Oxus Gold shirkatining O‘zbekistondagi xodimi josuslikda aybdor deb topilgan – bbc uzbek


11 avgust 2011

Oxus Gold avvalroq o‘zbek hukumatini xalqaro mahkamalarga tortish niyati borligi haqida bildirgandi

O‘zbekistonda harbiy mahkama hozirda o‘zbek hukumati bilan iqtisodiy tortishuvlarni olib borayotgan Oxus Gold shirkatining sobiq xodimini 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Yopiq eshiklar ortidan o‘tgan mahkama O‘zbekiston va Britaniyaning Oxus Gold shirkati ochgan qo‘shma Amantaytau Goldfields konchi korxonasida bosh metallurg bo‘lib ishlagan Said Ashurovni o‘zbek jinoiy kodeksining 160-moddasiga binoan josuslikda aybdor deb topgan.

Janob Ashurovning himoyachilari ayblarni rad qilishgan va o‘zbek hukumati Ashurovni Oxus Gold mulkini egallab olish yo‘lida garovda ushlab turganini aytishgan.

Oxus Gold mahkama hukmini qoralab chiqargan bayonotda “Ashurov ishini ko‘rgan har bir odam uning mahkamasi va hukmi mutlaqo asossiz ekani va tom ma’noda qurol bilan garovda ushlab turilgan xorijiy sarmoyadorlarni qo‘rqitishga qaratilgan ekanini ko‘radi,” deyiladi.

Bayonotda uch farzandning otasi bo‘lgan 46 yoshli Ashurov butun kasbiy hayotini konchilikda o‘tkazgani va nuqsonsiz professional o‘tmishga ega ekani aytiladi.

“Davlat rasmiylarining shirkatni yo‘q qilish yo‘lidagi qattiqqo‘l choralaridan Oxus shirkatining ko‘plab xorijiy rahbarlari qochganidan so‘ng, Ashurov uyiga ketayotganida Tojikiston bilan chegarada hibsga olingan. Rasmiylar uni davlat sirlari yozilgan flesh kartani olib ketayotganlikda ayblashgan. Biroq, shirkatdagi lavozimi doirasida u bunday ma’lumotlarga ega bo‘la olmagan,” deyiladi bayonotda.

Bi-bi-si bilan suhbatda Oxus Gold himoyachisi Robert Amsterdamning aytishicha, janob Ashurovning nozik ma’lumotga aloqasi bo‘lmagan.

“Ashurov – geolog. U shpionaj uchun mahkamaga tortilishi va kasalligiga qaramay 12 yilga qamalish u yoqda tursin, hech qanday mamlakatda nozik tabiatli deya hisoblanmaydigan tijorat sohasida faoliyat olib borgan. Bu dahshatli hol va bu yigirma yildirki qonun ustivorligi amal qilmay kelayotgan O‘zbekiston uchun, afsuski, odatiy hol,” deydi janob Amsterdam.

Gepatit kasali bilan og‘ruvchi janob Ashurovning hozirda salomatligi yomonlashgani aytiladi.

“Bu mamlakatda tijorat bilan shug‘ullanayotgan har bir odam birgalashib, o‘zbek hukumatiga bu kabi ahmoqona amallarga chegara borligini aytish vaqti keldi,” deydi janob Amsterdam.

Tortishuvlar

Amantaytaudagi oltin qazib chiqaruvchi qo‘shma korxona hissalarining yarmiga egalik qiluvchi Oxus Gold shirkati mart oyidan buyon o‘zbekistonlik mas’ullar bilan tortishib keladi.

Shirkatning aytishicha, qo‘shma korxonani likvidatsiya etishga majbur qilish uchun u adolatsiz soliq tekshiruvlariga duchor etilgan.

Avvalroq oltin qazib chiqarish ishlari to‘xtab qolgani tufayli Oxus halokatli yo‘qotishlarga uchrayotgani va iyul oyidan boshlab Londondagi hissalari savdosini to‘xtatishga majbur bo‘layotganini bildirgandi.

Oxus Gold vujudga kelgan vaziyatga echim topish uchun muzokaralar olib borishga harakat qilib kelmoqda.

Biroq, shirkatning da’vo qilishicha, o‘zbekistonlik rasmiylar buning o‘rniga noto‘g‘ri axborot tarqatish yo‘liga o‘tib olishgan.

Avvalroq qo‘shma korxona hamkorlaridan biri bo‘lgan Goskomgeologiya shirkatni nochor texnologik va ekologik me’yorlar asosda ishlaganlikda ayblagandi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/08/110811_oxus_conviction.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: