T.Yoqubov: “Bunday odamlardan hech afsuslanmay voz kechish kerak” – uzxalqharakati.com


Assalomu alaykum, muhtaram Muhammad Solih!

O‘zbek va ruszabon saytlarda (balki boshqa tillarda ham bo‘lishi mumkin) chop etilayotgan maqolalarni kuzatib borayotgan har qanday odam O‘zbekiston Xalq Harakatining tuzilishi va dastlabki faoliyatidan hukumatning jiddiy sarosimaga tushib qolganini sezishi mumkin. Hukumatning bu holati, bir tomondan, unga haqiqiy muxolif bo‘lgan kuchlarni rag‘batlantirsa, ikkinchi tomondan, ularni beparvolikka undamasligi kerak. O‘XHning xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi odamlari va organi bor yoki yo‘qligini men bilmayman. Biroq menga Toshkentda ishlab yurgan chog‘imda shakllangan ozgina tajribani  Siz bilan o‘rtoqlashish fikri keldi.

1999 yilning mayida bir manb’adan menga: “MXX O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatiga singdirish uchun uch yosh odamni tayyorlayapti, biri AQShda o‘qigan, ikkitasi intellektual kuchli, birnecha tillarni bilishadi” degan ma’lumot keldi. Bu ma’lumot mening diqqat markazimda birmuncha vaqt turgan bo‘lsa-da, keyinchalik unut bo‘la bordi. 2000 yil sentyabrida tashkilotimizga AQShda davlat programmasi bo‘yicha bir yil o‘qigan Ruslan Sharipov yordam so‘rab keldi. Uning gapi bo‘yicha u o‘qishdan noqonuniy haydalgan ekan. Biz uni o‘qishga tiklash uchun kurash boshladik, davlat idoralari bilan yozishmalar tobora kuchayib bordi. Ruslan haqiqatan kuchli intellektga ega ekan. U birinchi marta tashkilotning saytini ochdi va uni salkam bir yil yurgizdi. Men unga O‘IHJda ishlashni taklif qildim, u taklifni qabul qildi va 9 oy men bilan birga ishladi.

Menda unga nisbatan paydo bo‘lgan birinchi sho‘bha shu bo‘ldi-ki, mening taklifimdan keyin o‘zining ishi uni mutlaqo qiziqtirmay qo‘ydi. Uning onasi va ukasi Buxoroda yashar ekan va men uning oilasi haqida ma’lumot to‘plashni buxorolik odamlarimizga iltimos qildim. Uning otasi Aleksandr Sharipov SSSR davrida KGBning Buxoro viloyati bo‘yicha harbiy kontrrazvedka shtabining boshlig‘i bo‘lib ishlagan, keyinchalik MXXning Rossiyadagi rezidenti qilib jo‘natilgan ekan. Biz Ruslanni fosh qilganimizdan keyin, u xuddi Abdujalil Boymatovga o‘xshash janjal qilib, O‘IHJdan chiqib ketdi.

2001 yil avgustida OBSEning Toshkentdagi ofisida ishlaydigan Sharof Azizov degan yigit mening uyimga bir yigitchani boshlab kirib keldi. Sh.A.ning o‘zi Angliyada o‘qib kelgan ekan, OBSE ofisida ishlashidan tashqari “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi” universitetida dars ham berar ekan. Men u bilan OBSE ofisiga borgan paytlarimda tanishgan edim. Birga kelgan yigitcha Suxrob Ismoilov bo‘lib, bir oy ilgari shu universitetni bitirgan ekan. Sh.A. menga: “Suxrobni men o‘qitganman, yaxshi bilimli bola. Suxrobni ishga olsangiz, u sizdan huquqbonlikni o‘rganmoqchi va keyingi faoliyatini shu sohaga bag‘ishlamoqchi” dedi. Gap orasida u o‘zi bilib-bilmay: “Suxrob pulga muhtoj emas. Sariosiyoda uning otasining bir necha avtozapravkalari bor” deb aytib qo‘ydi. Men Suxrobga savol berdim: “Sen juda e’tiborli universitetni bitiribsan. Agar sen biror xalqaro tashkilotda, yoki biznes-strukturada, yoki davlat idorasida ishlasang, katta pul va obro‘ orttirishing mumkin. Biz senga maosh bera olmaymiz, tashkilotimiz hamma vaqt tazyiq ostida. Nima qilasan bu tashkilotda?” U javob bera olmay kalovlanib qoldi, biroq unga Sh.A. yordamga keldi va meni ko‘ndirdi.

Suxrob bir necha marta o‘z-o‘zini fosh qildi. MXX xuf’yalarining asosiy xususiyati har qanday informatsiyani yig‘ishdan iborat. Bir kun qizlarim: “Siz yo‘qligingizda Suxrob arxiv hujjatlarini kopiya qilib olib ketayapti” deb qolishdi. Uni zimdan kuzatdik, gumonlarimiz tasdiqlandi. 2002 yil 28 iyunь kuni men uni sharmandasini chiqarib, tashkilotdan haydadim.

Biroq uchinchi xuf’yani biz yaqingacha aniqlay olmagan edik. Yaqinda muxolifatning ko‘zga ko‘ringan, hozir ham Toshkentda yashayotgan bir vakilidan menga xat keldi. Abdujalil yadro fizikasi institutida (YaFI, Ulug‘bek posyolkasi) aspiranturada o‘qigan va ishlagan. Bu ob’ekt MXXning “Osobo oxranyaemыy ob’ekt”lar sirasiga kiradi. OOOlarning barcha xodimlari (hatto farroshlargacha) MXXning ro‘yxatida turadi va mutloq ko‘pchiligi unga xizmat qiladi. Xodim YaFIdan bo‘shab ketishi mumkin, biroq MXXdan uzilib keta olmaydi. Shuning uchun ham “Birlik” XH tashkil bo‘lganda uning eng “aktiv” yacheykasi YaFIda bo‘lgan. Menga xat yozgan odam hozirgi paytda O‘IHJda (xususan men va Abdujalil oramizda) bo‘layotgan janjalni o‘qib borayotgan ekan. Bu odam 90-chi yillar boshida qamalib ham chiqqan edi. U kishining yozishicha, qamoqdan chiqqach, uning uyiga A.Boymatov kelgan va: “Siz siyosatni kuchli tushunasiz, men ko‘p narsani tushunmayman, siz bilan syhbatlashib sizdan o‘rgansam” degan. Bu kishi rozi bo‘lgan va A.Boymatov uning uyiga kelib turgan. Bir kuni A.Boymatov syhbatdoshiga: “Institutdan reaktordan chiqadigan uran qoldig‘i (otrabotannыy uran)ni olib chiqish imkonim bor. Bilasiz, u juda qimmat turadi. Menga klient topishga yordam bering” degan.

Xat muallifi: “Qamoqdan chiqqandan keyin men ishsiz edim, meni biror joyga ishga olishmadi. Meni hukumat yana qamash uchun urinayotgan edi va men Abdujalil taklifining  mohiyatini darhol tushundim va uni ikkinchi marta uyimga qadam bosmasligini bo‘yniga qo‘yib haydab chiqardim. Undan juda ehtiyot bo‘linglar. U mendan boshqa muxolifat odamlariga ham uran taklif qilganini eshitganman” deb yozibdi.

Xatning davomida u kishi yana ushbuni yozgan: “Abdujalil Boymatov hech qiynalmasdan biznes bilan shug‘ullana boshladi, Kadishev bozoridan qiynalmasdan xotiniga joy qilib berdi. Biznesdagi tanishlarning aytishicha, tashqaridan olib kelayotgan uning tovarlarini bojxona xodimlari tekshirmas ekan. Bozorda soliq inspektorlari hammani quva-quv qilganda ham uning mollariga bir marta ham teginishmagan ekan”.

Shunday qilib, 2000 yili bizga R.Sharipovni, 2001 yili S.Ismoilovni, 2002 yili A.Boymatovni singdirishgan.  Mening atrofimda MXX nayranglarini yaxshi tushunadigan odam bo‘lmagani uchun o‘z vaqtida men ham katta xatolarga yo‘l qo‘yganman. Dastlabki ikkitasini biz bir yil, bir yildan kam vaqt ichida fosh qilgan bo‘lsak, A.Boymatov to‘qqiz yil tashkilotimizda bo‘ldi.

2004 yil avgustida men Qashqadaryo, Surxandaryo va Buxoro viloyatlariga tashkilotimiz ishi bilan tanishish uchun safar qildim. Buxoro viloyati bo‘yicha tashkilot raisi “Erk” partiyasi a’zosi Bobomurod Razzoqov edi. Men unga Qarshidan, To‘lqin Qaraevning hovlisidan telefon qildim va borishimni aytdim. Men ertasi kuni kechga tomon etib bordim. Men telefon qilganimdan ikki-uch soatlardan keyin Bobomurodning uyiga MXXning ikki xodimi borgan va u bilan “syhbat” qilishgan. Bobomurod mendan: “Ezgulik” degan tashkilot qanday tashkilot?” deb so‘radi. Men: “Bizning tashkilotimiz kabi huquqbonlik tashkiloti. Nega so‘rayapsiz?” dedim. Uning aytishicha, birmuncha vaqt ilgari Buxoroga Vasila Inoyatova borgan va bir necha MXX xodimlariga “Ezgulik”ning guvohnomalarini berib ketgan. Uning uyiga kelgan ikkita xodim aynan guvohnoma olgan xodimlardan bo‘lgan.

Biz 1999-2003 yillarda asli qoraqalpog‘istonlik (Mang‘it qishlog‘ida tug‘ilgan), 1991-92 yillarda prezident xavfsizligi xizmati boshlig‘i, 1992-97 yillar MXXning harbiy kontrrazvedka boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan polkovnik Saparboy Kazakovni himoya qilganmiz. U 1997 yil 25 martda JKning 9 ta moddasi bilan ayblanib 14 yilga qamalgan ekan. Tashkilotimiz yuristining sa’y-harakati bilan S.Kazakov 2003 yil 12 aprelь kuni qamoqdan chiqdi. 2003 yil 7 may kuni u meni uyiga taklif qildi va mehmon qildi. Keyin men uning uyiga ko‘p marta borganman va syhbatlashganman. Men davlat odamlari orasida unday bilimdon odamni uchratmaganman. U rus va ingliz tillarini mukammal bilar ekan, fors va arab tilini, deyarli barcha turkiy tillarni ham bilar ekan. Qamoqdan chiqqach, u mustaqil holda xitoy tilini o‘rganishga kirishdi.

Men Saparboydan ko‘p narsalarni eshitganman. O‘z vaqtida u Karimovning eng ishonadigan odami bo‘lgan; o‘ta muhim ishlarni tekshirishni Karimov Saparboyga topshirar ekan. Oxangaron oltin zavodida katta partiya oltin o‘g‘irlangani ishini Saparboy tekshirib, uning boshida MXXning birinchi shaxslari turganini ochgan va shundan Rustam Inoyatov bilan orasi buzilgan ekan. Afg‘onistondan keladigan katta partiya narkotiklar bo‘yicha bo‘lgan ish yuzasidan ham Saparboy ishlab, narkotrafikni MXXning birinchi shaxslari uyushtirganini isbotlagan ekan. Shu ish bo‘yicha Saparboy yozgan 5 betlik xatni menga uning xotini Dilbar Raxmonova qamoqdan olib chiqib keltirib berdi. Ayni ish bilan biz ham shug‘ullanganmiz va men bu haqda ochiqchasiga bir nechta maqolalar yozganman.

Saparboy muttasil kuzatuv ostida bo‘lgani uchun Toshkentda yashay olmadi, u Rossiyaga ketib qoldi va bizning aloqamiz uzildi. MXXning nayranglari, muxolifatni ta’qib qilish, uning ichiga o‘z odamlarini singdirishi haqida menga ko‘p narsalarni gapirib berar edi.

O‘XHga hozir Saparboyday odam kerak. Afsus, uni topish mushkul. Men Ikrom Yoqubovga o‘xshash odamlarga ishonmayman. Hokimiyatga kelgan partiya yoki harakatlar birinchi navbatda xavfsizlik masalasi ustida ishlashganiga misollar talaygina. Leninning RSDRPsi bunga misol. Fikrimcha, Ustavdan tashqari O‘XHning Ichki Reglamentatsiyasi, ya’ni tashkilotning Ustavda qayd qilinmagan tashkiliy muammolari, protseduralari, faoliyati va boshqa jabhalariga tegishli jihatlarini aniqlaydigan hujjati ishlab chiqilishi kerak. Bu hujjatning zarurligi hozirgi paytda arziydigan-arzimaydigan vajlar natijasida yuzaga kelayotgan o‘zaro ziddiyatlarni pasaytirishi mumkinligidadir. Tashkilot Ustavi qanchalik jiddiylik bilan ishlangan bo‘lsa, bu hujjat ham shunday jiddiylik bilan ishlab chiqilca, yaxshi natijalarga erishish mumkin.

“Ne vse, chto blestit – zoloto” deyishadi ruslar. Yaraqlasa-yu, biroq oltin bo‘lmasa, bunday odamlardan hech afsuslanmasdan voz kechish kerak bo‘ladi. Chamamda, hozirgi paytda Evropada istiqomat qilayotgan o‘zbeklarning (umuman o‘zbekistonliklarning; bolalardan tashqari, albatta) kamida 20%i (ya’ni beshtadan bittasi, balki to‘rttadan bittasi) yo MXX tomonidan jo‘natilgan, yoki MXX bilan hamkorlik qiladi. Shuning uchun ba’zi odamlarning O‘XHga qiziqishi, ilgari tayinli bir ish qilmagan bo‘lsa-da, O‘XH tuzilishi bilan faollashgani va O‘XH ishiga aralashishga harakat qilishini kuzatish va tushunish mumkin. MXX uchun hozir O‘XH rahbarlari va faollari orasida muttasil janjal fonini tashkil qilish o‘ta muhim. Buning uchun ular har qanday xarajat va boshqa resurslarni ishga solishdan qaytmaydilar.

Balki O‘XH rahbarlari orasidagi munosabatni kuzatib, taxlil qilib turadigan va kerakli joy hamda kerakli vaqtda maslahatlar berib turadigan bir guruh qariyalar kengashini tuzish kerakdir? Mas., shunday Kengash tuzilsa, men birinchi navbatda Abdulla Abdurazzoqov, Nurullaxon Maqsudov va Tursunboy O‘tamurodovlarni unga tavsiya qilar edim. Bular O‘zbekistondagi rejim chig‘irig‘idan o‘tgan odamlar va behuda gapiradigan odamlar emas.

Men ko‘p odamlarni tanimayman. Balki Siz va safdoshlaringiz boshqa keksa hamda tajribali odamlarni tanirsizlar. Hozirgi mas’uliyatli paytda ular, kasallik tufayli menga o‘xshash notavon bo‘lishmasa, mazkur Kengashga kirishdan qochishmasa kerak. Tashkilotning Ichki Reglamentatsiyasini ishlab chiqishda shu insonlarning fikri muhim bo‘lishi mumkin.

Muhtaram Muhammad Solih! Xatim benihoya uzun va maydalashib ketgani uchun uzr so‘rayman. Oxirigacha chidab o‘qigan bo‘lsangiz, uni bachkana deb hisoblamaganingizga umid qilaman.

 

Allohning panohiga. Hurmat ila Tolib akaman.

 

http://uzxalqharakati.com/?p=1764

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: