Suriya Anqara-Tehron o‘rtasiga sovuqchilik solishi mumkin – ozodlik.org


Assad rejimi Turkiya tayanchidan mahrum bo‘ldi.

11.08.2011

Suriya aksilhukumat namoyishlarining qonli bostirish to‘g‘risidagi qo‘shni Turkiya chaqiruvlarni bepisand qoldirdi. Ayni paytda rasmiy Anqaraning prezident Bashar al-Assadga nisbatan tanqidlari kuchayar ekan, bu Suriya rejimini qo‘llab-quvvatlayotgan Eron bilan Turkiya o‘rtasidagi mojaroni keltirib chiqardi.

Suriya va Eron bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatish keyingi yillarda Turkiya tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelayotgan edi.

Shunga qaramasdan, Suriyada yuzaga kelgan va ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra 2 mingga yaqin odam halok bo‘lgan aksilhukumat namoyishlari tufayli Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining “qo‘shnilar bilan muammolar yaratmaslik” qabilidagi siyosati savol ostida qolmoqda.

Anqaraning Damashq bilan aloqalariga putur etayozgani 9 avgust kuni Dovuto‘g‘li qo‘shni davlatga tashrif buyurib, Turkiya yaqin aloqalar o‘rnatish uchun ko‘p vaqt sarflagan Suriya prezidenti Bashar al-Assadni zo‘ravonliklarni to‘xtatishga ko‘ndirishga urinib, bunga erisha olmaganidan ma’lum bo‘ldi.

Dovuto‘g‘lining Assadni namoyishlarni qonli bostirishni bas qilish, aks holda, Liviya etakchisi Muammar Qaddafiy singari yakkalanib qolishidan ogohlantirganiga qaramasdan, Suriya rasmiy agentliklari prezident Assad Turkiya diplomatiga Damashq “terrorchilarni ta’qib qilishda davom etajagini” aytdi, degan xabarni tarqatdi.

Anqaraga qaytib kelgach, Dovuto‘g‘li Turkiya bundan buyon Assad rejimini emas, aksilhukumat namoyishchilarini qo‘llab-quvvatlashiga ishora qildi:

– O‘ngimizdagi kunlarda, oylar emas, kunlarda jiddiy jarayonlarni boshdan kechiramiz. O‘ngimizdagi kunlar, haftalar davomida muhim qadamlar qo‘yilgach, bu jarayonlar qanday kechishi oydinlashadi. Har doim aytib kelganimiz kabi, bu jarayonlarning qanday kechishi biz uchun Suriya xalqining irodasini aks ettirishi bilan belgilanadi, – dedi Turkiya vaziri.

Anqaraning Assad rejimi harakatlarini qoralashi Turkiyaning shu paytgacha rivojlanib kelayotgan Eron bilan alaqalari uchun oqibatlari bo‘lishi mumkin. Tehron Assad hukumatini qat’iy qo‘llab kelmoqda va ba’zi xabarlarga ko‘ra, namoyishlarni bostirishda ko‘maklashgan bo‘lishi mumkin.

Eron yillar davomida Damashqning yaqin ittifoqchisi hisoblanib kelgan. Ikkala davlat ham Livandagi shialarga qarashli Hizbulloh  guruhi orqali yaqin aloqalarni o‘rnatgan.

Lekin so‘nggi yillarda Tehron NATO va G‘arbning muhim ittifoqchisi hisoblangan Turkiya bilan ham yaqinlasha boshladi. Yaqin aloqalar tufayli ikki davlat o‘rtasida savdo rivojlandi va Anqara BMTda Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq sanktsiyalarning joriy qilinishiga qarshi chiqib kelayotgan edi.

Istanbuldagi Madaniyat Universitetining Xalqaro munosabatlar fakul’teti rahbari va Eronda ishlagan sobiq diplomat Murod Bilhan Assad rejimiga qarshi chiqish Anqara uchun Tehron bilan munosabatlarni xavf ostiga qo‘yish demakdir, deydi.

– Turkiya bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib bormoqda. Anqaraning Suriya bo‘yicha pozitsiyasi Eronni xafa qilishi mumkin. Ular bu vaziyatda Turkiyani G‘arbning ittifoqchisi va qaysidir ma’noda G‘arbning mintaqadagi vakili sifatida ko‘rishlari mumkin, – deydi professor.

Eron davlat matbuoti Turkiyaning Assadga qarshi pozitsiyasini ochiq tanqid qilmoqda. Masalan, 9 iyun kuni Eronning Press TV kanali Suriyadagi namoyishlarga Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on olib borayotgan siyosat sabab bo‘lganini ta’kidladi.

Eron bilan aloqalar savol ostida qolayotganiga oid xavotirlar bois Dovuto‘g‘li iyul oyida Tehronga safar qildi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi ba’zi manbalarga ko‘ra, Dovuto‘g‘li Eron rasmiylarini Anqara pozitsiyasini qabul qilishga ko‘ndirishga uringan.

– Suriya xususida o‘zaro kelishmovchiliklar bor, chunki bizning fikrimizcha, noroziliklar ortida xalq harakatlari turibdi, ular esa, ya’ni eronliklar “noroziliklar chetdan turib uyushtirilmoqda”, deb o‘ylaydi, – dedi Ozodlikka ismi sir qolishini istagan diplomat.

Uning aytishicha, “Eronliklar Suriyada islohotlar amalga oshirilishi lozimligini biladi, lekin ular Assadning hokimiyat tepasida qolishini istaydi. Biz ularga Assad rejimiga qarshi emasligimiz, lekin mamlakatda ba’zi islohotlar tatbiq etilishi shartligini aytdik. Shuning uchun o‘zaro kelishmovchiliklarimiz ba’zi detallarda, xolos. Dovuto‘g‘li Suriyada tashqaridan hech qanday aralashuv bo‘lmasligi lozimligi, lekin bu Eronga ham taalluqli ekanini urg‘uladi.”

Turkiya rasmiylarining ta’kidlashicha, Anqaraning Suriya bo‘yicha pozitsiyasi yuzasidan Eron tanqidlari Dovuto‘g‘lining Tehronga safaridan keyin yumshagan.

Ayni paytda BMT Xavfsizlik kengashidagi diplomatlarning aytishicha, Suriyadan tashvishli xabarlar kelishda davom etmoqda.

Chorshanba kuni Xavfsizlik kengashi a’zolari yopiq eshiklar ortida o‘tgan majlisda BMT Bosh kotibi yordamchisi Oskar Fernandez Tarankoning vaziyatga doir hisobotini tingladi.

Britaniya elchisi Fillip Parham olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirga qadar Suriyada hukumat qo‘shinlari tomonidan 2 mingga yaqin tinch fuqaro o‘ldirilgan, 13 mingga yaqin odam hibsga olingan, deya bayon qildi. O‘n minglab odamlar o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan va bir necha ming qochqin Turkiya hududida qolmoqda.

Britaniya diplomatiga ko‘ra, Suriya rejimi inson huquqlarini toptash va harbiy repressiyalarni davom ettirgan taqdirda Xavfsizlik kengashi “qo‘shimcha choralar”ni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

AQShning BMTdagi elchisi S’yuzan Rays Vashington “legitimligini yo‘qotgan” prezident Bashar al-Assadning ketishi “Suriya uchun yaxshilik” bo‘ladi, deb hisoblashini bayon qildi.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja’fariy esa “noto‘g‘ri” ma’lumotlarni qoralab, Suriyadagi vaziyatni joriy haftada Britaniyada yuzaga kelgan tartibsizliklarga qiyosladi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24293234.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: