Farg‘ona shahar hokimi ishdan olindi – ozodlik.org


Kuzatuvchilar, ishdan ketgan navbatdagi hokimdan ham oddiy xalq uchun aytarlik ish qolmaganini ta’kidlamoqdalar.

15.08.2011

Hozircha rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, sobiq hokim Erkin Nuraliev hibsga olinib, Toshkentga olib ketilgan.

Ozodlik muxbiri bog‘langan Farg‘ona shahar hokimiyati rasmiysi Erkin Nuralievning vazifasidan olingani xabarini tasdiqladi, ammo buning sabablari haqida ma’lumot berishni istamadi.

– Ha, ishdan ketishdi. Hozir o‘rnilariga viloyat hokimi o‘rinbosari (Otabek Mansurov – tahr.) vaqtincha shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib turibdi. Nega ishdan ketganini aytolmayman. Unisidan, to‘g‘risi, xabarimiz yo‘q, dedi Farg‘ona shahar hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Shahar hokimiyati rasmiy sahifasidan 15 avgust kuni olingan surat.

Rasmiy tasdiqqa qaramay, 15 avgust kuni ham Farg‘ona viloyati hokimligi rasmiy veb-sahifasida Erkin Nuraliev hamon shahar hokimi deb, uning qariyb bir yildan beri qamoqda o‘tirgan sobiq birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Hoshimov esa, hamon shahar hokimi o‘rinbosari sifatida taqdim etilgan.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev shahar hokimi ishdan olingani xabari ortidan, uning tafsilotlarini o‘rganishga uringani, ammo hozircha Erkin Nuralievning keyingi taqdiriga oid ma’lumot topish mushkulligini aytadi:

– Bir haftacha burun Farg‘ona shahar hokimi Erkin Nuraliev lavozimdan bo‘shash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilibdi va arizasi qondirilibdi, degan gapni eshitgandim. Bir-ikki kun o‘tgandan keyin uni qamoqqa olib, Toshkentga olib ketishibdi, degan gap chiqdi. Lekin nima bilan ayblashayapti, qanday moddalar bilan ayblov e’lon qilindi yoki birorta advokat oldimi yoki yo‘qmi bu to‘g‘risida biror-bir ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Shahardagi bor gap – viloyat hokimi shahar hokimining arizasini olib ishdan bo‘shatibdi. Ko‘proq sabab “shaharning sobiq hokimining birinchi o‘rinbosari tergovda edi, shu bergan ko‘rsatmalar bo‘yicha bo‘lishi mumkin” degan gaplar bor. Lekin aniq ma’lumot hech kimda yo‘q hozir. Konstitutsiya bo‘yicha endi sessiyada viloyat hokimi kimni tavsiya etsa, deputatlar tasdiqlab berishadi. Lekin hali unaqa sessiya bo‘lgani yo‘q, deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

Farg‘onadagi xususiy tadbirkorlardan biri ham o‘z ismi aytilmasligi sharti bilan shahar hokimining ishdan ketish sabablari uning qamoqqa olingan sobiq birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Hoshimovga borib taqalishini aytadi:

-O‘zini ko‘rsatgani yo‘qda birorta ish bilan. Shahar hokimligida bir yil bo‘ldi shekilli. Undan keyin hech qanaqa ish qilgani yo‘q. Qo‘rqdi-da. O‘yin bo‘ldi u erda qanaqadir. Undan oldin zamhokim qamalgan edi. Keyin qo‘rqib qoldi. Buzilishlar, yangi proekt kelishi kerak edi Farg‘ona shahriga. Hech kimga biror narsa qurish yoki boshqa qilish ruxsatini bermayotgan edi u hokim. Olib tashlashibdi, deyishdi. Oddiy hol bo‘lib qoldi hokim almashishi. Oldingi zamhokim qildi, deyapti.

Ayrim norasmiy manbalar avvalgi o‘rinbosari ortidan hibsga olinganini ta’kidlayotgan Erkin Nuralievdan O‘zbekistonning eng so‘lim shaharlaridan biri Farg‘ona uchun esda qolarlik biror ish qolmadi, deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev:

– Shaharsozlik bo‘yicha joylarni buzishib, yangi qurilishlarga er tarqatish bilan o‘tdi hokimlik davri. Erkin Nuralievning davrida ayniqsa ko‘p qavatli binolarga yoki boshqa katta inshootlar yoniga qurilgan pristroykalar buzildi. Ko‘zga tashlanadigan ish mana shular.

Bir tomondan olib qarasangiz, to‘g‘ri qilingan ish bo‘ldi. Xavfsizlik, ayniqsa yong‘in xavfsizligi nuqtai nazardan domlarning yonida juda ko‘p pristroykalar bo‘lib ketgan edi. Har kim o‘zicha o‘ziga hudud ajratib, uni panjaralar bilan to‘sib, ko‘p qavatli imoratlarning qiyofasi ham ancha xunuk shaklga kelgan edi. Ko‘rkamlik tomondan yaxshi bo‘ldi, lekin ko‘pchilikni norozi qilish hollari ham bo‘ldi endi, deydi farg‘onalik huquq faoli.

Uzmetronom.com internet gazetasining yozishicha, hozirda Toshkentda tergov qilinayotgan Farg‘ona shahar hokimiga qo‘yilayotgan ayblar orasida er uchastkalarini qurilish uchun noqonuniy sotish, Farg‘onada kesilgan daraxtlarni Toshkentga jo‘natish o‘rniga, ularni Xitoyga sotish kabi ayblar qo‘yilmoqda.

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvdan ayon bo‘lishicha, Farg‘ona shahar hokimiga rasmiy ayblov qo‘yish uchun asos bo‘lgan da’vo arizalari ko‘pdan tayyor bo‘lgan.

«Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish yoki qarori yoxud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish man etiladi. Fuqaro Yu.Alimovning arizasiga bo‘lgan munosabatda esa hokimlik mutasaddilari ushbu talabga rioya etmaganlar. Ariza muallifi o‘z murojaatida qonuniy asosda qurilayotgan savdo do‘koni qurilishiga Farg‘ona shahar hokimi E.Nuraliev qarshilik qilayotganini ma’lum qilgan. Mazkur ariza viloyat hokimligida 8 kun saqlanganidan so‘ng shahar hokimining o‘ziga yuborilgan. Shahar hokimi esa naq 1 oy 7 kundan so‘ng ariza loyihalashtirish institutiga xulosa berish uchun yuborilgani haqida viloyat hokimi va muallifga javob qaytargan. Ammo ariza shahar hokimligida uzoq muddat hal qilinmagani sababi o‘rganilmagan va aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilinmagan”, deb yozgan Farg‘ona viloyat prokurorining o‘rinbosari

Murodil Qurbonov O‘zbekiston huquq idoralarining “Huquq va burch” jurnalida chop etilgan “FUQAROLAR HUQUQI HIMOYASI DOIMIY E’TIBORDA” deb nomlangan maqolasida.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24297346.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: