Xato fikrlarga chalg‘imang – muslim.uz


Yurtimizga yashirin yo‘llar bilan kirishga urinayotgan turli yot g‘oya tarafdorlari hali hayotiy tajribasi kam, g‘o‘r yoshlarni chalg‘itishga harakat qilishadi. Ular qay bir mamlakat yoshlarini ko‘prok o‘zlariga og‘dirishsa, o‘sha hududda g‘oyalari keng quloch yoyishini yaxshi bilishadi. Ayrim siyosiy kuchlar boshqarayotgan bunday puch g‘oyali oqimlar yo‘li to‘silmas ekan, ular kelajak avlod tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yurtimizning kelajagi bo‘lgan farzandlar tarbiyasi esa biz uchun juda muhim.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandlaringizni shariatda zarur bo‘lgan amallarni bajarishga va man qilinganlaridan qaytishga buyuringlar, shu ishlaring ularni do‘zaxdan saqlaganlaring bo‘ladi” (Ibn Jarir), deganlar. Boshqa bir hadisda esa: “Har biringiz rahbarsiz va har bir rahbar o‘z qo‘l ostidagilar to‘g‘risida javobgardir”, deyilgan.

Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “…O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz…” (Tahrim, 6). Oyatda inson oila ahllari haqida ham mas’ul ekani ta’kidlanadi. Farzandlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasligi uchun ta’limning o‘zigina kifoya qilmaydi. Ularning axloqi, ma’naviy olamini boyitib, qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg‘usini shakllantirish zarur. Buning uchun har birimiz o‘tmishimizni yaxshi bilib, o‘rnak darajasidagi insonlar bo‘lmog‘imiz hamda mazhab, din tushunchasi va aqida masalalarini puxta bilmog‘imiz kerak. Chunki buzuq niyatdagilarning ko‘pi din niqobi ostida ish yuritadilar.

Sahobalar davri tugab, mazhablar shakllangan yillari ham oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qiluvchilar bo‘lgan. Hukmlar chiqarishda har bir mujtahidning o‘z qarashi, fikri bo‘lsa-da, din dushmanlari to‘qima hadislardan foydalanib, ta’sir o‘tkazishga urinishgan. Bunday paytda mazhabboshimiz Imomi A’zam (rahimahulloh) qiyosni, ijtihod qilishni afzal bilgan va bu fikrdagi faqihlar jamoasi Islom tarixida “ahli ra’y” nomi bilan tanilgan. Aslida “mazhab” so‘zi “yo‘nalish, yo‘l” ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa mujtahidning hukmiy masalalarda oyat va hadislardan ijtihod qilib tanlagan yo‘li “mazhab” deyiladi. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) yo‘llaridan borgan, sunnatga amal qilgan kishilar “sunniylar” deyilib, ular “Ahli sunna val-jamoa”ning to‘rtta fiq¬hiy mazhabi (hanafiy, shofi’iy, molikiy, hanbaliy) hamda ikkita aqidaviy (ash’ariya, moturidiya) yo‘nalishdagi musulmonlardir. Yurtimizda amal qilib kelingan hanafiy mazhabi aqidada moturidiya yo‘nalishiga muvofiqdir.

Roviyning so‘zi va amalida adolatli bo‘lishi bilan qanoatlanib, ko‘proq hadisga tayangan mujtahidlar Islom tarixida “ahli hadis” nomini olgan. Shunday bo‘lsa-da, Qur’on va hadisdan qat’iy dalil bo‘lmagan masalalarni hayotga joriy qilishda ixtiloflar bo‘lgan. Lekin bu kabi farqlar aqidada emas, balki juz’iy-amaliy masalalar borasida edi. Asosiy masalalarda esa ahli sunna val jamoadagi to‘rtta mazhab o‘rtasida deyarli qarama-qarshilik yo‘q, barchasi to‘g‘ri yo‘ldan boruvchilar, deyiladi.

Tarixga ko‘ra, insonlarning ba’zilari berilgan juz’iy ixtiyori ila haq yo‘lni topishda adashishdi. Masalan, Muso va Iso (alayhimussalom) qavmlari etmish ikki firqaga bo‘lingan, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ummati esa etmish uch firqaga ajralishi, ulardan ahli sunna val jamoaning yo‘li to‘g‘ri ekani hadisda bayon qilingan.

Mazhablar asosan hijriy ikkinchi asrdan to‘rtinchi asrning yarmigacha shakllandi. Bu to‘rt mazhabdan boshqalarida masalalar to‘liq hal qilinmagani yoki yozib saqlab qo‘yilmagani va borlari ham ilmiy o‘rganilmagani sabab mazhab shaklida e’tirof etilmagan.

Hanafiy ulamolari yozgan fiqh usullariga ko‘ra, har bir musulmon ushbu to‘rt mazhabdan biriga ergashmog‘i vojib. Zarurat bo‘lgandagina qozilar ayrim muammoli masalalarni hal etishda amal qilib kelayotgan mazhabidan boshqa uch mazhab fatvolaridan vaqtincha foydalanishi joiz. Ba’zi mazhabsizlarning xato fikrlariga chalg‘imasligimiz kerak. Chunki o‘zicha Qur’on va Sunnatga ergashaman degan kishi adashadi. Holbuki, bizgacha o‘tgan mujtahid ulamolar zarur bo‘lgan barcha katta-kichik masalalarni bayon qilib ketishgan. Tayyor oshni to‘kib, o‘zim qayta pishiraman deyish, o‘ta nodon odamning ishi. Qolaversa, mazhabsiz bo‘lgan mo‘min farzga yaqin vojib amalni tark etgani uchun gunohkor bo‘ladi.

Xullas, bugungi kunda ham g‘imirlashib qolgan xatarli buzg‘unchilarning tuzog‘iga ilinishdan ehtiyot bo‘laylik. Ular ba’zan dinni niqob qilib qo‘poruvchilik qilishsa, goho “ommaviy madaniyat” bayrog‘i ostida ko‘plab bema’niliklar qilib, milliy va diniy qadriyatlarimiz ildiziga bolta urishmoqchi. Ba’zan ular ortida ayrim mamlakatlarning siyosiy-iqtisodiy manfaatlari yotgani sezilib qolmoqda. G‘alamislar fitna urug‘ini sochishdek tubanlikdan qaytmas ekan, bizdan ogoh va hushyor turish, yoshlar tarbiyasini bir zum ham chetda qoldirmay, savodxonligini, ma’naviyatini oshirib borish talab qilinadi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashib, yurtimizni har xil buzg‘unchi kuchlar xurujidan himoya etishimiz zarur.

Abdulaziz MANSUROV,

O‘zbekiston musulmonlari

idorasi raisi o‘rinbosari

 

http://www.muslim.uz/index.php?option=com_content&view=article&id=1233:2011-06-20-12-16-08&catid=52:2010-02-07-09-50-06&Itemid=18

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: