Karimov va’da qilgan avgust qachon keladi? – ozodlik.org


O‘zbekiston bozorlaridagi buungi narx ertaga topilmaydigan bo‘lib bormoqda…

09.08.2011

Sadriddin Ashur

Ozodlikka sim qoqqan o‘zbekistonliklar, 20 yil o‘tib ham kelmagan farovon va arzon avgustning yaqin orada kelishidan umid uzgan…

“Prezident xalqni 20 yildan buyon aldaydi”,

deydi Farg‘ona shahridan qo‘ng‘iroq qilgan Qayumjon.

– Kechqurungi eshittirishlarda Dilorom opaning aytgan fikrlarini eshitdim. “Prezidentimiz hamma yoqni biladi. O‘sha aytgan narsasi kamligini ham, ko‘pligini ham, yo‘qligini ham, umuman qay ahvoldaligini biladi” dedi. Men aytmoqchimanki, prezidentimiz shunaqa gaplarni gapirib, o‘zini ham aldab, xalqni ham aldab nima qiladi? To‘g‘ri gapni gapiraversa bo‘lmasmikan?

Ozodlik: Xalqni aldayapti, deyapsiz. Buni qanday asoslab bera olasiz?

– Masalan, ko‘p aytgan narsalari bo‘lmayaptida. Yo‘q o‘sha. Chiqqan qarorlari ham ishlamay turibdi mana. Tek turaveradi. Davlatning o‘ziga, ayrim xo‘jayinlarga, ayrim xodimlarga, militsiyalarga kerak bo‘lib qolsa, ishlatishadi. Xalqqa kerak bo‘lgan paytda ishlatishmaydi. Shunaqa bo‘lgandan keyin shunaqa fikr kelayaptida ko‘pchilikning ongiga.

Ozodlik: Prezident “avgustda hayotimiz yaxshi bo‘ladi” degan ediku.

– U aytgan avgustdan nechtasi o‘tib ketdi mana. Birinchi prezident bo‘ladigan paytlari ham deputatlarimiz juda qattiq gapirishardi. “Jon o‘rtoqlar, menga bir yilga qo‘yib beringlar” deb gapirgan. Bir yil tugul mana 20 yil o‘tayapti. Borgan sari orqaga ketayapmiz, deydi farg‘onalik Qayumjon.

“Odamlar grammlab go‘sht oladigan bo‘lib qolgan”,

deydi Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan o‘qituvchi Xo‘jamberdi.

– Kecha go‘sht haqida gapirildiku. Go‘sht bizning Zarbdorda 15 ming. Ilgari 12-13 ming edi. Hozir 15 mingga chiqdi.

Ozodlik: Go‘sht oladigan odamlar bormi?

– Oldin kilolab olgan bo‘lsak, hozir 200-300 gramm har kim o‘z imkoniyatiga qarab. Grammlab olinmas ediku. Hozir vaziyat taqozo etayaptiki, hattoki 100 grammlab olayotganlarni o‘zim ko‘rayapman. Bitta narsaga hayronman. Bozorga chiqsangiz, masalan, to‘g‘ri semiz mol og‘irligiga qarab qimmat, oriqroq mollar arzon. Arzon bo‘lgani bilan nimagadir mol go‘shtining narxi ko‘tarilib ketayapti. Em mahsulotlari, masalan, arpaning narxi 1200ga chiqdi, makkajo‘xori ham 1000 so‘mdan oshiq. Shuning hisobiga bo‘lsa kerak deb o‘ylayman, deydi jizzaxlik suhbatdosh.

“Go‘sht bundan keyin yana qimmat bo‘ladi”,

deydi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan qo‘ng‘iroq ilgan 70 yoshli pensioner Nabijon Ota Jo‘raboev.

– Majburan “shunchadan go‘sht sotasan” deb hozirgi sharoitda majbur qilish qassoblarni, o‘ta noto‘g‘ri fikr menimcha. Nima sababdan? Biz hozir bozor iqtisodiyotimizda. Bozor iqtisodiyotida mol ko‘payib ketsa, narx tushadi, yo‘q bo‘lsa, qimmatlashib ketadida. Qimmatlashib ketishining sababi, birinchidan yakka hokimlik ketayapti. Bizning o‘zimizning rayon misolida aytayapman. Bitta hokim bilganini qilayapti. O‘sha hokimlarning o‘zlariga ham, boshqa kazo-kazolarga ham 4000-5000lab qo‘ylar o‘tib ketdi. Davlat qo‘yi yo‘q. Qancha-qancha erlarni nima qilayapti, lekin olib kelib go‘sht sotmayaptiku.

Ikkinchidan, mana shu o‘zimizda ishlab chiqariladigan em rekord darajasida qimmatlashib ketayapti. Nimaga? Hokim o‘zining og‘aynisiga yo‘l ochib berib qo‘yib, uni na nalog tekshiradi, na departament tekshiradi, bozorda ochiqchasiga emni  oshirib sotayapti.

Mana sizga bitta misol. Mana kuni kecha bizning mol bozorimizda, G‘allaorolning Qashqabuloq joyida Bahrom emchi, Bahrom hoji, Bahrom GAI degan uchta laqabga ega bo‘lgan ukamiz, 1200 so‘mdan emni sotayotganda respublika departamentidan kelib ushlabdi, deb eshitdim.

1200 so‘m em, sho‘lxa 900 so‘m, kepak 800 so‘m, Qozog‘iston kepagi 900 so‘m, hozir g‘allaning o‘rilgan somonining bitta pressi, chiqsa 5-6 kilo chiqadi, 5000 so‘m. Qanday qilib odam yoki qassob molni semirtiradi, qanday qilib uning narxini tushiradi? Davlatdan chiqayotgan em, kepak, sho‘lxalar chorva fermerlarga o‘z narxida etib bormagandan keyin go‘sht rekord darajaga bundan keyin ham ko‘tarilib ketadi, deydi g‘allaorollik Nabijon ota Jo‘raboev.

“Bizda ham shunday qonun qabul qilinsa yaxshi bo‘lardi”,

deydi Tojikistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni masjidga qo‘ymaslik haqida qabul qilingan qonunga o‘z munosabatini bildirar ekan, jizzaxlik talaba Jasur.

– Kecha internetda o‘qidim. Tojikistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning namoz o‘qishini taqiqlab qo‘yibdiku. O‘shani men to‘g‘ri deb hisoblayman. YOsh bolalarga nimaga kerak machitga borib? Ular maktab o‘qishi kerak, bilim olishi kerak. Baribir kelajakda asqotadida. To‘g‘risini aytsam, hozir machitlar xatarli bo‘lib qolgan desa ham bo‘ladi. Har xil oqimlar chiqib ketgan, har xil fikrlilar chiqib ketgan.

Bundan 3-4 yil oldin namoz o‘qiydigan yoshlar ko‘payib qolgan edi. O‘shanda men eshitgan gaplarni siz eshitsangiz, hayron qolasiz. Bittasi “musulmonlarga futbol o‘ynash mumkin emas” deyapti.

Yana bitta gap eshitganman. Galstuk taqish ham mumkin emas, deb eshitganman. Galstuk bo‘yinga tashlangan sirtmoqqa o‘xsharkan. Bittasi aytayapti, anavi BMT yig‘ilishi bo‘lganku, Eron prezidenti galstuksiz o‘tirganda. “Ko‘rdingmi, Eron prezidenti galstuksiz o‘tiribdi. Eron prezidenti hech qachon galstuk taqmaydi. Chunki bu gunoh. Galstuk taqish biz uchun gunoh” deb aytayaptida. Machitga borib machitdagilardan eshitgan. Machitdagi hamma odamlar ham yaxshi bo‘lavermaydiku. O‘zbekistonda ham shunaqa qonun qabul qilinsa, yaxshi bo‘lardi deb hisoblayman, deydi jizzaxlik talaba Jasur.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24291600.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: