Mari Poul: Qirg‘iz militsiyasida xohlagan ishni qilish va jazosiz qolish madaniyati shakllangan – bbc uzbek


12 avgust 2011

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumanida 41 yoshli Usmonjon Xolmirzaevning qiynoqlardan o‘lgani haqidagi da’volarni har tomonlama tekshirishga chaqirgan.

“Qirg‘iziston rasmiylari qiynoq ayblovlari bo‘yicha zudlik bilan samarali va to‘laqonli tergovni ta’minlashlari hamda uning oilasiga tovon puli to‘lashi kerak”, deyiladi Human Rights Watch tashkiloti bayonotida.

Tashkilot militsionerlarning Usmonjon Xolmirzaevni qamoqxonadan qo‘yib yuborish evaziga 6000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilganini ma’lum qilgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Usmonjon Xolmirzaevning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilingan politsiya zobitlari vazifalaridan bo‘shatilgan.

Huquq faollari mamlakatda tergov paytida qiynoqlarning juda keng qo‘llanishini aytadilar.

Shu kunlarda Bozorqo‘rg‘onda yuz bergan hodisa ham bunga oddiy bir o‘rnak bo‘la oladi.

Xo‘sh, Qirg‘izistonda huquq-tartibot idoralari tomonidan tazyiq va tahqirlashlarning to‘xtamayotganiga sabab nima? Bi-bi-si ushbu savol bilan Qirg‘iziston janubida bir muddat yashagan britaniyalik jurnalist Mari Poulga murojaat qildi.

Mari Poul: Bu savolga javob berish qiyin deb o‘ylayman. Bu savolni hozirda ko‘plar so‘rayapti. Chunki bunday hodisalar yuz bermasligi kerak. Qirg‘izistonning har bir fuqarosi uchun adolat bo‘lishi kerak. Biroq o‘tgan yilgi milliy mojarodan buyon qirg‘izlar va boshqa milliy ozchiliklar orasidagi qutblashish kuchayib borayapti deb o‘ylayman. Bu qutblashish ayniqsa qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida ko‘pproq ko‘zga tashlanadi. Politsiya, hukumat va boshqa huquq tartibot idoralari rasmiylari orasida o‘zbeklarga qarshi istagan ishni qilish va buning uchun hech qanday jazo olmaslik madaniyati shakllangan.

Bi-bi-si: Qirg‘izistonda buni to‘xtatib qololadigan kuch bor deb o‘ylaysizmi?

Mari Poul: Bunga ishonchim komil emas. Mening o‘ylashimcha, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Human Rights Watch yuz bergan voqealarni juda keskin qoralab chiqdi. Lekin, hech kim amaliy qadamlarni tashlashga tayyor emasga o‘xshaydi. Qirg‘izistonda nima bo‘layotganini hattoki qirg‘iz hukumatining o‘zi ham e’tirof etdi. Biroq qutblashishni, o‘zbeklarni faqat o‘zbek bo‘lgani uchun tahqirlash tizimini bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko‘rishga hech kim tayyor emasga o‘xshayapti.

Bi-bi-si: Siz bir muddat Qirg‘iziston janubida yashagansiz. Qirg‘iz politsiyasi mentaliteti G‘arb politsiyasi xodimlarinikidan qanday farq qiladi deb o‘ylaysiz?

Mari Poul: Qirg‘iziston politsiyasida korruptsiya nihoyatda yuqori deb o‘layman. Sen pora berishing, kimdandir tama’girlik qilishing, kimnidir sodir etmagan jinoyatini bo‘yniga olishga majburlashing mumkin. Va bu oddiy hol hisoblanadi. Ko‘p hollarda buni hattoki sezishmaydi ham. Bozorqo‘rg‘ondagi hodisa bundan mustasno albatta. G‘arb politsiyasida ham korruptsiya bor. Ammo bu korruptsiya miqyosi juda juda kichkina. Qirg‘iz politsiyasi nihoyatda ishonchsiz. Chunki qirg‘iz politsiyasi asosan bir millat vakillaridan iborat. Qirg‘izistondagi o‘zbeklar vayo boshqa millat vakillariga politsiyada ish topishi juda juda qiyin. Afsuski, Qirg‘iziston politsiyasida boya aytganimday, boshqa millat vakillarini ta’qib etish madaniyati shakllanib bo‘lgan.

Bi-bi-si: Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Qirg‘iziston politsiyasi bilan 11 yildan buyon hamkorlik qiladi, ularga ta’lim beradi. Ammo bu samara bermayotganga o‘xshaydi. Nima uchun qirg‘iz politsiyasida ijobiy tomonga o‘zgarish yo‘q deb o‘ylaysiz?

Mari Poul: Mening o‘ylashimcha, o‘tgan 11 ichida vaziyat nafaqat o‘zgargan, balki yomonlashgan. Menimcha bunga qisman millatchilikning kuchayib borayotgani va iqtisodiy vaziyatning yomonligi sabab deb o‘ylayman. Qirg‘iziston juda qashshoq mamlakat. Qirg‘iziston janubida yuz bergan hodisalar ko‘pchilikni juda qo‘rqitib yubordi. Ammo hozir ham xalqqa yanada kuchliroq bosim o‘tkazish siyosati davom etmoqda.

Bi-bi-si: Ammo qiynoqlar nafaqt qirg‘iz politsiyasida, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlariga xos bir narsa. Kuch ishlatar tizimlaridagi zo‘ravonlik madaniyatini nima bilan izohlash mumkin deb o‘ylaysiz?

Mari Poul: Zo‘ravonlik faqat Markaziy Osiyo mamlakatlariga xos emas. Boshqa sobiq Sovet respublikalarida, misol uchun Rossiyada ham korruptsiya va zo‘ravonlik darajasi Markaziy Osiyodan qolishmaydi deb o‘ylayman. Bu sovetlardan qolgan me’ros. Ammo Markaziy Osiyodagi politsiya kuchlari haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Turkmanistonda rejimlar o‘ta avtoritar va kuchli. Qiynoqlar amalda ular tomonidan tatbiq etiladi. Qirg‘izistonda esa hukumat mamlakat ustidan nazoratni boy bergan. Hukumat juda kuchsiz. Bu o‘z navbatida joylarda hukumat qudratli shaxslar va guruhlar nazoratiga o‘tib qolganini anglatadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/08/110812_cy_ca_police.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: