Muhammad Solih: “Dushman bo‘htonlariga mutlaqo javob berish kerak” – uzxalqharakati.com


Yaqinda saytimizda Tolib Yoqubovning “Bunday odamlardan hech afsuslanmay voz kechish kerak” ochiq xati chop etilgandi. Biz Muhammad Solih janoblariga murojaat etib, ushbu maktubga munosabati bilan qiziqdik. Ushbu suhbat matnini quyida keltiramiz.

– Hurmatli Muhammad Solih janoblari, janob Tolib Yoqubovning sizga yozilgan “Bunday odamlardan hech afsuslanmay voz kechish kerak” ochiq xatiga munosabatingiz qanday?

– Safdoshimiz, hurmatli akamiz Tolib Yoqub “Bunday odamlardan hech afsuslanmay voz kechish kerak” maqolasida muxolifat uchun doim dolzarb bo‘lgan bir mavzuni ko‘taribdi. O‘zbekistonda Milliy Harakat boshlangan 1980 yillardan boshlab, Harakatning ikki zaif nuqtasi bo‘lgan va bu nuqtalar bugungacha zaifligicha qolmoqda: bu  Harakatning moddiy bazasi va uning xavfsizligiga oid nuqtalardir.

Tolib Yoqub maqolasida masalaning ikkinchi qismiga teginilgan, men xam unga ba’zi fikrlarni ilova qilmoqchiman.

1988 yil “Birlik”ni tuzganimizda, biz (Harakat asoschilari) KGB va uning ayg‘oqchilari xaqda etarli taassurotga ega edik. Chunki biz 1984 yildan boshlab KGB ning “nazariga tushish”ga ulgurgandik. Har holda, kamina shaxsim uchun buni aniq aytaolaman. (Bu xususda “Yo‘lnoma”da batafsil yozdim, takrorning keragi yo‘q). Ammo KGB bilan bo‘lgan bu “tanishligimiz” bizga harakat ichida sog‘lom bir xavfsizlik chambari yaratish uchun turtki bo‘laolmadi. Voqealarning yashin tezligidagi tadriji va o‘sha mablag‘ etarsizligi bu ishning doim ort planga surilishiga sabab bo‘ldi. Natijada “Birlik” tuzilgan kundan boshlab, uning ichiga KGB tarafidan kiritilgan “dum”lar (biz ularni shu laqab bilan atardik) ishni boshlab yubordi.

Ulardan eng faol ishlaganlari “Birlik”ninng aktiv “faoli” Bahodir Chig‘atoy bo‘ldi. Bu shaxs xususida safdoshimiz Abdulloh Abdurazzoqning xotiralari bosilgandi, yanglishmasam.

Yana bir “dum” – Birlikchi Vasila Inoyatova bilan yakindan hamkorlik kilib, ERK gazetasining katta tirajini KGB qo‘liga topshirgan kimsa Atham Roziqovdir. Samarqandlik A.R. rasman KGBning emas, IIB ning 7- bo‘limi xodimi edi, ammo ayni onda uning KGB dan ham operativ topshiriqlar olib turgani keyin ma’lum bo‘ldi. Bu kimsa Muhammadali Mahmud (Evril Turon) ning ilk qamalishida (1994 yil) muhim rol o‘ynagan bir ayg‘oqchidir.

Bizga eng qamrovli zarar bergan ayg‘oqchi militsiya mayori Alisher Bekiboev bo‘ldi. Uni 1998 yil may oyida do‘stim Muhammadali Mahmud Kievga, mening yonimga olib keldi. Bu odamga ishonasizmi, desam, “Ha, u men bilan 1994-1995 yillarda zonada birga o‘tirdi, eski ment, ammo hozir ularga dushman” degandi o‘shanda Muhammadali Mahmud. Ammo ayni o‘sha odam 1999 yilgi portlashlar yuz bergan zaxoti M.Maxmud, mening ukam Rashid Begjonning hibsga olinishi uchun “ashyoviy dalil” tayyorlab berganlardan bittasi bo‘ldi. So‘ngra uning Kievda yashayotgan Muhammad Begjon haqda ham organlarga ma’lumot berib, uning ham hibsga olinishida rol o‘ynagani ma’lum.

Umuman, muxolifatni ichdan nuratish uchun yuritilayotgan davlat faoliyatlarining muhim bir qismini organlarning rasmiy odamlari emas, ko‘proq muxolifat niqobi kiygan, hatto muxolifat etakchilari maqomiga ko‘tarilgan fitna ustalari – sobiq matematiklar, sobiq jurnalistlar, hatto sobiq deputatlar tashkil qilmoqda. O‘zlarining shaxsiy g‘arazi va kin-nafratining asirlari bo‘lgan bu shaxslarning keyingi 20 yilda kursatgan butun faoliyati xalqim deb yurtidan ayrilgan, tazyiq va ta’qib ostida tahlikali bir hayot kechirayotgan insonlarga loy chaplab, hukumatning muxolifatni obro‘sizlantirish kampaniyasiga aktiv yordam berish bo‘lgan. Bu kimsalar yolg‘on, bo‘hton va chaqimchilikdan iborat kitoblarini ko‘rgazmaga qo‘yishdan ham uyalmaydigan darajada axloqsizdirlar.

Bular davlatning saflarimizga kiritgan ayg‘oqchilaridan tahlikali va zararliroq. Chunki ayg‘oqchilar bir-ikki yil ichida fosh bo‘lib, oramizdan chiqib ketishmokda, ammo muxolif niqobidagi munofiqlar inson vujudiga yopishgan kanalar kabi biz bilan birgadir.

Ya’ni harakatimizning xavfsizligi derkan, masalani ichki va tashki faktorlar asosida baholab, ikki yo‘nalishda xam chora axtarishimiz kerak.

Avvalambor, safimizga qo‘shilayotgan kishilarni ularning o‘tmishini puxta o‘rgangandan keyin, ma’lum bir profilaktikadan so‘ngra qabul kilish lozim. Va albatta, maxfiy xizmatda ish tajribasi bo‘lgan kadrlardan foydalanishimiz zarur.

Ikkinchi yo‘nalishda, nashrlarimiz va saytlarimiz faoliyatini tubdan yaxshilash kerak. Dushmanlarning bo‘htonlariga – ularning axloqsiz saviyasiga tushmasdan – mutlaqo javob berib borish kerak. Bu jabhada malakali jurnalistlarga ehtiyojimiz bor.

Muhtaram Tolib Yoqubning “Oqsoqollar kengashi” xaqdagi taklifi xam juda o‘rinli, biz xam bu mavzuda maslahatlashib olgandik, shunday bir kengash tarkibini, inshoolloh, yaqinda e’lon qilamiz.

– Suhbat uchun katta rahmat .

 

http://uzxalqharakati.com/?p=1778

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: