Turkmanistonda turk maktablari yopila boshlashiga diniy xavotirlar sababmi? – bbc uzbek


15 avgust 2011

Turkiya Turkmanistonning muhim xalqaro sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda

Turkmanistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakatdagi turk litseylari yopila boshlagan.

Xronika Turkmenistana veb sahifasi xabarida aytilishicha, Turkmanistonda hozirda faqat bitta shunday maktab – Ashxoboddagi 57-sonli Mustafo Kamol Otaturk nomidagi litsey qolgan.

Bu maktabga yangi talabalar olinishi to‘xtatilgan, maktab o‘qituvchilari u erda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga ta’limni yakunlash imkoniyati berilishini bildirishgan.

Viloyatlarda esa turk litseylari faoliyati butkul to‘xtatilgani aytiladi.

Bir necha oy avval Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qarori bilan “jiddiy kamchiliklari” uchun Ashxoboddagi Turkman-Turk Universiteti rahbariyati ishdan chetlatilgandi.

Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, turkman hukumati mamlakatdagi turk bilim dargohlarida Nurchilar diniy oqimi mafkurasining tarqalishidan xavotirga tushgan.

Ayni xavotirlar qo‘shni O‘zbekistonda turk litseylarining faoliyatiga nuqta qo‘ygandi.

Biroq, turkman masalalari bo‘yicha tahlilchi Mekan Navro‘zovga ko‘ra, bu yagona sabab bo‘lmasligi mumkin.

“Rasmiy sabab ko‘rsatilmayotgani uchun, faqat bashorat qilish mumkin. Yana turli sabablar bo‘lishi mumkin. Masalan, arab davlatlari va Yaqin Sharqdagi voqealari ta’siri bo‘lgandir, yoki Turkiyada bo‘lgan ba’zi diniy oqimlarning bu erga kelib tarqalib ketmasligining oldini olishdir,” deydi u.

Diniy oqimlar, xususan Nurchilar borasidagi xavotirlar borasida na turkman hukumati, na turkman muxolifati o‘tmishda biron bayonot qilgan.

“Universitetda nima uchun rahbariyat almashtirilgani borasida aniq sabab ko‘rsatilmadi, lekin diniy oqimlar tarqalayotgani bo‘yicha qo‘rquv bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo, universitet yopilmadi, yangi rahbariyat tayinlandi va hozirda dargoh ishlab turibdi,” deydi tahlilchi.

Sarmoya ta’siri

Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalar o‘tgan 20 yil davomida rivojlanib kelgan.

Sobiq turkman prezidenti Saparmurot Niyozov “Turkmanboshi” hatto “biz ikki mamlakat, ammo bir millat” shiori ostida Turkiya bilan yaqinlashish siyosatini ilgari surib kelgan.

Aloqalar ayniqsa iqtisodiy sohada rivojlangan bo‘lib, Turkmanistonda amal qiluvchi chet el sarmoyadorlari orasida turk tadbirkorlari eng faollaridan hisoblanadi.

Turkmanboshi davrida boshlangan Ashxobod qayta qurilishida aynan Turkiya quruvchilik shirkatlari ilg‘orlik qilishgan.

Biroq, o‘tgan yil davomida turk shirkatlari turkman hukumatidan amalga oshirilgan loyihalar uchun to‘lovlarni olmagani, xususan go‘yoki Ashxobodni qayta qurish ishlari uchun 25 turk shirkatiga 1 milliard dollarlik ish haqida to‘lanmagani ikki tomonlama munosabatlarga sovuqlik kiritgan.

O‘tgan may oyida Turkmanistonga safar qilgan Turkiya Prezidenti Abdulla Gul ayni to‘lovlar masalasini o‘z turkman hamkasbi bilan ko‘targan.

Ammo, uchrashuv ortidan televidenie orqali namoyish qilingan Turkmaniston vazirlar mahkamasi yig‘inlarida Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov to‘lovlar to‘lanmaganiga turk shirkatlari tomonidan ishning to‘la bajarilmagani sabab bo‘lganini bildirgan.

Mekan Navro‘zovga ko‘ra, iqtisodiy muammolar siyosiy aloqalarga ta’sir qilmagan.

“Iqtisod o‘z yo‘lida, siyosat o‘z yo‘lida. Rahbarlar har hafta telefonda gaplashib turishadi. Tez-tez kelib turishadi. Mana yaqindagina Turkiyada turkman madaniyat kunlari o‘tkazildi. Qarzlar borasida qandaydir chora ko‘rildi, chunki bu to‘lov masalasi qayta ko‘tarilmayapti. Turk shirkatlari yangi loyihalar va topshiriqlarni olishda davom etayapti. Ashxoboddagi qurilishlarning deyarli 90 foizini turklar bajarayapti, bu to‘xtagani yo‘q,” deydi u.

“Bu erda sabab diniy oqimlar bo‘lishi mumkin, u ham ochiq aytilgani yo‘q. Uni keyingi voqealar rivojlanishi ko‘rsatar.”

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/08/110815_turkish_schools.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: