Oxus Gold sobiq bosh texnologi 12 yilga qamaldi – ozodlik.org


So‘g‘d viloyatining Panjakent tumanidan bo‘lgan Saidqul Ashurov Britaniyaning Toshkentdagi Oxus Gold shirkatida bosh texnolog bo‘lib ishlagan.

11.08.2011

Gulnora Ravshan

Britaniyaning Oxus Gold shirkati sobiq amaldori, Tojikiston fuqarosi Saidqul Ashurov o‘zbek sudi tomonidan josuslikda ayblandi.

Britaniya foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan tojikistonlik Ashurov shu yil mart oyida xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

Saidqul Ashurovning 10 avgust kuni 12 yilga kesilgani haqida uning akasi Obloqul Rizoev Ozodlikka ma’lum qildi.

U sud hukmi bilan rozi bo‘la olmasligini aytarkan, ukasi ikki shirkat o‘rtasidagi haq talashuv qurboni bo‘lganini ta’kidladi.

– Aslida ukam O‘zbekiston va Britaniya shirkatlari o‘rtasidagi tortishuv qurboni bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati ikkita angliyalikni hibsga ololmay, kuchlari mening ukamga etdi. Qani o‘sha Buyuk davlat sanalgan Britaniya hukumati? Ko‘p va’dalar berib, mana bugun Saidqulning huquqlarini himoyalay olmadi birortasi, – deydi norozi ohangda Obloqul Rizoev.

So‘g‘d viloyatining Panjakent tumanidan bo‘lgan Saidqul Ashurov Britaniyaning Toshkentdagi Oxus Gold shirkatida bosh texnolog bo‘lib ishlagan.

U shu yil, ya’ni O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Oxus Gold shirkati o‘rtasidagi tortishuv ayni qizigan bir mahalda O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingandi.

O‘shanda Saidqul Ashurov chegarani noqonuniy kesib o‘tganlik, davlat sirini oshkor etganlik va josuslikda gumonlanayotgani haqida xabar qilingandi.

Obloqul Rizoev josuslikda ayblanib, to‘rt oy davomida so‘roq qilingan ukasi Saidquldan psixotrop dorilar yordamida iqrorlik ko‘rsatmasi olinganini da’vo qilmoqda.

Oxus Gold shirkatiga advokatlik qilgan Robert Amsterdam esa Saidqul Ashurov soxta ayblovlar bilan qamalganini ta’kidlaydi.

– Ashurov O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari tomonidan to‘qima ayblovlar bilan hibsga olingan. Uning hibsga olinishiga birorta qonuniy asos yo‘q, – deydi Robert Amsterdam.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari Saidqul Ashurovdan bir dona fleshdisk va noutbuk musodara qilgan.

O‘zbekistonlik huquq himoyachisi va  Oxus Gold shirkat maslahatchisi Suhrob Ismoilovning aytishicha, o‘zbek rasmiylari Amantaytau hududidagi oltin zahiralar haqida flesh-diskda saqlangan ma’lumotlar uchun Ashurov davlat sirini fosh qilganlikda ayblanishini aytgan.

– Flesh-diskdagi taqriban 99 foiz ma’lumotlar maxfiy emas, balki aksariyatning undan xabari bor. Buni sud hakamlari ham e’tirof etdi. Bu ma’lumotlarni bemalol internetdan olish mumkin. O‘sha flesh-diskda faqat 2009 yildagi bitta hujjat, ya’ni oltinni eksport qilish yo‘li borasidagi ma’lumot borki, u ham bo‘lsa hozirda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, – deydi Suhrob Ismoilov.

Ayni paytda Tojikiston tomoni Saidqul Ashurovning ozod etilishini so‘rab, O‘zbekiston tomonga rasman murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu borada Ozodlikka bildirgan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Davlat Nazriev hozircha qo‘shnilardan javob olinmaganini aytdi.

Tojik rasmiysi Ashurov ishi ustidan mahkama boshlangan dastlabki kunlarda ham o‘z idorasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilganini, ammo bundan hech qancha natija chiqmaganini aytdi.

– O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llab, Tojikiston tomonidan biror vakil Ashurov ishi bilan tanishib chiqishi va mahkama jarayonida qatnashishini so‘ragan edik. Biroq o‘sha murojaatimiz ham javobsiz qoldirildi, – dedi hukumat mulozimi Davlat Nazriev.

Bir guruh tahlilchilar Saidqul Ashurov Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi “josus-josus o‘yini” qurboni bo‘lganini urg‘ulamoqdalar.

So‘nggi bir necha yil davomida o‘nga yaqin o‘zbekistonlik Rog‘un GESi maydonini portlashishga uringanlik aybi bilan Tojikistonda ozodlikdan mahrum qilingan. Ular taqdiri ko‘pchilik uchun noma’lumligicha qolmoqda.

Ayni paytda Britaniya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazosi olgan Saidqul Ashurovning yaqinlari uning salomatchiligi yuzasidan tashvish bildirmoqda.

Obloqul Rizoevning aytishicha, ukasi Saidqul ko‘p yillardan buyon gepatit bilan og‘riydi. Hibsga olinganidan keyin esa u o‘pka shamollashi kasaliga chalingan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24293923.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: