HAQIQIY MUSTAQILLIK BAYRAMI DIKTATURA TUGATILGACH BO‘LADI! – uzxalqharakati


August 14, 2011

Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan berilgan savollarga O‘XH Finlandiya bo‘limi raisi Tursunboy Nazarovning javoblari.

Savol; O‘zbekiston Respublikasi mustaqil bo‘lganiga 20 yil bo‘libdi. Sizningcha bu mustaqillik xalqqa nima berdi?

Aslida har qanaqangi davlatning mustaqilligi shundaki: uning xalqi erkin nafas olishi, samarali mehnat qilishi, miriqib dam olishi, yangi-yangi yutuqlarga erishishi, dunyoga o‘zligini namoyon etishi kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak!

Shu aytganlarimdan kelib chiqib, O‘zbekiston ichki muhitiga nazar tashlasak, bularning birontasiga ko‘zimiz tushmaydi. Qamoqxonalarning ko‘payib borayotgani, mahalla nozirlari tomonidan xonadonlarga kuzatuv kuchliligi xalqning erkin nafas olishini bo‘g‘moqda.

O‘zbekistonda juda yaxshi ishlab chiqilgan qonunlar mavjud. Siyosiy rejim esa bu qonunlardan o‘z nafsini qondirish uchun foydalanmoqda. Mehnatkashlarga xiyla-nayranglar bilan solinayotgan soliqlar jamiyat rivojlanishi uchun emas, balki bir to‘p boshqaruv kursisini egallaganlar uchun foyda bo‘lib qolmoqda.

Mehnat qilib boyimoqchi bo‘lsak, soliqlar bilan ezib tashlashadi. Tuzik-quruq dam olish uchun xotirjamlik kerak. Topgan foydasini soliq to‘lashga sarflayotgan xalq xotirjam bo‘la olarmidi? O‘zbekistonda kim ham bamaylixotir yuribdi deysiz?! Yutuqlarga erishsangiz ham, rohatini mahalliy hokimiyat ko‘radi.

Demak, Mustaqillik xalqqa boy-kambag‘allik, zolim-mazlumlik, haq-nohaqlik, adolatsizlik muhitini yaratib berdi. Bu muhit 20 yildan ortiqroq davr ichida xira rang tortib bormoqda! Kundan-kunga yomonlashib bormoqda!

Savol; Siz mustaqillikning o‘zingiz uchun va xalq uchun ahamiyati qanchalik deb bilasiz?

Mustaqillikning suratini ko‘rdim. Endi uning asl mohiyatiga erishishni burchim deb bilaman. Butun O‘zbekiston xalqi iqtisodiy-ijtimoiy tomondan erkin, huquqlari poymol bo‘lmagan va bo‘lmaydigan, jahonga ibrat bo‘la oladigan adolatli munosabatlar, shahdam qadamlar bilan o‘z erkini o‘zi yaratishi, zolim rejimni ag‘darib tashlab, haqiqiy ozodlikni vujudga keltirishi zarur.

O‘z kurashi, o‘z mehnati, o‘z peshona teri bilan erishilgan mustaqillik o‘ta qadrli bo‘lishiga shubham yo‘q! Ana shunaqangi Mustaqillik men uchun ham va ishonamanki, xalqim uchun ham ulkan ahamiyatga ega!

Savol; Bugungi o‘zbek rejimi mustaqillikni har yili bayram qiladi. Bu bilan ular bayramni qadrlayapti, deb o‘ylaysizmi?

Har yili Mustaqillik bayrami bo‘layotganida xalq ko‘zida g‘amni, davlat organlari xodimlari esa “kazarma holati”da haftalab yuqorining injiqona buyruqlari ostida, oila a’zolaridan ajrab, xalqni qattiq nazorat qilishga majbur bo‘layotganlarini ko‘ramiz.

Prezident atrofidagi boyonlar bayram kunlari Karimov “ko‘ziga yomon ko‘rinib qolish” dan xavotirda turadilar. Uni rozi qilish yo‘llarini izlaydilar. Prezidentning o‘zi esa rejim kirdikorlarini yashirish g‘amida bo‘layotganligi ochiq sezilib turadi. Bayramni qadrlashdan ko‘ra o‘z jonining g‘amidaligi namoyon bo‘lib turadi.

Bayramni qadrlash ancha nisbiy tushuncha. Bu narsaga mustahkam g‘oya bilan erishish mumkin. G‘oya ortida rejim xalqqa bergan va’dasining ustidan chiqishligi, fuqaro oldidagi burchini ado etishligi, aholiga moddiy-ma’naviy imtiyozlar yaratib berishligi yotadi.

Davlat boshqaruvi va xalq orasida haqiqiy hurmat va tushunchaga asoslangan munosabatlar mavjud bo‘lsagina, bayram butun bir jamiyatniki bo‘lib qoladi. Davlat hokimiyati xalqni zulm bilan boshqarayotgan, hech bir dardiga sherik bo‘lmayotgan, aksincha xalq boshiga yangi-yangi qiyinchiliklar yog‘dirayotgan O‘zbekistondek davlatda, siyosiy rejim tag-tugidan o‘zgarmaguncha, haqiqiy bayram bo‘lishi mumkin emas!

Davlat boshqaruvidagilar xalqqa haqiqiy xizmat qilish maqsadida faoliyat yuritishlari kerak. O‘z navbatida fuqaro ham adolatli, huquqiy jamiyatning ilg‘or a’zosi bo‘lish g‘oyasiga sodiq bo‘lishlari lozim! Ushbu g‘oya va maqsad jamiyat birligi va rivoji uchun muhim!

Shu yo‘l bilan qudratli davlat qurgan insonlar g‘oya va maqsadini unutmagan holda yashasalar, ular uchun har kuni bayram, har on baxt bo‘lishligi muqarrar!

Savol; Aslida mustaqil bo‘lishdan ko‘ra, hozirgi globalizatsiya davrida OI kabi o‘n – o‘n beshta davlatlar imkon qadar o‘zaro birlashib yashagani ma’qul emasmi?!

Insoniyat erishadigan yutuqlardan biri – birlashib yashash, deb bilaman. Men bu erda Sobiq ittifoq davridagi shovinistik, ma’lum bir millatni yuqori qo‘yishlik, boshqa respublikani plantatsiya maydoniga aylantirishlik, qaramlilik, o‘zga xalq tabiiy boyliklarini o‘zlashtirib olishlikdan iborat birlashishni nazarda tutmagan bo‘lar edim.

Tarixdan hamda shu kunlari boshimizdan kechirayotgan voqelardan ma’lum-ki, birlashib ketish o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Uning uchun eng avvalo shaxslar birligi, jamoalar birligiga erishish kerak. Shundan so‘nggina jamiyatlar birligi kelib chiqadi. Men fikrlar isloh bo‘lsa, shaxslar birlashishiga, iqtisodiy islohotlar natijasida jamoalar birlashishiga, ijtimoiy islohotlar jamiyat birligiga olib borishiga ishonaman!

Demak, birlashish bu natija! Unga erishish uchun faqat bir yo‘l – islohotlar yo‘lini tutish kerak. Fikr islohi – bu boshqa insonlardan g‘ashlanishdan tiyilish, ular bilan talashib-tortishmasdan so‘zlashish hamda faqat o‘z kamchiliklari, o‘zidagi ayb-nuqsonlarni tuzatish ustida ishlash. O‘z-o‘zini attestatsiyalash.

Iqtisodiy isloh deganda har bir shaxs yoki jamoa o‘z moddiy daromadlarini taqsimlashda xayri ehson tushunchasidan kelib chiqib nafaqat o‘zining ehtiyojini qondirishligi, balki qarindosh-urug‘, etim-esir va mahalla-ko‘y orasida taqsimlay oladigan, inson qadrini moddiy boylikdan ustun qo‘ya oluvchi shaxsga aylanishiga erishish tushuniladi.

Ijtimoiy isloh yagona maqsad sari intilib, adolatli jamiyat qurish yo‘lida sa’y-harakat qilish orqasida shakllanib boradi.

Adolat bayrog‘i ostida eng ko‘p islohotga erishganlar, eng kuchli jamiyat qura oladilar! Mana shu yo‘l bilan tashkil topgan jamiyatlar birligi esa insoniyat rivoji uchun ayni muddaodir!

 

Muhammadsolih Abutov suhbatlashdi.

 

http://uzxalqharakati.com/?p=1759

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: