O‘zbekistondagi “oliy tabaqa” maktablarga kirish ham “pullik” – ozodlik.org


O‘zbek maktablaridagi ta’lim sifati tushib borayotgani ota-onalarni o‘z farzandlarini rus tilidagi maktablarga, pora berib bo‘lsa-da, qo‘yishga majburlamoqda, deyiladi Ekspert ishchi guruhi hisobotida.

12.08.2011

Ozodlikka ota-onalardan kelgan bu shikoyatni O‘zbekiston Ekspert ishchi guruhi o‘tkazgan so‘nggi tadqiqot ham tasdiqladi.

Aksar o‘zbekistonliklar diqqati mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlariga bo‘lib o‘tgan test sinovlari va bu sinovlardan o‘tishdagi korruptsiya roli bilan band bo‘lib turgan bir paytda, O‘zbekiston bo‘ylab yangi o‘quv yiliga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni bormoqda.

“O‘zbekistonda asosan boyning bolasi kiradigan Yuridik institutiga kirish bu yil falon dollar, Diplomatiyaga piston dollar bo‘pti”, degan gaplar qizg‘in muhokamada bo‘lib turgan ayni kezlarda, bolasi 1-sinfga boradigan ota-onalar ham “falon maktabga kirish narxi uncha, pistonchisiga buncha”, degan mavzuni muhokama qilmoqda.

“Bu yil birinchi farzandim maktabga chiqadi. 7 yoshga to‘lishiga sanoqli oy qolgani, boz ustiga o‘z mikrouchastkamizdan tashqaridagi “oliy tabaqa”dagilar bolasi o‘qiydigan rus tilidagi maktabga qo‘yish uchun rayon xalq ta’limi bo‘limida ishlaydigan odamga yaqin tanish orqali 100 AQSh dollari berdim, uning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng meni qabul qilgan maktab direktoriga, ichiga qimmatbaho spirtli ichimlik va atir-upa solingan sumka berdim (yana 100 dollar), shundan so‘ng 2-3 sinf bolasiyam o‘ta olmaydigan imtihoni bilan boshimni og‘ritmay, bolamni maktabga qabul qilishdi. Kirish pullik bo‘lgandan keyin, yil davomida o‘qish uchun hali ancha cho‘ntagimizni qoqishsa kerak”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Toshkentdagi yosh onalardan biri.

Bu suhbat bilan ayni kunda O‘zbekiston Ekspert ishchi guruhi yangi hisobotini e’lon qildi va unda mamlakatda boylar va davlat amaldorlari bolalari o‘qiydigan “oliy tabaqa” maktablari ko‘payib borayotgani, test sinovlari asosida qabul qilinadigan asosan rus tilidagi bunday maktablarga kirish norasmiy narxining 150-200 AQSh dollariga chiqqanini bildirdi.

Ikkalasi ayni muammoga bag‘ishlangan bu xulosa ortidan Ozodlik dastlab mazkur hisobot muallifini suhbatga tortdi. Mavzu nozikligi bois, muallif o‘z ismi-sharifi keltirilmasligini istadi:

– Qonunchilik bo‘yicha hech qanday bo‘linishi yoki bo‘lmasa shahar maktabi bilan qishloq maktabini ajratish tizimi mavjud emas. Lekin amalda maktablarning yuqori toifadagi maktablar va oddiy maktablar tizimiga bo‘linib qolish jarayoni mavjud. Buning eng asosiy sababi jamiyatda kechayotgan bugungi kundagi ijtimoiy tabaqalanish, deyishimiz mumkin.

Yuzaki olib qaraydigan bo‘lsak, bu normal jarayon. Ya’ni qaysidir iqtidorli bolalarni chuqurlashtirib o‘qitadigan maktab har bir mamlakat, jamiyat uchun kerak. Muammoli vaziyat shundaki, bu maktablar o‘quvchining intellektual salohiyati yoki iqtidoriga qarab emas, balki uning ota-onasining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatiga qarab, ya’ni davlat xizmatchisi, davlat yuqori mansabdor shaxsi yoki biznesmenmi, shundan kelib chiqqan holda qabul qilmoqda, dedi Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekiston ta’lim tizimidagi muammolar” deb nomlangan hisobot muallifi.

O‘zbekistonda umumiyatla, ayniqsa o‘zbek tilida o‘qitish sifat va saviyasi kun sayin tushib borayotgan bir paytda, ta’lim sifati milliy maktablardan nisbatan balandroq bo‘lgan rus maktablari, boz ustiga “oliy tabaqali” yoxud ixtisoslashgan maktablarga kirish uchun joriy etilgan test sinovlari, aslida ota-onalardan pul yoxud imtiyoz undirish vositasiga aylangan, deb davom etadi hisobot muallifi.

– Unaqa maktablarga qabul qilishda sun’iy to‘siqlar ham qo‘yiladi, masalan, o‘quvchini qabul qilishda imtihon tashkil qilinadi maktab ma’muriyati tomonidan. Bunda 1-2-sinfning o‘quv programmalari asosida qilinadi. Tabiiyki bu jarayonda hech bir bola imtihondagi savollarga javob bera olmaydi va undan o‘ta olmaydi. Shu asosda uni boshqacha yo‘l bilan qabul qilishni ota-onasiga tushuntirib qo‘yishadi. Shu jarayonga rozi bo‘lgan ota-ona, ya’ni ma’lum summani to‘lay oladigan yoki maktab ma’muriyati uchun ma’lum bir ishni amalga oshirib beradigan ota-ona farzandini bemalol shu maktabga joylashtirishi mumkin. Biz nafaqat Toshkent shahri balki boshqa viloyatlarni ham o‘rgandik. Asosan bu maktablar rus tiliga ixtisoslashgan hisoblanadi, deydi O‘zbekiston Ekspert ishchi guruhi tadqiqotchisi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘z ismi-sharifi aytilmasligi sharti bilan suhbatlashgan O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi maktab o‘qituvchisi ham, mazkur hisobotda ta’kidlangan muammoning o‘z atrofida ham kuzatilayotganini e’tirof etgan holda, buning ko‘lami hozircha Toshkent shahri miqyosiga etmaganini aytadi.

– Bizlarda ham shunaqa bo‘linish bor, desa bo‘ladi. Bu maktab yomon, bunisi yaxshi degan qandaydir fikrlar bor ota-onalarda. A, B, V sinflariga bo‘linadiku, o‘shanda boylarning bolalarini alohida qilib, kambag‘allarning bolalarini alohida qilib bo‘lish bu bor narsa. Umumiy maktab jihatdan olib qarasa, unaqa yo‘q. Rus tili maktabiga jalb qilish degan narsa viloyatlarda ko‘p uchramaydi. Toshkent shahrida ko‘p uchrashi mumkin. Bizda faqat sinflarni bo‘lishda shunaqa bo‘linishi mumkin, deydi viloyat maktabi o‘qituvchilaridan biri.

Maktablarning boylar va kambag‘allar o‘qiydigan toifalarga bo‘linishi, davlat ichidagi davlatga aylangan Toshkent shahrida keng yoyilgani bois, Ozodlik poytaxtning asosan davlat amaldorlari va badavlat oilalar orasida mashhur ayrim maktablariga 1-sinfga kirish yo‘l-yo‘riqlari xususida murojaat qildi.

Oloy bozori biqinida joylashgan ingliz tiliga ixtisoslashgan 17-maktab ma’muriyati telefonlari kun davomida band bo‘ldi – aftidan bu erda qabul avjida!

Mirobod tumanidagi 110-maktab ham, biror fanga ixtisoslashmagan bo‘lsa-da, “oliy tabaqa”lar maktabi hisoblanadi.

– Bilolmadim. Siz qaysi mikrouchastkaga qaraysiz o‘zi? Rus sinfiga qo‘ymoqchisiz,  albatta. Bizda o‘zbekcha sinf ham bor. Siz keling, hammasini bilasiz. Bizga hech qanaqa imtihon yo‘q. Keling bir, gaplashamiz, xo‘pmi? dedi “keling” degan so‘zga alohida urg‘u bergan 110-maktab ma’muri.

Yakkasaroy tumanida joylashgan 160- maktab ham ishqibozlari ko‘p “oliy tabaqa” maktablaridan.

– Biz iqtisodga ixtisoslashgan maktabmiz, shuning uchun bolalarni test asosida qabul qilamiz. Testlar iyun oyida boshlangan, hozir tugab bo‘ldi. Uchta rus tilidagi birinchi sinfimiz bor, ularning har biriga 40 tadan bola tanlab bo‘lindi, siz kech qoldingiz. Lekin kelib bir direktorimizga uchrab ko‘ring, dedi Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan 160-maktab ma’muri ham “kelingchi, gaplashib ko‘ramiz” degan gapni cho‘zibroq aytar ekan.

Toshkentdagi yashash manzili Yunusobod rayonida bo‘lgan fuqarolar o‘z bolalarini shu hududdagi 17 yoki 43-maktabga qo‘yish haqqiga egami, deya tuman  Xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qildik.

– Propiskangiz Toshkent shahri bo‘lsa, olaverishadi ular agar yoshi ettiga to‘lgan bo‘lsa. Maktabda priyom bilan o‘qituvchi shug‘ullanmaydi, direktor shug‘ullanadi. Shunaqa o‘qituvchilar borda, orqaravotdan o‘zlaricha xo‘jayin bo‘lib qolishadi. O‘qituvchilarimiz mahmadona bo‘lib ketgan hozir. Hozir hamma joyda priyom ketayapti. Tugab qolib, bo‘ldi degan joyi yo‘q hali.

Test sinovlari orqali qabul qilishni ma’qullashgan, monitoring markazi menimcha tasdiqlagan. Test bilan qabul qilishga ruxsat berilgan. Monitoring markazi bu bilan shug‘ullanadi, dedi poytaxtdagi 17-sonli, 43-sonli “krutoy” maktablar joylashgan Yunusobod tuman Xalq ta’limi bo‘limining maktab ishlari bo‘yicha mutasaddisi.

Toshkentdagi qaysi maktablar ixtisoslashganu, ularga 1-sinfga kiruvchilarni maxsus test asosida qabul qilishga rasmiy ruxsat berilganmi, degan savollarga javob topish ilinjida Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining maktab ishlari bo‘yicha mutasaddisi bilan bog‘landi:

– Masalangiz bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limiga chiqing. “Maktab olmayman deyapti. Yashash joyim shu”. Bo‘ldi, muammo bo‘lishi mumkin emas. Ariza bilan yoki og‘zaki bo‘lsa ham, rayono mudiri bor, o‘shanga murojaat qiling. Ixtisoslashtirilgan maktablarda shunaqa narsa bor. Davlat test markazi tomonidan olinadi bu narsa. Lekin bu 1-sinfni bitirib bo‘lgandan keyin bo‘ladi. Test borligi rost, lekin 1-sinfni bitirgandan keyin 2-sinfga o‘tish paytida bo‘ladi. Boshqa rayonda yashaydigan aholining  shahardagi boshqa maktablarga chiqishga haqqi bor, yo‘q deya olmaydi. Lekin mikrouchastka birinchi navbatda o‘zining yashash joyidagilarni qabul qilishi shartda ularning. Propiska masalasi bor, ta’lim tili bor. Agar bola o‘zbekcha bog‘chaga borgan bo‘lsa, ruschada qiynaladi. Shu tomonlarining hammasini inobatga olib, qabul qilinadi, dedi vazirlik xodimi.

Mikrouchastkada joylashgan maktablar ixtisoslashgan( yoxud “oliy tabaqali”) bo‘lsa va ular bizda qabul tugadi, sinflar to‘lib bo‘ldi, deya avgust oyidayoq ota-onani eshitishni ham istamasa, bundaylar kimga va qanday murojaat qilishlari lozim?

– U ham asosli javob 45ta bo‘lsa, sinfga 46 yoki 47 qilib olib kirib o‘tkaza olmasligiga. Bu ham haqiqatku. Buni o‘zingiz sentyabrda kirib ham guvohi bo‘lishingiz mumkin. Shahar bo‘yicha ixtisoslashgan maktab statusiga ega 15-16 maktab bor. Yillab odamlar o‘sha maktablarga ocheredda turibdi farzandini qo‘yish uchun. Rayonoga borib arizani tashlab qo‘yib 4-5 yoshidan kutadi. Shunday holat bo‘lgan bo‘lishi mumkin, dedi Xalq ta’limi vazirligi mutasaddisi.

Poytaxt Toshkentda oliy tabaqali maktablarning asosan rus tilidagi maktablar ekani ham ota-onalar, ham O‘zbekiston Ekspert ishchi guruhi tomonidan alohida qayd etilmoqda. Ixtisoslashgan bo‘lsa-da, o‘zbek tilidagi maktablarga kirishning muammo emasligini, bunday maktabga talabgorlarning ko‘p emasligini Yunusoboddagi matematikaga ixtisoslashgan 143-maktab ma’muriyati vakili bilan suhbatdan anglash qiyin emas.

– Chuqurlashtirilgan sinfimiz bor. Matematika sinfi. O‘shanga test bilan olamiz. 1-sinfga shunday olamiz. 5-sinfdan ajraladi. 4 yil o‘qiydi. Bizlarda ayrim sinflar chuqurlashtirilganda,  5-sinfda ajratiladi. Ana o‘shanda tushib keyin o‘qiydi bu yog‘iga. Sinfda bolalar soni maksimum 25 ta, undan oshmaydi. 25tadan kam bo‘lsa bo‘ladiki, oshmaydi. O‘zi mumkin ham emas 25 tadan oshishi, dedi Yunusoboddagi matematikaga ixtisoslashgan 143-sonli o‘zbek tilidagi maktab ma’muri.

Nega Toshkentdagi rus tilidagi ixtisoslashgan maktablarga bolasini qo‘yish uchun amaldor va badavlat ota-onalar o‘rtasida keskin poyga ketayotgan ayni kunlarda, o‘zbek maktablarida bunday holat kuzatilmayotir?

Bu O‘zbekistondagi milliy maktablarda o‘qish saviyasining tushib ketganiyu, milliy maktablarning o‘z bitiruvchilari uchun ular istagan istiqbolni bera olmasligini e’tirof etish ifodasimi? Bu savollar endi alohida tadqiqot mavzui.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24295179.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: