“KXSHT hali o‘zini biror marta ham xavfsizlikni ta’minlovchi vosita sifatida ko‘rsatgani yo‘q” – bbc uzbek


11 avgust 2011

Prezident Karimov KXSHTning qanchalar samarali ekaniga avval ham shubha bildirgan

12 avgust Ostonada bo‘lib o‘tadigan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ishtirok etmaydi. Bu haqida tashkilotning bosh kotibi Nikolay Bordyuja jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.

“Bugungacha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ishtiroki haqida menda ma’lumot yo‘q. U ma’lum bosqichda qatnashish uchun roziligini bergan edi, ammo bir necha kun oldin ishtirok etishdan bosh tortdi”, – deydi Bordyuja janoblari.

Bi-bi-si qozog‘istonlik taniqli siyosatshunos Do‘sim Satpaevdan Karimovning rad javobi ortida nimalar turgan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radi.

Satpaev: Bu birinchi marotaba emasligini aytib o‘tish kerak. Islom Karimov tomonidan mintaqaviy miqyosda o‘tkaziladigan turli tadbirlarda ishtirok etmaslik istagini kuzatish mumkin. Gap faqat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti haqida ketmayapti. O‘zbekiston Ovroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidagi ishtirokini ham paysalga solib keladi. Toshkent tomonidan bunday munosabatning bir necha sababi bo‘lishi mumkin. Birinchidan, Islom Karimov KXShTni samarasiz ishlayotgan struktura sifatida bir necha marotaba tanqid qilganini eslash kerak. Unga ko‘ra, tashkilot terrorizm va ekstremizm bilan kurashish jarayonida xavfsizlikni ta’minlay olmayapti. Ushbu tanqid goh yumshoqroq, goh qattiqroq yangragan bo‘lsa-da 90 yillarning oxiridan beri aytib kelinadi. Ikkinchidan, so‘ngggi vaqtlarda Islom Karimov tomonidan Andijon voqealaridan so‘ng G‘arb bilan taranglashgan munosabatlarni yumshatishga harakat qilinayotganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Rossiya bilan munosabatlarda an’anaviy ravishda masofa saqlashga harakat qilishini e’tiborga olsak, Islom Karimov g‘arbga tashqi siyosati Rossiya va KXShT tarkibidagi boshqa davlatlar bilan siyosiy va harbiy jihatdan bog‘lanib qolmaganini ko‘z-ko‘z qilmoqda.

Bi-bi-si: Boshqa tomondan Islom Karimov yaqindagina Rossiya prezidenti Medvedovni Toshkentga taklif qilib u bilan aynan xavfsizlik masalalari, jumladan arab o‘lkalaridagi inqiloblar haqida fikr almashdi. Bu munosabatlarning yaqin ekanligidan darak bermaydimi?

    Ushbu tashkilot hali o‘zini biror marta ham xavfsizlikni ta’minlovchi vosita sifatida ko‘rsatgani yo‘q. Qirg‘izistondagi so‘nggi voqealarda ham prezident Roza O‘tinbaevaning ushbu tashkilotni faol ishtirok etishga chaqirishi natija bermadi. Ushbu voqealarga KXShT juda sekin munosabat bildirdi.

Do‘sim Satpaev

Satpaev: Bu erda gap ikki tomonlama davlatlararo munosabat haqida ketayapti. Islom Karimov ikki tomonlama munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar gap mintaqaviy strukturalarda ishtirok haqida borsa, O‘zbekiston rahbariyati bunga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondoshadi va ko‘pincha rad etadi. Islom Karimov Nursulton Nazarboev bilan ham ikkitonlama uchrashuvlarda so‘zlashadi, ammo OXHTning Ostonadagi sammitiga taklif etilgan bo‘lsa-da kelmadi.

Bi-bi-si: Bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga o‘zining salbiy ta’sirini qanchalik o‘tkazishi mumkin?

Satpaev: Menimcha, bunday yondashuv nafaqat Qozog‘iston bilan, balki KXShTning boshqa a’zo davlatlari, misol uchun Qirg‘iziston va Tojikiston bilan bo‘lgan munosabatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. O‘z vaqtida O‘zbekiston rahbariyati Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlarda ma’lum xavf borligini ta’kidlagandi. Chunki ushbu hududlarda turli terroristik tashkilotlar o‘zlarini erkin va faol tutishi aytilgandi. Bu bilan O‘zbekiston ushbu davlatlarni mintaqaviy xafvsizlikka tahdid solishda ayblagan. O‘z navbatida ushbu davlatlar ham rasmiy Toshkentga nisbatan o‘z ayblovlarini oldinga surishdi. Toshkentning Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan aloqasidagi sovuqlik O‘zbekistonning ushbu davlatlar ishtirok etadigan mintaqaviy strukturalarda ishtirokiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi.

Bi-bi-si: Rossiya Prezidenti Medvedov Ostonadagi sammitda arab o‘lkalarida g‘alayonlar va Qirg‘izistondagi vaziyat muhokama qilinishini aytdi. Shu bilan birga uchrashuv davomida birorta ham hujjat imzolanmasligi ma’lum qilindi. Siz ushbu tashkilotning faoliyati va istiqboliga qanday qaraysiz?

Satpaev: KXShT Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin tashkil topgan eng eski mintaqaviy struktura hisoblanadi. U 90-yillar boshida tuzildi va o‘zini rivojlantira bildi. Putin Rossiya hokimiyatiga kelgach, Moskvaga xayrixoh davlatlarni birlashtirgan holda tashkilotni mintaqada kuchli siyosiy-harbiy o‘yinchiga aylantirish uchun harakat qilganini kuzatish mumkin. KXShT Rossiya uchun sobiq ittifoq hududlarida mavqeini saqlab qolishda geopolitik instrument vazifasini o‘taydi. O‘z navbatida ushbu tashkilotga nisbatan juda ham ko‘plab tanqidlar yog‘ilib turadi. Ushbu tashkilot hali o‘zini biror marta ham xavfsizlikni ta’minlovchi vosita sifatida ko‘rsatgani yo‘q. Qirg‘izistondagi so‘nggi voqealarda ham prezident Roza O‘tinbaevaning ushbu tashkilotni faol ishtirok etishga chaqirishi natija bermadi. Ushbu voqealarga KXShT juda sekin munosabat bildirdi. Tashkilot o‘z a’zolarini qo‘llab-quvvatlash borasida kutilgan natijani bermadi. Shuning uchun ham ushbu tashkilotning faoliyatida samarasizlik bilan bog‘liq juda ko‘plab muammolar bor deb o‘ylayman. Sammitlar muntazam ravishda o‘tkazilib, turli mavzular ko‘tarilaveradi. Ammo tashkil etilgandan beri KXShT o‘zini amalda ko‘rsata olgani yo‘q.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/08/110811_odkb_satpayev.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: