur voqeaga milliy tus berilishining oldini olish maqsadida 10 avgust kuni yig‘ilish o‘tkazdi:

– Kecha dafn marosimida ishtirok etdik. Ota-onasi bilan gaplashdik. Bugun o‘zbek-qirg‘iz aralash katta yig‘in o‘tkazdik. Mazkur voqeada hech qanday milliy nizo yo‘q. Biz qirg‘izistonlikmiz, qonun barchamizga barobar. Yig‘inda, agar gunohi bo‘lsa, har bir inson jazosini olishi kerakligi aytildi, – deydi Bozorqo‘rg‘on tuman hokimi Qubatbek Artiqov.

Unga ko‘ra, bugungi yig‘ilishda bundan buyon militsiya xodimlari odamlarni faqat chaqiruv qog‘ozi bilan yo‘qlashi shartligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qubatbek Artiqovning ta’kidlashicha, Usmonjon Xolmirzaev o‘limidan avval uni ko‘rgani uyiga kelgan Bozorqo‘rqon qishloq hukumati raisi Abdiqadir Jo‘lchievga o‘zining kaltaklanganini aytgan, biroq hech kimdan da’vo qilmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Biroq Usmonjon Xolmirzaevning turmush o‘rtog‘i Zulfiya opa erini kaltaklab o‘ldirgan shaxslar jazosiz qolishini istamaydi.

– Men militsiya xodimlarini otib, osib berishini talab qilaman, eng oliy jazo berishini xohlayman. Imkoni bo‘lsa, ularni umrbod qamashsin. Bir odam begunoh o‘lib ketaveradimi? Unaqa odamdan qanchasi o‘lib ketyapti. Buning oxiri bo‘lishi kerak-ku, aybi o‘zbek bo‘lganimi? – deydi Zulfiya opa.

Qirg‘iz matbuotining xabar qilishicha, hozirda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Ichki xavfsizlik xizmati ham Rossiya fuqarosining militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanish holati yuzasidan o‘z xizmat tekshiruvini boshlagan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24292731.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: