O‘zbekiston savdogarlari yangi qopqon qarshisida qoldi – ozodlik.org


O‘zbekiston ichkarisiga olib kirilgan kundan boshlab 12 oy ichida sotilmagan import mahsulotlarini sotish 2011 yilning 1 iyulidan boshlab “savdo qoidalarini buzish” deb baholanadigan bo‘ldi.

01.08.2011

Shu kunlarda soliq inspektorlari savdogarlar qo‘liga avval ko‘rilmagan yangi ogohlantirish talabnomasi tutqizmoqda.

Ozodlikka Toshkent shahrida import mollari savdosi bilan faoliyat yurg‘izayotgan xususiy savdogarlardan etib kelgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi davomida tuman soliq inspektsiyalari tomonidan savdogarlar qo‘liga “Ogohlantirish talabnomasi” degan rasmiy qog‘oz tutqazilgan.

Odatda soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun yuboriladigan talabnomadan farqli, bu hujjatda savdogarlar O‘zbekiston prezidentning 2010 yil 26 aprelda qabul qilgan “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1326-sonli qarorining 2011 yil 1 iyulidan boshlab kuchga kirganidan ogohlantirilganlar.

Tuman soliq inspektsiyasi boshliqlari imzo chekkan bu hujjatda O‘zbekistonga “bojxona to‘lovlari to‘lanishi faktini tasdiqlaydigan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach tayyor import iste’mol tovarlari sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi va ushbu tovarlar turkumi realizatsiya qilinishi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanishi to‘g‘risida  ogohlantiramiz”, deb yozib qo‘yilgan.

Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston hududiga olib kirilganidan bir yil o‘tgan mahsulotni sotish tovarlarni hujjatlarsiz realizatsiya qilish deb belgilanadi.

Prezident imzo chekkan qaror ilovasida bir yil ichida sotib tugatilishi lozim import mahsulotlari ro‘yxati berilgan. Bu ro‘yxatga import qilingan tikuv mahsulotlari, ustki trikotaj, ichki trikotaj, sport kiyimlari, paypoq mahsulotlari, ko‘rpa-to‘shak mahsulotlari, pardalik matolar, sochiq va xalatlar, charm poyafzal, televizor, muzlatgich, konditsioner va elektrdazmollar kiritilgan.

Bozor, savdo kompleksi yoxud alohida olingan xususiy do‘konda savdo qilishidan qat’iy nazar, soliq inspektorlari bu mollarni savdodan olib tashlash lozimligidan ogohlantirmoqdalar, aks holda….

“Eng qizig‘i, ana shu aks holda nima bo‘lishini bizga hech kim aytmayotir”, deydi shunday ogohlantiruv olgan Toshkentdagi xususiy do‘kon egalaridan biri.

– Hali bu qaror ijrosi boshlanganicha yo‘q. Menimcha, mustaqillikkacha hozir hech kimga tegmanglar, deb aytishgan shekilli. Lekin qanaqa ishlashini o‘zlari bilishmaydi. “Sen menga ogohlantirish berayapsan. Sen menga ogohlantirish berganingdan keyin sen o‘zing javob berishing kerakku” desam, “Bilasizku javob yo‘q” deydi.

Shu bilan bizlarni qo‘rqitib qo‘yishdi. Nima deydi, haligi bomba medlennogo zadeystviya deydiku. Shunaqa narsa tashlab qo‘yishdi bizlarga. Hammani ogohlantirib, hammani chaqirib hammaga mana shunaqa qo‘l qo‘ydirishgan. Kimning xususiy do‘konlari bo‘lsa, kattaroq tadbirkorlarning hammasini chaqirib hammasiga shunaqa ogohlantirish berishgan, deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga qarshi bosim kuchayishidan cho‘chigani bois ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan xususiy tadbirkorlardan biri.

Bu savdogar Ozodlik bilan suhbatda o‘zi kabi tadbirkorlarni qiynayotgan qator savollarni tilga oldi va ularga O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi rasmiylaridan javob olishda ko‘maklashishni so‘radi.

Bu so‘rov ortidan Ozodlik O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining, o‘zini mazkur “farmon ijrosi bo‘yicha  mutaxassis” deb tanishtirgan ma’suli bilan bog‘landi. “Toshkentdagi savdogarlarga ogohlantirish talabnomasi topshirildi, endi nima qilish kerak ular?” degan savolga:

– Tovaringizni olib qo‘yasiz savdodan. Bilmadim, bir yil ichida sotish kerak qaror bo‘yicha. Yozib qo‘yibdiku bojxona deklaratsiyasidan bir yil o‘tgan tovar hujjatsiz deb hisoblanadi, deb javob berdi.

Savdoga qo‘yilgan mahsulotning import qilinganiga 12 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa, soliq inspektorlari bu mollarni davlat hisobiga musodara qiladimi yoxud jarima soladimi, degan savolga esa:

– Musodara qilsa kerak, bu endi tekshirgan odamga bog‘liq. Qaror chiqqanning o‘zida berilganku. Demak, u tovar olib qo‘yiladi, deya mujmal javob qildi.

Bugun O‘zbekistondagi aksar xususiy savdogarlar import mollarini “Abu Sahiy” shirkatidan oladi. Bunday oldi-berdida “Abu Sahiy” tadbirkorga hisob-fakturadan boshqa hujjat bermaydi. “Abu Sahiy”dan O‘zbekiston ichkarisida sotib olingan mol ham import hisoblanadimi va buning mamlakat ichiga kirgan muddati qanday aniqlanadi?”degan savolga javoban:

– Sizga nima hujjatlar beradi Abu Sahiy? Bojxona to‘lovlari to‘langanini tasdiqlovchi hujjat bormi? U narsa qarorda ko‘rsatilmagan. Qarorda ko‘rsatilgan bojxonadan kirganidan keyin bir yildan keyin, yozma murojaat qilsangiz, yozma javobini olasiz. Prezident qarori chiqishidan oldin kirganmi, keyin, farqi yo‘q, O‘zbekistonga import qilingan mahsulotlar 12 oy ichida realizatsiya qilinmasa, hujjatsiz mol hisoblanadi va musodara qilinadi,  deyilgan razreshenie kelgan Kabmindan. Yozma murojaat qiling, yozma javobini olasiz, deya mavzu yopilganini anglatdi O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassisi.

Ozodlik suhbatlashgan xususiy tadbirkor esa, O‘zbekiston qonunchiligida savdo qoidalarini buzish uchun mahsulotni musodara qilish haqida jazo yo‘qligini ta’kidlay turib, o‘z manbalaridan boshqacha javob olganini bildiradi.

– Musodara qilmas ekan. Men xo‘jalik sudidan so‘radim. “Bular molni nima qiladi?” desam, “Necha pullik molingiz bo‘lsa, o‘shancha pul shtraf to‘laysiz. Keyin yana molingizni o‘zingiz sotaverasiz” deydi. Bular hozir bayramni o‘tkazadi. Bayramga ketgan xarajatlarni qaerdandir chiqarish kerak bo‘ladi to‘g‘rimi? Bular bayramdan keyin yoppasiga kirishadi. Hamma dehqon bozori, savdo-sotiq majmuasi bo‘lsa, hammasiga yana yopishadida, qancha ortiqcha molingiz bo‘lsa, o‘sha ortiqcha molingizning hisobidan sizdan shtraf olishadi. Necha pullik molingiz orticha bo‘lsa, hujjatdan tashqari bo‘lsa. Abu Sahiyning hujjatidan tashqari bo‘lsa, deydi ayni kunlarda o‘z do‘konini bir yillik eski mollardan tozalashga kirishgan do‘kondorlardan biri.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24283631.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: